Braziliya terma jamoasi 1997 yilda Konfederasiyalar kubogida zafar quchgan. O‘shanda jamoa safida Rossiyaning «Anji» klubida o‘ynab, keyinchalik murabbiy bo‘lgan Roberto Karlos ham bor edi.
Ayni paytda ishtirokchi mamlakatlar bo‘ylab sayohatga chiqqan musobaqa kubogi Meksika va Chiliga yetib bordi. Dastlab Avstraliya va Yangi Zelandiyaga tashrif buyurgan kubok keyinchalik Portugaliyada bo‘ldi. Aynan shu mamlakatda uni Roberto Karlos namoyish qildi. Bundan unumli foydalangan FIFA rasmiy sayti sobiq himoyachi bilan suhbat uyushtirdi.
- Siz Rossiyada faoliyat olib borgansiz. Ushbu mamlakat muxlislari borasida qanday fikrdasiz?
- Ular futbolni sevishadi. Men Moskvadan tashqarida bo‘lgan klub safida o‘ynaganman. Uchrashuvlarda hamisha stadion to‘lardi. O‘ylaymanki, Konfederasiyalar kubogi va jahon chempionati Rossiya xalqi futbolni yanada chuqurroq tushunishi uchun zamin yaratadi.
- Ko‘pchilik Rossiyaning sovuq iqlimidan cho‘chishadi. Ammo musobaqa iyunda bo‘ladi. Rus yozi qanday?
- Juda issiq. Hamisha Rossiyada plyus 40 va minus 40 darajada ham yursa bo‘ladi, deb hazillashardik. Ko‘chalarda ob-havodan rohatlanayotgan odamlarni uchratasiz. Rossiyaliklar sovuq paytida juda qiynalishadi. Shu bois ham issiq havoni hurmat qilishadi. Rossiyaga borsangiz, adashmaymiz. U yerning xalqi ancha mehmondo‘st.
- Konfederasiyalar kubogida Rossiya termasi Yangi Zelandiya, Portugaliya va Meksika jamoalari bilan bir guruhdan joy oldi. Mezbonlar qanchalik uzoqqa bora olishadi?
- Juda kuchli guruh. Ular o‘z maydonlarida, muxlislari qarshisida o‘ynashadi. Bu ham raqiblarga qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap. Guruhdan chiqish uchun Rossiya, Portugaliya va Meksika kurash olib boradi. Bunga sabab, Rossiya - mezbon, Portugaliya - Yevropa chempioni va tarkibida jahonning eng kuchli futbolchilaridan biri bor. Meksikaliklarni yaxshi bilganim uchun ularni ham guruh favoritlari qatoriga qo‘shdim. Bu termaga qarshi o‘ynash juda qiyin.
- Sizningcha, turnirda qaysi jamoa g‘olib chiqadi?
- Portugaliya, Meksika yoki Germaniya. Ushbu jamoalarning o‘yinlarini tomosha qilib, rohatlanaman.
- Turnirda Krishtianu Ronaldu, Aleksis Sanches, Arturo Vidal va Xavyer Ernandes kabi yulduzlar to‘p surishadi...
- Barcha Krishtianu Ronalduning Portugaliya termasi safida o‘zini ko‘rsatishini kutmoqda. Shuningdek, siz sanab o‘tgan futbolchilar ham o‘z jamoalarida yetakchi hisoblanishadi. Ko‘rinib turibdiki, shunday yulduzlar bilan turnir ancha qiziqarli kechadi.
- 1997 yili Konfederasiyalar kubogida zafar quchgansiz. Siz uchun bu sovrin qanday ahamiyat kasb etadi?
- Shubhasiz, jahon chempionligining o‘rni boshqa. Har qaysi futbolchi mundialda g‘olib chiqishni istaydi. Ammo men uchun Konfederasiyalar kubogi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki bu Braziliya terma jamoasi safidagi dastlabki yirik sovrinim edi.
Ma’lumot uchun:
Roberto Karlos
To‘liq ismi: Roberto Karlos da Silva Rosha
Tug‘ilgan sanasi: 1973 yil 10 aprel
Tug‘ilgan joyi: Garsa (San-Paulu shtati), Braziliya
Fuqaroligi: Braziliya, Ispaniya
Bo‘yi: 168 sm. Vazni: 73 kg.
Ampluasi: chap qanot himoyachisi
O‘ynagan jamoalari:
1991—1993: Union San-Juan (Braziliya) 33 (10)
1992: Atletiko Mineyro (Braziliya) 3 (0)
1993—1995: Palmeyras (Braziliya) 44 (3)
1995—1996: Inter (Italiya) 30 (5)
1996—2007: Real (Ispaniya) 370 (47)
2007—2010: Fenerbaxche (Turkiya) 65 (6)
2010—2011: Korintians (Braziliya) 35 (1)
2011—2012: Anji (Rossiya) 25 (4)
2015: Deli Daynamos (Hindiston) 3 (0)
Braziliya terma jamoasi safida 125ta uchrashuv o‘tkazib, 11ta gol urgan.
Murabbiylik faoliyati:
2011—2012: Anji (Rossiya)
2013—2014: Sivasspor (Turkiya)
2015: Akxisar Belediyespor (Turkiya)
2015: Al-Arabi (Qatar)
2015: Deli Daynamos (Hindiston).
Yutuqlari:
Jahon chempioni (2002), Konfederasiyalar kubogi sohibi (1997), Amerika kubogi sohibi (1997, 1999), Braziliya chempioni (1993, 1994), Ispaniya chempioni (1997, 2001, 2003, 2007), Ispaniya superkubogi sohibi (1997, 2001, 2003), Chempionlar Ligasi g‘olibi (1998, 2000, 2002), Yevropa superkubogi sohibi (2002), Qit’alararo kubok sohibi (1998, 2002), Turkiya superkubogi sohibi (2007, 2009).