11 kun davomida Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tgan IV “Islom birdamlik o‘yinlari” kecha o‘z yakuniga yetdi. Musobaqada 54 ta davlatdan uch mingga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Kaspiy bo‘yida tashkil etilgan musobaqaga eng katta delegasiya bilan Turkiya terma jamoasi tashrif buyurgandi. Ular musobaqada 336 nafar sportchi bilan ishtirok etishdi.
Shu o‘rinda IV “Islom birdamlik o‘yinlari”da katta delegasiyalar bilan qatnashgan davlatlar ro‘yxatiga e’tibor qaratib o‘tamiz.
1. Turkiya - 336
2. Ozarbayjon - 325
3. Saudiya Arabistoni - 162
4. Eron - 158
5. Pokiston - 154
6. Marokash - 135
7. Jazoir - 120
8. Indoneziya - 110
9. O‘zbekiston - 102
10. Turkmaniston - 86
Demak, guvohi bo‘lganingizdek O‘zbekiston delegasiyasi sportchilar soni bo‘yicha to‘qqizinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, medallar jamg‘arish borasida hamyurtlarimiz, sportchilarning soni jihatidan delegasiyamizdan ancha oldinda bo‘lgan Ozarbayjon, Turkiya va Eron terma jamoalaridan so‘ng umujamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinni egallashdi.
Sportchilar soniga nisbatan jamg‘arilgan medallar koeffisenti hisoblab chiqiladigan bo‘lsa bu borada kuchli o‘ntalikda eng yaxshi natijani Misr terma jamoasi qayd etdi. Fir’avnlar yurti vakillari musobaqada 26 nafar sportchi bilan ishtirok etib, 18 ta medal jamg‘arishdi. Samaradorlik foiz hisobida 69%ni tashkil etdi. Eron terma jamoasining ko‘rsatkichi (158 ta sportchi – 98 ta medal) esa 62,02 % ga teng bo‘ldi. Samaradorlik borasida kuchli uchlikni O‘zbekiston delegasiyasi yakunlab berdi. 102 nafar sportchilarimiz jami 63 ta medalga ega chiqishdi. Foiz hisobida bu ko‘rsatkich 61,76%ni tashkil qildi.
Aytib o‘tganimizdek, IV “Islom birdamlik o‘yinlari”da 102 nafar hamyurtlarimiz sportning 15 ta turida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. E’tiborlisi, musobaqada faqatgina gandbol bo‘yicha qizlar terma jamoamiz medalga ilina olmadi. Qolgan barcha sport turlari bo‘yicha terma jamoalarimiz sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lishdi.
Bu borada albatta boks, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, og‘ir atletika, para-dzyudo, para-atletika, taekvondo, karate, yengil atletika, tennis kabi turlarni alohida ko‘rsatib o‘tsa bo‘ladi. Bokschilarimiz delegasiyamiz hisobiga 3 ta oltin va 2 ta bronza medallarini qo‘shib qo‘ygan bo‘lishsa, badiiy gimnastikada ishtirok etgan uch nafar qizimiz yakunda oltita medalga ega chiqishdi. (1 ta oltin, 3 ta kumush, 2 ta bronza). Sport gimnastikasida esa afsonaviy Oksana Chusovitina o‘z hisobiga navbatdagi oltin medalni yozdirib qo‘ydi.
Og‘ir atletika sport turida 10 ta sportchi bilan qatnashgan terma jamoamiz 9 ta medalga sazovor bo‘ldi (1 ta oltin, 3 ta kumush, 5 ta bronza). Taekvonchilarmiz ham barchamizni xursand qilishdi. Zero to‘qqizta sportchi yettita medal qo‘lga kiritdi (2 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza). Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan karate bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari ham “Islom birdamlik o‘yinlari”da muvaffaqiyatli ishtirok etib, delegasiyamiz hisobiga 1 ta oltin va 3 ta bronza medalarini qo‘shib qo‘yishdi.
Shuningdek, para-atletika (2 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza), para-dzyudo (2 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza), dzyudo (1ta oltin, 5 ta bronza) va yengil atletika (1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza) bo‘yicha terma jamoalarimiz ham Bokudagi musobaqada delegasiyamizning umumiy muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shishdi.
