Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Futbolni aldab bo‘lmaydi!»

«Futbolni aldab bo‘lmaydi!»

Baho:
+ | -

O‘zbekistonlik sobiq futbolchi va sobiq murabbiy Azamat Abduraimov o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining Suriyaga qarshi o‘yinidan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi. Quyida uning posti o‘zbek tiliga tarjima qilingan holda keltiriladi.

Bu blogpostda men terma jamoamizning suriyaliklar bilan o‘yini menda qanday taassurot qoldirgani haqidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. 

Bu — terma jamoamizning joriy yildagi ilk o‘yini edi, bu o‘yin bilan saralash guruhimizda ikkinchi davra boshlandi va albatta, o‘yindagi g‘alaba O‘zbekiston terma jamoasining keyingi odimlari uchun juda muhim edi. Taassufki, matbuotimizda ham futbol hamjamiyatimizda ham terma jamoamizning o‘tgan yili o‘tkazgan o‘yinlari borasida yetarli darajada keng miqyosli tahlillar bo‘lmadi. Chunonchi, xolis va savodli tahlillarsiz bizning zaif nuqtalarimiz va e’tiborsiz qoldirilayotgan jihatlarimizni aniqlab bo‘lmaydi. Albatta, bundan maqsad — barcha aybni futbolchilarga to‘nkab, murabbiylar shtabini qatag‘on qilish uchun bo‘lmasligi kerak. Bu masalaga futbol federasiyasi mutasaddilari mas’ul, ularning o‘zlari hal qiladi. Men diqqatingizni jalb qilayotgan tahlillar hamma uchun muhim, uning zarurligi shundaki, kelajakda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldi olinadi.

Eslatib o‘taman, Malayziyada bo‘lib o‘tadigan o‘yin oldidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilarimiz — Eron va Janubiy Koreya bilan o‘ta muhim uchrashuvlarda maydonga tushib yutqazdik. Mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olishni istar ekanmiz, ikkinchi davrada shu ikki terma jamoadan kamida birini mag‘lubiyatga uchratish, qolgan terma jamoalar bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotmaslik talab etilardi. Biz o‘yingacha guruhda 3-o‘rinda edik. Suriyadan mag‘lubiyatga uchraganimiz, Koreya ham yutqazganidan so‘ng nima bo‘ldi? Biz hamon 3-o‘rindamiz, hamon koreyslar bilan o‘rtamizdagi farq 1 ochko, lekin falokat shundaki, bizga Suriya yaqinlashib oldi va ularda ham bizni 4-o‘ringa tushirib yuborib, o‘zlari 3-o‘ringa ko‘tarilib olish uchun imkoniyat paydo bo‘ldi.

Suriyaga qarshi o‘yin tahlilini men mart oyida bo‘lajak o‘yinlarga qanday tayyorgarlik o‘tkazganidan boshlasam. Qanday tayyorlanishdi va nega bunaqa o‘ynashdi? Biz ushbu o‘yingacha ikki marta qisqa muddatli yig‘inlar o‘tkazdik, Rossiya va Armaniston klublariga qarshi maydonga tushdik. Hozir natijalarni tilga olmoqchi emasman, garchi mag‘lubiyat har doim ham yoqimsiz bo‘lsa-da. Shunchaki, futbolning aniq bir qonuniyati borki, bunday muhim o‘yinlardan oldin terma jamoa terma jamoalarga qarshi maydonga tushishi kerak! Bu butunlay boshqa daraja... Tushganda ham, o‘yin uslubi va kuchli bo‘lajak raqiblarga o‘xshash bo‘lgan terma jamoaga qarshi. Biz esa, Malayziyada ko‘rsatilgan o‘yin sifatiga qarab baholasak, vaqtni behudaga sarflagan bo‘lib chiqayapmiz. Bu yerda yana terma jamoalar markaziga navbatdagi savollar tug‘ilmoqda: nega ular bizni zarur raqiblarga qarshi o‘yinlar bilan ta’minlashmagan?! Qanday tayyorlangan bo‘lsak, shunday o‘ynab qaytdik. Futbolni aldab bo‘lmaydi, axir!

Tan olaman, men bunday natijani mutlaqo kutganim yo‘q, terma jamoamiz J.Koreyadan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng g‘alaba qozonish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga soladi, deb o‘ylagan edim! Boz ustiga, bir tomondan olib qaralsa, suriyaliklar bizdan aslo kuchli emasdi va terma jamoamizga katta qiyinchiliklar ham keltirgani yo‘q. Boshqa tomondan, biz o‘zimiz juda nochor ahvolda edik. Bir ikkita standartlar va Odil Ahmedovning uzoqdan bergan samarasiz zarbalari... Terma jamoamiz o‘yinida esda qolganlari shu. Bunday o‘yin bidan Jahon chempionatiga chiqishni mo‘ljallamasak ham bo‘laveradi.

