Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

«Paxtakor»: yangi umid yolqini yoxud kutilgan yangiliklar ketma-ketligi

«Paxtakor»: yangi umid yolqini yoxud kutilgan yangiliklar ketma-ketligi

Baho:
+ | -

«Paxtakor» klubiga bog‘liq kutilayotgan jiddiy o‘zgarishlar nihoyat, o‘z tasdig‘ini topdi. Avvalroq rahbariyatda o‘zgarishlar yuz bergandi, keyinchalik  bosh murabbiy lavozimiga gruziyalik taniqli Shota Arveladze tayinlandi. Shuningdek, Chernogoriya terma jamoasi a’zosi Marko Simich bilan 2,5 yillik shartnoma tuzildi. Xullas, o‘tgan hafta «Paxtakor» stadionida yangi bosh murabbiy va himoyachi ommaga rasman tanishtirildi.

Tanishturuv marosimi boshlanishidan avval o‘zbek shou-biznesi yulduzlari ijrosida konsert dasturi taqdim etildi. Unda «Bojalar» guruhi, Ulug‘bek Rahmatullayev va Manzura kabi xonandalar diltortar qo‘shiqlari bilan chiqish qilishdi. Shundan so‘ng boshlovchilar - Davron Fayziyev va Nilufar Sotiboldiyeva maydonga klub rahbarlari - prezident Bobur Shodiyev, vise-prezident Umid Ahmadjonov, bosh direktor Dmitriy Adisman, O‘FF Faxriylari kengashi raisi Narimon Jalolovni taklif etishdi. Jumladan, Narimon Jalolov «Paxtakor»ning shonli tarixi haqida so‘zlab, klubga keyingi ishlarida omad tiladi. Keyin Shota Arveladze va Marko Simich muxlislar bilan o‘zbek tilida salomlashishdi. Murabbiy va futbolchi shuningdek, yig‘ilganlarga to‘plar va jamoa liboslarini sovg‘a tariqasida ulashishdi. Aytish joiz, murabbiy sifatida Turkiya hamda Isroil klublarida faoliyat ko‘rsatgan Arveladze bilan 1,5 yillik shartnoma rasmiylashtirildi. Kelishuv imzolangach, klub bosh direktori Dmitriy Adisman bu borada qisqacha fikr bildirdi: «Paxtakor» katta tarixga ega jamoa. Shota Arveladze shunday «oltin harf»larga bo‘yalgan jamoani qo‘lga olmoqda. U bungacha Yevropada ishlagan. Demak, klubimizda yevrofutbolga xos uslubni joriy etishiga ishonamiz».

Shundan keyin klub prezidenti Bobur Shodiyev yangi murabbiyga jamoa libosini taqdim etdi. Alohida aytish kerak, Shota Arveladzega yevropalik mutaxassislar guruhi yordam beradi. Xullas, jamoa murabbiylar shtabida gruziyalik Gocha Tkebuchava va Archil Arveladze, gollandiyalik Piter Xyuistra va vengriyalik Laslo Yambor ham faoliyat olib borishadi. «Paxtakor»ning davralar oralig‘idagi birinchi yangi o‘yinchisi - Chernogoriya termasi himoyachisi Marko Simichga kelsak, u avvalgi mavsum «Rostov»da o‘ynadi. Marko jamoaning 55-raqamli libosini klub krezidenti Bobur Shodiyevdan qabul qilib olgach,  maqsadlari xususida to‘xtaldi: «Paxtakor»dek kuchli va katta tarixga ega jamoa sharafini himoya qilish men uchun faxr. Jamoa uchun bor kuchimni berishga tayyorman. Hozircha sheriklarim bilan bevosita tanishmadim, ammo bunga yetarli vaqt bor».

O‘z navbatida, Shota Arveladze ham matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

- Menga ishonch bildirishganidan xursandman. Barchaga rahmat. «Paxtakor» - buyuk jamoa. Taklifni qabul qilishdan oldin Toshkentga kelib, klubdagi sharoitlar bilan tanishdim. O‘sha vaqtdayoq bu yerga qaytishimni bilgandim. Klub rahbariyati katta maqsadlarga ega.

