Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Janubiy Koreya futboli inqiroz arafasidami?

Janubiy Koreya futboli inqiroz arafasidami?

Baho:
+ | -

O‘zbekiston termasi Eronda nursiz o‘yin oqibatida yengilgach, forslar Osiyoda birinchi, jahonda uchinchi bo‘lib, Rossiya mundiali yo‘llanmasini naqd qilishdi va bu holat bizdan ko‘ra, J.Koreya terma jamoasi muxlislariyu, koreys futboli rahbariyatiga og‘ir botdi.

Vaholanki, jamoa Qatar safaridan ochkosiz qaytgan bo‘lsa hamki, turnir jadvalida 2-o‘rindan pastga tushgani yo‘q. Lekin koreyslarni oldinda Eron (o‘z maydonlarida) va O‘zbekiston (safarda) termalariga qarshi kechadigan hal qiluvchi o‘yinlar kutib turibdi.

Mamlakat futbol assosiasiyasi Uli Shtilikening jamoani finish marrasidagi bahslarga munosib tayyorlay olishiga shubha bilan qaradi, chog‘i, nemis mutaxassisiga chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘yildi. Mana, endi koreys­lar milliy jamoasiga yangi bosh murabbiy ham tayinlandi.

Ammo mahalliy muxlislar xavotiri kuchaymoqdaki, aslo kamaymayapti. Har holda, ular futbol mutasaddilaridan keskin o‘zgarishlarga qo‘l urishni talab qilishyapti. Xo‘sh, J.Koreya futbolining asl muammosi nima, unga chindan ham inqiroz xavf solyaptimi?

Qanday muammolar bor?

Janubiy Koreya milliy jamoasi 31 avgust kuniga belgilangan Eron termasiga qarshi JCH saralashi o‘yi­nini Seuldagi muhtasham Seoul World Cup Stadiumda o‘tkazadigan bo‘ldi. Janubiy Koreya futbol assosiasiya­si bu haqda rasman bayonot berib, muxlislarni terma jamoani alohida ishtiyoq bilan qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Tushunarliki, ushbu o‘yinda mezbonlarni g‘alabadan boshqa natija sira qoniqtirmaydi. Hozirda terma jamoa salohiyatiga nisbatan ishonch ancha past. Chunki futbolchilar ruhiyati yaxshi holatda emas. Boz ustiga, jamoa boshqaruvini qo‘lga olgan Shin Taye Yong yuksak saviyali murabbiylar qatoriga kirmaydi. Aslida muxlislar bosh murabbiy rolida ayni payt futbol assosiasiyasida faoliyat ko‘rsatayotgan Kim Xo Gon ish boshlashini kutishgandi. Yangi bosh murabbiy avvalo, bir qator muammolarni hal etishi kerak, shuningdek, undan yuqori bosimga dosh berish barobarida shogirdlarini erkin o‘ynashlarini ta’minlash talab qilinadi. Deylik, jamoaning asosiy yulduzi va ishongan «tog‘i» - Son Xyun Min 13 iyun kuni Qatarda bo‘lgan bahsda jarohatlandi va uning qachon safga qaytishi noma’lum. Terma jamoa sardori Ki Song Yong va yangi iqtidorli golkiper Kvon Sun Taega esa sariq kartochkalar limiti xavf solmoqda. Ular Eron termasiga qarshi kechadigan o‘yin­da ogohlantirilsalar, unda 5 sentyabr kuni Toshkentda jamoadoshlariga yordam bera olmaydilar. Biroq eng katta muammo futbolchilar ruhiyatini ko‘tarish masalasi, baribir. Ha, koreyslarni biroz xotirjam qiladigan jihat ham yo‘q emas. Chunonchi, Eron termasi bosh murabbbiyi Karlush Keyrush Seulda asosan zaxira  futbolchilariga imkoniyat berishi mumkin. Qolaversa, u JCH chiptasi masalasi muddatidan avval hal etilgani vajidan qat’iy tartibga asoslangan odatiy o‘yin uslubidan salgina chekinib, boshqacha taktikalarni amalda sinab ko‘rsa, ajabmas. Xullas, forslarning asosiy ishni bajarishga ulgurganlari mezbonlarga ba’zi yengilliklar bersa kerak.

