Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ertak tugamagan, shunchaki ertakchi o‘zgardi yoxud Kreyg Shekspir haqida batafsil

Ertak tugamagan, shunchaki ertakchi o‘zgardi yoxud Kreyg Shekspir haqida batafsil

Baho:
+ | -

Jahon adabiyotining yetuk allomalaridan biri Uilyam Shekspir o‘zining durdona asarlarini XVI asrda yaratgan bo‘lsa, uning bugungi familiyadoshi Kreyg «Lester» ertagini davom ettirmoqda.

«Tulkilar» APLdagi ketma-ket 2ta chiroyli g‘alabadan so‘ng «Sevilya»ni CHL turniridan chiqarib yuborishdi. Umuman, Kreyg Shekspirning mustaqil faoliyatini o‘tgan mavsum mo‘’jizasi davomi sifatida e’tirof etish ham mumkin qaysidir ma’noda.

Quyidagi maqola keng omma uchun notanish bo‘lgan murabbiyning to‘satgan katta sahnaga chiqishi va amaldagi chempionni qanday «jin» chalgani haqida...

KIM O‘ZI, U?

«Lester»ning shiddatli parvozida yuzidan tabassum arimaydigan Klaudio Ranyeri emas, balki doimo uning soyasida yurgan, faqat jarangdor sharifi bilan maqtanishi mumkin bo‘lgan hazilkash murabbiy katta rol bajargani sanoqli kishilarga ma’lum edi, xolos. «Tulkilar» yangi bosh murabbiyi va mashhur adib o‘rtasida shu familiyadan boshqa hech qanday daxldorlik yo‘q. Kreyg g‘oyat kamtarin, ko‘zga tashlanmay jim yurishga odatlangan.

Xususan, futbolchi sifatida ham shon-shuhratdan yiroq bo‘ldi - 20 yillik faoliyati davomida ikkinchi-uchinchi divizionlar saviyasidan yuqoriga ko‘tarilmadi. Kreyg agar «Sheffild»dagi bir yillik faoliyati davomida Nayjel Pirson bilan do‘stlashib qolmaganida, uning hayoti tamoman o‘zgacha kechardi. O‘shanda yengilishni yoqtirmaydigan himoyachi va tezkor yarim himoyachi tezda til topishgandilar. Yo‘llari ayro tushganidan keyin ham bordi-keldini to‘xtatishmadi.

Nayjel atigi bir yildan keyin Liga kubogi sohibiga aylandi va «Midlsbro»dan taklif oldi. Xullas, u yuqori divizionga ko‘tarildi, Kreyg esa quyi ligalar to‘p surish bilan kifoyalandi. Taqdir taqozosiga ko‘ra, ikki ajralmas do‘st 43 yoshni qarshilaganlaridan keyin o‘z omadlarini murabbiylik sohasida sinab ko‘rishga ahd qilishdi. Zero, «Vest Bromvich» rahbariyati ularni ishga chorlagandi.

Xullas, jamoa «Kristal Pelas»ga qarshi bahsni Pirson - Shekspir juftligi rahbarligida o‘tkazdi. Garchi «VB» ishonchli g‘alaba (2:0)ni tantana qilgan bo‘lsada, uchrashuv murabbiylar dueti uchun dastlabki va oxirgisi sifatida qoldi. Oradan yana 2 yil o‘tgach, qadrdon kasbdoshlar «Lester»da qayta uchrashishdi.

Ya’ni Pirson bosh murabbiy vakolatini qo‘lga olgach, yordamchi roliga aynan Shekspirni tanladi. Chunki Nayjel o‘z vazifasiga doimo mas’uliyat bilan yondashadigan do‘stining jamoaga katta manfaat keltirishiga shubha qilmasdi. Chempionshipning quyi pog‘onalaridan asta-sekin ko‘tarilib, APLda ertaknamo parvozni namoyish etgan «Lester»ni nazarda tutsak, bosh murabbiy o‘shanda juda o‘rinli qaror chiqargan ekan...

«LESTER»NI CHEMPIONLIKKA QANDAY YETAKLADI?

Taqdirning o‘ta qaltis haziliga binoan, Klaudio Ranyerining «abadiy ikkinchi» laqabidan qutulishiga kichik Pirson, ya’ni Nayjelning o‘g‘li - Jeyms sababchi bo‘ldi. Otasining rahbarligi ostida «tulkilar» tarkibidan mustahkam joy olishga uringan yosh himoyachi Tailanddagi yig‘in chog‘i mahalliy ayolni haqoratlagandi. Klub rahbarlari buni irqchilikka yo‘yishdi va xalqaro obro‘ni saqlab qolish maqsadida ota-bola Pirsonlarni jamoadan chetlatishdi.

