O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Surxon” klubining 19 yoshli himoyachisi Behruz Karimov faoliyatini Shveysariya Superligasi vakili “Lugano” klubida davom ettiradi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati xabar berdi.
18 yoshli futbolchi Toshkent shahrida yangi klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. Shundan so‘ng Karimov “Lugano” bilan shartnoma imzolagan.
Endilikda futbolchi Shveysariyada faoliyat yuritishi uchun zarur vizani olishi kutilmoqda. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach, Karimov Shveysariyaga yo‘l oladi.
Behruz Karimovning yangi jamoasi Shveysariya futbolining eng o‘ziga xos va tarixiy klublaridan biri hisoblanadi. 1908 yilda tashkil topgan jamoa 2000 yillar boshidagi bankrotlikdan so‘ng o‘zini tiklab, yevrokuboklarning muntazam ishtirokchisiga aylangan. Xususan, o‘tgan mavsumda “Lugano” ichki chempionatda “Bazel” va “Yang Boyz” kabi grandlarni ortda qoldirib, 3-o‘rinni egalladi hamda yangi mavsumda Konferensiyalar Ligasining ikkinchi saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. O‘z tarixida 3 marta mamlakat chempionligi va 4 marta Shveysariya kubogini (so‘nggisi 2022 yilda) qo‘lga kiritgan jamoaga ayni paytda 44 yoshli mahalliy mutaxassis Mattia Krochi-Torti ustozlik qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Behruz Karimov futbolchilik faoliyatini “Odil Junior” akademiyasida boshlagan. Yosh himoyachi 2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi uchrashuvlarda maydonga tushgan edi. Aynan mundialdagi ishonchli harakatlaridan so‘ng yosh himoyachiga Yevropa jamoalaridan jiddiy qiziqish paydo bo‘lgan edi.