Eslasangiz, J.Koreya termasi bundan avvalgi mundial saralashining so‘nggi turida aynan eronliklar bilan o‘ynashgandi. Muxlislar 2013 yilning 18 iyunida Ulsandagi «Munsu» arenasida tashkil etilgan o‘sha bahsda jamoani chiroyli tarzda qo‘llab-quvvatlashgan, biroq mezbonlar 0:1 hisobida yutqazib qo‘ygandilar. Faqat yakunda o‘sha mashhur avtogol qo‘l kelib, koreyslar to‘plar nisbatidagi kichik ustunlik evazigagina mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olishgandi. Lekin koreys futboli rahbariyati muxlislarning jiddiy noroziliklari ta’sirida o‘sha kunning o‘zida bosh murabbiy xizmatidan voz kechgandi. Bu safar koreyslar o‘sha «qarz»ni uzish haqida Eron vakillariga pinhona murojaat etishlari ham hech gap emas. Lekin Keyrushdek ayyor va pixini yorgan murabbiy bunday iltimosga osongina ko‘nmasa kerak. Umuman olganda, Seulda o‘tadigan o‘yin kuni stadionni bundan 4 yil avvalgidek liq to‘ldirish oson emas. Zero, mahalliy muxlislar ayni payt jamoa­dan xafalar. Boz ustiga, koreyslar tabiatan ehtiroslilar va stadiondagi muhit ularga qattiq ta’sir qilishi oldin ham kuzatilgan. Harqalay, J.Koreya futbol assosiasiya­si rahbarlaridan biri mahalliy Football Journal nashriga shu xususda intervyu berib, xavotir borligini yashirmadi: «Eron termasiga boy berilgan safar o‘yinini eslasak, stadionga yig‘ilgan 75800 muxlisning bosimi futbolchilarimizni izdan chiqargandi. «Ozodi»dagi tirbandlikni ko‘rgan yigitlarimizni o‘yin boshlanmasidan titroq bosgani chetdan aniq sezilgandi. Voqealarning keyingi  rivoji barchaga ma’lum». Shundan kelib chiqsak, agar Seulda muxlislar futbolchilarni yetarli darajada qo‘llab-quvvatlashmasa va e’tiroz bildirishsa, unda ularning o‘zlarini ko‘rsatishlari qiyin masala. 

Yangi bosh murabbiy nimalarga qodir?

Janubiy Koreya futbol assosiasiyasi matbuot xizmatining 4 iyul kuni tarqatgan rasmiy xabariga ko‘ra, jamoa bosh murabbiyi lavozimiga Shin Taye Yong tayinlandi. 46 yoshli mutaxassis bunga qadar Janubiy Koreyaning U-20 toifasidagi terma jamoasiga ustozlik qilayotgandi. 1970 yilning 11 oktyabrida tavallud topgan Yong Yeungnam universitetida tahsil olgan. Shin Taye futbolchilik faoliyati davomida yarim himoyachi sifatida to‘p surgan va 1992-1997 yillar davomida mamlakat milliy jamoaning 23ta o‘yinida qatnashib, 3ta gol urgan - Isroil, Vyetnam va Eron termalari darvozasiga. Murabbiylik faoliyatida esa «Brisben Roar» (Avs­traliya, 2005-2008 yillar) va «Seongnam Ilva Chunma» (2010-2012 yillar) klublarida ishlagan (assistent hamda bosh murabbiy sifatida). 2014-2016 yillar oralig‘ida esa J.Koreya milliy jamoasi bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajaruvchi maqomida va assistent rolida faoliyat yuritdi. Shin Taye Yong shuningdek,  2015-2016 yillarda J.Koreya olimpiya termasiga ustozlik qildi. 2016 yilga kelib, unga mamlakatning U-20 toifasidagi jamoasini topshirishgandi.

Shin Taye Yongning murabbiylik sohasidagi yutuqlari ancha kamtarona: 2010 yili «Seongnam» klubini Osiyo Chempionlari Ligasi g‘olibligiga yetaklagan bo‘lsa, joriy yil yoshlar o‘rtasidagi JCH-2017da J.Koreya yoshlar termasini kuchli 16talikka olib kirdi. Qolaversa, olimpiyachilar ham uning boshqaruvida Rio-2016da chakki ishtirok etishmadi - 1|4 final. Taktikasiga kelsak, bu murabbiy hujumkor futbolga mo­yil va har qanday holatda ham, g‘alabani ko‘zlaydi. Lekin uning hujumkorlikka haddan ortiq berilib, shoshilinch qarorlar chiqargani ba’zan jamoasini qiyin ahvolga tushirib qo‘yadi. Chunonchi, bunday holatlari ham ko‘p uchragan.  «Seongnam Ilva Chunma» klubi safida 12 yil o‘ynagan Shin Tayening o‘zi oxirgi paytlar klassik futbol shaydosiga aylanganini bot-bot ta’kidlaydi. Lekin o‘yin davomida taktikani o‘zgartirish yo‘lida tavakkal ish tutishdan tiyiladi. Yong milliy jamoa bosh­qaruvini qo‘lga olgach, tarkib asosini legionerlardan tuzishga urg‘u berishini yashirgani yo‘q.

