«Milan» bilan shartnomani uzaytirishni xohlamagan Janluiji Donnarumma mojarosi «qizil-qoralar» uchun jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin edi. Axir 18 yoshli darvozabonning ortida Zlatan Ibragimovich, Pol Pogba, Mario Balotelli hamda Romelu Lukakuga agentlik qilayotgan obro‘li Mino Rayola turibdi.
Rayolaning ta’kidlashicha, dastlab uning mijoziga shartnoma muddati yakunlangunga qadar o‘yin amaliyotisiz qoldirish bilan tahdid qilishgan, so‘ngra jismoniy ziyon yetkazishlarini aytishgan. «Nomaqbul ishlarga qo‘l urayotgan sport direktori Mirabeli bilan hamkorlik qilishni xohlamayman», - dedi agent.
Ayni payt Rayolaning mijozlari orasida «Milan»ning boshqa futbolchilari ham bor. Fransiyaning L~Equipe nashri ma’lumotlariga tayansak, ushbu ro‘yxatda Italiya termasi vakillari Jakomo Bonaventura hamda Inyasio Abate, shuningdek, 19 yoshli kelajagi porloq hujumchi Kozimo La Ferrara, 17 yoshli himoyachi Matteo Gabbiya bor. Qolaversa, o‘tgan mavsum mos ravishda «Alaves» va «Zvolle»ga ijaraga berilgan 23 yoshli braziliyalik markaziy himoyachi Rodrigu Eli hamda 19 yoshli marokashlik futbolchi Hoshim Masturni ham unutmaslik darkor. Italiya matbuoti agentning bir og‘iz so‘zi bilan yuqorida nomi tilga olingan futbolchilar «Milan»ni tark etishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Agar vaziyat shunday yakunlansa, futbol olami agentlarning millionlar o‘yinida tutgan o‘rin naqadar yuksak ekaniga yana bir bor amin bo‘ladi.
«Zvolle»ni FK «Rayola» deb atashganiga nima deysiz? Chunki o‘tgan mavsum italiyalik agentning Gollandiya fuqaroligiga ega olti nafar mijozi ushbu klub sharafini himoya qilishgandi. «PSJ» e’tiboriga tushgan Mastur va Ongenda singari hujumchilar uchun «Zvolle» o‘yin amaliyoti va tajriba to‘plash imkonini taqdim etdi.
Gollandlar ham mamnun. «Rayolaga rahmat. Uning yordami bilan sotib olishga qurbimiz yetmaydigan futbolchilar jamoamizda to‘p surishmoqda», - dedi yanvarda «Zvolle»ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Ron Yans.
Italiya «V» seriyasida qatnashuvchi «Novara» klubi haqida ham ayni shu fikrni bildirish mumkin. Rayola bu jamoaga to‘rt mijozini joylashtirgan. Xuddi shunday kvartet (Ibragimovich, Pogba, Mxitaryan, Romero) «Manchester Yunayted»da, yana uch nafari «PSJ»da (Maksvell, Matyuidi hamda 18 yoshli Jorjen) to‘p surishdi.
Sevimli klublariga ega superagentlardan yana biri - Jorje Mendesh. Ammo uning faoliyatida o‘z yurtiga bog‘liqlik sezilib turadi. Mendesh «Benfika», «Braga» hamda «Portu» bilan keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirgan. Xususan, o‘tgan mavsum «Benfika»da uning naq yetti nafar mijozi o‘ynadi: Ederson, Nelson Semedu, Filippe Augustu, Pizzi, Guga Rodrigesh, Diogo Gonsalvesh va Ruben Diash.
Avvalroq Jorje Mendesh «Monako»da o‘z otryadiga ega chiqqandi (Rikardu Karvalyu, Xames Rodriges, Kavaleyru, Elder Koshta, Falkao). O‘tgan mavsum Bernardu Silva bor edi. Ikki futbolchi (Garay va Mangala) «Valensiya»da to‘p surishdi.
Xuddi Minoda bo‘lganidek, Jorjening ham nomiga munosib klub bor - «Vulverxempton». Xitoyning Fosun International kompaniyasi tomonidan sotib olingan jamoaga Mendesh bilan «Valensiya» va «Portu»da hamkorlik qilishga ulgurgan Nunu ustozlik qilmoqda. Tarkib esa Kavaleyru hamda Elder Koshta hisobiga to‘ldirildi.
Marko Roys va Toni Krossning ishlari bilan shug‘ullanuvchi yana bir mashhur agent Folker Strutning Germaniya jamoalarida mijozlari bisyor. Ayniqsa, «Kyoln»da bunday futbolchilar to‘qqiz nafarni tashkil etadi: Raush, Xorn, Lemann, Risse, Xayns, Xartel, Yoich, Ozjan, Klyunter.
Fransiyada esa David Venditellining Score Agencies kompaniyasi asosiy e’tiborni azaliy raqobatchilar «Lion» va «Sent-Etyen»ga qaratgan. Lionliklar safida to‘qqiz mijozi to‘p surayotgan bo‘lsa (ular orasida Lyakazett ham bor), «Etyen»da bunday futbolchilar soni besh nafarni tashkil etadi (jamoa sardori Perren ham ulardan biri). Venditellining mijozlari ro‘yxatida asosan yosh o‘yinchilar qayd etilgan, ammo kim biladi deysiz, balki kelajakda aynan shu futbolchilarning nomi eng yuqori o‘rinlarda qayd etilar?!