Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

«Benfika»ning botir «burguti»

«Benfika»ning botir «burguti»

Baho:
+ | -

Ederson di Morayes so‘nggi yillarda «Benfika» muxlislari yoqimtoyi, Braziliya termasi umidi va zamonamizning eng yaxshi darvozabonlaridan biriga aylandi. U YECHL doirasidagi «Borussiya»ga qarshi kechgan bahsda yuqori saviyali o‘yin ko‘rsatib, deyarli bir o‘zi germaniyaliklarni mag‘lubiyatga uchratdi. Bugun aynan shu kiper haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Ko‘cha futbolidan Yevropa yashil maydonlariga

«O‘zim tug‘ilgan shahar - Bazaskodan yorqin xotiralar qolgan, - degandi yosh darvozabon o‘tgan mavsum oxirida. - Esimda, ko‘chada oddiy shippakda futbol o‘ynardik. Millionlar o‘yiniga xuddi shunday holatda kirib kelganman».

Edersonning katta futboldagi faoliyati 2008 yili Braziliyaning «San-Paulu» klubi yoshlari safida boshlanib, bir yildan so‘ng «Benfika» seleksionerlari nazariga tushgan. Shu tariqa 15 yoshida Portugaliya jamoasiga ko‘chib o‘tdi. «Benfika» tarkibiga kelib qo‘shilganimda, oilamning uzoqdaligidan ko‘p qiynalganman. Yaqinlarimni sog‘inardim, ammo tez orada bunga ko‘nikdim. Taomlar, til, madaniyat - bu yerda hammasi deyarli bizning mamlakatdagidan farq qilmaydi».

Portugalcha hayotga ko‘nikish qiyin bo‘lmadi, biroq «Benfika» o‘yiniga moslashish ma’lum vaqt talab etdi. Ederson «burgutlar» asosiy tarkibiga kirish uchun to‘rt yil sarfladi. Bunga qadar kamtarona «Riberayyu» klubi safida mintaqaviy turnirlarda qatnashdi, Portugaliya o‘rtamiyonasi «Riu Ave»da o‘ynadi. 19 yoshli darvozabon aynan shu jamoaning asosiy tarkibida muntazam ko‘rinish berdi. Shu tariqa portugaliya­lik jurnalistlar uning uzoq masofadan yo‘llanadigan kuchli aylanma zarbalarni qaytarish xususiyatini e’tirof eta boshlashdi, qoyilmaqom seyvlari haqida bong urishdi.

«Benfika» esa sobiq kiperining o‘sayotganini payqashi hamono darhol uni ortga qaytardi. Ammo bu yerda Morayes zaxira vakiliga aylandi.

«Kumir»ining o‘rniga

Ederson Yevropaga ko‘chib o‘tganiga bir yil bo‘lganda, boshqa bir braziliyalik darvozabon Julio Sezarning YECHLda g‘olib chiqqanini ko‘rdi. «U mening haqiqiy «kumir»im», - dedi Ederson 2010 yili hamyurtining muvaffaqiyatini takrorlashga bel bog‘laganini eslarkan.

Ular 2015 yili «Benfika»da ko‘rishishdi. Sezar faoliyatining so‘nggi pallalarini Portugaliyada o‘tkazishga qaror qilib, asosiy tarkibdan muqim joy egallagandi. Faqatgina bir yil o‘tib, Edersonda «kumir»ining o‘rnini egallash imkoniyati tug‘ilib, u fursatdan unumli foydalandi.

Sezar eng muhim palla - YECHL 1|8 finali doirasidagi o‘yinlar va «Sporting»ga qarshi kechadigan derbi arafasida jarohat oldi. Ederson dastlab chempionatni «quruq» o‘tkazdi, so‘ngra Sankt-Peterburgning «Zenit» klubini yevrokuboklardan chiqarib yuborib, chorak finalga yo‘l olishga hissa qo‘shdi. «Benfika» bunday natijaga so‘nggi o‘n yilda atigi ikki marta erishgandi. Shuningdek, «burgutlar» mahoratli posbon bilan chempionatda g‘olib chiqishdi, vaholanki, ko‘pchilik «Sporting»ning yakunda birinchi o‘rinni egallashini kutgandi.

«Ko‘p ishlayman»

Joriy mavsum braziliyalik darvozabon uchun ajoyib kechyapti - 26ta o‘yindan 16tasini «quruq» o‘tkazdi. U hozirdanoq Yevropa superklublari e’tiborini tortmoqda. Edersonni qo‘lga kiritishga ayniqsa, kiper masalasida omadi chopmayotgan «Manchester Siti» va «Barselona» astoydil qiziqib qolishgan. «Benfika» rahbariyatiga yaqin bo‘lgan A Bola gazetasining yozishicha, Xosep Gvardiola Edersonni shaxsan kuzatayotgan ekan. «Shaharliklar» qishda uni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rishgan, ammo shayxlarning 45 million yevrolik taklifi rad etilgandi. Boz ustiga, barchaga yaxshi tanish, dunyo futbolidagi eng obro‘li shaxslardan biri - Jorje Mendesh ushbu kiperning agenti hisoblanadi. Shunday ekan, braziliyalikni oldinda shov-shuvli transfer kutib turgani aniq. Shu mavsum yoki keyingisida albatta, bo‘ladi. Ederson muxlislar orasida juda mashhur, chunki u futbolga borini beradi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘yin borasidagi fikrlarga to‘lib-toshadi, «Feysbuk»­dagi har bir savolga javob qaytaradi, intervyularida esa ishqibozlarni juda hurmat qilishini tez-tez takrorlaydi.

Ederson ichki chempionatga qaraganda, YECHLda ko‘p to‘p o‘tkazib yubor­yapti, ammo asosiysi, muhim pallada jamoaga yordam beryapti. Kiyevning «Dinamo»siga qarshi kechgan har ikki bahsda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi, penaltini qaytardi. Shu tariqa «burgutlar» «pley-off»­ga yo‘l olishdi. Bu bosqichda esa yana Morayesning seyvlari asqotdi.

«Borussiya» bilan o‘yinni yorqin deyish qiyin. Portugaliyaliklar bu uchrashuvda himoyalanib, asosiysi gol o‘tkazib yuborishmadi. Ederson bir necha marta jamoadoshlari joniga oro kirdi. Yana penaltidan yo‘llangan zarbani qaytardi. Kelajagi porloq darvozabonning ushbu bahs oldidan gapirganlari amalda o‘z isbotini topdi: «Ko‘p ishlayman, ayniqsa, standartlar ustida: jarima zarbalarini qaytaraman, raqiblar safidagi penalti ijrochilarini harakatlarining o‘rganaman». Uning mehnatlari muvaffaqiyat keltirmoqda.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:26, 11.03.2017.
O'qildi: 6850 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.