Ozarbayjon, Panama, Burkina-Faso kabi bir qator milliy terma jamoalar JCH-2018 yo‘llanmalariga jiddiy ravishda da’vogarlik qilmoqda. Ha, Rossiya mundialida o‘ziga xos «sensasion chiqish» hosilalariga guvoh bo‘lsak, ajabmas. Championat.com sayti ijodkorlari bunday imkoniyatga ega jamoalar qatorida O‘zbekiston termasini tilga olishmadi. Mayli, zarari yo‘q, jamoamiz yo‘llanmani qo‘lga kiritib, chempionatning o‘zida «syurpriz» ulashsa, bas. Yaxshi niyat, nima dedingiz...?
YEVROPA
Bolgariya
Turnir jadvalidagi holati: «A» guruhida 3-o‘rin
Tulaning «Arsenal» klubi safiga qo‘shilgan yangi futbolchi Mixail Aleksandrovning aytishicha, ayni payt Bolgariyada mamlakat milliy jamoasiga nisbatan tanqidiy munosabat shakllangan. Ya’ni hech kim futbolchilarni ayamaydi. Muxlislar xususan, mahalliy darajada bosh yulduz sanalgan Ivelin Popov qadriga yetishmayapti. Vaholanki, bolgarlar saralash bosqichida 3ta o‘yinni o‘z foydalariga hal qilishdi. Shuning barobarida guruh yetakchilari - Shvesiya va Fransiya jamoalaridan naq 7ta gol qabul qilib olishdi. Xullas, Bolgariya termasida to‘plar nisbati hamon minus holatida. Muhimi, jamoa 2-o‘rindagi shvedlardan atigi 1 ochko ortda qolmoqda.
Qahramon: Ivelin Popov
Yana kim bo‘lishi mumkin? «Spartak» yarim himoyachisi kuchli tanqidiy qarashlarga duch kelayotgan bo‘lsada, milliy jamoani o‘z ortidan ergashtirishni uddalayapti. Uning gollari Lyuksemburg va Belarus termalarini yengishda juda qo‘l keldi. Aytgancha, o‘tgan yilning noyabrida Ivelinning Bolgariyaning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olishdiki, bunda g‘ayrioddiy jihati yo‘q.
Istiqbol
Hozircha Bolgariya terma jamoasi o‘yinlari yuzasidan savollar yetarli. Jamoaning JCH final raundiga chiqish imkoniyatiga hammasidan ham himoyadagi mutlaqo betartib harakatlar salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Statistikaga qarasak, Petar Xubchev shakllantirgan jamoa saralash doirasidagi o‘yinlarda 10ta gol qo‘yib yuborishga ulgurdi. Bu o‘rtacha hisobda har 45 daqiqaga 1tadan gol demakdir. Bolgarlarning ayniqsa, kamtaringina Lyuksemburg drujinasidan 3ta gol qabul qilishgani vaziyat darhaqiqat, jiddiyligini ko‘rsatib turibdi. Aytish o‘rinli, mitti mamlakat vakillari saralashda atigi 6ta gol urishgan va 12ta qo‘yib yuborishgan. Umuman olganda, Bolgariya jamoasi avvalo, o‘z o‘yinlarida imkon qadar ko‘p ochko yig‘ishi zarur, qolaversa, Shvesiya va Gollandiya termalarining dam-badam yo‘qotishga duch kelishini kutishga majbur.
