Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/11 00:45 Venetsiya 0-1 Lechche
26/11 01:00 Nyukasl 0-2 Vest Xem
26/11 15:00 Ulsan Xyonde 1-3 Shangxay Port
26/11 15:00 Vissel Kobe 3-2 Sentrel Kost
26/11 17:00 Buriram Yunayted 0-3 Kavasaki Frontale
26/11 17:00 Shandong Taishan 1-0 Johor Dorul Ta'zim
26/11 19:00 Sharja 3-1 Istiqlol Dushanbe
26/11 21:00 As-Sadd 1-1 Al-Hilol
26/11 21:00 Ash-Shorta 1-3 Al-Vasl
26/11 21:00 Sepohon 1-1 Al-Vihdat
26/11 22:45 Slovan 2-3 Milan
26/11 22:45 Sparta 0-6 Atletiko
27/11 01:00 Bayer 5-0 Zalsburg
27/11 01:00 Bavariya 1-0 PSJ
27/11 01:00 Yang Boyz 1-0 Atalanta
27/11 01:00 Barselona 3-0 Brest
27/11 01:00 Inter 1-0 RB Leypsig
27/11 01:00 Manchester Siti 3-3 Feyenoord
27/11 01:00 Sporting 1-5 Arsenal

Bundesligadagi ilk ayol hakam haqida nimalarni bilamiz

Bundesligadagi ilk ayol hakam haqida nimalarni bilamiz

Baho:
+ | -

Kelasi mavsum bundesliga o‘yinlarini ayol hakam ham boshqaradi. Ha, Germaniya bosh ligasi tarixida o‘yinlarni bosh-qarib boradigan referilar ro‘yxatiga ilk marta nozik jins vakili ham kiritildi. Xo‘sh, u kim?

Qiziqsangiz, marhamat, Bombardir.ru sayti ma’lumotlari asosida tayyorlangan quyidagi maqola bilan tanishib chiqing. U Bibiana Shtaynxausning shiddat bilan rivojlangan faoliyati, mashhur Xovard Uebb bilan munosabati kabi turli mavzularni qamrab olgan.

Otasi taklifi va sobiq referi yordami bilan

Bibiana bundan 38 yil oldin katta bo‘lmagan Bad-Lauterberg shahrida tug‘ilgan. Uning otasi vaqtida futbol hakami sifatida ishlagan. Demakki, qizcha aynan oila muhiti ta’sirida millionlar o‘yiniga mehr bergan. Bibiana yoshligida hattoki, mahalliy jamoada himoyachi rolini bajargan. Biroq o‘sha vaqt hakamlik qilish haqida o‘ylab ham ko‘rgan emasdi. Keyinchalik otasi unga biror o‘yinni boshqarib ko‘rishini tavsiya etadi. Natijada 16 yoshli Bibiana faoliyatida keskin burilish kuzatiladi. Qizcha shundan 2 yil o‘tgach, Duysburgda tashkillashtirilgan hakamlar seminarida Oygen Shtrigel bilan tanishadi. Germaniyalik ushbu sobiq referi ayni payt hakamlar korpusida ishlamoqda. Xullas, Shtaynxausning professional referi maqomini olishida aynan Shtrigel katta yordam beradi. Ya’ni o‘z tajribasidan kelib chiqib, Bibiana boshqargan o‘yinlarni diqqat bilan kuzatadi va unga tegishli yo‘l-yo‘riq, maslahatlar berib turadi.

Professional ligalar darajasiga chiqish yo‘li

Shtaynxaus avvaliga bir necha yil havaskorlar ligasidagi o‘yinlarni boshqarish bilan cheklandi. Unga asosan qizlar o‘rtasidagi uchrashuvlarni topshirardilar. Keyinchalik tajribasi biroz oshgach, ayollar o‘rtasidagi Germaniya kubogi finalida ishladi. Bibiana 28 yoshga to‘lgach, tarixiy voqea sababchisiga aylandi - u ikkinchi bundesliga doirasidagi o‘yinni boshqarib borgan birinchi ayol bo‘ldi. Muhimi, ishi matbuot tomonidan yuqori bahoga loyiq ko‘rildi. Aytgancha, Bibiananing erkaklar futbolidagi debyutida ke-yinchalik elitada yog‘du sochgan «Paderborn» kelasi mavsum CHLda ishtirok etadigan «Xoffenxaym»ni qabul qilgandi. Oradan yana bir yil o‘tib, Shtaynxaus brigadasi Germaniya kubogi bahslarida ko‘rinish bera boshladi - bu ham nemis futboli uchun muhim voqelik edi.

