Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

«Maestro», «Uzatmalar qiroli» yohud Pirlo haqida

«Maestro», «Uzatmalar qiroli» yohud Pirlo haqida

Baho:
+ | -

Andrea Pirlo. Zamonaviy futboldagi eng kuchli markaziy yarim himoyachilar ro‘yxatining oldingi qatorlaridan joy olgan italyan faxriysi ayni payt «Nyu-York Siti» sharafini himoya qilish asnosida sermahsul faoliyatiga xotima yasashga hozirlanmoqda.

L~Equipe (Fransiya) haftanomasi jurnalistlari haqli ravishda «Maestro», «Uzatmalar qiroli» kabi ta’riflarga loyiq ko‘rilgan jahon chempioni bilan suhbatlashish ilinjida uning ortidan AQSHga borishdi. Andrea esa shu intervyu bahonasida xayolan yevrofutbolga qaytib, faoliyat yo‘li, jumladan, o‘zi uchun futboldagi eng baxtli va noxush kunni esladi. Shuningdek, u «PSJ» vakili Marko Verrattining kelajagiga yuksak baho berdi.

Ikki gol oralig‘i...

- Hozir butun yevrofutbol Chempionlar Ligasi bilan yashamoqda. Turnirning 2015 yilgi finali yakunini ko‘pchilik yaxshi eslab qolgan bo‘lsa, ajabmas. O‘shanda klubingiz - «Yuventus» bosh sovrin taqdirini hal qiluvchi bahsda «Barselona» oldida ojiz qolgan (1:3 hisobida) va siz maydonda ko‘z yoshi to‘kkan edingiz...

- Bu birinchi ko‘z yoshlarim emasdi. Ya’ni 2005 yili «Milan» safida «Liverpul»ga yutqazganimizda ham (asosiy vaqtda 3:3 hisobi qayd etilgan va penaltilar seriyasida italyanlardan omad yuz o‘girgan - 2:3), beixtiyor yig‘lab yuborgandim. Umuman, o‘sha kun men uchun professional faoliyatim davomidagi eng noxushi sanaladi.

Esimda, jamoamiz kiyinish xonasida shunchalik sukunat yuzaga kelgandiki, yana ko‘z yoshlari oqib tushavergan... Xuddiki, hammasi tushda sodir bo‘lgandek, axir voqealar reallikka mutlaqo zid holda rivojlangandi. O‘zingiz o‘ylang, final o‘yinining birinchi bo‘limida 3:0 hisobida oldinga chiqib olib, yakunda yutqazish mumkinmi? Bunaqasini istagan taqdiringda ham takrorlay olmaysan! Hozirgacha o‘ylab-o‘ylab, o‘sha o‘yinni qanday boy berganimiz tagiga yetolmayman... Bunday qismatni hattoki, dushmanimga ham ravo ko‘rmayman.

- JCH-2006 yarim finali va finalidan keyin esa hamma boshqacha ko‘z yosh to‘kishingizga guvoh bo‘lgan - baxtiyorlik hosilasi. Germaniya termasiga qarshi kechgan yarim final bahsining 119-daqiqasida Fabio Grossoga shunday qoyilmaqom to‘p uzatgansizki, uning oldida hisobni ochishdan boshqa chora qolmagandi, go‘yo...

- Ha, bunisi endi faoliyatimdagi eng baxtli lahzalar bo‘lsa kerak. Fantastika, ta’riflashga til ojiz. O‘shanda 2ta golimiz oralig‘ida butun bir davr o‘tib ketgandek tuyulgandi, vaholanki, atigi 1 yoki 2 daqiqada barchasiga nuqta qo‘ygandik (Italiya terma jamoasining ikkinchi goli 120}1-daqiqada Alessandro Del Pyero hisobiga yozilgandi). Buni ham tushuntirib berish imkonsizdir. Boz ustiga, nemislar bilan Dortmundda o‘ynagandik va ularning bu shaharda biror marta mag‘lubiyatga uchramaganlarini ham bilardik. Final o‘yinining o‘zi esa bitta tarix.

- Fransiya termasiga qarshi kechgan hal qiluvchi uchrashuv arafasida tun bo‘yi Alessandro Nesta bilan PlayStation o‘yinidan bo‘shamaganingiz rostmi?

