“Barselona” ushbu mavsum yakuni bo‘yicha amaldagi chempionlik maqomini himoya qila olmadi. Goal nashri kataloniyalikalarga mavsum davomida qaysi jabhalardagi ojizlik ta’sir qilganini tahlil qildi.
“Barsa” mavsum startini ajoyib tarzda boshlay oldi. Enrike jamoasi « Sevilya »ga qarshi kechgan Ispaniya Superkubogida g‘alaba qozonib ko‘tarinki kayfiyatda Li Ligaga kirib keldi. So‘ngra, barchasi Enrike va uning shogirdlari istaganidek kechmadi. Xatto, tarkibda Lionel Messining borligi ham jamoaga ta’sir qilmadi. Chempionlar Ligasida “Yuventus”ga yengilib musobaqani tark etgan “Barselona” milliy chempionatda ham “Real”ning 33 g‘olibligini kuzatishdan boshqa chora topa olmadi. Hozircha, shanba kuni “Alaves”ga qarshi Ispaniya Kubogi finali qoldi. Ushbu final “PSJ”ga qarshi “remontada”, “Santyago Bernabeu”da qo‘shimcha daqiqalarda erishilgan g‘alabalardan keyingi yakuniy match bo‘ladi. Luis Enrikening so‘nggi mavsumida klubga yetishmagan bir qancha xususiyatlar bo‘ldiki, yakunda bular jamoaning o‘yiniga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi.
Barqarorlik
“Ko‘k-anorranglilar” musobaqaning grand jamoalariga qarshi bahslarda ajoyib natijalarga erishdi. “Real” (1-1; 2-3), “Atletiko” (1-1, 1-2), “Sevilya” (1-2, 3-0), “Atletik” (3-0, 0-1), “Valensiya” (2-3; 4-2) larga qarshi bahsda ko‘proq ochko qozongan bo‘lsa, chempionatning o‘rtmaiyona klublariga qarshi bahsda kutilmaganda ochko ulasha boshladi. “Alaves”ga “Kamp Nou”da (1-2) yutqazib qo‘ydi, “Deportivo” (2-1) va “Malaga”lardan (2-0) ham mag‘lubiyatga uchradi. “Betis” bilan esa arang durangga (1-1) erisha oldi. Serxi Roberto El Pais nashriga bergan intervyusida buni tan olib o‘tdi : « Chempionatni kim mavsum davomida barqaror ravishda o‘tkaza olsa, o‘sha jamoa kiritadi. O‘ylaymanki, aynan shu barqarorlik bizga yetishmadi.”
Zaxira o‘yinchilarining saviyasi
Ushbu mavsum shuni ko‘rsatdiki, Zinedin Zidan o‘z jamoasini ajoyib tarzda boshqara oladi. Aynan shu xususiyat « Barselona »dagi hamkasbida yetishmadi. Avgust oyida Joan Gamper sovrini uchun « Sampdoriya »ga qarshi bahsda oldin quyidagi fikrlarni bildirib o‘gandi : « Men « Barsa »ga kelganimdan buyon yig‘ilgan eng yaxshi, eng to‘liq tarkib. Mavsumni, umid qilamanki yuqorida yakunlaymiz. » Mavsum yakuni shuni ko‘rsatdiki, Lucho xato qilgan. Ko‘plab transferlarni amalga oshirgan jamoada faqatgina « Lion »ning sobiq a’zosi Umtiti ishonchni oqlay oldi. Dani Alveshning « Yuventus »ga ketishi yakunda Serxi Robertoning maydon markazidan qanot himoyasiga o‘tishi bilan yakunlandi. Serxio Buskets o‘z o‘yinini namoyish eta olmayotgan bir pallada, katta pullar evaziga olib kelingan Andre Gomesh Buskets emasligi bilinib qoldi. MSN uchligiga raqobatchi sifatida olib kelingan Alkaser esa bunday uchlikka raqobat qila olmasligini ko‘rsatdi.
Yuqori sport formasidagi Inyesta
Ushbu mavsumda 2198 daqiqa o‘tkazgan Inyesta bu ko‘rsatkich bilan hatto Gomeshdan (2573) ham ortda qolib ketdi. « Barselona »da tiki-taka uslubining ishonchi bo‘lgan Inyesta orttirib olgan jarohatlari tufayli barqaror o‘yinlarini namoyish eta olmadi. Bu mavsum « afsungar » uchun o‘zgacha kechdi. Luis Enrike Xavining klubdagi so‘nggi mavsumidagi kabi Inyestani asosan zaxiradan maydonga tushirish bilan shug‘ullandi. 33 yoshli futbolchining jamoadagi kelajagi so‘roq ostida qolganini his etgan Inyesta haligacha klub bilan amaldagi shartnomasini uzaytirmadi. Klub aynan Inyesta tufayli mavsumni omadsiz o‘tkazdi desak noto‘g‘ri bo‘lar, biroq, ba’zi jabhalarda uning kerakli o‘yinni namoyish eta olmasligi klub zarariga ishladi.
Suares – Neymar juftligi beqarorligi
Lionel Messi La Liga to‘purariga aylandi, jamoani qiyin pallalarda olg‘a yetaklab bordi, hatto o‘sha mashhur « remontada »da ham Messining xizmatlari katta bo‘ldi. So‘zsiz, klubning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga loyiq. Biroq, uning hujumdagi sheriklari har doim ham ulardan kutilgan barqarorlikni namoyish qilmadi. Ayniqsa, Suaresning so‘nggi turda « Eybar »ga qarshi bahsdagidek yaqqol imkoniyatlarni ko‘kka sovuraverishi klubning ishlari orqaga ketishiga olib keldi. Neymarning esa « PSJ » ga qarshi javob uchrashuvidan boshqa ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlarini eslash amri mahol. Ko‘p o‘yinlarda individual harakatlari bilan esda qolgan bo‘lsada, jamoasi foydasiga ta’siri sezilmadi. Shunga qaramay, Neymar ushbu mavsumidan mamnun. « Men uchun eng yaxshi mavsum bo‘ldi. Klubga kelganimdan buyon eng ajoyib mavsumni o‘tkazdim, deb o‘ylayman » qabilida France Football nashriga intervyu berdi.
« Barsa » « PSJ » yoki « Real »ga qarshi ajoyib o‘yin namoyish etgan bo‘lishiga qaramay, o‘zining DNK sini yo‘qotib bo‘ldi. Aynan ushbu jihat jamoaning kelajagiga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin. Ispaniya Kubogi finalini yutish esa barcha musobaqalarni yutib o‘rgangan jamoa uchun biroz alamini ichiga yutishiga yordam berishi mumkin.