Xalqaro miqyosda tan olinish

Bibiana Shtaynxaus hakamlik bobidagi mahoratini Germaniya tashqarisida ham mumammosiz ko‘rsata oldi. Ya’ni qizlar o‘rtasidagi Yevropa va jahon chempionatlari kabi turli xalqaro musobaqalarda sifatli ishi bilan yaqqol ajralib turdi. Olimpiada-2012da ayollar futboli finalini boshqarib borgani esa hozircha eng e’tiborli natijalaridan biri bo‘lib turibdi.

Asosiy kasb bo‘yicha - polisiyachi

Bibiana Shtaynxaus Gannover polisiyasida xizmat qiladi va aytishicha, bu boradagi tajribasi hakamlik faoliyatida juda qo‘l kelmoqda. «Ha, agar polisiyada ishlab, ma’lum ko‘nikma hosil qilmaganimda, futbol referisi vazifalarini uddalolmasmidim, balki? Chunonchi, ikki funksiyaning umumiy jihatlari, o‘xshash tomonlari ko‘p. Misol uchun, polisiyachi vazifasi ham, referiniki ham atrofidagilarning muayyan qoidalarga amal qilishlarini ta’minlashdan iborat. Bundan tashqari, har ikki ishda tezkor qaror qabul qilish talab etiladi,-deydi Shtaynxaus bu borada.

Kutilmagan holatlar ham bor

2010 yili internet tarmog‘ida bitta videorolik «rosa aylandi» - unda «Gerta» himoyachisi Peter Nimayerning Shtaynxausga teginib ketgani aks etgandi. Futbol to‘qnashuvlarga boy va ba’zan hakamlar ham qaysidir o‘yinchiga urilib ketishlari mumkin. Xullas, Bibiana va Peter o‘rtasidagi to‘qnashuv tabiiy jarayon mahsuli edi. O‘shanda futbolchi hattoki, ayolga qaragan ham emas. Yana 3 yildan keyin endi «Ingolshtadt» himoyachisi Andre Miyatovich ham ayol hakamga urilib ketdi. «Ha, Bibiana darvozamiz tomon penalti belgilagach, kichik to‘qnashuv ro‘y berdi. Yo‘q, bu mutlaqo tasodif, unga teginish hattoki, xayolimga ham kelgan emasdi»,-deya qasam ichdi uchrashuvdan so‘ng futbolchi. Umuman, har ikki holatda ortiqcha gap-so‘z bo‘lgani yo‘q - odatiy o‘yin holati. To‘g‘ri, keyingi kutilmagan voqelik mojaroga aylanib ketishi hech gap emasdi. Xosep Gvardiola davrida «Bavariya» o‘yinlaridan birida Shtaynxaus zaxira hakami sifatida ishladi. So‘nggi daqiqalar o‘tib borayotgan pallada ispan mutaxassisi undan to‘xtalishlar uchun ko‘proq vaqt qo‘shib berishini iltimos qildi va rad javobini olgach, kinoya-li tarzda qo‘l uzatdi. Keyin esa Bibianani o‘ziga tortmoqchi ham bo‘ldi, referi esa chaqqonlik qilib, bir necha qadam nari surildi. Xullas, Gvardioalani hakamga ta’sir o‘tkazishga uringanlikda ayblab, unga nisbatan diskvalifikasiya jazosini qo‘llashlari ham hech gap emasdi.