- Umuman, O‘zbekistonda ish boshlashingiz, «Paxtakor»ni tanlashingizga nima turtki berdi?

- Juda yaxshi savol. Birinchi nav­batda, klub rahbariyatining jiddiy taklifi va meni jamoaga olib kelishga qattiq bel bog‘lagani bosh omil bo‘ldi. Ikkinchidan, klubning kelajak rejalari, maqsadlari va ajoyib katta loyihasi meni qiziqtirib qo‘ydi. Ushbu loyihada bevosita ishtirok etishni istadim va kuchli motivasiyani sezdim. «Paxtakor»ni nafaqat O‘zbekiston, balki Osiyodagi eng kuchli jamoaga aylantirishni maqsad qilganmiz. Ishontirib aytaman, buning uchun katta ko‘lamda ishlar amalga oshiriladi. Bundan xavotirlanmang. Taklifni qabul qilishda ko‘p o‘ylab o‘tirganim yo‘q. Klubda yorqin istiqbol borligi ko‘rinib turibdi. Taxminan 1 oy ilgari yurtingizda bo‘ldim va jamoa o‘yinini ko‘rib ketishga ham ulgurdim. Shundan keyin ham «Paxtakor»ning bir qator o‘yinlarini kuzatdim. Xullas, imkon qadar jamoani o‘rganishga harakat qildim. Maxsus ishlab chiqqan dasturimiz mavjud. Bu haqda erta-indin bilib olasizlar. «Paxtakor» uchun sovrindor bo‘lish emas, doimo 1-o‘rinda yurish muhim. Qisqacha aytganda, dasturimizning asosiy mezoni shu. Ya’ni doimo birinchi bo‘lmoq.

Hozir «Paxtakor»ning qanday o‘ynashi, taktikaga bog‘liq o‘zgarishlar haqida gapirish mavridi emas. Bu borada ikkinchi davra boshlanganidan so‘ng gaplashamiz. O‘shan­da muxlislarning o‘zlari jamoa uslubi bilan yaqindan tanishib olishadi. Faqat aytishim kerak, «Paxtakor» hujumkor, tajovuzkor o‘yin uslubini qo‘llaydi. Birinchi kundan futbolchilarga shuni tushuntirishga harakat qilamiz. Klub akademiyasi bilan hamkorlikda ishlash ham rejaga kiritilgan. Bu borada alohida shug‘ullanamiz. Aytishim joiz, klub prezidenti barchasini tubdan o‘zgartirmoqchi. Xususan, «Paxtakor» akademiyasi jahondagi  eng ilg‘or maktablar qatoriga qo‘shilishi kerak. Akademiya eng so‘nggi jihoz va texnologiyalar bilan to‘la ta’minlanadi. Chunki avvalo, kelajak haqida qayg‘urishimiz kerak. Ya’ni faqat legionerlarga tayanib qolmasdan, mahalliy yoshlarga katta e’tibor qaratish klub  siyosatidir. Xullas, yaqin 1,5 yil ichida akademiyada ulkan o‘zgarishlarga qo‘l uriladi.

O‘zbek futboli haqida avvaldan yetarli ma’lumotga egaligimni aytsam, aldagan bo‘laman. Ammo oxirgi haftalarda juda ko‘p ma’lumot to‘pladim, bu borada menga ko‘maklashishdi. Hozirga kelib, yetarli tushunchaga egaman. Bu yerda yosh iqtidorlar ko‘pligini ko‘rib turibman. Asosiysi, futbolchilar to‘p bilan muomala qilishni bilishadi. Texnik jihatdan ham yaxshi ko‘rsatkichga ega yigitlar ko‘p. Muhimi, O‘zbekistonda futbolni sevishadi.