E’tiborli jihati, “Islom birdamlik o‘yinlari”ga kelib medallar jamg‘arish maslasida sport turlarining geografiyasi sezilarli darajada ortdi. Avvallari har to‘rt yilda bir marta tashkil etiladigan kompleks musobaqalarda medallar asosan boks, dzyudo, sport kurashlari, gimnastika, og‘ir atletika kabi sport turlaridan jamg‘arilgan bo‘lsa, bu safar ular qatoriga o‘q otish, tennis, taekvondo, karate kabi turlar ham qo‘shildi.
Sport kurashlari bo‘yicha terma jamoamizdan ishqibozlar bu safar ham ulkan muvaffaqiyatlar kutishgandi, ammo natijalar biroz kutilganidek bo‘lmadi. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor albatta. Erkin va yunon-rum kurashlari bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari Bokuga to‘g‘ri Dehlida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatidan uchib kelishdi.
Hindistonda erkin kurash bo‘yicha Bekzod Abdurahmonov va Magomed Ibragimovlar oltin medallarni qo‘lga kiritib, qit’a chempionligini tantana qilishgan bo‘lsa, Ixtiyor Navro‘zov kumush, Umid Ismanov bronza medallariga loyiq ko‘rilishgan, yunon-rum kurashida esa Mo‘minjon Abdullayev hamda Rustam Assakalovlar bronza medaliga sazovor bo‘lishgandi. Natijada terma jamoamiz Osiyo chempionatini kuchli uchlikda yakunladi. Afsuski Ozarbayjon poytaxtidagi musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish uchun deyarli vaqt qolmagandi. Qolaversa polvonlarimizda charchoq alomatlari ham sezilib turgandi. Lekin shunga qaramay terma jamoamiz a’zolari Bokuda 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Bir so‘z bilan aytganda IV “Islom birdamlik o‘yinlari” O‘zbekiston delegasiyasi uchun qoniqarli yakunlandi. Jamg‘arilgan medallardan tashqari og‘ir atletikachimiz Rustam Jangabayev “Islom birdamlik o‘yinlari”, para-atletikachimiz Aleksandr Svechnikov esa nayza uloqtirishda jahon rekordini yangilashdi. Boz ustiga Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tgan sport festivali O‘zbekiston delegasiyasi uchun har to‘rt yilda bir marta tashkil etiladigan kompleks musobaqalar ichida hozircha eng omadlisi bo‘ldi.
To‘g‘ri, ayrim sport turlari bo‘yicha birinchi raqamli sportchilarimizni Bokuga olib borganimizda natijalar bundan-da yaxshi bo‘lishi turgan gap edi. Ammo delegasiya rahbarlari va murabbiylar uchun terma jamoalarimizning eng yaqin zaxirasini ko‘zdan kechirib olish ham juda muhim edi. Boisi bizni oldinda qator nufuzli musobaqalar kutib turibdi. Shunday ekan, har bir sport turi bo‘yicha milliy terma jamoaning kamida ikkita tarkibi doimo shay holatda turishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tgan IV “Islom birdamlik o‘yinlari” ham tarix sahifalaridan joy oldi. Endi asosiy maqsad shu yilning sentyabr oyida Ashxobot shahrida bo‘lib o‘tadigan yopiq inshootlar va jang san’ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bo‘lajak nufuzli musobaqalarda ham yurtimiz sportchilarimiga omad va zafarlar tilab qoladi.