Shuningdek, Jeyms bilan birga «sho‘x»likka yo‘l qo‘ygan yana 2 nafar futbolchiga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Oqibatda kelajagi porloq murabbiylar qatorida e’tirof etilayotgan Pirson «Derbi Kaunti» boshqaruvini qo‘lga oldi, biroq bir yillik hamkorlik davomida mutasaddilar bilan chiqisholmay, ishdan bo‘shadi. Uning «o‘ng qo‘li» hisoblangan, lekin jamoatchilik e’tiboridan chetda yurgan Shekspir esa nihoyat, «Lester»da bosh rolga ko‘tarildi.

Ta’kidlash joiz, keyinchalik Pirson o‘rnini egallagan Ranyeri murabbiylar dueti amalga tatbiq etgan ishlanmalardan unumli foydalandi, ya’ni o‘yin tizimida jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urmadi. Umidli yoshlardan shakllangan Pirson-SHekspir jamoasi o‘sha mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda yakunladi, dastlabki yig‘inni ham yaxshi o‘tkazdi.

Klaudio Ranyeri umumiy muvaffaqiyatni ta’minlash uchun jamoa sirlarini ipidan-ignasigacha yaxshi biladigan mutaxassisga muhtojlik sezardi. Shu bois, Shekspirni o‘z shtabiga qo‘shib oldi. Kreyg o‘z navbatida, shakllanib ulgurgan jamoani chinakam parvozga shaylantirdi, Klaudio g‘oyalarini har bir futbolchiga yetkazib turdi. Deylik, o‘yin­lar payti doimo Ranyeri ortida o‘tirib, o‘yinchilarga tegishli ko‘rsatmalar berishni kanda qilmadi. Shu tariqa nurli cho‘qqi zabt etildi.

RANYERI O‘RNINI QANDAY EGALLADI?

- Uning ish yuritish formulasi o‘ta jun: zavq bilan to‘p surish, bor kuch-mahoratni ishga solish, iloji boricha murakkablikdan qochishni tavsiya etadi va shu taqdirda qolgani o‘z-o‘zidan yurishib ketishini ta’kidlaydi,-deydi jamoa yetakchilaridan biri Denni Drinkuoter «pana»da qolgan Shekspirning  ish uslubi haqida.

Ehtimol, «Lester»ning o‘tgan mavsum ko‘rsatgan mo‘’jizasi ham avvalo, ayni shu oddiylikka bog‘liqdir? Ammo joriy chempionatda jamoaning ishlari birdaniga orqaga ketdi - o‘z imkoniyatlariga ortiqcha baho berib yuborgan «tulkilar» to‘pni asosan o‘z nazoratlarida ushlab turishga urina boshladilar, samarasiz kombinasiyalar soni ko‘paydi. Ana shu ortiqcha harakatlarning salbiy ta’siri oqibatida jamoa autsayderlar qatoriga tushib qoldi.

Yakunda kun tartibidan Ranyerini iste’foga chiqarish masalasi joy oldi. Albatta, yaqin-yaqingacha ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan maftunkor ertak muallifini o‘z lavozimidan chetlatish taklifi ko‘pchilikni ranjitgan bo‘lishi mumkin. Biroq voqelikka xolis baho bersak, bosh murabbiydan ayrilgan amaldagi chempion shundan keyingi uchrashuvlarda 100 foizlik natija qayd etdi - 4ta o‘yin va 4ta g‘alaba. Ha, «tulkilar» hattoki, durangga ham ko‘nishmayapti!

Jeymi Vardi hamda Shinji Okazakining oldingi chiziqdagi hamjihat harakatlari, «Chelsi»ga sotilgan N~Gole Kante o‘rnida Vilfred Ndidining «ochilgani», uzatmalar bo‘yicha aniqlik foizi keskin oshgani beixtiyor o‘tgan mavsumgi shiddatli «Lester»ni eslatadi. To‘g‘ri, Ranyerining jamoani yanada yuqoriroq cho‘qqi va saviyaga olib chiqishni mo‘ljallagani tayin.

Deylik, italyan mutaxassisi APLda chempion bo‘lish vazifasini uddalagan shogirdlarining barcha jihatlar bo‘yicha grandlardan ustun ekanliklarini ko‘rishni istagandir... Biroq tajribali murabbiyning ezgu orzularini APL shiddatiyu, shafqatsiz voqelik tumandek tarqatib yubordi. Aynan shu yerda Kreyg Shekspirga xos o‘ta jo‘n aqida ish berdi: «O‘z bilganimizcha to‘p suramiz!»

E’tiborli jihati shundaki, Ues Morgan, Mark Olbrayton, Kasper Shmeyxel, Jeymi Vardi kabi futbolchilar aynan Ranyerining iste’fosidan keyin yana yorqin o‘ynay boshlashdi. Masalan, anchadan buyon raqib darvozasiga yo‘l topolmay kelgan Jeymi endilikda har bir uchrashuvda o‘z hisobiga gol yozib qo‘yishni uddalamoqda.