Bosh murabbiy oldida qanday tanlovlar bor?

Agar Shin Taye Yong terma jamoa­ni JCHga olib chiqsa, u bilan avtomatik tarzda 2018 yilga qadar shartnoma tuziladi. Bu mutaxassis  hozirgi milliy  jamoaning ko‘plab futbolchilariga yoshlar termasida ustozlik qilgan. Misol uchun, Li Jaye Sung va Li Chang Min kabilarni aynan u kashf etgan. Shunday ekan, yangi murabbiy aksariyat futbolchilar imkoniyatini yaxshi biladi va jamoadagi muhitni osongina o‘zgartirishi mumkin. Shin Taye Yong nomzodi ayni shu omillarga asosan tanlangani aniq. Braziliya mezbonlik qilgan Rio-2016 Olimpiadasini esga olsak, Shin Taye shogirdlari guruh bosqichida Germaniya termasini ortda qoldirib, 1-o‘ringa joylashishdi. To‘g‘ri, keyin chorak finalda kamtarin raqib - Gonduras Olimpiya termasiga imkoniyatni boy berishdi. Braziliyada ayniqsa, yaqindagina Fransiyaning «Dijon» klubi safiga qo‘shilgan Kvon Chang Xun bor mahoratini namoyish etgandi. Ammo milliy jamoa va Olimpiya termasini o‘zaro taqqoslashdan qandaydir ma’no yo‘q. Koreyslarning  saralash bosqichidagi ayni holatlari va taqvimdan xursand emasliklari tayin. Deylik, ular Eron termasining Seulga ikkinchi tarkib bilan tashrif buyurishiga umid bog‘lash barobarida JCHga chiqish imkoniyatidan deyarli mosuvo bo‘lgan xitoyliklarning o‘z maydonlarida bizning jamoaga qarshi bor kuch bilan o‘ynamasliklari ehtimolini e’tibordan soqit qilishmayapti.

J.Koreyaning ayrim nashrlarida Eron termasi bilan o‘yin uchun Seuldagi stadion tanlangani tanqid ostiga olinmoqda. Aniqrog‘i, futbol assosiasiyasiga haqqoniy hiyla ishlatish xislati yetishmayotgan ekan. Jurnalistlarning aytishlaricha, o‘yinni biror chekkaroq hududga surish orqali forslarga yo‘l azobini ko‘paytirish va shu asnoda ularni holsizlantirish foyda berardi. Lekin bilamizki, Eron termasi uchun bunday «fint»lar cho‘t emas. Buni oldingi saralash sikllarida ko‘p kuzatganmiz.

Ayni payt 47 yoshli Shin Taye Yongning Uli Shtilikedan farq­li o‘laroq, futbolchilar bilan tezda til topishishi taxmin qilinmoqda. So‘nggi paytlar uning sevimli klubi - «Seongnam»dan terma jamoaga futbolchi chaqirilmayotgandi. Endi yaqin orada 25 yoshga to‘ladigan hujumchi Xvang Ui Jo oldingi chiziqda Li Keun Xo bilan tandem hosil qilsa, ajabmas. Alohida ta’kidlash joiz, J.Koreya terma jamoasi bu safargi JCH saralash bosqichi davomida yetarlicha tanqidlarga uchradi. Ko‘pchilik hattoki, «Koreys futboli Osiyodagi o‘z o‘rni va uslubini yo‘qotib qo‘ydi!» qabilida e’tiroz bildirmoqda. Xullas, Shin Taye Yong zimmasida koreys futboliga yangilik olib kirish va umumiy holatni ijobiy tomonga burishdek murakkab vazifa turibdi. Buni nechog‘li uddalashini esa vaqt ko‘rsatadi.

Prezidentning yangi g‘oyasi ish beradimi?