IV “Islom birdamlik o‘yinlarida quyidagi sportchilarimiz shohsupaga ko‘tarilishdi:
Sadriddin Saymatov – (karate, -60 kg.) - oltin
Gulnoza Matniyozova – (dyuzdo, -70 kg.) - oltin
Anastasiya Serdyukova (badiiy gimnastika) - oltin
Shuhrat Boboyev (para-dzyudo, -90 kg.) - oltin
Shirin Sharipov (para-dzyudo, +100 kg.) - oltin
Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi) - oltin
Niyoz Po‘latov (taekvondo, - 58 kg.) - oltin
Rustam Jangabayev (og‘ir atletika, +105 kg.) - oltin
Abdulhay Sharaxmatov (boks, 56 kg.) - oltin
Aliyor Noraliyev (boks, 64 kg.) - oltin
Bobo-Usmon Baturov (boks, 69 kg.) - oltin
Nadiya Dusanova (engil atletika, balandlikka sakrash) - oltin
Aleksandr Svechnikov (para-atletika, nayza uloktirish) - oltin
Nikita Rafalovich (taekvondo, -74 kg.) - oltin
Doniyor Soliyev (para-atletika, uzunlikka sakrash) - oltin
Badiiy gimnastika (terma jamoa) - kumush
Anastasiya Serdyukova (badiiy gimnastika) - kumush (2 ta)
Feruz Sayidov (para-dzyudo, -73 kg.) - kumush
Tennis (ayollar terma jamoasi) - kumush
Kumush Fayzullayeva (og‘ir atletika, -63 kg.) - kumush
Ulug‘bek Alimov (og‘ir atletika, -85 kg.) - kumush
Farxodbek Sobirov (og‘ir atletika, -94 kg.) - kumush
Sabina Sharipova (engil atletika, 100 m) - kumush
Islomjon Baxromov (yunon-rum kurashi, 59 kg.) - kumush
Dmitriy Shokin (taekvondo, +87 kg.) - kumush
Mansur Abdurashidov (para-atletika, 100 m) - kumush
Mo‘minjon Abdullayev (yunon-rum kurashi, 130 kg) - kumush
Umida Abdullayeva (taekvondo, 62 kg.) - kumush
Ivan Zaysev (engil atletika, nayza uloqtirish) - kumush
Tennis. Juftliklar (SHaripova/Merenkova) - kumush
Tennis. Juftliklar (Sultanbekov/Saidkarimov) - kumush
Saidxon Sayfuddinov (o‘q otish) - bronza
Sakina Mamedova (o‘q otish) - bronza
Diyorbek O‘rozboyev (dzyudo, -60 kg.) - bronza
Gulruh Rahimova (para-dzyudo, -70 kg.) - bronza
Dostonbek Otabolayev (karate, 75 kg.) - bronza
Barno Mirzayeva (karate, -61 kg.) - bronza
Abdulaziz Atabayev (karate, -84 kg.) - bronza
Sabina Tashkenbayeva (badiiy gimnastika) - bronza (2 ta)
Muattar Nabiyeva (og‘ir atletika, -58 kg.) - bronza
Davlatbek Bobonov (dzyudo, -81 kg.) - bronza
Bekmurod Oltiboyev (dzyudo, +100 kg.) - bronza
Dzyudo (erkaklar terma jamoasi) - bronza
Dzyudo (ayollar terma jamoasi) - bronza
Tennis (erkaklar terma jamoasi) - bronza
Doston Yoqubov (og‘ir atletika, 69 kg.) - bronza
Manzura Mamasoliyeva (og‘ir atletika, 69 kg.) - bronza
Omadoy Otaqo‘ziyeva (og‘ir atletika, 75 kg.) - bronza
Mironshoh Ibragimov (boks, -49 kg.) - bronza
Abrorjon Qodirov (boks, -52 kg.) - bronza
Ivan Yefremov (og‘ir atletika, -105 kg.) - bronza
Rustam Assakalov (yunon-rum kurashi, 98 kg.) - bronza
Nigora Tursunkulova (taekvondo, - 67 kg.) - bronza
Maksim Rafalovich (taekvondo, - 80 kg.) - bronza
Svetlana Osipova (taekvondo, +73 kg) - bronza
Nigina Sharipova (engil atletika, 200 metr) - bronza
Elbek Sultonov (para-atletika, yadro uloqtirish) - bronza
Sergey Dementyev (engil atletika, yadro uloktirish) - bronza
Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash, -74 kg.) - bronza
Nodirjon Safarov (erkin kurash, -57 kg.) - bronza
Sabina Sharipova (tennis) - bronza