Agar koreyslarga qarshi o‘tgan birinchi bo‘lim yuqori pressing bilan va qarshi hujumlarda raqib darvozasi oldida vaziyatlar yaratib, bizning tajovuzkor va batartib o‘ynashimiz mumkinligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, suriyaliklar bilani o‘yinda murabbiylik falsafasi ham, o‘yin uchun taktik reja ham ko‘zga tashlanmadi. Bu Babayan takrorlashni yaxshi ko‘radigan vertikal futbol emas edi aslo, bu ko‘proq "yugur va tep"ga o‘xshab ketdi...

Ushbu o‘yindan terma jamoamizga oid texnik va taktik ma’lumotlar ko‘rsatib turibdiki, biz raqibdan kuchli emas edik. Ma’lumotlar har ikki jamoa uchun ham deyarli bir xil. Men uchun tajovuzkorlik va g‘alaba qozonish ishtiyoqini bildiruvchi ko‘rsatkichlardan biri raqib darvozasi tomon berilgan zarbalarda ifodalanadi, lekin bu borada biz suriyaliklarga yutqazganmiz.

Qo‘shimchasiga, murabbiylar shtabi tarkibni tanlashda ham adashgan. Ikki hujumchini bir vaqtda maydonga tushirib, hujumga urg‘u berib o‘ynash kerak edi. Bularning barchasi mening shaxsiy fikrlarim, men sobiq hujumchi sifatida hujum qilishni yaxshi ko‘raman va o‘yinda birinchi raqamli jamoada bo‘lishni istayman, ayniqsa raqib bunga yo‘l qo‘yib berayotgan bo‘lsa. Oldingi chizig‘imizda esa o‘yinimiz qovushmadi. Dastlabki daqiqalardan maydonga tushgan Masharipov, Jeparov, Abduxoliqov, Bikmayev kabi hujumkor o‘yinchilarga qurilgan o‘yinda ilk bor o‘ynadik. O‘yinchilarning bir-birini tushunmasligi va o‘yini qovushmaganligining sababi ham shu. Rejalashtirilgan o‘yinchi almashtirishlari ham bizga foyda bermadi. Faqat Shomurodovning yorib o‘tib, jarima maydoniga bergan uzatmasini raqib to‘sib qolgani esga olinmasa — hech vaqo ro‘y bermadi. Na Sergeev, na Geynrix o‘zini ko‘rsata oldi. Axir Qatarda hozir mavsum qizigan payt va Rashidov yaxshi jimsoniy formada, unga o‘zini ko‘rsatish imkoniyati taqdim etilishi kerak edi. Menga Masharipovning o‘yini yoqadi, u bugungi kunda raqib bilan to‘qnashishdan cho‘chimaydigan, uni osongina aldab o‘tishi mumkin bo‘lgan noyob o‘yinchilarimizdan. Men bunday o‘yinchini ikkinchi bo‘limga, raqib charchab qolgan paytda tushirgan bo‘lar edim va u xavfli vaziyatlar yaratishda asqotardi. Suriya murabbiysi aynan shunday yo‘l tutdi: o‘yin tugashiga 10 daqiqa qolganida yangi o‘yinchini maydonga tushirdi va u jarima maydoniga yorib kirib, futbolchimizni qoida buzishga majbur qildi. Alal oqibatda teppa-teng o‘yinda raqib g‘alabani ilib ketdi. 

Ushbu o‘yin bo‘yicha yana bir yoqimsiz holatni tilga olmasam bo‘lmaydi — terma jamoamizning yetakchi o‘yinchilari o‘zlarini mutlaqo ko‘rsata olishgani yo‘q. Qaysikim, ulardan ishonchli va konstruktiv o‘yinlar kutiladigan, jamoani o‘z orqasidan ergashtira oladigan va ergashtirishi shart bo‘lgan futbolchilarimiz. Bu terma jamoaning omadsiz o‘yinlari ko‘p bo‘lgan, lekin bu qadar nursiz o‘yinini men shu paytgacha ko‘rmagan edim. Barcha o‘z imkoniyatlaridan ancha past darajada o‘yin namoyish etishdi. 

O‘tgan davrlarni eslar ekanman, men sobiq futbolchi va O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq a’zosi sifatida faqat quvonchli kunlarni boshimdan o‘tkazmaganman. Hayotimda alamli mag‘lubiyatlar, o‘ksitadigan xatolar ham bo‘lgan. Shuning uchun men futbolchilarimiz tezroq bu mag‘lubiyatni unutib, Qatar ustidan g‘alaba qozonib, muxlislarning muhabbati va hurmatini o‘zlariga qaytarib olishni chin dildan istayman. Qachonki siz maydonga boringizni to‘kib solsangiz, har bir to‘p uchun kurashsangiz, o‘yinga hayotingizdagi eng muhim o‘yin kabi yondashsangiz — albatta g‘alaba qozonasiz. Unutmang, hali 90 daqiqa tugab bo‘lmagan ekan, hech narsa yo‘qotilgan emas. Chempionlik xarakteri ana shunday tarbiyalanadi!

Azamat ABDURAIMOV,
murabbiy.

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 12:27, 28.03.2017.
O'qildi: 10849 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.