Rimning «Roma»si yangilanmoqda. «Bo‘rilar» kechagina nihoyat, jonajon klubidan ketishini ma’lum qilgan tirik afsona Franchesko Totti bilan o‘ta ta’sirchan holda xayrlashgandilar, endi esa bosh murabbiy Luchano Spallettiga xayrli yo‘l tilashmoqda. Klub tomonidan bosh murabbiyning ketishi rasman e’lon qilingach, Spalletti darhol jurnalistlarni maxsus uchrashuvga yig‘di. So‘nggi mavsum «Roma»ni «A» seriyasida 2-o‘ringa ko‘targan murabbiy shu tariqa Rim jamoasidagi ikkinchi davrini tahlil qildi. Eslatish joiz, u 2005-2009 yillar oralig‘ida ham aynan «bo‘rilar»ni boshqargandi. Klubdagi ikkinchi davri esa 2016 yilning fevralida boshlandi. Maxsus xayrlashuv matbuot anjumanida Spallettiga «Roma»ning yangi sport direktori Ramon Monchi hamrohlik qildi.
- Afsus, Luchano bilan uzoq vaqt ishlash nasib etgani yo‘q, zero, klubga 1 oycha muqaddam keldim. Shunga qaramay, ushbu o‘ta qisqa hamkorlikdan yorqin taassurotlar qoldi. O‘zi avvaldan ushbu mutaxassis haqida ajoyib fikrlar eshitgandim va endi ular yanada boyidi. Luchanoni ham inson, ham murabbiy sifatida to‘laqonli kashf etdim,-deya uchrashuvni ochib berdi Monchi. - Bilasiz, «Roma» tarixining yangi sahifasini ochmoqchimiz va o‘z o‘rnida Luchanoga klub taraqqiyotidagi barcha ishlari uchun minnatdorchilik izhor etamiz. Umid qilamanki, kelajakda yo‘llarimiz yana tutashadi va o‘shanda birgalikda samaraliroq faoliyat yuritamiz. Trigoriyadagi «Roma» bazasi doimiy uyingiz bo‘lib qoladi, Luchano!
- Iliq so‘zlar uchun rahmat. Monchining qanday ajoyib boshqaruvchi ekanligini yaxshi bilaman va shuning uchun birgalikdagi ishimiz shu qadar tez xotima topganidan ko‘nglim o‘ksiyapti,-dedi bunga javoban Spalletti. Murabbiy shundan so‘ng jurnalistlar savollariga erinmay, bafurja javob berdi. Uning eng e’tiborli gaplarini keltirishdan oldin qo‘shimcha qilish joiz, keyingi ish joyi «Inter» klubi bo‘lishi ehtimoli katta.
*** - «Roma»da o‘zim istagan barcha yutuqlarga erisholmadim. Ishonchim komil, Monchi ishni yanada yaxshi yo‘lga qo‘yish va shu asnoda «Roma»ni kuchaytirish-jipslashtirish salohiyatiga ega. Har holda, ayni payt jamoaga birdamlik yetishmayapti, xolos.
*** - «Roma» rahbarlaridan tortib, futbolchilargacha, oshxona oshpazlaridan tortib, baza farroshlarigacha - barcha-barcha xodimlarga minnatdorchilik bildiraman. Klubning har bir vakili - katta professional.
*** - Bu yerda chin yurakdan, qalban ishladim. Ya’ni «Roma»ning oldinga intilishi uchun qo‘limdan kelganini ishga soldim.
*** - «Roma» men uchun juda ko‘p narsani anglatadi. Hattoki, Rossiyada ishlaganimda ham, bu jamoa o‘yinlarini alohida e’tibor bilan kuzatganman.
*** - Oxirgi mavsum g‘oyat og‘ir keldi. Har kim jamoa o‘yinlarini baholash huquqiga ega va o‘zicha haq hisoblanadi. Shaxsan men xursandman: yetarlicha quvonchli lahzalarni boshdan o‘tkazdim. To‘g‘ri, shuning barobarida tez-tez azoblanganim ham rost... Ayniqsa, mashg‘ulotlar jarayonida kuzatilgan ajoyib muhitni alohida tilga olishim joiz. Zero, bu muvaffaqiyat garovidir.
