Ba’zan shunday holatlar uchraydiki, o‘yinchilar o‘zlarini murabbiydan aqlliroq sanab, o‘sha mutaxassisni behurmat qilishadi. Jamoa ustozi va klub manfaatlari ular uchun ikkinchi darajaga tushadi. Bu kabi xudbinliklar esa aksariyat hollarda xalal beruvchi omilga aylanadi. FootballHD.ru shu toifa futbolchilar haqida so‘z yuritadi.
Malkolm Makdonald («Nyukasl»)
Gordon Li «Nyukasl»ni endigina qabul qilib olgan kezlari hujumchi Malkolm Makdonald bilan chiqisholmadi. O‘zidan yulduz yasab olgan futbolchi jurnalistlarga intervyu berish chog‘ida: «Kim o‘zi bu Gordon Li?» deb so‘ragan. Oradan bir necha yil o‘tgach, forvard bu gaplarni aytishga startning yomon olingani sabab bo‘lganini ta’kidlagan. Murabbiy «Sen professional emassan, Makdonald. Futbol - faqat gol urishdan iborat emas», degach, shogirdining tanqidlariga uchragan. Mojaro «Arsenal» Supermakni 333 ming funtga sotib olganidan keyin ham davom etgan. «U buncha pulga arzimaydi», degandi Li. Makdonald esa ushbu fikrga qo‘shilmay, o‘nlab gollar muallifiga aylangan. Gordon oradan 18 oy o‘tib «Everton»ga bosh murabbiy etib tayinlandi. So‘ngra «Preston» va «Reykyavik»da ishladi.
Ian Rayt («Arsenal»)
Bu futbolchiga kamtarlik yot bo‘lgan, atrofdan yog‘ilayotgan maqtovlarni bajonidil qabul qilgan. Rayt 1996 yili «Arsenal»ni tark etayotganida Bryus Riox u haqida nomaqbul so‘z aytganini yodga olgandi. «Kanonirlar»ning yangi ustozi tezkor paslarga asoslangan o‘yinni ma’qul ko‘rgani bois bu uslub to‘psiz harakatlanishga ko‘nikmagan Raytga yoqmagan. Oqibatda Angliya kubogi doirasidagi «Sheffild Yunayted»ga qarshi bahsdan so‘ng kiyinish xonasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Ushbu vaziyatda kimning haqligi ahamiyatsiz edi, zero Ian yulduz hisoblanardi. Natijada «Arsenal» rahbariyati Rioxdan voz kechgan. Rayt esa londonliklar safidagi gollari bo‘yicha rekord o‘rnatishda davom etgan.
Pyer van Xoydonk («Nottingem Forest»)
«Tan olaman, vaziyatni boshqacha tarzda hal qilish ham mumkin edi», dedi van Xoydonk o‘sha mashhur ish tashlashidan o‘n yil o‘tgach. Voqea shunday ro‘y bergandi: «Forest» 1997|1998 yillar mavsumida gollandiyalik hujumchining 34ta goli evaziga APLga yo‘l olgandi. Ammo Pyer mutasaddilarni jamoani kuchaytirish emas, balki futbolchilarni sotish evaziga cho‘ntakni qappaytirishda ayblagach, kattagina mojaro kelib chiqdi. Kevin Kempbell 2,5 mln. funt evaziga «Trabzonspor»ga yo‘l oldi, muxlislar yoqimtoyi Kolin Kuper esa quyi ligadan chiqqan boshqa jamoa - «Midlsbro» safiga o‘tdi. Ularga qo‘shilib ketishni xohlagan Xoydonk esa rad javobi oldi. Shunda hammaga qarshi chiqdi, qadrdon yurti Gollandiyaga borib, jonajon «Breda» klubida shug‘ullana boshladi. Oradan uch oy o‘tib, yana tumanli o‘lkaga qaytdi, lekin murabbiy Bassett uni qabul qilmay, boshqa mamlakatda to‘p surishini aytdi. Pyer xuddi shunday qildi: faoliyatining qolgan qismini «Benfika», «Feyenord», «Fenerbaxche» va «Breda»da o‘tkazdi.
Diyego Maradona («Napoli»)
Argentinalik afsonaning o‘sha paytlardagi rekord summa - 6,9 million funt evaziga «Napoli»ga o‘tishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. «Bizda mer, uy-joy, maktab, avtobus, ish yo‘q. Lekin Diyego Maradona bor joyda buni kim ham o‘ylardi?», - mahalliy gazetalarda shu mazmundagi chiqishlar ko‘paydi. Maradona haqiqatan ham ajoyib o‘yin ko‘rsatgan, natijada «Napoli» 1987 va 1990 yillarda «A» seriya chempionligini qo‘lga kiritgandi. Maydon tashqarisida esa muammolar yetarli edi. Muntazam ravishda mashg‘ulotlar va uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgan Diyego 70 ming dollar miqdorida jarima to‘lagan. 1991 yili jamoa Klaudio Ranyeri boshqaruviga o‘tgach, Maradona giyohvand modda iste’mol qilgani uchun 15 kunlik taqiqqa duchor bo‘lgan. «U bilan ishlashni xohlagandim, ammo klub manfaati hammadan, hattoki, Diyegodan ham ustun turadi», degandi yaqinda «Lester»dan iste’foga chiqqan mutaxassis. Keyinchalik Maradona «Sevilya»ga yo‘l oldi, ammo endi avvalgidek barqaror o‘yin ko‘rsatolmadi.
