Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Futbol translyasiyasi: xohish, tashabbus, qiziqish bormi?

Futbol translyasiyasi: xohish, tashabbus, qiziqish bormi?

Baho:
+ | -

"Ismim — Abdujalol. Qashqadaryoning Shahrisabz shahridanman.

Futbolni sevib tomosha qilaman, viloyatimizning bosh jamoasi "Nasaf" muxlisiman. Lekin oradagi masofa 110 km bo‘lgani uchun o‘yinlarni doim ham stadionga borib tomosha qila olmayman.

Mana, poytaxtimiz Toshkentda 4ta jamoa Oliy ligada o‘ynamoqda, ularning deyarli barcha o‘yinlari "Sport" telekanalida jonli olib ko‘rsatiladi, muxlislar xohlashsa - stadionga boradi. Biz, viloyatdagi muxlislarning ulardan nima kamchiligimiz bor?

Faqat poytaxt jamoalari Qarshiga kelishsagina o‘yin "Sport" telekanalida jonli olib beriladi, qolgan vaqt viloyat televideniyesi tungi soat 11 yoki 12da yozib olib ko‘rsatadi. O‘yin tugagan, hisob va gol mualliflari ma’lum bo‘lganida. Ushbu o‘yinni kechqurun kim ko‘radi? Gollarni kim urgani aniq, kimga kerak bu tomosha?

Bu borada O‘FFga murojaat qildik, "bu bizlarning ishimiz emas", deb aytishdi. O‘yinlarni jonli olib berishga Toshkent ruxsat bermas emish. Bizlar nima qilaylik, maslahat kerak. Portalga yozmoqchi edim, bu uncha katta muammo emas-ku? Iltimos, shu masalani o‘rganib, javob bersalaringiz".

Kun.uzga shu mazmundagi murojaat kelib tushdi.

Darhaqiqat, futbol — millionlar o‘yini. Yurtimizda 16ta jamoa milliy chempionatimiz Oliy ligada muntazam ishtirok etmoqda. Keyingi yillarda viloyatlarda stadionlar liq to‘layotgani, muxlislarning futbolga bo‘lgan qiziqishlari ortib borayotganidan ham dalolat beradi.

Namangan, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Samarqand shaharlarida stadionlar muxlislar bilan to‘lib toshmoqda. Bu esa futbol klublariga bu borada ham qo‘shimcha daromad qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Biroq futbol ko‘raman, deydigan muxlisning hammasini ham stadionga sig‘dirib bo‘lmaydi. Bu borada televideniye va radio yordamga kelishi kerak, albatta. Chunonchi, yurtimizda shu maqsadda "Sport" telekanali ochib qo‘yilgan. Telekanalning bosh maqsadi — yurtimizda o‘tayotgan har bir sport musobaqasini yoritish, jumladan, eng muxlisi ko‘p sport turi bo‘lmish — futbolni omma o‘rtasida yanada kengroq targ‘ib qilishdan iborat, buni hammamiz bilamiz.

Yana bilamizki, xorijiy davlatlarda nomdor futbol klublar daromadining asosiy qismini teletranslyasiyalardan olishadi. Translyasiyada butun maydon bo‘ylab yopishtirib tashlangan reklama yozuvlarini ko‘rgansiz. Ular ham bekorga turgani yo‘q. Bularning barchasini o‘sha reklama beruvchilardan pul ishlash uchun o‘rnatishgan.

Bizda vaziyat sal boshqacharoq: hamma klubning belgilangan o‘z homiysi bor. Smeta uchun belgilangan pulni berib, boshqasi bilan ishlari ham bo‘lmaydi. Klublar o‘sha smetada ko‘rsatilgan pulni ovolishgach, ortiqcha pul topish borasida bosh ham qotirishmaydi. Ochig‘ini tan olish kerak, muxlislar keladimi-kelmaydimi, TVda ko‘rsatiladimi-ko‘rsatilmaydimi — mutlaqo ishi yo‘q. Murojaatda maqtalayotgan o‘sha poytaxtning 4 klubi o‘yinlariga tushayotgan muxlislar soni bunga yaqqol misol.

Lekin, viloyatlarda haqiqatdan ham futbolni sevishadi. Chipta narxlari yaxshigina pul turganiga qaramasdan, xarid qilib, stadionlarni to‘ldirishmoqda.

Buning uchun PFL (professional futbol ligasi) va televideniye o‘yinlarning jonli efirda ko‘rsatilishiga bosh qosh bo‘lishi, reklama va homiylik shartnomalari topishlari lozim bo‘ladi.

