Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Jang san’ati yulduzlarining O‘zbekistonga kelish shartlari ma’lum bo‘ldi

Jang san’ati yulduzlarining O‘zbekistonga kelish shartlari ma’lum bo‘ldi

Baho:
+ | -

O‘tgan haftada chiqqan bir yangilik butun O‘zbekistonda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Adashmayapsiz, bu jahon kinosi afsonasi, millionlab insonlarning kumiri Jan Klod Van Dammning birinchi bor O‘zbekistonga tashrifi bilan bog‘liq xabar. Shuningdek, aralash janglar ishqibozlari Jef Monson va Fyodor Yemelyanenkoning kelishidan boshi osmonga yetdi.

Biroq bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi. Aniqrog‘i tashkilotchilar xalqaro turnir hujjatlari hali tayyor bo‘lmaganini e’lon qilishdi. Bu haqida Darakchi.uz sayti ham tegishli materialni chop etdi.

Xo‘sh, 2017 yil 9 sentbyar kuni “Bunyodkor” stadionida “ASIAN FIGHT - 2017” xalqaro sport turniri rostdan ham bo‘ladimi? Van Damm, Jef Monson, Fyodor Yemelyanenko, Van Byurenlar yurtimizga haqiqatan tashrif buyurishadimi?

Oldindan berilgan va’da bo‘yicha savollarga rasman javob olish uchun O‘zbekiston Penchak Silat federasiyasi raisi, “ASIAN FIGHT - 2017” xalqaro sport turniri tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Jo‘raboyev bilan batafsil suhbat uyushtirdik.

– Aziz Abdullayevich, xalqaro turnir o‘tishi va faxriy mehmonlar ishtiroki qanchalar haqiqatga yaqin?

- “ASIAN FIGHT - 2017” xalqaro sport turniri O‘zbekiston Penchak Silat federasiyasining 2017 yil uchun tasdiqlangan yillik taqvimiga kiritilgan edi. Ya’ni bu o‘tgan yilning oxiridayoq rejalashtirilgan. May oyining so‘nggida turnir nizomi tegishli tartibda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga tasdiq uchun kiritildi va iyun oyining boshida tasdiqlandi.

Xalqaro sport turnirini o‘tkazish uchun rasman ruxsat bor. Faqatgina “Bunyodkor” stadionida bunday keng miqyosda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirni tashkil etish bo‘yicha tegishli tartib-qoidalar mavjud. Sir emaski, mazkur tadbir O‘zbekiston nufuzini dunyo miqyosida yanada oshirishga, yetishib kelayotgan yosh avlodda sog‘lom turmush tarzi, xususan sportga muhabbatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha ishlarning amaldagi qonunchilik va me’yoriy hujjatlar doirasida bo‘lishidan birinchi navbatda o‘zimiz manfaatdormiz. Shu maqsadda zaruriy hujjatlar to‘plami Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Rasmiylashtirish ishlari tezroq yakuniga yetishi uchun astoydil harakat qilyapmiz.

Jan Klod Van Damm, Jef Monsonning ishtirokini tasdiqlovchi hujjatlar qo‘limizda turibdi. Bu borada gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Fyodor Yemelyanenkoning og‘zaki tasdig‘i olingan. Endi rasmiy xatini kutyapmiz. Faqatgina DJ Armin Van Byuren bilan vaqtlarimiz to‘g‘ri kelmadi. Shu sababli uning kelmasligi aniq bo‘lib ulgurdi. Lekin musiqa shaydolari tashvishlanmasa ham bo‘ladi. Ular kutgandan ham ajoyib syurprizlarimiz bor, uni keyinroq e’lon qilamiz.

- Hammaga qiziq bo‘lgan bir savol: tashkilotchilar kim va turnir qay tarzda o‘tadi?

- Xalqaro turnir tashkilotchilari –O‘zbekiston Penchak Silat federasiyasi va “Sunrise Entertainment” MCHJ.

Turnir rejasi quyidagicha: “Bunyodkor” stadioni o‘rtasiga ring quriladi. Maysaga zarar yetkazmaslik uchun maxsus materialdan yasalgan qoplama xorijga buyurtma qilindi. Ring jahon talablari darajasida, yetarlicha yorug‘lik berilgan holda, stadionning istalgan qismidan ko‘rinadigan tarzda o‘rnatiladi. Xalqaro turnirda miks-silat professional yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari xorijlik raqiblari bilan kuch sinashadi.

