Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Alvido, maftunkor futbol!» - Xabi Alonso faoliyatini tugatmoqda

«Alvido, maftunkor futbol!» - Xabi Alonso faoliyatini tugatmoqda

Baho:
+ | -

«Men faqat futbol bilan nafas olardim. Chunki uni qattiq sevardim. Alvido, maftunkor o‘yinlar!» - mazkur satrlar Xabi Alonsoning «Tvitter»idan olindi.  Bu shuni anglatadi-ki, «Bavariya»ning ispaniyalik yarim himoyachisi joriy mavsum oxirida professional faoliyatiga yakun yasaydi. Demak, tez orada nafaqat Liverpul, Madrid yoki Myunxendagi, balki dunyoning turli burchaklaridagi millionlab muxlislar bu ajoyib futbolchini sog‘ina boshlashadi. Xo‘sh, nima uchun?

Yorqin faoliyati tufayli

Baskoniyalik aksariyat futbolchilar kabi Alonso ham 18 yoshida viloyat­ning bosh jamoasi - «Real-Sosyedad» safida debyutini nishonlagan. 20 yoshda u sardorlik bog‘ichiga loyiq topildi. Keyin Xabi Yevropa grandlari - «Liverpul», «Real» va «Bavariya» klublari sharafini himoya qildi. Faqat tumanli o‘lkada chempionlikka erisha olmadi. «Faoliyatimdagi yagona armonim - «Liverpul» bilan chempionlik sururini his etolmadim. 2009 yil biz orzuni ro‘yobga chiqarishga yaqin edik. Afsuski,  Istanbuldagi zafardan so‘ng muxlislarimiz APL chempionligini qanday qabul qilishlarini endi hech qachon bilolmayman. Chunki muxlislar uchun YECHL kubogidan ko‘ra ichki ichki chempionlikning ahamiyati muhimroq ekaniga shubha qilmayman», - degandi yarim himoyachi The Guardian muxbiriga. Suhbat so‘ngida shuni qo‘shimcha qilgandi. - «Bavariya» bilan yana bundesligada shohsupaga ko‘tarilishni, kubokni qo‘lga kiritishni istayman. Uchta jamoa bilan YECHLda g‘olib chiqishni xohlayman. Barcha sovrinlarga ega chiqib, shundan so‘ng to‘xtashga qaror qilarman».

«Qizil furiya» tarkibida ham Xabi yetakchilardan biri bo‘lgan. U Yevro-2008da sardorlik vazifasini ado etdi. JCH-2010ning barcha uchrashuvlari ishtirokchisi. Qo‘shimchasiga, Yevro-2012 chorak finalida jamoasini fransuzlarning tajovuzidan saqlab qoldi.

Istanbuldagi jasorati tufayli

«Barsa»ning «PSJ» ustidan g‘alaba qozongani qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, 2005 yilgi Istanbul finali har qanday muxlis qalbidan mangu joy olgani aniq. Agar o‘shanda Xabi bo‘lmaganida, «Liverpul» o‘zining XXI asrdagi hozirda yagona bo‘lib turgan tarixiy zafariga erishmagan bo‘lardi. Darvozabon qaytargan penaltini ikkinchi urinishda golga aylantirish orqali Xabi hisobni tenglashtirdi va kubok taqdirini overtaymlar hukmiga havola etdi. g‘olib aniqlangach, «lotereya»da Alonsoning zarba yo‘llashiga hojat qolmadi - «Milan»ni tiz cho‘ktirish uchun 4ta zarba yetarli bo‘ldi.

«O‘z ishini a’lo darajada ado etish bobida Alonsoga tenglasha oladigan futbolchi yo‘q. U - buyuk professional!» (Visente Del Boske).

Itoatkor uzatmalar tufayli

Jamoadoshlariga to‘pni yetkazib berish mahorati Alonso ijrosida chinakam san’at darajasiga ko‘tarildi. Ispaniyalik yarim himoyachi ijodini ingliz futboliga xos jismoniy kuch va keskinlik ham to‘xtata olmadi. Aksincha, u yerdagilar liverpullik «musavvir»ning mahorati qarshisida ojiz qolishdi. Olis masofalarga oshirilgan zargarona uzatmalari bilan Xabi APL, primera va bundesligadagi raqiblarni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yardi. «Stivenning raqiblardan to‘pni tortib olish uslubi menga yoqadi. Lekin uning samarali uzatmalaridan ko‘proq zavq olaman», - mazkur ibora Xabi Alonso falsafasini ifodalab beradi.