Ma’lumki, o‘yinlar ko‘chma televizon stansiyalar orqali translyasiya qilinadi. O‘zTVda faqat Toshkentda (bilishimcha) 4ta ana shunday televizion stansiya avtomashinalari bor. Ularni barchasini faqat futbol uchun safarbar qilib bo‘lmaydi, MTRK tarkibida bitta "Sport" kanali bor emas-ku? Futbollarni namoyish etish uchun ularni ko‘paytirish lozim. Lekin ular chakana pul turmaydi. Xarajatlar qoplanishi kerak. Bizda esa hozircha qoplashning iloji yo‘q. Qoplay oladigan reklama beruvchining o‘zi yo‘q, chunki.

Ikkinchidan, PFL tomonidan o‘yinlar bir kunga qo‘yiladi, klublar tomonidan deyarli yarim soat-bir soat farqi bilan bir vaqtga belgilanadi. Bitta KTSni futbolga safarbar qilingan taqdirda ham Oliy liga bir turini turli kunlar va soatlarga qo‘yib chiqish bilan ko‘proq o‘yinni qamrab olish mumkin. Rossiya, BAA kabi davlatlarda barcha o‘yin jonli efirda olib ko‘rsatiladi. Turdagi barcha o‘yinlar! Lekin, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, ularda shunga yarasha sharoit ham, mablag‘ ham, reklama beruvchilar ham bor.

Mayli, reklama beruvchi-yu, homiylarni qo‘ya turaylik. Bungacha "o‘sishimiz" kerak hali. O‘zimizda mavjud kamtargina sharoit bilan ham Oliy liga o‘yinlarini jonli translyasiya qilish mumkinmi?

Masalan, Oliy liganing yaqinlashayotgan 5-turini olaylik.

6 aprel (chorshanba)
Sho‘rtan – Lokomotiv
Bunyodkor – Qizilqum

7 aprel (juma)
Navbahor – Mash’al
Paxtakor – Metallurg
Qo‘qon-1912 – Dinamo
Buxoro – Neftchi
So‘g‘diyona – Obod
Olmaliq – Nasaf

Ko‘rib turibsizki, barcha o‘yinlar ish kunlariga qo‘yilgan. Avvalo, o‘yinlarni dam olish kunlariga ham ko‘chirish kerak. Translyasiya nuqtai nazaridan, bitta KTS-1 viloyatlarda ishlasa va poytaxtda yana bir KTS-2 ishlasa ushbu turni quyidagicha yo‘sinda to‘liqroq qamrab olish mumkin edi.

6 aprel (chorshanba)
17:00 Sho‘rtan – Lokomotiv (KTS-1)
19:00 Bunyodkor – Qizilqum (KTS-2)

7 aprel (juma)
17:00 Buxoro – Neftchi (KTS-1)
19:00 Paxtakor – Metallurg (KTS-2)

8 aprel (shanba)
17:00 Navbahor – Mash’al (jonli efirda olib ko‘rsatilmaydi)
17:00 So‘g‘diyona – Obod (KTS-1)

9 aprel (yakshanba)
17:00 Qo‘qon-1912 – Dinamo (jonli efirda olib ko‘rsatilmaydi)
17:00 Olmaliq – Nasaf (KTS-1)

Ko‘rib turibsizki, viloyatlarga yo‘l olgan KTS-1 to‘rtta o‘yinni suratga tushirib qaytishga ulguradi. Poytaxtda bo‘ladigan o‘yinlarni Toshkentdagi yana bir KTS bilan qamrab olish mumkin.

Boz ustiga, klublarimiz translyasiya uchun O‘zTVdan pul talab qilishmaydi. Qaytaga O‘zTV "falon million bersang o‘yiningni olib ko‘rsatamiz", deb teskari ish qilayotganda, klublarimiz ham bunga rozi bo‘lib turganda, "hozircha teppa tekin-ku" deya, televideniyemizda yanada ko‘proq o‘yinni olib ko‘rsatish imkoniyati bor, albatta.

Abdujalol akaning bizga qilgan murojaati ham, talablari ham, albatta, o‘rinli. Bularning barchasini amalga oshirsa bo‘ladigan ishlar. Hattoki ayrim o‘yinlarning translyasiyasini Osiyo davlatlariga sotish ham mumkin bo‘ladi. Axtarilsa "mijoz" chiqadi. Arab sport telekanallari translyasiya setkasini nima bilan to‘ldirishni bilmay yurishibdi. Lekin mutasaddilarda ozgina xohish, tashabbus, qiziqish bo‘lsa bas. "Sen menga tegma - men senga tegmayman", qabilida ish ko‘rish bilan vaziyat o‘zgarmaydi, ishda rivojlanish bo‘lmaydi.

Shuhrat Shokirjonov

Manba: trbuna.uz
Kiritildi: 15:54, 04.04.2017.
O'qildi: 11124 marta.
Fikrlar: 14 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.