- Ha, ha, doimgidek, rosa o‘ynagandik. Umuman, men va Aleks necha yillar davomida «Milan»da ham, terma jamoada ham bo‘sh vaqtni asosan PlayStationga ajratganmiz. Odatga ko‘ra, doimo «Barselona» jamoasini tanlardim. Yana finalga qaytsak, hammasi xuddi kecha ro‘y bergandek xotiramda turibdi - unutilmas lahzalar... Umuman, real hayotda g‘alaba nash’asi tasavvuringdagisidan 10 chandon kuchli bo‘lishi tabiiy hol. Aslida balki orzumiz xuddi qaysidir film yoki multfilm qahramonikidek boshqacha bo‘lgandir. Misol uchun, finalda Braziliya termasi bilan o‘ynashni tasavvur qilgandirmiz. Ammo amalda Fransiya milliy jamoasidan ustun kelib, jahon kubogida bosh uzra baland ko‘tardik va bu ta’riflanmas voqeadir.

Soddalikka asoslangan harakat

- Endi psixotahlil seansi o‘tkazishga urinib ko‘ramiz: to‘pni qabul qilib olgach, birinchi navbatda, miyangizda qanday xayollar charx uradi?

- Aytarli hech narsa. Umuman, miyamga nimalar kelishini hattoki, tushuntirib ham berolmayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, shaxsiy falsafam bo‘yicha futbolda eng asosiysi - oddiylik. Hammasini osongina bajarish imkoni bo‘la turib, ishni nega murakkablashtirish kerak? Sizning sodda harakatlaringiz sheriklaringizga ham qo‘shimcha yengillik yaratadi, axir.

- Alohida o‘yin uslubingizni nazarda tutib, sizni o‘ziga xos me’mor sifatida ham ta’riflash mumkin. Xoynahoy, maktabda geometriya va matematika fanlariga alohida mehr bergan bo‘lsangiz kerak. Umuman, san’atga munosabatingiz qanday?

- Adashdingiz, matematika va geometriya kabi murakkab fanlar bo‘yicha sira maqtanolmasdim. Shunchaki, nol! San’atga kelsak, bunisi tabiatimga juda mos. Biroq futbol bosh-qa narsada, baribir. Modernga havasim baland. Bunga «Milan»da o‘ynagan vaqt «asir» tushganman. Chunonchi, klub sport direktori Aryedo Brayda nuqul qandaydir kartinalar haqida gapirardi va sira charchamasdi. Xullas, u nimadir sotib olishimni tavsiya etib, bizni ko‘rgazmaga boshlab borgandi. Keyinchalik yigitlar va qaysidir murabbiylar bilan ham musavvirlar ko‘rgazmasiga borishni odatga aylantirdik. Xususan, yordamchi murabbiy Mauro Tassotti ko‘p bora hamrohlik qilgandi. Deylik, ayni payt uyimda turli kartinalar juda ko‘p.

- Xo‘sh, siz uchun eng zo‘r rassom kim?

- Pikasso. Har safar uning biror ijodiga nazar tashlaganimda, yangi-yangi taassorotlar uyg‘onadi. Ko‘pchilik biladi, Nyu-York jahon san’ati poytaxti sanaladi. Shahardagi Zamonaviy san’at muzeyining o‘zi bir olam. Yana Guggenxaym muzeyi ham alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, sanoqsiz kartinalar galereyasi mavjud. Meni bunday joylarda tez-tez uchratish mumkin.

To‘pni uzat va hech narsani o‘ylama

- Futbolga qaytamiz: bugungi kunda sizga o‘xshaydigan futbolchi bormi, ya’ni «Ikkinchi Pirlo»?

- Jahon futboliga qarasak, o‘rta chiziqda to‘p suruvchi ko‘plab saviyali yigitlarni ko‘ramiz. Biroq hammalari boshqacha. Nokamtarlik bo‘lsa ham aytaman, afsuski, hozircha mening uslubim takrori kuzatilgani yo‘q. Lekin ehtimol, ertaga shunday ijrochini ko‘rarmiz. Shunday taqdirda, uning uchun faqat xursand bo‘laman.

- Noyob xislatga ega bo‘lish xudbinlik hissini oshirmaydimi?