Maydon markazidan urilgan gollar tufayli

Futbolchi nafaqat aniq uzatmalar, balki hayratomuz zarbalari bilan ham muxlislarni rom etdi. Angliyada ikki marta maydon markazidan darvozani zabt etishga muvaffaq bo‘ldi: avvaliga uning kuchli zarbasidan kamtarin «Luton» jabr ko‘rgan bo‘lsa, keyinchalik Alonso «Nyukasl» darvozaboni Stiven Xarperni o‘ta noqulay holatga tushirib, «Enfild»ni «portlashga» majbur etdi. «Men tavakkal qildimmi? Yo‘q! Agar markazdan darvozani ishg‘ol etolmaganimda hech kim meni ayblamasdi. Chunki bunday golni hatto xayoliga ham keltirmasdi. Ana shu beparvoliklari uchun darvozabonlar munosib jazolanishdi. Men hech qachon uddalay olmaydigan ishga qo‘l urmayman. No‘noqlikni xush ko‘rmayman. Ayting-chi, jarima maydonchasiga yorib kirish chog‘ida himoyachilarni murakkab fintlar bilan aldab o‘tishga uringanimni biror marta ko‘rganmisiz?»

«Oddiy muxlis sifatida ta’kidlamoqchimanki, Xabi - buyuk o‘yinchi! Menimcha, to‘p uzatish borasida unga yeta oladigan futbolchi Yevropada yo‘q» (Florentino Peres).

Oilaga vafodorligi tufayli

Nagore Aranburu ismli bask go‘zali bilan sochlari uzun, lekin hali soqoli bo‘lmagan Xabi San-Sebastyanda tanishgan. Hozir TV stilisti bilan futbolchi juftligidan 3 nafar ajoyib farzandlar dunyoga kelishdi. To‘ng‘ich o‘g‘li - Yonchuning tavalludi munosabati bilan Alonso YECHL doirasidagi «Inter»ga qarshi safar uchrashuvidan voz kechib, Liverpulda rafiqasi yonida qolgandi.

Sadoqati va bosiq tabiati tufayli

«Men baxtliman - Benites, Mourinyo, Gvardiola va Anchelottidek buyuk murabbiylardan saboq oldim», - deydi Xabi. Ispaniyalik futbolchi bu mutaxassislarning barchasi bilan samarali hamkorlik qildi. Umuman muammoga duch kelmadi. Hatto «Liverpul»da ishlari umuman yurishmay qolib, mablag‘ topish ilinjida uni sotib yuborishga chog‘langan Rafa bilan ham til topa olgan. Injiqlikdan xoli bo‘lgan, kek saqlamaydigan Alonso o‘ta tushkun kayfiyatdagi jamoadoshlariga ham ishonch baxsh etardi. «Uning maydonga tushishining o‘ziyoq jamoa o‘yiniga ijobiy ta’sir etardi», - deydi «Real Sosyedad» bosh murabbiyi Jon Toshak. «Dastlabki mashg‘ulotlardayoq Alonsoning saviyasiga «besh» ketganman. Uni xarid qilgan paytida Benites eng aqlli kishiga aylangandi. Besh yildan so‘ng esa buyuk ahmoqlikka yo‘l qo‘ydi - Xabini «Real»ga sotib yubordi» (Stiven Jerrard).

San-Sebastyandagi qo‘shnisi - Mikel Artetaga Xabi «Liverpul»ga, o‘z jamoadoshi Xuan Ugartaga Uelsning «Reksem»iga o‘tishni maslahat bergandi. «Liverpul» afsonasi - Stiven Jerrard bilan esa qalin do‘st bo‘lgan. Ikkovlon qit’aning eng kuchli yarim himoyachilar juftligini tashkil etishdi, hayotda esa ajralmas do‘stlarga aylanishdi. «Ketganingdan beri har kuni seni sog‘inaman», - deb yozgandi Stiven o‘z «Instagram»ida. Kim biladi deysiz, balki ular yaqin kelajakda «Liverpul»da murabbiy duetini tashkil etishar?

«Liverpul»ga muhabbati tufayli

«Liverpul»ning avvalgi shon-shuhratini tiklashiga juda oz qoldi», - deydi Alonso Yurgen Kloppning ishlariga ijobiy baho berib. O‘zining ikkinchi uyidek bo‘lib qolgan jamoa o‘yin­larini muntazam kuzatish asnosida jurnalistlar bilan uchrashib, o‘z fikrlarini bildiradi. Bask yigitining bu fazilati - begona o‘lkani o‘z yurtidek sevib ardoqlashi - tahsinga loyiq! Sami Xyuypya, Daniel Agger, Jeymi Karrager, Dirk Kuyt, Yon Arne Riise, Stiven Jerrard - hozirda Liverpuldagilar bu afsonalar xususida Once Red - always Red iborasini ishlatishadi. «Abadiy qizillar»ning yuqorida zikr etilgan vakillari o‘z faoliyatlarini yakunlaganlar. «Qizillar»ning hozirgi tarkibida ham yorqin yulduzlar yetarli. Ammo «abadiy qizil» faxriy unvoniga munosibi yo‘q. Oxirgi loyiq nomzod yozda faoliyatiga nuqta qo‘ydi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:50, 29.03.2017.
O'qildi: 7624 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.