Transfer futbolning qoni hisoblanadi. Agar mazkur jarayon bo‘lmaganida, jamoalar o‘yinida hech bir o‘zgarish ko‘zga tashlanmas, millionlar o‘yini yana jozibali tus olmas, kutilmagan va hayajonli lahzalar sodir bo‘lmasdi.
Shuning uchun ham har safar transfer bozoriga katta e’tibor qaratiladi. Sizu biz shu paytgacha «Falon futbolchi mana shuncha pul evaziga sotilibdi», qabilidagi gaplarni eshitib kelamiz. Ya’ni transfer faqat pul evaziga amalga oshirilishiga ko‘nikib qolganmiz. Buni qarangki, tarixda ayrim transferlar noodatiy narsalar bilan amalga oshirilgan ekan. Quyida ana shu haqda so‘z yuritamiz.
«ICHIMLIK BERING, FUTBOLCHI SIZNIKI»
Futbolchi: Erni Blenkinsopa
Yo‘nalish: «Kadvort metodistlar birlashmasi» — «Xall Siti»
To‘lov turi: 200 funt va 80 pint pivo
1921 yilda Angliyada sodir bo‘lgan g‘alati transfer. Yosh Erni Blenkinsopa metodistlarning oddiy klubidan «Xall»ga 200 funt va yana 80 pint (Angliya o‘lchov birligi, 570 millilitrga teng) pivo evaziga o‘tgan. «Metodistlar» prezidenti Angliya terma jamoasi sobiq prezidentining ketishini nishonlaydi: klubni ingliz ichimligi bilan siylaydi.
SARTAROSH UCHUN TRENAJYOR JIHOZLARI
Futbolchining ismi: Toni Kaskarino
Yo‘nalish: «Krokenxill» — «Gillingem»
To‘lov turi: mashg‘ulotlar uchun jihozlar
Toni Kaskarino oddiy sartarosh bo‘lgan, ammo bir marta unda futbolchi bo‘lish g‘oyasi tug‘ilgan va u «Krokenxill» jamoasi maktabiga yozilgan. Bu yerda muvaffaqiyatlarga erishgan Toniga «Gillingem» jamoasi rahbarlari qiziqib qolishgan va Kaskarino shu jamoaga o‘tgan. Eng qizig‘i, futbolchining transferi uchun «Krokenxill»ga mashg‘ulotlarni kuchaytirishga xizmat qiladigan jihozlar berilgan.
TO‘Q QIZIL FORMALAR
Futbolchi: Sergey Bodak
Yo‘nalish: «Krilya Sovetov» — «Spartak»
To‘lov: futbol liboslari to‘plami
Sergey Bodak — o‘z davrining sport ustasi. Himoya chizig‘ida to‘p surgan Sergey qo‘pol harakatlari bilan ajralib turardi. Xususan, u o‘yinlardan birida yana bir mashhur futbolchi Yuriy Tishkovning oyog‘iga zarba beradi. Oqibatda boldir suyagi singan Tishkov faoliyatini yakunlashga majbur bo‘ladi. Natijada «Krilya Sovetov» uni «Spartak»ka berib yuboradi, aniqrog‘i, futbolchini to‘q qizil formalar to‘plamiga almashadi.
GANTELLAR TO‘PLAMI!
Futbolchi: Yan Rayt
Yo‘nalish: «Grinvich Boro» — «Kristal Pelas»
To‘lov: gantellar to‘plami
Yan Rayt — Shon Rayt-Fillipsning o‘gay otasi professional futbolchi bo‘lishga intiladi va «Brayton» va «Sautend Yunayted» jamoalarida harakat qiladi, ammo o‘z salohiyatini ko‘rsata bilmaydi. Keyinchalik mashhur «Grinvich Boro» jamoasiga o‘tadi. Ayni shu paytda yosh yigit «Kristal Pelas» selektsionerlari nazariga tushadi va ular Yanning mashg‘ulotlarini uch kun mobaynida kuzatishadi. Yakunda Yan Rayt professional shartnoma imzolaydi! Buni qarangki, sobiq klubi Raytning narxini juda past baholagan, «Kristal Pelas» futbolchi uchun gantellar to‘plamidan voz kechgan, xolos.
FUTBOLCHI EVAZIGA SOSISKALAR
Futbolchi: Mariush Choara
Yo‘nalish: «Arad» — «Regal Xorniya»
To‘lov: 15 kilogramm sosiska
Ruminiyaning «Arada» jamoasi posboni Mariush Choara mashhur jamoalardan biriga o‘tadi. Yangi klubi u uchun atigi 15 kilo sosiskadan voz kechgan. Biroq Mariush yangi jamoasida uzoq harakat qilmagan. Doim masxaralarga duchor bo‘lgan posbon faoliyatini Ispaniyada yakunlagan va fermada ishlay boshlagan.
«QANCHA CHIQSA, SHUNCHA QISQICHBAQA»
O‘yinchi: Kennet Kristensen
Yo‘nalish: «Fluya» — «Vinbyart»
To‘lov: 75 kilogramm qisqichbaqa
Norvegiyaning to‘rtinchi ligasida, havaskorlardan iborat «Fluya» jamoasi to‘p suradigan Kennet jamoasini almashtirishga qaror qiladi. «Vinbyart» jamoasi esa Kristensen bilan qiziqayotganini yashirmaydi va u bilan kelishuvga erishadi. Futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, yangi jamoasi bilan shartnoma imzolaydi. Ikkala klub transfer narxini quyidagicha kelishishgandi: futbolchining vazni nechchi kilogramm chiqsa, shuncha haq to‘lash. Natijada Kristensenning vazni 75 kg ekanligi aniqlanadi va «Vinbyart» «Fluya»ga 75 kg sara norveg qisqichbaqalarini to‘lov tariqasida beradi.
ARZIMAGAN TO‘LOV
Futbolchi: Gari Pallister
Yo‘nalish: «Billingem Taun» — «Midlsbro»
To‘lov: forma to‘plami, darvoza uchun to‘r va koptoklar
Gari Pallister faoliyatini havaskorlar ligasida, «Billingem Taun»da boshlagan. 19 yoshli Angliya termasining bo‘lajak o‘yinchisi bilan mashhur klub — «Midlsbro» qiziqib qoladi. Jamoa rahbariyati muzokaralarni tezlashtirib yuboradi. Futbolchi evaziga «Billingem Taun»ga formalar to‘plami, darvoza uchun to‘r va koptoklar beriladi. «Midlsbro» «Kubok egalari Kubogi»ning g‘olibi bo‘lish uchun muhim hisoblangan transferni amalga oshirgandi.