Kirish Ro'yxatdan o'tish
31/12 00:45 Bolonya 2-3 Verona
31/12 00:45 Ipsvich 2-0 Chelsi
31/12 00:45 Aston Villa 2-2 Brayton
31/12 01:00 Man. Yunayted 0-2 Nyukasl
01/01 22:30 Brentford - Arsenal

Xayr, Monchi: uddaburon sport direktori endi Italiyada ishlaydi

Xayr, Monchi: uddaburon sport direktori endi Italiyada ishlaydi

Baho:
+ | -

Rimning «Roma» klubi «Sevilya» sport direktori Ramon Rodriges Monchi bilan 4 yillik shartnoma imzolaganini e’lon qildi. «Roma» prezidenti Jeyms Pallotta va rahbariyatga minnatdorchilik bildiraman. Bu juda ajoyib loyiha. Muxlislar, xodimlar va jamoa futbolchilarini xursand qilish imkoniyatini orziqib kutmoqdaman»,-dedi Monchi.

Ushbu mutaxassis 2000-2017 yillar mobaynida «Sevilya» klubida ishlagan. Jamoaning so‘nggi yillardagi katta yutuqlari aynan Monchi nomi bilan bog‘liq. Uning rahbarligida Andalusiyaning eng mashhur klubi 9ta sovrin yutib olgandi.

Ha, «Sevilya» bundan keyingi faoliyatida mahoratli sport direktorining xizmatidan foydalana olmaydi. Albatta, foniy dunyoda hech narsa abadiy emas - kimdir ketadi, boshqasi uning o‘rnini egallaydi, hayot esa davom etaveradi. O‘z kasbini mukammal o‘zlashtirgan mutaxassis tufayli shon-shuhratga burkangan jamoa o‘rtasidagi samarali hamkorlikning barvaqt barham topgani kishini o‘ylantirib qo‘yadi, dilga g‘ashlik soladi.

Kim o‘zi, u Monchi?

Hozirda uni bugungi «Sevilya»ning yaratuvchisi va ispan futbolidagi eng nomdor sport direktori sifatida ulug‘lashadi. Nomi allaqachon muxlisu mutaxassislar xotirasidan o‘chib ketgan Ramon Rodriges Verdexoni deyarli hech kim tanimaydi. U 10 yil (1990-2000) davomi andalusiyaliklar jamoasida ikkinchi darvozabon vazifasini ado etdi. Shundan keyin qo‘lqop va butsalaridan voz kechib, klub tizimida xizmat qila boshladi. Qisqa vaqt ichida tashkilotchilik qobiliyatini namo­yish etgan mutaxassis sport direktori  darajasigacha ko‘tarildi. Shu muddat oralig‘ida jamoani nurli manzillar sari yetakladi. Natijada futbol olamiga buyuk Monchi sifatida tanildi, «Sevilya» esa nisbatan qisqa vaqt ichida 9ta nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Endi buyuk Monchi - Ramon Rodriges Verdexo kutilmaganda «Ramon Sanches Pisxuan»ni tark etishga qaror qildi. Vaholanki, jamoa ichki musobaqalarda ham, xalqaro arenalarda ham risoladagidek to‘p surayotgandi. Endilikda u faoliyatini «Roma»da davom ettiradi. Avvalroq tengi yo‘q direktorni «Real» o‘z tarkibiga qo‘shib olishi haqida gap-so‘zlar tarqagandi.

Monchi «Sevilya»ga nima berdi?

Jamoaning butun tarixidagi yorqin g‘alabalari Monchi nomi bilan bevosita bog‘liq. Yuqorida aytib o‘tilganidek, sevilyaliklar 17 yil davomida 9ta sovrin (5ta UYEFA kubogi, 2ta Qirol kubogi, bittadan Ispaniya hamda Yevropa superkuboklari)ni qo‘lga kiritishdi. Taqqoslash uchun keltiradigan bo‘lsak, Monchigacha bo‘lgan faoliyati davomida «Sevilya» atigi 4ta sovringa ega chiqib, oxirgi g‘olibligi 1948 yili qayd etilgandi.