Mamlakat OAV ma’lumotlariga tayanib aytsak, terma jamoaning JCH saralash bosqichi doirasidagi oxirgi 2ta o‘yini J.Koreya futbol assosiasiyasi prezidenti Chung Mong Gyu taqdirini belgilab berishi mumkin. Ya’ni jamoa finish marrasida JCH-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmasa, unda assosiasiya rahbari iste’foga chiqadi va koreys futbolida katta inqilob amalga oshiriladi. 55 yoshli Chung Mong Gyu 1988 yili Oksford universitetining siyosat, falsafa va iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan. 1994-1996 yillarda «Ulsan Xyunday» klubi sohibi sanalgan. J.Koreya futbol assosiasiyasi prezidenti lavozimiga esa 2013 yili saylangan. Mong Gyu 1997 yili jahon iqtisodiy forumida «Ertangi kunning 100 nafar global yetakchisi» ro‘yxatidan joy olgandi. Assosiasiya boshqaruvchisi iyun oyi oxirlarida mahalliy OAVga intervyu berar ekan, shunday degandi: «Milliy jamoa va U-23 termasiga yaxshi saviyadagi murabbiylar taklif etish harakatidamiz. Xavotirga o‘rin yo‘q». Xullas, Shin Taye Yong nomzodi aynan uning tavsiyasi bo‘­yicha tanlangani ehtimoli katta.

Aytgancha, Chung Mong Gyu JCH-2030ni J.Koreya, Yaponiya, Xitoy va KXDRda tashkilllash uchun birgalikda kurashish g‘oyasini ilgari surdi. U qo‘shma ariza haqida allaqachon FIFA­ga xabar jo‘natgan. Lekin mazkur g‘oyaga boshqa taraflarning munosabatlari qandayligi xususida aniq ma’lumot yo‘q. Deylik,  KXDR vakillari bunga qarshi chiqsalar kerak.

Aytgancha...

Shin Taye Yong germaniyalik mutaxassis ishlatmagan rejadan foydalanmoqchi

Shin Taye Yong Janubiy Koreya termasi bosh murabbiyi vakolatini qo‘lga olgach, ilk matbuot anjumanida o‘z fikr­larini ravon bayon etdi: «Milliy jamoamizni qiyin ahvolda qabul qilganimga qaramay, bundan farxlanaman va yuksak ishonch uchun mamlakat futbol assosiasiyasi prezidenti, Texnik qo‘mita va tashkilot rasmiylariga minnatdorchilik bildiraman. J.Koreya termasi qatorasiga 9-marta JCHga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishim tayin. Bu jamoada olimpiya yoki U-20 termasidagi ishimdan farqli ravishda, mamlakatning eng yaxshi futbolchilarini tanlash huquqiga egaman. Agar futbolchi mening uslubimga to‘g‘ri kelsa, uning klubda o‘yin amaliyotiga ega ekanligi yoki yo‘qligidan qat’iy nazar, terma jamoaga taklif etaman. Ko‘pchilik Son Xyun Min «Tottenxem»­da milliy jamoadagidan ancha yaxshi o‘ynashini ta’kidlaydi. Men Uli Shtilikega o‘xshamayman. Ya’ni u ishlatmagan rejadan foydalanib, Son Xyun Minni boshqacha usulda o‘ynataman».

46 yoshli mutaxassis yakunda futbolchilik davridagi armoni, murabbiy rolidagi orzusi hamda JCH-2018 saralash bosqichining qolgan 2ta o‘yinida nimalarga e’tibor qaratish kerakligi xususida ham gapirdi: «Futbolchilikka bog‘liq bitta armonim bor - jahon chempionatida ishtirok etish nasib qilmadi. Bu ishni murabbiy rolida bajarishga tayyorman. Janubiy Koreya termasi Osiyoda hech qaysi jamoadan kam emas. Ayni payt avvalo, himoyaviy o‘yinga e’tibor qaratishimiz kerak. O‘ylaymanki, mustahkam himoya tashkil qilishga qodirmiz. Chunonchi, saralashning qolgan 2ta o‘yinida ehtiyotkorlikni oshirishimiz shart. Deylik, bitta gol bilan cheklanish evaziga bo‘lsada, barqaror himoyaviy o‘yin namoyish qilishimiz talab etiladi». Ma’lumot uchun eslatma, koreyslar 31 avgust kuni o‘z maydonlarida Eron termasi bilan kuch sinashishadi va 5 sentyabrda Toshkentda milliy jamoamizga qarshi maydonga tushadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:33, 18.07.2017.
O'qildi: 7116 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.