Kamsitish harakati oqibati

Ertami-kech ayol hakamni kamsitish holati yuzaga kelishi taxmin qilingandi. To‘g‘ri, Germaniyada bunday ko‘ngilsizliklar haqida uzoq vaqt hech gap chiqqani yo‘q. Biroq Shtaynxaus 2015 yili ikkinchi bundesliga doirasidagi o‘yinda Dyusseldorfning «Fortuna» jamoasi vakili Kerem Demirbayni ikki bora ogohlantirib, maydondan chetlatgach, futbolchi o‘zini tutib turolmadi: «Ayol hakamga erkaklar futbolida balo bormi? U o‘yinni boshqarib borishga noloyiq». Natijada Demirbayning o‘zi baloga uchradi - uni har tomonlama jazolashdi. Ya’ni tiliga erk bergan futbolchiga 10 ming yevro miqdorida jarima solishdan tashqari, uni 5 oy muddatga diskvalifikasiya qilishdi. Eng «oliy» jazo sifatida esa uning oldiga ...ayollar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda hakamlik qilish majburiyatini qo‘yishdi.

Xovard Uebb qarori

- U o‘yinlarni qanday boshqaryapti, buni sira tushunmayman, axir uyda hattoki, o‘z farzandlarini izga sololmaydi-ku,-deya o‘z hayratini yashirmadi Key xonim eri Xovard Uebbni jahon chempionati-2010 finaliga tayinlashganini eshitib. Boz ustiga, u o‘z hayratini Britaniya telekanallaridan birining to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilgan ko‘rsatuvida bayon etgandi. Ayolning ehtiyotsizligimi yoki qo‘pol hazili Uebbning oiladan ketishiga olib keldi. To‘g‘rirog‘i, u yana 6 yildan so‘ng Key va 3 nafar farzandini tashlab, Bibiana yoniga oshiqdi. Xullas, Xovard ikki sohada ham hamkasbi sanalgan ayol bilan yashashga qaror qildi.

Bundesliga ro‘yxatiga tushish va munosabat

Bibiana Shtaynxausning o‘zi kelasi mavsum bundesliga uchrashuvlarini boshqarishi xususidagi yangilikni katta hayajon bilan qabul qilgani tayin: «Bu hayotiy orzum edi va mana, ro‘yobga chiqmoqda. O‘ylaymanki, hammasiga harakatlarim evaziga erishdim. Hozir nimalarni his qilayotganimni ta’riflab berishga ojizman. Ertak misoli - hayrat, quvonch, ishonch, ishtiyoq, yengil tortish, qo‘yingki, hammasi birda...». Chetdagilar ham jim turishmayapti. Misol uchun, «Manchester Siti» yarim himoyachisi Ilkay Gyundogan «Tvitter»dagi sahifasida quyidagi yozuvni qoldirdi: «Mamlakat futbolida yangi sahifani ochish uchun katta jasorat talab etiladi. Frau Shtaynxausga cheksiz hurmatimni izhor etaman. Negadir hamma ayol hakamning bu vazifa uddasidan chiqolmasligidan cho‘chimoqda. Yo‘q, xavotir ortiqcha. Axir erkak hakamning tayinlanishidan so‘ng ham shubha bo‘ladi-ku, baribir».

Yaxshi namuna

Ukrainada bir yilki,    premyer-liga o‘yinlarida Ekaterina Monzul ham hakamlik qilmoqda. Aytgancha, u 2015 yil yakunlariga ko‘ra, xalqaro futbol tarixi va statistikasi federasiyasi (IFFHS) tomonidan eng yaxshi ayol hakam sifatida e’tirof etilgandi. «Ayol hakamning maydonda tartib o‘rnatishi qaysidir ma’noda osonroq ham. Chunki erkaklar uning oldida kamroq so‘kinadilar, tubanlikka bormaydilar»,-degandi Monzul. Umuman, Ukrainada uning ishi yuzasidan jiddiy e’tirozlar yangragan emas. Aksincha, hattoki, Mircha Luchesku ham Yekaterinaga xos professionallikni yuksak baholagandi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:43, 01.06.2017.
O'qildi: 4527 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.