Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Selyuk: "Rossiya futbolining muammosi - legionerlar cheklovi"

Selyuk: "Rossiya futbolining muammosi - legionerlar cheklovi"

Baho:
+ | -

Mashhur futbol agenti Dmitriy Selyuk Rossiya futbolidagi dolzarb muammolar xususida fikr bildirdi.

- Mijozlaringiz orasida Rossiya­dan taklif olganlari ham bormi?

- Kot-d~Ivuar terma jamoasidagi mijozlarim Rossiyada to‘p surishsa, qarshi bo‘lmasdim. Buning sababi bor, albatta. JCH tobora yaqinlashmoqda, ularning ayrimlari RPLda o‘ynasalar, chakki bo‘lmasdi. Mijozlarimda turli mamlakatlardan takliflar bor. Biroq bu borada aniq ma’lumot berish niyatida emasman. Ayrim kasbdoshlarim «bu yigitni shaxsan «Arsenal» taklif qilmoqda», deb jar solishni yoqtiradilar. Birozdan so‘ng bu jamoa Tulaning «Arsenal»i ekani ma’lum bo‘ladi. Men bunday mutaxassislar toifasidan emasman.

- Xo‘sh, aniq variantlar bormi yoki yo‘q?

- Ishoning, yigitlarning ko‘pchiligi muayyan takliflarga egalar. Ayniqsa, erkin agent maqomiga ega bo‘ladigan futbolchilar. Ivuarlik o‘yinchilarning barchasi - saviyali ijrochilar. Ular Rossiyaning har qanday klubini kuchaytira oladilar. Biroq bu yerda legoinerlarga joriy etilgan cheklovni tilga olish lozim.

- Siz doimo unga qarshi bo‘lgansiz.

- Rossiyalik yosh iqtidor sohibi yuksak saviyadagi ivuarlik futbolchi yonida voyaga yetsa, nimasi yomon? Bizda esa 15 nafar rossiyalik o‘yinchilar qachondir asosiy tarkibdan joy olishlarini bilgan holda mashq qiladilar. Shunday sharoitda motivasiya haqida gap bo‘lishi mumkinmi? Tabiiyki, terma jamoa hech qachon risoladagidek o‘ynay olmaydi. Motivasiyani vujudga keltiradigan manba qayerda? Mana, Angliyadagi musobaqalarga e’tibor bering: stadionlar muxlislar bilan to‘lib-toshgan, klublar yirik daromadlarga ega bo‘lishyapti. TV huquqlari savdosidan olinayotgan tushumlarni aytmasa ham bo‘laveradi. Rossiya qayoqqa ketyapti? JCH uchun ulkan stadionlar bunyod etilmoqda. Ammo ular bo‘m-bo‘shligicha huvillab turaveradi. Nima uchun? Chunki qandaydir Ivanov, Petrov va Sidorovlarning o‘yinlari hech kimga kerak emas! Mana, muammo qayerda?

- Demak, yorug‘lik ko‘rinmayapti, shundaymi?

- Ehtimol, yana 10-15 yildan keyin bizda ham muxlislar stadionlarga yo‘l olishar. Chunki o‘sha shartli Ivanov va Petrovlar hech bo‘lmaganda o‘z maoshlari uchun durustroq ter to‘kishga majbur bo‘ladilar. Aks holda, boshqa sohada daromad qila olmaydilar. Lekin hozir ular go‘yo issiqxonadalar - Rossiya pasporti cho‘ntaklarida, barcha yo‘llar ochiq. Bilasizmi, meni nima lol qoldiradi? Aytishlaricha, Rossiya­dagi agentlar cheklovning bekor qilinishiga qarshi emishlar.

- Nima, aslida shunday emasmi?

- Yo‘q, albatta! Rossiya pasportiga ega bo‘lgan qaysidir futbolchiga 3 millionli maosh belgilab, mo‘maygina daromad olish uchun kuyib-pishib ishlashning hojati yo‘q. Limitni bekor qilishsa-chi? U holda agent­lar tinmay ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi.

- Kot-d~Ivuar terma jamoasida kimlar bilan hamkorlik qilyapsiz?

- Masalan, Kanon, Bakayokolar bilan. Ivuar va Burkina-Fasodagi ko‘pgina o‘yinchilar mening mijozlarim hisoblanadilar. Rossiya terma jamoasi yoshlar bilan ko‘proq ishlashi, kerak bo‘lsa, sobiq ittifoq hududidan iqtidor sohiblarini izlashi lozim.

- Siz kimni nazarda tutyapsiz?

- Masalan, 17 yoshli qozog‘istonlik yigit Granatkin xotira turnirida yorqin taassurot qoldirdi, musobaqaning eng yaxshi hujumchisi bo‘ldi. Biz uni qisqacha Yerkosh deb atardik. U «Zenit» o‘smirlari bilan shug‘ullanib, 4ta gol urdi. Endi unga ispanlar ko‘z tikib turishibdi. Nega endi bu futbolchini Rossiya klublari olib, fuqarolikni taklif qilishmaydi? Shunchaki, ishlash kerak. Ayting-chi, hozir qaysi rossiyalik futbolchi G‘arbda to‘p suryapti? Hech Kim! Rossiya terma jamoasiga gol urgan Koji bilan Zaa esa Angliyada o‘ynashadi. Shundan xulosa chiqarib olavering.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:06, 09.04.2017.
O'qildi: 5641 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.