Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Xayrulla Hamidov: «Aldagani muxlis yaxshi»

Xayrulla Hamidov: «Aldagani muxlis yaxshi»

Baho:
+2 | -

Maqolani yozayotgan paytim rosa o‘yladim: qanday yozish kerak? Tanqidga burkab tashlash kerakmi yo beparvolarcha, ko‘nikkan odamning niqobini taqib olaymikan? Menimcha, ikki holat ham endi foyda bermaydi. Babayanni olib tashlashsa ham, o‘rniga kimdirni qo‘yishsa ham, mutlaqo farqsiz ekanini sezyapman. Chunki hammasi allaqachon boy berib bo‘lingan, aslida biz o‘zimizni o‘zimiz aldab kelayotgan edik. Biz Sirg‘ali tumaniga bormoqchi bo‘lgan mashina yo‘lni Yunusobodga burib yuborganini ko‘rsak-da, kutib turdik, balkim Sirg‘alidan chiqib qolar, deb. Yo‘q, yo‘l baribir aldamas ekan. Qayoqqa qarab ketayotgan bo‘lsak, o‘sha yer bizni kutib oldi. Biz Eronni jahon chempionatiga kuzatib qo‘ygani borib keldik Tehronga. Boshqa nimaga ham yarardik?.. 

O‘zbekiston terma jamoasi muxlislarini men yosh bolaga o‘xshataman. O‘yinchog‘i olib qo‘yilganida rosa yig‘laydigan, so‘ng bitta muzqaymoq bilan aldab qo‘ysa, xursand bo‘lib, boyagi holatidan asar ham qolmaydigan yosh bolalarga o‘xshaymiz. Tinmasdan aldab kelayotgan kattalarning hiylasiga beparvo, sofligicha qoladigan yosh bolalarmiz. Ishonavering. Hammamiz. 

Yaqinda «Yuventus»ning ashaddiy bir muxlisi Turin superklubining mag‘lubiyatidan so‘ng suyukli jamoasidan voz kechganligi haqida ariza yozdi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda ancha tarqadi. Maktubning mazmuni quyidagicha: «Yuve», men senga 1997 yildan beri muxlislik qilaman. Eng og‘ir damlaringda ham muxlislik qildim. Sendan voz kechmadim. Lekin sen mening ishonchlarimni eng muhim pallalarda suiiste’mol qilaverding. YECHL finallarida, millionlab ishqibozlaringni hurmatini qilmading, sen bizni aldading. Kubokning oldiga kelganimizda yengilaverding. Dastlab maktabda ustimdan kulishdi, keyin institutda, so‘ng ishxonada. Ular o‘zlarining «Barsa»siyu «Real»i, «Bavariya»siyu «MYU»sining «shalpangquloq» kubokni ko‘targanini gapiraverib, meni qon qilib kelishdi. Sen esa, loaqal bir marta bo‘lsa ham o‘z muxlislaring obro‘sini himoya qilmading, uyaltirib kelaverding. Shu bugun men sendan voz kechaman, ey sovrinsiz jamoa!» 

Muxlis zoti klubidan voz kechishi mumkin, biroq terma jamoadan voz kecha olmaydi-da, mana shu tomondan biz «Yuve»ning kattarib qolgan muxlisi oldida yosh bolaligimizcha qolsak kerak. Ha, Vatanni tanlab yo alishtirib bo‘lmaydi. «Yuventus»ku, harakat qildi, qilgan va bundan keyin ham harakat qiladi, so‘nggi soniyalarda nimadir xalaqit berayotgani boshqa masala, ammo bizning suyuklilarimiz harakat ham qilishmadi, hamma gap shunda. Yurt libosida maydonga tushajak yigitlar ulardan hech qachon voz kecha olmaydigan muxlislarining ustidan kulishda davom etishdi. Voz kecholmasligimizni bilib turib kulishdi. Yosh bolamasmizmi, ayting-chi? 

Smartfonimda shaxmat o‘yini bor. Nuqul uchinchi bosqichdan o‘taman-da, to‘rtinchisini boy beraman. Shaxmat dasturini tuzganlarga kuchim yetmaydi. Bu kurash deyarli bir yildan beri davom etadi. O‘zim yutqazsam-da, kichkina o‘g‘limga uchinchi bosqichni yengganimni ko‘rsatib, «o‘ta kuchli o‘ynashim»ni isbotlay olaman. U yosh bola emasmi, ishonadi. Terma jamoamiz ham xuddi shunday. O‘g‘limga ishlatgan uslubimni bu jamoa bizga — kap-katta odamlarga qo‘llab kelmoqda. 25 yildan beri-ya, o‘rtoqlar! O‘g‘lim-ku, sal kattarib, men uni chalg‘itganimni bilib qolar, ammo terma jamoamiz o‘z muxlislarini hech ham kattarmaydigan, yosh bolaligicha qolib ketadigan ajabtovur odamchalar deb tasavvur qiladi, shekilli, o‘z yolg‘onida bardavom bo‘lib kelmoqda. Rostan ham biz kattarmadik. 

Men o‘ylashimcha, biz muxlislar qachon ulg‘aysakkina, yosh bolalik maqomidan chiqsakkina, terma jamoamiz bizni aldashni to‘xtatsa kerak. Aks holda, nariximiz o‘sha-o‘sha – bitta muzqaymoq! 

Terma jamoamizning bu yilgi musobaqa natijalari deyarli ma’lum. Manzil Sirg‘ali emas, Yunusobod ekanligi anchayin ko‘rinib qoldi. Endi nima qilish kerak, degan savolga juda ko‘p javoblar berilayotgan bir paytda, eng haqlisini topa olishimiz darkor. Endi aniq bo‘ldiki, chet eldan tajribali, yetuk mutaxassis 3–4 yilga olib kelinmas ekan, terma jamoamizni o‘zimiznikilar mana shu doirada olib yuraverishar ekan. Jurnalistlar esa, Qosimov, Abramov va Babayan o‘rtasida eng kuchlisi qaysi ekanligi borasida tortishib yuraverishadi, tamom. Tushunib yetaylik endi, ularning hammasi bir xil. Bir xil!

Yo boshqa variant kerak bo‘lsa, tarixga murojaat qilaylik. Jaloliddin Manguberdi Chingizxon Xorazm zaminiga yaqinlashib qolganida, otasi Muhammad Xorazmshohdan valiahdlikni qabul qiladi va olov ichida qolgan vataniga yetib keladi. Yosh sulton juma kuni bozorda hammani yig‘adi va tarixning eng kuchli nutqlaridan birini o‘qiydi: «Ey ona xalqim. Chingiz Samarqand ahli darvozani ochib bersa, hech kimni o‘ldirmasligini aytdi va darvoza kaliti topshirilgach, ahdida turmadi, yarim aholini qirib tashladi. Buxoroga nisbatan ham shunday ish qildi. Demak, bizning oldimizda ikkita o‘lim turibdi: Birinchisi — unga taslim bo‘lmay, qarshi kurashish va mardlarcha vafot topish. Ikkinchisi — darvozani ochib berish va xorlarcha o‘lim topish. Xo‘sh, qaysi o‘limni tanlaymiz?!» 

Agar chet eldan murabbiy kelmasa, olib kelishning iloji bo‘lmasa, ish shu yo‘sinda davom etaveradigan bo‘lsa, chiroyliroq o‘ynab yutqazadigan murabbiyni qaytaraylik yana. Baribir hammasining natijasi bir xil-ku, to‘g‘rimi?!

Xayrulla Hamidov

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 03:20, 14.06.2017.
O'qildi: 17444 marta.
Fikrlar: 30 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.