Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

Intervyu: Aleksandr Geynrix JCHga chiqish istagi, faoliyatidagi qiyinchiliklar va Suriya bilan o‘yindagi selfi haqida

Intervyu: Aleksandr Geynrix JCHga chiqish istagi, faoliyatidagi qiyinchiliklar va Suriya bilan o‘yindagi selfi haqida

Baho:
+1 | -

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Aleksandr Geynrix FIFA rasmiy saytiga intervyu berdi. O‘FF matbuot xizmati tomonidan tashkil qilingan suhbat chog‘ida tajribali futbolchi faoliyatidagi qiyinchiliklar, saralash bosqichidagi bo‘lajak to‘qnashuvlar, JCH–2018 turniriga chiqish orzusi hamda Suriyaga qarshi o‘yindagi selfi haqida so‘zlab berdi.

FIFA muxbiri Aleksandr Geynrixning Suriya bilan o‘yinda olgan selfisiga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan-ko‘rmagani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi: “Suriya bilan o‘yindagi selfi o‘z-o‘zidan kelib chiqdi. Jurnalist Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev telefonini menga uzatdi va ajoyib ehtiroslar ostida selfiga tushdik”.

O‘zbekistonlik hujumchidan intervyu olgan muxbir Geynrixni bir necha kun oldin faoliyatini yakunlagan Franchesko Tottining selfi bilan gol nishonlashiga qiyosladi.   

“Totti menga yoqadi, u haqiqiy afsona. Uning so‘nggi o‘yinini ko‘rdim va futbol bilan xayrlashganini ko‘rib yig‘ladim. U singari gol nishonlaganimdan mamnunman”, – deya javob berdi hujumchi.

 

O‘zbekistonlik hujumchi Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga chiqish istagi haqida qo‘yidagi fikrlarni bildirdi: “Rossiyadagi JCHga borishni juda ham xohlar edim. JCH qanday ekani haqida tushunchaga egaman, chunki 2003 yili BAAdagi U-20 Jahon chempionatida ishtirok etganman. Rossiyadagi JCH–2018 turnirida qatnashib, keyin faoliyatimni tugatishni istardim”.  

Aleksandr Geynrix O‘zbekistondan tashqari faoliyati davomida Rossiya, BAA, Janubiy Koreya chempionatlarida to‘p surgan. Ayni vaqtda esa u Qozog‘istonda o‘ynamoqda. Futbolchi turli mamlakatlarda har xil futbol madaniyatiga duch kelgani va o‘ziga yarasha tajriba orttirganini ma’lum qildi.

“Rossiyaga birinchi borganimda juda yosh edim va u yerda futbol o‘ynash oson emasligini tushundim. Mashhur liga, nomdor futbolchilar, katta pul. Asosiy tarkib a’zosi bo‘lish oson bo‘lmaganini tan olish kerak. BAAda umuman boshqacha bo‘lgan: o‘zgacha texnika va noodatiy madaniyat. Rossiya va BAAdagi faoliyatim davomida o‘zim uchun kerakli xulosalar chiqarib, tajriba to‘plaganman.

Janubiy Koreyada esa qiynalganman. Bu yerdagi hayot tarzi, mahalliy ovqat, shuningdek, mashg‘ulotlarga ko‘nikish oson kechmagan. Bir oy o‘tgach K-Ligada menga mushkul bo‘lishini tushundim. Menimcha, Koreyadagi karyeram eng qiyini bo‘lgan. Qozog‘istonda ham anchadan buyon o‘ynayman va bu yer menga ma’qul. Qozog‘iston va O‘zbekiston bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun deyarli barcha narsalar bir xil va aynan shu narsa menga qulaylik yaratmoqda”, – dedi o‘zbekistonlik xujumchi.

Ma’lumot o‘rnida, Aleksandr Geynrix “Do‘stlik” (2001), “Paxtakor” (2002, 2005, 2007–2011), SSKA (2003–2004, Rossiya), “Torpedo” (2005–2006, Rossiya), “Suvon Blyuvings” (2011, J.Koreya), “Emireyts” (2012, BAA), “Aktobe” (2012–2014, Qozog‘iston), “Lokomotiv” Toshkent (2014) klublarida to‘p surgan. 2015 yildan buyon esa u Qozog‘istonning “Ordabasi” jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

Aleksandr Geynrix 2002 yildan buyon milliy terma jamoa sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt mobaynida u 93 uchrashuv o‘tkazib, 31 ta golga mualliflik qildi. Terma jamoa safidagi o‘yinlari soni 100 taga yetib qolganiga qaramay, Geynrix individual natijalar muhim emasligini, asosiysi jamoaviy o‘yin ekanini ta’kidladi.

“Men shaxsiy natija yoki rekordlar ortidan quvmayman. Futbol – jamoaviy o‘yin va bu eng asosiysi”, – dedi Geynrix.

JCH–2018 turniriga saralash bosqichi haqida fikr bildirar ekan, Aleksandr Geynrix so‘nggi turda Janubiy Koreyaga qarshi kechadigan o‘yin hal qiluvchi ahamiyatga ega yoki ega emasligi haqida gapirish ertaligini aytdi.

“Bu haqda gapirishga hali erta. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin hal qiluvchi bo‘lishi uchun oldindagi o‘yinlarda ochko olishimiz kerak. Keyin koreyaliklarga qarshi o‘yinni hal qiluvchi desak bo‘ladi. “JCH–2018 musobaqasiga avtomatik ravishda yo‘l olish uchun bor kuchimizni beramiz. Barchasi o‘z qo‘limizda”, – dedi hujumchi. 

JCH–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan keyin vaziyat quyidagicha: Eron 17 ochko bilan peshqadam. Janubiy Koreya 13 ochko, O‘zbekiston 12 ochko bilan mos ravishda 2–3 o‘rinlarni egallab turibdi. Guruhdagi 4–6 o‘rinlarni esa tegishli ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar (4 ochko) egallagan.

Aleksandr Geynrix O‘zbekiston safida gol ursa qanday nishonlashi haqidagi savolga quyidagicha fikr bildirdi. “Navbatdagi golimni qanday kiritishimni TV orqali ko‘rasiz. Bu siz uchun syurpriz bo‘ladi”, – deya intervyuga yakun yasadi Aleksandr Geynrix.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 12 iyun kuni Tehronda Eron mehmoni bo‘ladi. 31 avgust kuni esa Samvel Babayan shogirdlari safarda Xitoy bilan, 5 sentyabr kuni esa Toshkentda Janubiy Koreya bilan to‘qnash keladi.

Manba: the-uff.com
Kiritildi: 08:09, 10.06.2017.
O'qildi: 9951 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.