«Ko‘r» qur’a hukmiga ko‘ra, «Rostov» YEL nimchorak finalida «MYU»ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. Rossiya klubining nomdor murabbiy qo‘l ostidagi nomdor jamoa bilan kuch sinashishi qiziqish darajasini ancha oshirishiga shubha yo‘q. Qolaversa, «Rostov» ustozi Qurbon Berdiyev ham anoyi murabbiylardan emas. Xo‘sh, Berdiyev - Mourinyo qarama-qarshiligida kimning imkoniyati baland? «SSF» nashri bo‘lajak raqiblarga aloqador shaxslarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi.
Timofey Kalachev («Rostov» himoyachisi):
«Mourinyo Rostovda? Bu juda qiziq».
- Qur’a natijasidan mamnunmisiz?
- «MYU» - YELda ishtirokini davom ettirayotgan jamoalar orasida eng kuchlisi. Keskin kurash kechishi aniq. Ikkinchi tomondan, barchamiz aynan shunday raqibga duch kelishni istagandik. Chunki bu shahrimiz va muxlislar uchun unutilmas voqea bo‘ladi. Ular shunday futbol tomosha qilishga munosiblar.
- «Rostov»da ijobiy natijaga umid bormi?
- Har qanday raqibga qarshi munosib to‘p surish mumkin. Agar «MYU» to‘sig‘idan o‘ta olsak, turnirda g‘olib chiqish imkoniyatini hosil qilamiz, o‘z kuchimizga ishonch hissi yanada ortadi. Bordiyu, yengolmasak, fojia yasamaymiz. Axir shahrimizga ajoyib bayram tortiq etamiz, baribir.
- Darhaqiqat, «Rostov» muxlislariga hamma havas bilan qaramoqda.
- Ha, raqiblar masalasida omadimiz chopdi. Muxlislarimiz bir yil ichida «Ayaks», PSV, «Bavariya» va «Atletiko» kabi grandlar o‘yinlariga guvoh bo‘lishdi. Bu chinakam fantastika!
- Angliyaliklarga qarshi bahs shaxsan siz uchun ham qo‘shimcha imkoniyat, shundaymi?
- Har qanday holatda ham, superklubga qarshi o‘ynash doimo qiziqarli. Aytgancha, Belarus termasi safida «MYU»ning bir qator futbolchilariga qarshi to‘p surganman. Masalan, Pogba, Mata, Mxitaryan bilan kuch sinashib ko‘rganman.
- Ibragimovich bilanchi?
- Hozircha, yo‘q. Bu futbolchi boshqalardan yaqqol ajralib turadi. U - hozirgi «MYU»ning chin yulduzi.
- Mourinyo Rostovdagi «Olimp» stadioni maydoni chetida. Ochig‘i, bu manzarani tasavvur qilish qiyin.
- Joze - zamonaviy futbolning yorqin vakili. Lekin bizning murabbiy ham mashhurlikda undan qolishmaydi...
Andrey Kanchelskis(«MYU» sobiq yarim himoyachisi):«Rostov»|«MYU» - ajoyib qur’a!»
- Qur’a natijasini «Rostov»ga nisbatan qanday baholaysiz?
- Risoladagidek.
- Jamoaning imkoniyati bormi?
- Albatta, bor. Vaqtida «Rotor» va «Torpedo» klublari «MYU»ni mahv etgandilar. Nega endi «Rostov» ham shunga urinib ko‘rmasligi kerak?
- E’tiborlisi, statistika ham «Rostov» tomonida: «MYU» yevrokubok turnirlari «pley-off» bosqichlarida Rossiya klublarini biror marta yengolmagan. Ya’ni UYEFA kubogida «Rotor» va «Torpedo»ga yo‘l bergan bo‘lsa, Yevropa superkubogi uchun bahsda «Zenit»ga bas kelolmagan...
- Demak, sobiq jamoam nimanidir isbotlashga urinishi tayin. «Qizil iblislar» ayni payt 4ta front - YEL, Angliya va Liga kubogi hamda APLda kurash olib bormoqdalar. Ular uchun g‘olib chiqish katta ahamiyat kasb etadi.
- Mourinyoning faoliyatiga qanday baho berasiz?
- Keling, bu borada shoshilmaylik. Faoliyatni qanday boshlash emas, qanday yakunlash muhim. «Rostov»ga oson bo‘lmasligi aniq. Tan olish kerak, rostovliklar yuksak saviyada o‘ynashyapti, jamoa Berdiyevdek malakali murabbiyga ega. Afsuski, shunday mutaxassis terma jamoada emas. Buning sababini futbolimiz mutasaddilaridan so‘rash kerak. Harqalay, Berdiyev milliy jamoani Cherchesovdan ko‘ra, yaxshiroq boshqarardi, menimcha.
- Mourinyo va Berdiyev uslublarida qandaydir o‘xshashlik bor - tezkor hujum va aniq himoya. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Futbolda hech qaysi taktika ikkinchisiga o‘xshamaydi. Muhimi - natija. Qolgani - hech narsa!
- Qiziq, bo‘lajak bahslarda qaysi jamoaga tarafkashlik qilasiz?
- Albatta, «MYU»ga. Axir «Rostov»da o‘ynagan emasman. Shu bois, savolingiz o‘rinsiz. «MYU» esa mening jamoam. Doimo uning muxlisiman.
- Sizningcha, Mourinyo «MYU»da ko‘zlagan maqsadiga erisha oladimi?
- Umid bor, bundan ortiq hech narsa deyolmayman. Uning mashg‘ulot olib borish jarayonini ko‘rmaganim sabab, ishiga baho berolmayman. Zero, chetdan turib, baho berish to‘g‘ri emas.