Rodni Marsh («Manchester Siti»)
Marsh 1972 yili 200 ming funt evaziga «Manchester Siti»ga o‘tganida, bosh murabbiy Malkolm Ellison ushbu transfer yordamida jamoadagi kamchiliklarni bartaraf etib, «shaharliklar»ning nihoyat, chempionlikka erishishlarini taxmin qilgandi. Ammo hammasi aksincha tus oldi: Rodni butun jamoani izdan chiqardi, klubdoshlari esa uni hujum sur’atini buzishda ayblab, jonglyor ishlatishini tanqid qilishdi. Xullas, Marsh ko‘pchilikka yoqmaganiga qaramay, keyingi to‘rt yilni Manchesterning moviy tusdagi qismida o‘tkazdi, lekin uning faoliyatini muvaffaqiyatli kechdi, deyish qiyin. Bosh murabbiy Toni Bukani tanqid qilgani uchun ikkinchi jamoa safiga qo‘shildi. Ortga qaytish imkoniyati tug‘ilganida esa xudbinligi pand berdi. Jamoa ustozi uni yoniga chaqirib, shunday dedi: «Agar meni yomonotliq qilaversang, kelisholmaymiz. Avval aytgan gaplaringni qaytarib olasanmi?». Futbolchi esa fikrida qat’iy turdi: «Bu haqda o‘ylashni xohlamayman, sen shunga ham arzimaysan». Nihoyat, so‘nggi qaror qabul qilindi: Marsh lash-lushlarini yig‘ishtirib, «Kork»ka yo‘l oldi, keyinchalik Amerikaning «Tampa-Bey Raudis» klubi safiga qo‘shildi.
Devid Bekxem («Manchester Yunayted»)
Albatta, jahon futboli yulduzlaridan birisiz ushbu ro‘yxatni tasavvur qilish qiyin. Bekxem garchi Fergyuson bilan ota-boladek ekanliklarini ko‘p bora ta’kidlagan bo‘lsada, bunga ishonish qiyin. Ayniqsa, 2002|2003 yillar mavsumiga nazar tashlasak. O‘shanda Devid avvalgi formasini tiklashda qiynalayotgandi, Angliya kubogi doirasidagi «Arsenal»ga qarshi bahsdan so‘ng esa shotlandiyalik mutaxassis shogirdiga qarata butsa uloqtirib, uning qoshini yorgandi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘lgandi? Ser Aleksning aytishicha, himoyaga qaytmaslikda ayblangan Bekxem ustozining gaplariga qarshi chiqqan. Boz ustiga, Devidning yulduzlarga xos hayot tarzi, har hafta soch turmagini o‘zgartirishi, barcha reklamalarning bosh qahramoniga aylanishni maqsad qilgani Fergyusonga yoqmagan. «MYU»ning yettinchi raqamli futbolchisiga «Barselona» jiddiy qiziqish bildirganiga qaramay, yarim himoyachi «Real»ni tanladi.
Toni Yeboa («Lids»)
«Jorj Grem meni siylayapti, deb o‘ylamayman. Go‘yoki, u mendan faqat yomonlik kutgan», deydi «Lids»ning sobiq to‘purari Toni Yeboa. U qaysidir ma’noda haq: shotlandiyalik mutaxassis «Elland Roud»dagi boshqaruvni o‘z qo‘liga olgach, ganalik hujumchining kamchiliklarni bartaraf etishi mumkinligiga ishonmagan. qiziq, axir o‘sha kezlari Yeboani hamma yaxshi ko‘rardi, bir mavsum avval «Liverpul» va «Uimbldon» jamoalari darvozasiga urgan gollari ko‘p narsani anglatardi. Yorkshir pudinglari tufayli vazni biroz oshganini tan olgan Toni asosiy vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazishga odatlandi. Hammasi 1997 yilning martiga kelib xotima topdi. «Tottenxem»ga qarshi bahsda «Lids» 0:1 hisobida yutqazayotgandi. Grem hujumchini himoyachiga almashtirishni ma’qul ko‘rgach, bu qaror Yeboaga yoqmadi va u libosini ustoziga irg‘itdi. Shundan so‘ng u «Lids»da boshqa o‘ynamadi. «Yeboa jamoadan joy olish uchun yetarlicha mehnat etikasiga ega emas»,-degandi Grem xotirjamlik bilan.
Jorjo Kinalya («Nyu-York Kosmos»)
1976 yili Italiya termasi sobiq o‘yinchisi va «Lasio» qahramoni Kinalyaning okean ortiga borishi amerikaliklarni hayron qoldirgandi. Hamma quvongan, ammo ko‘p o‘tmay, yevropalik yulduzlar bilan til topishish qiyinligini tushunib yetishgandi. Jorjo hech qachon omma yoqimtoyi bo‘lmagan, Italiyani esa boshqa jamoalar muxlislarining tinimsiz tahdidlari tufayli tark etgandi. Nyu-Yorkda ham uning ishlari qovushmadi. O‘sha paytdagi bosh murabbiy Toye futbolchini quloqsizlikda ayblagandi. «Ha, men shunaqaman, chunki bu ahmoq murabbiylardan ko‘proq narsani bilaman», degandi Kinalya. Shunga qaramay, italiyalik o‘yinchi jamoasiga yordam berdi: yetti yil mobaynida AqShda Pele, Karlos Alberto hamda Frans Bekkenbauerlar bilan yonma-yon to‘p surib, o‘z hisobiga 397ta gol yozib qo‘ydi. 1983 yili Jorjo butsalarini mixga ilgach, «Lasio» prezidentiga aylandi, keyinchalik «Kosmos»ning 60 foiz aksiyasiga ega chiqdi. Ammo klub 1986 yili bankrot bo‘ldi. 2014 yili afsonaviy jamoani qaytarishga qaror qilishdi, 9-raqam esa umrbod italiyalik futbolchiga ataldi.
I.RAHIMOV tayyorladi