Miks-silat professional yo‘nalishi bo‘yicha terma jamoa a’zolari – haqiqiy o‘zbekning mard o‘g‘lonlari. Ularning aksariyati xorijda ko‘plab musoqalarda g‘oliblik shohsupasini egallamoqda. Eng asosiysi, ularning barchasi O‘zbekiston bayrog‘i ostida ringga ko‘tarilmoqda. Masalan, Anvar Boynazarovni olaylik. Qachon qarasangiz, xorijda. Bugungi kungacha 110 dar ortiq jang o‘tkazdi. Lekin har doim yurtimiz bayrog‘ini ko‘tarib yuribdi. O‘zbekistonga o‘ziga yarasha obro‘-e’tibor keltiryapti. Alpomishlar yurtidan chiqayotgan pahlavonlar g‘alabaga doim tashna ekanini isbotlayapti. Bir so‘z bilan aytganda, bizning terma jamoa ana shunday vatanparvar, yurtini, bayrog‘ini sevuvchi, bugungi kun qahramonlaridan iborat. Ular safida Anvar Boynazarovdan tashqari, nafaqat O‘zbekiston balki butun dunyoga o‘z ismini tanitayotgan Mahmud Murodov, Hasan Barotov, Muxammadali Toshturg‘unovsportchilarimiz. Agar internetga kirib, qidiruvga bersangiz ular o‘tkazgan janglar videolari mavjud. Shu orqali ular haqida kengroq ma’lumot olish mumkin.

- Bunday jahon darajasidagi xalqaro turnirlarni tashkil etish bo‘yicha sizda yetarlicha mutaxassislar bormi?

- Albatta, bu juda katta masshtabli tadbir. Federasiya ham, “Sunrise Entertainment” ham bunday tajribaga ega emas. Shu sababli turnirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun rossiyalik va gollandiyalik tajribali promouterlarni jalb qildik. Ular iyul oyining yarmidan boshlab shu yerda yashab, tayyorgarlik ishlariga yordam berishadi.

Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi qo‘shnilarimiz allaqachon chipta va mehmonxona qidirishga tushgan. Har kuni ularning turli sport federasiyalaridan, sport ishqibozlaridan tinimsiz murojaatlar bo‘lyapti. Hozircha rasmiylashtirish ishlari tugamagani sababli, ularga javobni kechiktiryapmiz.

Lekin bir narsani g‘urur bilan aytishim mumkin, “ASIAN FIGHT - 2017”ni bir nechta xorijiy telekanal to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatadi. Hozircha faqatgina EuroSport bilan muzokaralar oxiriga yetdi.

- O‘zimizning kanallarchi? Ular bilan hamkorlik qilinmaydimi?

- Axborot hamkori sifatida bitta telekanal, radiostansiya va internet nashrini tanlashimiz kerak. Chunki faxriy mehmonlar ishtirokidagi eksklyuziv intervyu yoki ularning qaysidir ko‘rsatuvda qatnashishi bo‘yicha oldindan aniq reja taqdim qilishimiz kerak. Bu borada taklif bilan chiqishyapti, lekin hali hal qilganimiz yo‘q.

Turnir nizomi tasdiqlangandan keyin homiylik bo‘yicha uchrashuvlarni boshladik. Lekin hali aniq to‘xtamga kelmadik. Bu bo‘yicha “Sunrise Entertainment” vakillari shug‘ullanishyapti. Homiylar uchun manfaatli takliflar berildi. Masalan, xalqaro turnir Bosh homiysi TV, radio, internet, umuman barcha joylarda doimiy e’lon qilinishi bilan bir qatorda, uning logotipi ring o‘rtasiga qo‘yiladi. Bu degani barcha janglar uning logotipi ustida bo‘lib o‘tadi. Mahalliy va xorijiy telekanallar, internet tarmoqlaridagi barcha videolarda u yaqqol ko‘rinib turadi. Shuningdek, Bosh homiyning ofisi, ob’ekti yoki biron tantanali tadbirida faxriy mehmonlar ishtirok etadi. Bundan tashqari yana bir nechta jozibador takliflar berildi.

Bosh homiydan tashqari yana ikkita rasmiy homiy bo‘ladi. Ularga ham o‘ziga yarasha qulayliklar yaratilgan. Ulardan biri ring ustunlariga logotip joylashtirish.

Asosiy homiylardan tashqari “Turnirning Bosh ichimligi”, “Turnir enerjayzeri”, “Turnir internet provayderi” kabi 10 ga yaqin yo‘nalishda hamkorlarni jalb qilish niyatidamiz.

- Faxriy mehmonlarning asosiy roli nimada?

- Faxriy mehmonlar avvalambor yurtimizning xalqaro nufuzini ko‘tarish uchun taklif etilyapti. Chunki jahon kino va sport yulduzlari butun dunyoning nigohida bo‘ladi. Ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalari ularning ortidan kuzatadi. O‘zbekistonda bunday yulduzlarning tadbirda ishtirok etishi yurtimizga bo‘lgan e’tiborni keskin kuchaytiradi. Mehmonlar tadbirdan bir-ikki kun oldin kelishadi, jannatmakon yurtimiz bilan tanishadi.SHuningdek, xalqaro turnirdan oldin faxriy mehmonlar ishtirokida alohida dastur asosida yosh sportchilar va kinoaktyorlar uchun master-klasslar va matbuot anjumani o‘tkaziladi.

 

Manba: darakchi.uz
Kiritildi: 22:24, 12.07.2017.
O'qildi: 16026 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.