Boku mezbonlik qilayotgan «Islom birdamligi o‘yinlari»ning 14 may sanasidagi musobaqalarida O‘zbekiston delegasiyasi 12 ta medalga ega chiqdi. Kecha — 13 may kuni o‘zbekistonlik sportchilar 8 ta medal bilan kifoyalangandi.
Kunning eng omadli sportchisi deb Anastasiya Serdyukovani ko‘rsatish mumkin. Badiiy gimnastikachi bulava mashqida delegasiya hisobiga ikkinchi oltin medalni yozib qo‘ydi. Keyinroq u halqa va koptok bilan mashqlarda ikkita kumush medalga ega chiqdi. Bu borada Serdyukova O‘zbekiston delegasiyasining eng oldi sportchisiga aylanib oldi.
Dzyudo ustasi Gulnoza Matniyozova esa hisob bo‘yicha uchinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi. -70 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan Gulnoza barcha raqibalarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.
Kunning so‘nggi ikki musobaqasida para-dzyudo ustalari yana ikki oltin medalni keltirdi. Avvaliga Shuhrat Boboyev, keyinroq esa Shirin Sharipov barcha raqiblarini mag‘lub etib, o‘z vazn toifalarida shohsupaning eng yuqorisidan joy oldi.
Badiiy gimnastikachilar delegasiya uchun ikki bronzani ham qo‘shib qo‘ydi. Bulava hamda tasma mashqlarida Sabina Toshkenboyeva jamoadoshi Anastasiya Serdyukovadan keyingi pog‘onalarni band etishga muvaffaq bo‘ldi. Avvalroq o‘zbekistonlik uch gimnastikachi jamoaviy bellashuvlarda ham delegasiya uchun medal olib bergandi.
Shuningdek, og‘ir atletikaning 58 kilogrammgacha bo‘lgan sportchi qizlari o‘rtasidagi bellashuvlarida Muattar Nabiyeva uchinchi natija qayd etdi. U 196 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundira oldi.
14 may kungi medalchilar
Oltin
Anastasiya Serdyukova — bulava
Gulnoza Matniyozova — dzyudo
Shuhrat Boboyev — para-dzyudo
Shirin Sharipov — para-dzyudo
Kumush
Anastasiya Serdyukova — halqadagi mashqlar
Anastasiya Serdyukova — koptokdagi mashqlar
Bronza
Sabina Toshkenboyeva — tasmadagi mashqlar
Sabina Toshkenboyeva — bulava
Abdulaziz Otaboyev — karate
Davlatbek Bobonov — dzyudo
Muattar Nabiyeva — og‘ir atletika
Feruz Saidov — para-dzyudo
Shu tariqa O‘zbekiston delegasiyasi 5 ta oltin, 4 ta kumush va 12 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Peshqadamlik mezbon Ozarbayjonning o‘zida, ularni Turkiya delegasiyasi ta’qib qilmoqda.