Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Bo‘rilar to‘q, qo‘ylar butun yoki Portugaliya klublarining transfer siyosati

Bo‘rilar to‘q, qo‘ylar butun yoki Portugaliya klublarining transfer siyosati

Baho:
+ | -

Taajjubki, Portugaliyaning 3 yetakchi klubi har yili muntazam ravishda tarkibdagi sara yulduzlarni Yevropa grandlariga pullaydi. Yangi mavsumda hech narsa bo‘lmagandek, muvaffaqiyatli ishtirokni davom ettiradi. Aftidan, ular yuksak saviyadagi futbolchilarni tayyorlash borasida o‘ta samarali tizimni yo‘lga qo‘ygan ko‘rinishadi: grandlar bilan amalga oshirilayotgan transferlar yirik daromad manbaiga aylangan bo‘lsa, yevrokubok musobaqalaridagi muvaffaqiyatli ishtirok hisobiga klublarning moliyaviy  qudrati yanada mustahkamlanmoqda. Misol uchun, «Portu» va «Benfika» bu mavsum ham YECHL «pley-off» bosqichiga yetib kelishdi. Xullas, iqtisodiyotning yetakchi «g‘ildiraklari»dan biri maromiga yetkazib ado etilmoqda: «Bo‘rilar to‘q, qo‘ylar ham butun!»

Lissabon-Parij yo‘nalishi bo‘ylab sayohatga otlangan «burgutlar» makonining so‘nggi vakili - Gonsalo Gedesh jamoa g‘aznasini 30 mln.ga boyitishdan tashqari, lissabonliklarni keyingi transferdan ham ma’lum miqdorda ulush olish huquqi bilan ta’minladi! Qiziq tomoni shundaki, nisbatan o‘rtamiyona chempionatda qatnashadigan 2-3 jamoa yuksak saviyadagi qimmatbaho futbolchilarni muntazam ravishda yetkazib bermoqda. Boshqa tomondan olganda, Portugaliya qit’a chempioni! Uning yetakchi o‘yinchisi esa zamonaviy futboldagi yorqin yulduzning biri. Qolaversa, futbol olamidagi eng mashhur murabbiy va agent ham shu mamlakat fuqarolari.

Aslida, har qanday biznesning muvaffaqiyatini ta’minlashga qodir bo‘lgan yagona qoida yo‘q, u bir qator omillardan yuzaga keladi. Portugaliyaliklar qanday qilib noyob iqtidor sohiblarini o‘zlariga jalb etishlari, tarbiyalab yuksak saviyali futbolchi sifatida yuqori baholarda xaridorlarga yetkazib berishlarini ko‘rib chiqaylik.

Ayting-chi, boshqa sport turi bo‘yicha dunyoga dong taratgan birorta portugaliyalik sportchini ayta olasizmi? Ha, yashang, aytolmaysiz! Buning asosiy sababi shundaki, Portugaliya faqat futbol bilan nafas oladi, jumladan, mahalliy OAV ham - u yerda asosan futbolga oid voqealar yoritiladi. Mamlakat iqtisodiyotining ayanchli holatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, yosh avlod vakillarining aksariyati farovonlikning aynan birinchi raqamli sportda yashirin ekanligini yaxshi bilishadi.

Xorijliklar uchun esa Portugaliya chempionati orzu darajasidagi tramplin vazifasini o‘taydi: «Portu», «Benfika» va «Sporting»dagi malakali skautlar YECHLda munosib to‘p sura oladigan o‘yinchilarni qidirib topishadi, mavjud kamchiliklar tajribali mutaxassislar ko‘magida bartaraf etiladi, qarabsizki, Yevropa arenalarini sinchkovlik bilan kuzatadigan talabchan xaridorlar e’tiborini o‘zlariga qaratadilar. Portugaliya klublarida to‘p surish orqali katta daromadga ega bo‘lish mumkin emasligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Ammo samarali o‘yin ularning grandlar safidan joy olishlarini ta’minlaydi. Risoladagidek saviya va malakali mutaxassislarga ega bo‘lgan Portugaliya Janubiy Amerika vakillari uchun ayni muddao - tabiiy iqlim, o‘xshash urf- odatlar va madaniyat, braziliyaliklar-ku o‘zlarini uylaridagidek his qiladilar. Hatto tillari ham bir xil. Futbolchilar mahorati maromiga yetishida mehnati singan klublar ham nasibasiz qolishmaydi, transferlar evaziga keladigan mo‘may daromad barcha xarajatlarni qoplaydi. Lisandro Lopes, Radamel Falkao va Xalk kabi taniqli yulduzlarni arzonga olib, qimmatga sotish an’anaga aylangan yaqqol misol. «Benfika» esa Anxel Di Mariya, David Luis va bir qator «mahsulot»lari bilan  maqtanishi mumkin. «Sporting» ham azaliy raqiblaridan ortda qolmaslikka intilmoqda - Jo Mario hamda Islom Slimaniga aynan shu jamoa tramplin bo‘ldi.