Monchi futbolchilik bilan xayrlashgan payt «Sevilya» primeraga qayt­gan va keyingi 17 yil ichida 14ta finalda maydonga tushishi hatto  ashaddiy muxlisning ham xayoliga kelmagandi. Endigina sport direktori lavozimini egallagan yosh mutaxassis oldida bir qator ulkan vazifalar - klub akademiyasini rivojlantirish, noyob iqtidor sohiblarini tarbiyalash va skautlik tizimini tartibga solish masalalari kutib turardi. Buning ajablanadigan yeri yo‘q, barcha jamoalarda sport direktorlari aynan shu yumushlar bilan shug‘ullanishadi. Monchi to‘rt yil ichida segunda vakilini yevrokuboklarning doimiy ishtirokchisiga aylantirdi. Boz ustiga, «Sevilya» o‘sha davrda o‘zining moliyaviy holati bilan maqtana olmasdi. Arzoniga olib, qimmatiga sotish - barcha sohalar uchun umumiy bo‘lgan oltin qoida. Xuddi shu masalani a’lo darajada uddalash orqali Monchi jamoa byudjetini bo­yitdi, «Sevilya»ni transfer bozorining faol ishtirokchisiga aylantirdi. Uning davrida klub faqat yirik kelishuvlar evaziga 200 mln. yevrodan ko‘proq daromad oldi. To‘g‘ri, hozirda birgina Toni Kroosning bahosi 300 mln.ga teng. Ammo Monchining sa’y-harakatlari bilan shartnoma imzolagan futbolchilar muntazam ravishda bosqichma-bosqich jamoaga manfaat keltirib turishgan. Avvaliga ular Andalusiya klubi libosida sovrinlarga ega bo‘lib, jamoa nufuzini oshirishdi, boshqa klublarga o‘tganlaridan so‘ng g‘aznani boyitib, mavqeini mustahkamladilar. Akademiyaning sermahsul tarbiyalanuvchilari sifatida Xose Antonio Reyes, Serxio Ramos, Diyego Kapel, Xesus Navas, Antonio Puerta, Alberto Morenoni ko‘rsatish mumkin. 700dan ortiq malakali skautlar dunyoning turli burchaklarida «Sevilya» uchun yosh iqtidor sohiblarini izlab topish harakatida. Muhimi, ular doimo grand jamoalar mutaxassislaridan ko‘ra chaqqonroq va samaraliroq ishlashadi. Dani Alvesh, Frederik Kanute, Adriano, Ivan Rakitich, Seydu Keyta, Kristian Poulsen va Karlos Bakka kabi yulduzlar Monchining bebaho kashfiyotlari bo‘lib, «Sevilya»dan o‘ta qulay ijtimoiy lift sifatida foydanishgan. O‘zlari yuksak cho‘qqilarni zabt etganlarida sobiq jamoalarini ham parvozga sherik qilib olishni unutmadilar. Monchi jamoaning transfer siyosatini uzluksiz kuzatish barobarida bosh murabbiylar bilan samarali hamkorlikni ham yo‘lga qo‘ydi. U har bir mutaxassisning o‘yin uslubidan kelib chiqqan holda shunga mos futbolchilar bilan ta’minladi. Yangi «Sevilya»ning bosh me’mori sifatida avval Xuande Ramosni, keyin esa Unai Emerini qo‘llab turdi. Tabiiyki, muvaffaqiyatli mavsumlardan keyin «Sevilya» tarkibidagi yetakchilar «Pisxuan»dan yanada mashhurroq stadionlarga ko‘chib o‘tishdi. E’tiborlisi, shu yo‘qotishlar jamoa saviyasiga salbiy ta’sir o‘tkazmadi, murabbiylar ketganlar o‘rnini munosib yoshlar hisobiga to‘ldira olishdi. Bu borada Monchining xizmatlari Ramos va Emerinikidan kam emas.

Omadsizliklar

DAVOMI

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:20, 29.04.2017.
O'qildi: 3378 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.