Bugun Toshkent shahridagi “JAR” stadionida III O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘z tarixida bir martadan ana shu superkubokni qo‘lga kiritgan ikki jamoa, “Sevinch” hamda Bekobodning “Metallurg W” jamoalari o‘zaro bahs olib borishdi.
"Sevinch" birinchi bo‘lib, o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur bo‘ldi. Bu vaziyatda uchrashuvdagi dastlabki hujumini tashkil etgan raqib, 3-daqiqadayoq 11 metrlik jarima to‘pi tepish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bekobodlik futbolchining darvozamizga yo‘llagan zarbasi, kutilmaganda I.Ablyakimovaning qo‘liga tegdi va penalti belgilandi. “Sevinch”ning sobiq tajribali o‘yinchisi Feruza Turdiboyeva darvozani aniq nishonga olishda adashmadi – 0:1.
Birinchi bo‘lib, o‘z darvozalaridan gol o‘tkazib yuborgan "Sevinch" futbolchilari aslo tushkunlikka tushishmadi, aksincha ularda kuch va iroda paydo bo‘ldi. “Metallurg W” jamoasining esa, g‘alabaga bo‘lgan ishonchi ortib ketdi.
Birinchi bo‘limning 40-daqiqasida hujumchi Nilufar Qudratova hisobni tenglashtirdi – 1:1. U darvozabon bilan birga – bir vaziyatga chiqib borib, to‘pni uning ustidan chiroyli tarzda oshirib, to‘rga joylab qo‘ydi.
Bu goldan ruhlangan qarshiliklar tashabbusni aslo qo‘ldan berishmadi va 44-daqiqada hisobda oldinga o‘tib olishdi. O‘ng qanotdan tashkil etilgan hujumni, yana bir hujumchi Malika Burxanova golga aylantirdi – 2:1.
Uchrashuvning 60-daqiqasida Nilufar Qudratova ikkinchi golini kiritib, dubl qayd etdi – 3:1. Buni qaranki, oradan bir daqiqa o‘tmasdan Malik Burxanova ham uchrashuvdagi o‘zining ikkinchi golini urishga erishdi va bu futbolchi ham dubl muallifiga aylandi – 4:1.
68-daqiqada Shaxzoda Jamolova chamasi 20 metrlardan darvozaga kuchli zarba yo‘lladi, bu zarbani bekobodliklar darvozaboni Gulandom Boymatova qaytarishga ojizlik qildi, to‘p darvoza to‘ridan joy egalladi – 5:1. Bu gol shubhasiz o‘yindagi eng chiroyli gol bo‘ldi.
Bu hisobdan keyin “Metallurg W” jamoasi ham gol urish uchun bir qancha imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ba’zida ularda aniqlik yetishmagan bo‘lsa, ko‘p vaziyatlarda darvozabon Laylo Tilavova katta mahorat ko‘rsatib, "Sevinch"ni muqarrar gollardan asrab qoldi.
Shunday qilib, qiziqarli va murosasiz kechgan o‘yinda "Sevinch" katta iroda ko‘rsatib, yirik hisobda g‘alaba qozonib, o‘z tarixida ikkinchi marta O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritdi.
III O‘zbekiston Superkubogi
17.04.2017. “JAR” stadioni.
“Sevinch” (Qarshi) – “Metallurg W” (Bekobod) 5:1 (2:1)
Gollar: Nilufar Qudratova, 40′-1:1, 60′-3:1, Malika Burxanova, 44′-2:1, 61′-4:1, Shaxzoda Jamolova, 68′-5:1 – Feruza Turdiboyeva (pen.), 3′-0:1
Bosh hakam: Edita Mirobidova (Toshkent)
Qanot hakamlari: Kristina Sereda (Buxoro), Zilola Rahmatova (Qarshi)
Zaxira hakami: Anna Sidorova (Toshkent)
Nazoratchi: Oleg Dachev (Toshkent)
O‘zAFA vakili: Alisher Fayziyev.
“Sevinch”: 1.Laylo Tilavova, 8.Kamola Riskiyeva (s), 9.Maftuna Shoyimova, 11.SHaxzoda Jamolova, 17.Tanzilya Zarbiyeva, 18.SHaxnoza Shakirova, 20.Sevara Normurodova (3.SHoira Qulto‘rayeva 56), 23.Maftuna Panjiyeva,27.Ilvina Ablyakimova, 37.Malika Burxonova, 77.Nilufar Qudratova.
Zaxira: 16.Maftuna Jonimqulova, , 6.Feruza Boboxo‘jayeva, 7.Oliya Axmedova, 15.SHaxnoza Qurbanova, 21.So‘g‘diyona Allamurodova.
“Metallurg W”: 16.Gulandon Boymatova, 3.Zumratjon Nazarova, 6.Irodaxon Turdaliyeva, 7.Maxfuza Turapova, 9.Mahliyo Sarikova (s), 10.Feruza Turdiboyeva, 11.Dildora Nozimova, 17.Lyumila Karachik, 18.YUlduz Nabiyeva, 21.Xolida Dadaboyeva, 22.Mavluda Munavarova.
Zaxira: 30.Ziyoda Irisboyeva, 4.Nasiba Xojiyeva, 20.Lutfiniso Xamidova, 23.Diyora Xabibullayeva, 25.Diyora Erkinova, 77.Nozima Kamoltoyeva.
Ogohlantirish: Kamola Riskiyeva 38, Shaxnoza Shakirova 83