- O‘z misolimda aytsam, yo‘q. Harqalay, xudbin emasman. Qolaversa, hech qachon qandaydir alohida xususiyatga egaligim haqida o‘ylamayman ham. O‘zgachalik, noyoblik - bular OAV vakillaridan chiqadigan ta’riflar, xolos. To‘g‘ri, tan olishim kerak, bularni eshitish ancha yoqimli, albatta. Gohida televizor orqali biror o‘yinni tomosha qilayotib, mening pozisiyamda harakatlanayotgan o‘yinchining ayrim oddiy va elementar jihatlarni murakkablashtirganini ko‘rib, hayratimni yashirolmayman. Bunday holatlarda ko‘pincha ichimdan tabiiy sado chiqadi: «Eh, shu joyda bo‘lganimda, boshqacha ish tutardim...».

- «Yuventus» ishtirokidagi o‘rtoqlik o‘yinlaridan biri chog‘i Shtefan Lixtshtaynerni shundoq to‘xtatib, unga baqirgan ekansiz: «Hech narsani o‘ylama, shunchaki, to‘pni menga uzat, tamom...». Bu haqiqatmi?

- Ha, shunaqa holat ro‘y bergandi. Chunki doimo to‘pga tashnaman. Sheriklarim ko‘pincha o‘zlarini oqlashga urinishardi: «Shunchaki, to‘pni senga uzatolmasdik - yo‘lingni raqib to‘sib turgandi». Men esa bunday bahonalarni biror marta oxirigacha eshitmay, har doim bir gapni takrorlardim: «Yo‘q, hech narsani bilmayman, to‘pni uzating, tamom-vassalom!» Chunki qolgani o‘zimga bog‘liqligi va nimadir o‘ylab topishimni bilardim. Men uchun eng muhimi - jamoaviy o‘yinni yurgizish, barcha futbolchilarni harakatga tushirish.

Buning uchun esa avvalo, to‘pga ehtiyoj sezaman. To‘p oyog‘imga tushganida esa, keyingi lahzada qanday harakatlanishni bilaman. Chunki bungacha ochiq hududlarga chiqadigan sheriklarimni payqayman va to‘pni aynan uning yo‘liga tashlab beraman. Shuning uchun ham sherigimga qarata «To‘pni menga ber va qolgani bilan ishing bo‘lmasin», deyishga haqqim bor, menimcha.

- O‘yin vaqti nimadandir shubhalanishingiz ham mumkinmi?

- Aslo va hech qachon!. Chunonchi, mabodo xatoga yo‘l qo‘ygan taqdirimda ham, uni tuzatish imkoniyati yuzaga kelishini teran tushunaman.

- Hayotda ham o‘zingizga ishonchingiz shunday mustahkammi?

- Ha. Birinchidan, doimo nima xohlashimni bilaman. Ikkinchidan, faqat aniq maqsadlar sari talpinishga odatlanganman. Umuman olganda, hayotda ham xuddi futboldagidekman.

- Nahotki, «Inter»da murakkab vaziyatga duch kelganingizda ham o‘z kuchingizga ishonch hissi pasaymagan bo‘lsa... Axir sizni avvaliga «Redjina» (mavsum-1999|2000da), keyin esa «Breshiya» (mavsum-2001|2002ning birinchi davrasida)ga yuborishgandi.

- Inson uchun eng muhimi, o‘z salohiyati va qadrini anglashdir. Xullas, kichik klublarda to‘p surganimda ham, vaqti kelib, buyuk jamoada bosh rollardan birini bajara olishimga sira shubhalangan emasman.

Verrattiga yuksak baho

- Hozir 37 yoshdasiz. Yangi avlodga mansub futbolchilarga qanday baho berasiz?

- Hozirgi yigitlar umuman boshqacha, bizning avlodga sira o‘xshamaydilar. Misol uchun, professional futbolga qanday qadam qo‘yganimni yaxshi eslayman: kiyinish xonasiga kirishda hattoki, oyoq tovushini chiqarmaslikka urinardim. Keyin shunchaki, sukut saqlab o‘tirardim. Hozirgi 20 yoshli yigitlar esa kiyinish xonasini boshlariga ko‘tarishadi, tillariga nima kelsa, shuni gapirishadi. Aytaylik, bemalol baqirishlari mumkin - hech qanday taqiq yo‘q. Ehtimol, biz - faxriylar yoshlarga haddan ortiq erkinlik berib yuborgandirmiz... Ikkinchi tomondan, shu erkinlik natijasida yoshlar jamoaga osongina qo‘shilmoqdalar.