Bu yerda ishimga hech kim aralashmaydi. Aksincha, ko‘makka ehtiyoj sezsam, maksimal darajada yordamlashishadi.  Avvallari jamoada qanday vaziyat hukmron bo‘lganini bilmayman, ammo endilikda ishimga hech kim aralashmaydi. Klub rahbariyati menga to‘liq ishonch bildirdi va atrofimdagilar o‘z yordamlarini ayamasliklarini bilaman. Zero, klubda hamma professional va o‘z ishini biladi.

- Marko Simichni taklif etish tashabbusi kimdan chiqdi  - klub rahbariya­tidanmi yoki sizdan?

- Birinchi navbatda, qaysi chiziqda muammo borligi bilan qiziqdim va shunga qarab, futbolchi izladim. Dastlab Marko bilan og‘zaki kelishuvga erishdim. Keyin rahbariyat masalani ijobiy hal qildi. Albatta, kimni olish yoki olmaslik avvalo, rahbariyatga bog‘liq. Umuman, Simichning jamoamizga qo‘shilganidan xursandmiz.

Klub prezidenti Bobur Shodiyev superklub tuzishga va’da bergan. Shunchaki, kuchli jamoa emas, balki superklub! «Paxtakor» tez orada super maqomiga tortadigan holatga keladi. Hozir jamoa­ga faqat g‘alaba kerak. Ishonamanki, «Paxtakor» hujumkor o‘yin namoyish etadi. O‘z o‘rnida, oson bo‘lmagan o‘tish payti yaxshi ishlagani uchun Jasur Abduraimovga minnatdorchilik bildiraman.

Hozir tarkib haqida alohida bosh qotiryapman. Yoshlarni ham tarkibga jalb etamiz, albatta. Chunki akademiyada yaxshi, iqtidorli yigitlar ko‘p. Natijalar ham chakki emas. Yoshlar, o‘smirlar va turli yosh toifasidagi termalarda vakillarimiz bor. Bu akademiyaning yaxshi ishlayotganidan dalolatdir.

Shota ARVELADZE

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 22.02.1973, Tbilisi (Gruziya)

Futbolchilik faoliyati (hujumchi sifatida o‘ynagan): «Mart­ve» (Gruziya) - 1990—1991; «Dinamo» Tb. (Gruziya) - 1991—1995; «Trabzonspor» (Turkiya) - 1993—1994, 1995—1997; «Ayaks» (Gollandiya) - 1997—2001; «Glazgo Reyn­jers» (SHotlandiya) - 2001—2005; AZ (Gollandiya) -  2005—2007; «Levante» (Ispaniya) - 2007—2008. Faoliyati davomida 450ta o‘yinda 291ta gol urgan. Gruziya terma jamoasidagi statistikasi: 60ta o‘yin, 26ta gol

Murabbiylik faoliyati: «Qaysarispor» (Turkiya) - 2010—2012; «Qosimposho» (Turkiya) - 2012—2015; «Trabzonspor» (Turkiya) - 2015; «Makkabi» T-A. (Isroil) - 2016—2017

Yutuqlari: Gollandiya chempioni -1997|1998; Gollandiya kubogi sohibi - 1997|1998, 1998|1999; Shotlandiya chempioni - 2002|2003, 2004|2005; Shotlandiya kubogi sohibi - 2001|2002, 2002|2003; Gruziyaning eng yaxshi futbolchisi - 1994, 1998, 2007

Matbuot anjumani yakunida «Paxtakor» klubi prezidenti Bobur Shodiyev ham OAV vakillari savollariga javob qaytardi.

- Jamoaga yangi futbolchilarni olib kelish masalasini kim hal qiladi?

- Ayni damda jamoa qo‘shib olishni istagan o‘yinchilar ro‘yxati bor. Aynan kimlarni jalb etishni esa bosh murabbiy mustaqil hal etadi. Bu masalada unga to‘liq erkinlik berilgan. Hech kim murabbiylar fao­liyatiga aralashmaydi.