Ingliz matbuoti uni Ranyeriga qarshi oppozisiya yetakchilari qatorida ko‘rsatgandi. Shekspirni bosh murabbiylikka taklif etish tashabbusi ham shu muxolif guruhdan chiqqan. Lekin «Ranyerining iste’fosiga uning yangi g‘oyalarini qo‘llashni istamagan Shekspir sababchi bo‘ldi» qabilida yangrayotgan fikrlar haqiqatdan yiroq.

To‘g‘ri, Kreyg so‘nggi vaqtlarda Klaudio bilan deyarli muloqot qilmay qo‘ygandi. Lekin o‘zaro munosabatlari avval qanday bo‘lsa, hozir ham shundayligini ko‘p bora ta’kidlayotgandi. Ikki kasbdosh o‘rtasida ba’zan ziddiyatlar yuzaga kelishi esa odatiy hol.

Kelishmovchiliklar asosan qaysidir masalaga turlicha yondashish oqibatida kelib chiqadi. Shunisi faktki, o‘yinchilar bilan Ranyeri emas, Shekspir ko‘proq hamnafas bo‘lgan. Jamoaning ichki muhitida qanday muammolar yuzaga kelgani va ular qay tariqa bartaraf etilgani tez orada oshkor qilinsa, ajabmas.

DAVOMI QANDAY BO‘LADI?

Ha, bosh murabbiy lavozimini to‘satdan egallagan Shekspir kamtarinlikni bir chetga surdi va mustaqil faoliyat yuritgan holda, kerakli natijalar ta’minlay olishini isbotlamoqda. «Tulkilar» safidagi barcha futbolchilar u tomonda. «Yigitlar jamoaning ayanchli holatiga o‘zlari sababchi ekanliklarini yaxshi bilishadi.

Endi shu achchiq haqiqatdan tegishli xulosa chiqarib, kelajak poydevorini qo‘yishimiz kerak. Men shunchaki, futbolchilardan avvalgi mavsum qanday to‘p surishganini bir eslashlarini so‘radim»,-degandi Kreyg yangi lavozimni egallagach. Aytishlaricha, u «Liverpul»ga qarshi bahs arafasida har bir shogirdiga alohida yuzlanib, ularning qaysi uslubda o‘ynash kerakligi xususidagi fikrlari bilan qiziqqan.

Jumladan, Vardi tinimsiz pressing qo‘llashni taklif etgan. Yakunda ayni shu usul tanlandi va «Liverpul» himoyachilari hech narsa qilolmay, o‘z darvozalaridan 3ta gol qo‘yib yuborishdi. «Xall Siti» taslim etilgach, Shekspir vakolati kengaydi, ya’ni «vaqtinchalik bajaruvchi» qo‘shimchasi olib tashlandi. Mana, to‘laqonli bosh murabbiyga aylangan mutaxassis Londonda «Vest  Xem»ga qarshi kechgan bahsda ham g‘alabani ta’minladi.

Yangi bosh murabbiyning izzattalabligi va «ishtaha»siga kelsak, CHLda ham imkon qadar muvaffaqiyatli ishtirokni ko‘zlayapti. U «Sevilya»ga qarshi javob uchrashuvi arafasida hozirjavoblik bilan shunday dedi: «Bosh-qa jamoa uddalagan ishni nega endi «Lester» ham bajara olmas ekan? Turnir g‘olibiga aylanish yo‘lida bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Mavsum yakunida lavozimda qolish-qolmaslik masalasi esa meni tashvishga solmaydi.

Bu bilan jamoa va futbolchilarga munosabatim o‘zgarib qolmaydi. Muhimi - g‘alaba. Muxlislar bizdan faqat shuni kutadilar!» Tan olish kerak: «tulkilar» ustozining gapi bilan ishi bir ekanligi hozircha o‘z tasdig‘ini topmoqda. Xullas, «Lester» ertagi tugagani yo‘q, faqat ertakchi o‘zgardi, xolos...

Ma’lumot uchun

----------------------------------------

Kreyg Robert SHEKSPIR

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1963 yil 26 oktyabr, Birmingem (Angliya)

Lavozimi: «Lester» bosh murabbiyi

Futbolchilik faoliyati: «Uolsoll», «Sheffild Uensdey», «Vest Bromvich», «Grimsbi Taun», «Skantorp Yunayted», «Ednesford Taun»

Murabbiylik faoliyati: «Vest Bromvich» (assistent), «Lester» (assistent), «Xall Siti» (assistent) va yana «Lester» (bosh murabbiy)

Ustun fazilati: tashkilotchilik

E’tiborli iborasi: «Lester» nega endi CHLda g‘olib chiqolmas ekan?»

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:57, 02.04.2017.
O'qildi: 8035 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.