Shimoliy Irlandiya
Turnir jadvalidagi holati: «S» guruhida2-o‘rin
Bu guruhdagi Germaniya terma jamoasining jahon chempionatiga 1-o‘rin orqali chiqishiga hech kim shubhalanmayapti. Axir Yoaxim Lyov shogirdlari ortda qolgan 5ta o‘yinda 20ta gol urib, 1tagina qo‘yib yuborishdi. Umuman, bundestim Yevropa hududidagi saralashda 100 foizli natijaga ega 2ta jamoadan biri bo‘lib turibdi. Guruhdagi 2-pog‘onani esa aynan Shimoliy Irlandiya termasi egallab turibdi. Ammo ikkinchi bo‘lish uchun hali jiddiy kurash borishi tayin. Chunonchi, shimol irlandlari 10 ochkoga egalar, yaqin ta’qibchi - Chexiya milliy jamoasi esa hozirgacha 8 ochko ishladi. Qolaversa, ancha rivojlangan Ozarbayjon jamoasini ham unutmaslik kerak.
Qahramon: Kayl Lafferti
Butun Shimoliy Irlandiyaning tan olingan qahramoni - bu hujumchi Uill Grigg. Deylik, muxlislar uning Ozarbayjon termasiga qarshi bahsda maydonga tushishini o‘zgacha nishonlashdi. Umumiy olganda esa, hozirgi tarkibda boshqa bir hujumchi - Kayl Lafferti muhim o‘rin tutmoqda. U JCH yo‘lidagi o‘yinlarda o‘z hisobiga 3ta gol yozib qo‘ydi. Yana «Vest Bromvich» himoyachisi Jonni Evansning roli ham katta. Jamoaning 5ta o‘yinda 2tagina gol qo‘yib yuborganida bu futbolchining xizmatlari beqiyos. Umuman, irlandlar hozirgacha faqat Germaniya termasidan gol qabul qilishdi, xolos.
Istiqbol
Yuqorida ta’kidlandi, Shimoliy Irlandiya termasi 2-o‘rin uchun asosan chexlar va ozarlar bilan kurash olib boradi. Shimolliklar keyingi turda aynan Ozarbayjonda mehmon bo‘lishadi. Ana shu o‘yin natijasi «S» guruhining 2-pog‘onasi uchun kechayotgan kurashga ma’lum darajada ta’sir qilishi aniq. G‘alaba qozongan tomon o‘z imkoniyatini sezilarli darajada yaxshilab oladi. Bordiyu, Bokuda durang qayd etilsa, unda Chexiya termasining saralashdagi istiqboli ancha yorqinlashishi mumkin.
Ozarbayjon
Turnir jadvalidagi holati: «S» guruhida4-o‘rin
Ozarbayjonliklar 26 mart kuni nemislarni qabul qilib 1:4 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Ular shu uchrashuvdan oldin guruhda 2-o‘rinda borayotgan Shimoliy Irlandiya termasi bilan teng miqdorda ochko olishgan, faqat to‘plar nisbati bo‘yicha 3-pog‘onada edilar. Mashhur xorvat Robert Prosinechki qo‘l ostidagi jamoa bungacha San-Marino va Norvegiya termalarini minimal hisobda yengishdan tashqari, chexlar bilan durang o‘ynadi - 0:0. Ammo asosiy raqiblardan biri Shimoliy Irlandiya termasi maydonidan quruq qaytdi. Tan olish kerak, Ozarbayjon jamoasining imkoniyati ancha past. Lekin bittagina g‘alaba Prosinechki shogirdlarini ruhlantirib yuborishi hech gap emas.
Qahramon: Kamron Agayev
Golkiper Kamron Agayev milliy jamoadagi ko‘plab sheriklaridan farqli o‘laroq, xorijda faoliyat yuritayotgani bilan maqtana oladi. U oddiy chempionat emas, binoyidek raqobat boradigan Portugaliya primerosi vakili «Boavishta» sharafini himoya qilmoqda. Jamoaning yana bir a’zosi - sobiq «spartakchi» Emin Mahmudov ham aynan shu klubda to‘p suradi. Shuningdek, Ozarbayjon milliy jamoasi «zayavka»sida mamlakat fuqaroligini qabul qilgan asli rossiyalik Ramil Sheydayev ham bor. Ularning har ikkisi asta-sekin asosiy tarkibdagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Istiqbol
Hozirdan dadil gapirish mushkul. Ozarbayjonliklar keyingi turda Shimoliy irlandiyaliklarni yengish uddasidan chiqishsa, ularda qo‘shimcha ishtiyoq paydo bo‘ladi, aks holda... Qolaversa, jamoani oldinda Germaniya safari ham kutmoqda. Xullas, ozarlar ham asosiy urg‘uni irlandlar va chexlarga qarshi kechadigan o‘yinlarga qaratish barobarida shu jamoalarning tez-tez ochko yo‘qotishini kutishga majburlar.