- Klubning hozirgi moliyaviy holati qanday? Homiylar...

- Moliyaviy imkoniyatlarimizni to‘g‘rilab oldik. Ayni payt bu masalada muammo yo‘q. Barcha qarzlarni yopganmiz. Bundan keyin «Paxtakor»da pul bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi. Homiylarga kelsak, ularning barchasi xususiy tadbirkorlar. Tarkibida bir nechta korxonalar mavjud xolding ham bor. Ularning sohasi farmasevtika, sug‘urta va bosh­qa faoliyat turlari bilan bog‘liq. Shubhasiz, yuqori darajadagi klub tashkil qilamiz. Ctadion yangidan quriladi. Yana klub bazasini to‘liq ta’mirlash rejasi bor. Bu borada loyihalar o‘rganib chiqilmoqda.

- Jasur Abduraimovning taqdiri nima bo‘ladi?

- Uning qayerda ishlashi o‘ziga bog‘liq. Abduraimov biz uchun kerakli mutaxassis. Unga katta rahmat. Chunki jamoani og‘ir vaziyatdan olib chiqishni uddaladi. Xullas, Abduraimovga faoliyatini klubimizda davom ettirishini taklif qilamiz.

Aytgancha, ayrim manbalarda yozilishicha, Turkiyaning «Beshiktosh» klubida o‘ynayotgan gollandiyalik hujumchi Rayan Babel ham «Paxtakor»ga kelishi mumkin. Bu haqda tribuna.uz saytiga vaziyatdan xabardor manba xabar bergan. E’tiborlisi, Shota Arveladze 2012-2015 yillar Turkiya chempionatida ishlagan va «Qosimposho»da Babelga ustozlik qilgan. 31 yoshli Rayan faoliyati davomida «Ayaks» (2003-2007 yillar), «Liverpul» (2007-2011 yillar) va «Xoffenxaym» (2011-2012 yillar) klublarida to‘p surgan. 2012 yili «Ayaks»ga qaytgan hujumchi bir mavsumdan so‘ng Turkiya­ning «Qosimposho»siga yo‘l olib, 2015 yilgacha shu jamoa sharafini himoya qilgan. 2015-2016 yillar mavsumini esa BAAning «Al-Ayn» klubida o‘tkazgan. 2016 yili «Deportivo» a’zosi aylangan faxriy futbolchi yanvarda «Beshiktosh» bilan shartnoma tuzgandi. Babel Gollandiya termasi safida 43ta o‘yin o‘tkazib, 5ta gol urgan. Ma’lumot uchun aytish kerak, transfermartkt.de sayti uning transferini 4,25 million yevroga baholamoqda.

Yana bir ma’lumot: jamoa legionerlari - Yurisa Bulyat va Adnan Oraxovas bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinadi. Ya’ni ikkisi ham «sherlar» bilan xayrlashadi. «Paxtakor» stadionida rekonstruksiya ishlari olib borilishi sabab, jamoa ikkinchi davrada raqiblarini «Jar» stadionida qabul qilishi mumkin.

Marko SIMICH

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 16.06.1987, Belgrad (YUgoslaviya)

Ampluasi: markaziy himoyachi

Faoliyati: «Spartak» (Bolgariya) - 2006—2007; «Radnichki» (Serbiya) - 2007;      «Mladenovas» (Serbiya) - 2007; «Gonved» (Vengriya) - 2008—2009; «Bejaniya» (Serbiya) - 2009—2010; «Yagodina» (Serbiya) - 2010—2011; BATE (Belarus) - 2011—2013; «Qaysarispor» (Turkiya) - 2013—2016; «Xapoel», T-A. (Isroil) - 2016; «Rostov» (Rossiya) - 2017. Chernogoriya terma jamoasining 21ta o‘yinida maydonga tushgan

Sovrinlari: Belarus chempioni - 2011, 2012; Belarus superkubogi sohibi – 2011

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:43, 28.06.2017.
O'qildi: 22769 marta.
Fikrlar: 14 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.