Qizig‘i shundaki, iqtisodiy mezonlar Portugaliya klublarining shu tariqa faoliyat yuritishlariga imkon bermoqda. Grandlar noyob iqtidor sohiblarini izlab topish, ularni tarbiyalashni unchalik xush ko‘rishmaydi. Futbolchi yashil maydonda o‘z mahoratini namoyish etib, nomdor jamoa libosiga munosib ekanligini isbotlaganidan keyingina gigantlar e’tiboriga tushadi. Taraqqiyotning samarali yo‘nalishi Portugaliyada 80-90 yillarda bo‘y ko‘rsata boshladi. Luish Figu, Rui Koshta yetakchiligidagi oltin avlod vakillarini tarbiyalagan Qarlush Keyrush yoshlar terma jamoasini JCHda shohsupaga olib chiqdi, keyin mamlakat miqyosida bir qator dasturlarni ishlab chiqdi. Natijada futboldagi taraqqiyot malakali murabbiylarni tarbiyalash bilan uyg‘unlikda olib borildi. Mamlakat FF ularning malakasini oishirish uchun kurslar va seminarlar tashkil etishga katta mablag‘ ajrata boshladi. Oqibatda Joze Mourinyo va Andre Villash-Boash kabi iqtidorli yosh mutaxassislar yetishib chiqdilar, hozirda Paulo Souza har qanday top- klubni boshqara oladigan malakali mutaxassis sifatida e’tirof etilmoqda. Qolaversa, Leonardu Jardimning «Monako»dagi, Jorji Jezushning «Sporting»dagi faoliyati yuksak baholanmoqda. Ijobiy o‘zgarishlarning mahsuli sifatida Portugaliya nihoyat qit’a chempionligiga erishdi, yoshlar terma jamoasi ham yirik turnirlardan sovrinlar bilan qaytadigan bo‘ldi.

Shu o‘rinda futbolchilar oldi-sotdisini deyarli san’at darajasiga olib chiqqan Jorje Mendesh xususida alohida to‘xtalib o‘tmaslikning iloji yo‘q. O‘z vaqtida tungi klublar sohibi bo‘lgan mutaxassis dunyo bo‘ylab ulkan aloqalar tarmog‘ini shakllantirib, sevimli sport turini chinakam biznesga aylantirdi. Ser Aleks Fergyusondek afsonaviy murabbiy ham agentning mahoratiga qoyil qolib, avtobiografik asaridan alohida sahifa ajratdi. Mendeshdagi xaridorlar talab-istaklariga bo‘lgan katta e’tibor, klublarga bo‘lgan adolatparvarlik ser Aleksni maftun etgandi. Darhaqiqat, tomonlarni birdek qoniqtiradigan eng maqbul yechimlarni topishda Mendeshga tenglasha oladigan mutaxassis yo‘q. Mijozlari orasida Joze Mourinyo hamda Krishtianu Ronalduni 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha muxlislar yaxshi bilishadi. So‘nggi 20 yil ichida Portugaliyada amalga oshirilgan yirik transferlarning aksariyati aynan Mendesh mijozlaridir. «Benfika» prezidenti agentni o‘zining biznes sherigi sifatida e’tirof etadi, «Portu» bu kabi balandparvoz iboralardan foydalangan bo‘lmasada, Mendesh bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. To‘g‘ri, futbol agentlarining «po‘stagini qoqish» bilan dong taratgan mutaxassisning «Sporting» prezidenti lavozimini egallashi jamoaning Jorje bilan hamkorligiga salbiy ta’sir etdi. Shunga qaramay, aloqa batamom uzilib qolgan emas.

O‘ta samarali konveyer ko‘rinishida shakllangan tizimda klublar ulushi ham salmoqli. Ular har bir transfer mavsumida hech bo‘lmaganda bir juft yuksak saviyadagi futbolchi bilan ishtirok etishadi. Ularni o‘ziga xos sifat belgisi deyish mumkin. Baholar ancha yuqori, lekin o‘yinchilarning ish haqi «osmon»da emas. Xullas, hozir amalda bo‘lgan oldi-sotdilardan barcha tomonlar manfaatdor: xarid qildi, sotdi, izlashni davom ettirdi. «Charx­palak» to‘xtovsiz ravishda aylanib turibdi - klublar daromad olishmoqda, grandlar saviyali futbolchilarga ega bo‘lishmoqda, o‘yinchilar esa yangi-yangi cho‘qqilarni zabt etishmoqda!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:35, 09.03.2017.
O'qildi: 6664 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.