- Balki Marko Verrattini maydondagi vorisingiz sifatida ko‘rsatish mumkindir...

- Shubha yo‘q - u ajoyib futbolchi. Marko - Italiya, umuman, Yevropa futbolining kelajagi. Menimcha, keyingi 20 yil ichida hammaga o‘rnak bo‘la oladi. Ha, u xuddi men harakatlanadigan pozisiya vakili sanaladi. Biroq ikkimiz o‘yin uslubi bo‘yicha boshqa-boshqamiz. Verratti asosan qisqa uzatmalar hisobiga oldinga intilib, to‘pni ko‘proq olib yuradi. Italiya terma jamoasida u bilan birga o‘ynab, shunchaki, rohatlandim. Yuqori saviyali o‘yinchilar bitta jamoada uzoq qololmasliklarini ko‘p ta’kidlashadi. Ammo ular shunga muvaffaq bo‘lsalar, jamoaning katta manfaat ko‘rishi aniq. Bunga bizning faoliyatimiz isbot.

«PSJ» variantini eslab...

- 2011 yili «PSJ»ning o‘sha vaqtdagi sport direktori Leonardo bilan Parijda o‘ynashingiz masalasini muhokama qilganingiz rostmi?

- Rost. U bir kuni erta tongda qo‘ng‘iroq qilib, «PSJ»da o‘ynash variantiga qanday qarashim bilan qiziqdi. Biroq shundan 2 kuncha oldin «Yuventus»ning yangi shartnoma tuzish haqidagi talabini bajargandim. Shunday ekan, o‘zaro suhbatimizdan hech narsa chiqmadi. Aslida bu variant ancha qiziqarli edi.

- Umuman, Lenardo aniq taklifni o‘rtaga tashlaganmidi?

- Uning alohida gaplar yordamida meni ko‘ndirishga urinishi shart emasdi. Chunki Lenardoni doimo hurmat qilganman, hozir ham shunday. Axir ikkimiz vaqtida yelkama-elka turib, to‘p surganmiz, keyinroq Leo «Milan» rahbarlaridan biri sifatida menga ustozlik qilgan.

- Agar «PSJ»ga o‘tish varianti «Yuventus» bilan shartnoma tuzishingizdan oldin yuzaga kelganida, qanday yo‘l tutardingiz?

- Bilmadim. Lekin Leonardo bilan yuzma-yuz ko‘rishib, uning gaplariga quloq tutishim aniq edi...

- 2010 yili esa Xosep Gvardiola sizni «Barselona»ga chaqirgan ekan...

- «Nou Kamp»da «Milan» va «Barselona» o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini tashkil etilgandi. Uchrashuvdan so‘ng Gvardiola meni stadiondagi ofisiga chorladi. U ham «Barsa»ga o‘tish taklifini qabul qilish-qilmasligim bilan qiziqdi. Bu katta sharaf, albatta. Ammo o‘shanda «Milan» men bilan xayrlashishni xohlamagandi.

MA’LUMOT UCHUN:

Andrea PIRLO

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1979 yil 19 may, Flero (Italiya)

Amplua bo‘yicha: yarim himoyachi

O‘ynagan klublari: «Breshiya» (Italiya) - 1994-1998, 2001; «Inter» (Italiya) - 1998-2001, uzilishlar bilan; «Redjina» (Italiya) - 1999-2000; «Milan» (Italiya) - 2001-2011; «Yuventus» (Italiya) - 2011-2015; «Nyu-York Siti» (AQSH) - 2015-...

Italiya chempionidagi umumiy statistikasi: 493ta o‘yin, 58ta gol

Italiya milliy jamoasidagi umumiy statistikasi: 116ta o‘yin, 13ta gol (2002-2016)

Yutuqlari: Italiya chempioni - 2004, 2011-2015; Italiya kubogi sohibi - 2003, 2015; Italiya superkubogi sovrindori - 2004, 2012, 2013; Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi - 2003, 2007; Yevropa superkubogi sohibi - 2003, 2007; Klublar o‘rtasidagi JCH g‘olibi - 2007; jahon chempioni - 2006

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:36, 12.05.2017.
O'qildi: 6701 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.