*** - O‘ylaymanki, biz to‘g‘ri ishladik va to‘g‘ri yo‘ldan yurdik. Ha, qiyin lahzalar ham bo‘ldi, albatta. Deylik, ayrim murakkab qarorlarni qabul qilishimga to‘g‘ri keldi. Muhimi, jamoa sifatida kuchayib bordik. Bemalol aytaman, ortimdan ancha kuchli «Roma» qolyapti. Eng asosiysi, aynan shu.
*** - Xatolarga yo‘l qo‘ydimmi? O‘z ishimni muhokama qilolmayman. Ha, oxirgi o‘yin chog‘i menga yo‘naltirilgan hushtaklarni eshitdim. Biroq bunday hurmatsizlikka munosib emasdim, menimcha. Ha, biz YELda «Lion»ga yutqazdik, Italiya kubogi uchun kurash yo‘lida «Lasio»ga bas kelolmadik. Ammo hushtakbozlik qilganlar o‘sha vaqt nechog‘li azoblaganim va siqilganimni bilganlarida, bunday hurmatsizlik qilishmasdi. Buni kafolatlayman.
*** - Totti bilan xayrlashuv tadbirlari barchamizni yanada jipslashtirdi. Deylik, ayni o‘sha vaqt barcha muxlislar yaxlit kuchga aylanishganini yaqqol his etdim va butun jamoa shu butunlikka singib ketdi. Eh, bunday taassurotlarni yo‘qotish naqadar alamli...
*** - Kimdir Totti bilan o‘rtamizda qandaydir urush borligiga ishongan bo‘lishi mumkin. Lekin bunday emas. Afsuski, murosasizlik xususida tarqalgan gap-so‘zlar salbiy ta’sir etmay qolmadi. Tan olaman, «Roma» yagona kuch darajasiga chiqolmadi va bu aynan mening mag‘lubiyatimdir.
*** - Totti - buyuk shaxs. O‘ylaymanki, u rahbariyat vakili rolida ham «Roma»ga samarali xizmat qilishi mumkin, agarda butsalarini mixga ilishni lozim topsa, albatta. Aytishim kerak, Francheskoga biror marta «Roma»dan ketishi haqida so‘z ochgan emasman. Ketish haqidagi qarori mutlaqo o‘ziga tegishli.
*** - Franchesko bilan do‘st bo‘lib qolamiz. Deylik, kechki ovqat uchun biror joyga birga borishimiz mumkin. Jamoadagi ishim davomida turli voqealar yuzaga kelgani o‘z yo‘liga. Fakt shuki, bu yigitni qattiq hurmat qilaman. Ehtimol, doim ham haq bo‘lmagandirman va shunisi alam uyg‘otadi. Lekin ikkinchi tomondan, katta savol bor: «Qaysi masalada boshqacha yo‘l tutishim kerak edi?» Ochig‘i, haligacha bunga jo‘yali javob topganim yo‘q.
*** - Chetdagilar boshqalarni himoya ostiga olishimni Tottiga qarshi chiqish sifatida baholashdi, chog‘i. Aynan shunday munosabat xiralik darajasini oshirdi.
*** - «Roma»ga kelganimda, klub inqiroz holatida edi. Natijada Totti kam o‘ynaydigan bo‘lib qoldi va shunisi ko‘pchilikka sira yoqmadi. Biroq ikkinchi tomondan qarasak, jamoa rekord tezligida ochko yig‘a boshlagandi. Xo‘sh, o‘shanda kim haq edi?
*** - «Roma» boshqaruvini qo‘lga olishga nomzodlardan biri - di Franchesko bu lavozimga munosib. U nimalarga qodirligini «Sassuolo»da to‘la-to‘kis isbotladi.
*** - O‘zimchi? Endi nima bilan shug‘ullanaman? Takliflar uchun mutlaqo bo‘shman. Demak, qo‘ng‘iroqlarni kutaman...
*** - O‘z qabri ustiga alohida yozuvlar bitib qo‘yishlarini vasiyat qilgan rimlik shoir gaplarini qaytaraman: «Qaytishim ehtimoldan xoli emas». Chiroyli aytilgan...