Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Kech kelgan bahor yohud Ro‘ziqul Berdiyev haqida

Kech kelgan bahor yohud Ro‘ziqul Berdiyev haqida

Baho:
+ | -

Ro‘ziqul Berdiyev bugungi kunda yurtimizning ko‘zga ko‘ringan murabbiylaridan biri. «Nasaf»ni uzoq yillardan buyon boshqarib kelayotgan mutaxassis klub tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurdi. Biroq hozir murabbiy Berdiyev emas, futbolchi Berdiyev haqida gaplashmoqchimiz. Zero, biz uni, eng avvalo, mohir yarim himoyachi sifatida taniganmiz. Biroq oramizda Ro‘ziqul Berdiyevning professional futbolga ancha kech - 22 yoshida kirib kelganini bilmaydiganlar ham topiladi. Bilganlar esa barcha tafsilotlardan xabardor bo‘lishmasa kerak.

NORASMIY SUHBAT

Ochig‘i, aynan shu masala o‘zim uchun ham doim qiziqarli tuyulgan. Futbolda baxtini kech topganlar hayoti xuddi ertakka o‘xshaydi va e’tiborni jalb qilishi turgan gap. Masalan, Gabriel Batistuta millionlar o‘yiniga kirib kelgunga qadar baliqchilik qilgan. Frank Riberi esa kanalizasiya shaxtasi qazib kun kechirgan. Futbolda bunday misollar yetarlicha topiladi. Shu bois ham Ro‘ziqul akaga beradigan savollar yetarli edi.

Ammo kasbimiz nuqtai nazaridan «Nasaf» ustozi bilan asosan rasmiy matbuot anjumanlari yoki intervyular vaqtida ko‘rishganmiz tufayli shaxsiy hayoti haqida so‘rashning hech mavridi bo‘lmagan. Rasmiy tadbirda «Ro‘ziqul aka, futbolga qanday kirib kelgansiz», qabilida savol berish ancha noo‘rin tuyulishi aniq. Shu bois sukut saqlaganmiz, vaqti kelishini kutganmiz.

Albatta, Berdiyevning professional futbolga hech qanday maktabsiz, faqat tabiat tuhfa etgan iqtidor orqali kirib kelgani haqida ko‘p eshitganmiz. Ammo bu gaplar og‘izdan-og‘izga o‘tgani bois biroz afsonaviy ko‘rinish hosil qilgandi. O‘tgan hafta Qarshiga borib, Ro‘ziqul Berdiyev bilan ko‘rishish imkoni paydo bo‘lganida shu haqida suhbat qurdik. Quyida «Nasaf» bosh murabbiyi bilan musohabamiz qanday bo‘lsa, shundayligicha keltirishga harakat qilamiz. Berdiyev qay tariqa O‘zbekistonning eng kuchli yarim himoyachilaridan biriga aylanganini o‘zi so‘zlab beradi.

UZOQ QISHLOQ

- Men tug‘ilgan qishloq Qashqadaryoning olis tumanlaridan birida joylashgan. U yerda futbol maktabi tugul, tayinli maydon ham yo‘q edi. Millionlar o‘yinini juda yaxshi ko‘rganimiz tufayli toshloq joyda ham to‘p tepaverardik. Qishloqda tug‘ilib-o‘sganlar yaxshi biladi, u yerda ish hech qachon to‘xtab qolmaydi. Hattoki, yosh bolaga ham yumush topiladi. Mol-hol, daladan o‘t o‘rib kelish, degandek. Biz mana shu ishlardan ortib, futbol o‘ynashning yo‘lini topardik.

Ammo futboldan hamma ham xursand bo‘lavermagan. Otamdan futbol o‘ynashga ruxsat olganim bilan yolg‘iz o‘zim to‘p tepolmayman-ku! Boshqalarni ham «yo‘ldan urish»ga to‘g‘ri kelardi (kuladi). Ularning ota-onasiga esa bu yoqmasligi turgan gap. Shu to‘pni deb ko‘p gaplar eshitishga to‘g‘ri kelgan. Otamga kelib shikoyat qilishardi. Ammo har qanday holatda ham futboldan ko‘nglim qolmagan, hamisha uning uchun vaqt va imkoniyat topardim.

«BUYUK YIQILISH»

- Maktabni bitirgandan so‘ng tanlashga to‘g‘ri keldi: yo ishlash kerak yoki o‘qish. Qishloq joyda o‘qish oson emas, ammo men baribir, sportni tanlashga qaror qildim. 17 yoshimda O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya instituti (avvalgi ToshDJTI)ga hujjatlarimni topshirdim. Sobiq ittifoq davrida imtihon boshqacha usulda olinardi, hali test sinovlari joriy etilmagandi. Biroq hech bir imtihonda yiqilmadim, «uch» bahoga bo‘lsa-da o‘tdim. O‘sha vaqtlarda men yiqqan ball bilan Jismoniy Tarbiya institutiga kirsa bo‘lardi. Shu sabab qishloqqa boshni baland ko‘targan holda qaytdim, o‘qishga kirganimga ishonchim komil edi. Biroq peshonaga yozilmagan ekan, «yiqilibman»...

«KVADRAT»? NIMA U?»

- Kursdoshlarimning bari yoshi kichik yigitlar edi. Biroq aksariyati maktab ko‘rgani tufayli mendan ko‘p narsa bilishardi. Kamina esa, qishloqning bo‘z yigiti sifatida oddiy narsalarni ham tushunmaganman. Masalan, mashg‘ulot vaqtida «kvadrat» o‘ynasak, to‘pni raqibdan olib qo‘ysam ham o‘rtaga tushib yuguraverardim (kuladi). Kursdoshlarimdan bir umr minnatdorman, ular menga ko‘p narsalar o‘rgatishdi va professional futbolga kirib kelishimga sababchi bo‘lishdi.

Institutda ichki birinchilik o‘tkazilar edi va meni ham kursimiz jamoasiga taklif etishdi. Safimiz asosan rus tiliga ixtisoslashgan guruh talabalaridan iborat edi. O‘zbek tilida tahsil oladiganlardan men va Zafar Imomxo‘jayev tarkibga kiritilganmiz. O‘yinim yigitlarga yoqqan shekilli, ular guruhimiz rahbaridan meni oliy liga klublariga tavsiya etishni so‘rashibdi. Bundan o‘zim bexabar edim. «Yangiyer» bosh murabbiyi meni qidirib kelganda esa, chuqur hayajon ta’sirida «shok» holatiga tushib qolgandim.

O‘sha kezlari «Yangiyer» oliy ligada raqobatbardosh klublardan hisoblanardi. Meni aynan shu jamoaga tavsiya etishdi. Yodimda, mazkur jamoa ustozi qaysi klublarda to‘p surganimni so‘radi. Nima deb javob berishni ham bilmaganman. Qashqadaryodan ekanimni eshitib, birinchi ligada qatnashadigan tumanimiz jamoasida o‘ynaganim bilan qiziqdi. Bu klubni bilishim, ammo unda to‘p surmaganimni aytdim. O‘sha payt murabbiyning yuzi ifodasidagi o‘zgarishni ko‘rsangiz edi. «Menga kimni tavsiya qilishdi o‘zi?», deb o‘ylagan bo‘lsa, ajabmas. Lekin shunga qaramay, u guruhimiz rahbarining so‘zlariga ishondi, shekilli, baribir, ko‘rikdan o‘tish uchun yig‘inga taklif qildi.

KECH KELGAN OMAD

Bu hali hammasi emas, davomi bu yerda

Manba: www.std.uz
Kiritildi: 07:36, 20.04.2017.
O'qildi: 6027 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.