Chernogoriya
Turnir jadvalidagi holati: «E» guruhida 2-o‘rin
Bu guruhda ham 5ta turdan so‘ng 1-o‘rin masalasi ancha oydinlashib qoldi - Polsha termasi 13 ochko bilan yaqin ta’qibchilaridan ancha o‘zib ketishga ulgurdi. Lekin 2-o‘ringa naq 4ta jamoa «ko‘z» olaytirmoqda». Daniya termasi xuddi chernogoriyaliklar kabi 7ta ochko to‘plagan bo‘lsa, Ruminiya va Armaniston jamoalari hisobida 6tadan ochko bor. Bolqon hududi jamoasi hozirda mahsuldorligi bilan ajralib turibdi - 5ta o‘yinda 10ta gol. Aytish joiz, chernogoriyaliklar oxirgi o‘yinda guruh peshqadami - polshaliklarni ancha qiynab qo‘yishdiyu, yakunda 1:2 hisobida yutqazishdi, baribir. Agar ular Podgorisada loaqal durang qayd etishganida, hattoki, 1-o‘rin uchun kurash olib borish imkoniyatini hosil qilishardi.
Qahramon: Stevan Yovetich
Chernogoriya bosh jamoasi tarkibida hozircha boshqa yulduz ko‘zga tashlangani yo‘q. «Inter» zaxira o‘rindig‘ida o‘tiraverishdan zerikkan Stevan avvallari milliy jamoalar o‘yini tufayli yuzaga keladigan tanaffusni intiq holda kutar va chernogoriyaliklar tarkibida oyoqlari chigalini yozishga urinardi. Endi vaziyat o‘zgardi - u «Sevilya»da yetarli o‘yin amaliyotiga ega. Shunday bo‘lsada, o‘z vatani jamoasiga nisbatan munosabati zarracha o‘zgargan emas. Uning saralash doirasidagi 5ta o‘yinda 3ta gol urishdan tashqari, yana 2tasiga ass2istentlik qilgani barchasini ko‘rsatib turibdi. Oldingi chiziq bo‘yicha sherigi - Fatos Bechiray ham chakki emas. «Dinamo» (Moskva) vakili 2ta golidan birini Daniya termasiga qarshi kechgan muhim uchrashuvda urdi va u bolqonliklarga 3 ochko taqdim etdi. Angliya chempioni va joriy CHL yarim finalchisi Kasper Shmeyxel Rossiya birinchi divizionida to‘p surayotgan hujumchi ijrosidagi effektli zarba oldida shunchaki, ojiz qoldi.
Istiqbol
Chernogoriyaliklar hujumda yaxshi harakatlana olishlarini to‘la-to‘kis isbotlamoqdalar va bu ularning Rossiya mundiali chiptasini yutib olishlarida asosiy omil vazifasini bajarishi mumkin. Harqalay, guruhda 2-o‘rinni ko‘zlayotganlar orasida o‘ta jiddiy raqib yo‘q. Boshqacha aytganda, Chernogoriya milliy jamoasi saviya bobida hozirgi Daniya, Ruminiya va Armaniston termalaridan sira qolishmaydi. Jamoa faqat himoyani ham biroz tartibga solib, barqarorlikka erishsa, bas. Yana xuddi Yerevanda bo‘lgani kabi kutilmagan yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymasligi ham muhim.
OSIYO