"Sho‘rtan"ning iqtidorli futbolchilaridan biri, himoyachi – Umarbek Eshmurodov “Nasaf” mashg‘ulotlarida ishtirok etishni boshladi.
Umarbek Eshmurodov, 1992-yilning 30 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida tavallud topgan. Umar ilk futbolchilik sir-asrorlarini futbol maktabida Umar Rahmatullayevdan undan so‘ng esa Qarshi shahridagi Olimpiya zahiralari kollejidagi O‘tkir Holiqov kabi ustoz va murabbiylardan o‘rgandi.
Keyingi xayot yo‘li uni “Sho‘rtan” PFK qoshida faoliyat qo‘rsatayotgan bolalar va o‘smirlar futbol maktabiga boshladi. Bu yerda u tajribali Viktor Aleshnikov, Seid Seidov, Erkin Mirzayev va Ixtiyor Karimov kabi murabbiylar qo‘li ostida futbol saboqlarini yanada mukammal ravishda o‘zlashtirishga e’tibor qaratdi.
“Sho‘rtan” jamoasidagi asosiy faoliyatini esa 2012-yilda, yoshlar tarkibida boshlagan. Ushbu iqtidorli yosh futbolchi jamoamiz murabbiylarining diqqat e’tiborini, ishonchini qisqa muddat ichida qozondi va o‘zning tartibli o‘yini va yaxshi hususiyatlarini namoyon eta oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, 2013 yilgi mavsumning ikkinchi yarmidan “Oq bo‘rilar”ning asosiy tarkibida muntazam ishtirok etishni boshladi.
2014 yilda, “Sho‘rtan” birinchi ligaga tushib ketgan chog‘larida ham, jamoaga sodiq qolgan holda G‘uzor futbol klubi sha’nini munosib himoya qildi. U hatto o‘sha yili birinchi ligada asosiy raqobatchilardan biri bo‘lgan “Zomin” (Zomin) jamoasi bilan safarda kechgan uchrashuvda g‘alaba to‘pini ham o‘zi kiritishga muvaffaq bo‘lgan. 2015 yilda yana jamoa bilan Oliy ligaga qaytdi.
2016-2017 yildagi mavsumlarda chempionat doirasidagi uchrashuvlarda raqib darvozalariga 4ta gol urishga ham erishdi. Qiziqarlisi shundaki, ushbu gollarni barchasini Eshmurodov poytaxt klublari darvozasiga kiritgan. Bular, 2016 yilda “Bunyodkor” – “Sho‘rtan” va “Obod” – “Sho‘rtan” bo‘lsa, 2017 yilda “Bunyodkor” va “Lokomotiv”ga qarshi uy uchrashuvlarida 1tadan gol kiritishga erishgan. Uning urgan gollari ham shunchaki emas, balki bir-biridan chiroyli edi.
Eshmurodov endilikda “Nasaf” tarkibida to‘p suradigan bo‘ldi.
Fursatdan foydalangan holda, Umar Eshmurodovni suhbatga tortdik.
Umar avvalo “Nasaf” jamoasi tarkibiga borib qo‘shilganingiz haqida bir og‘iz so‘zlab bersangiz.... «Nasaf» mamlakatimizning old jamoalaridan biri. Bu jamoada xar qanday futbolchi ham o‘ynashni xohlaydi. Ammo bu jamoaga o‘tishimning asosiy sabalaridan biri bu ikkala jamoa boshliqlarining istagi bo‘ldi. “Sho‘rtan” rahbariyati o‘sishim va malakamni oshirishim zarurligini, imkoniyatlarimni kuchliroq jamoada sinab ko‘rishimni, yuksakroq marralarni zabt etishim va buning uchun “Nasaf”dek jamoada o‘zimni sinab ko‘rishim lozimligini ta’kidlab, meni ushbu qarorni qabul qilishga undadi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. G‘uzorliklar tarkibida ancha muddat faoliyat yuritdingiz. Agar muhlislar orasida Igor Taran “Sho‘rtan” jamoasining “ramzi”ga aylangan bo‘lsa, Siz “Oq bo‘rilar”ning haqiqiy “ustuni”ga aylanishga ulgurdingiz. Xabarimiz bor, bu Sizning birinchi transferingiz. “Nasaf” jamoasiga o‘tganingizdan so‘ng ko‘nglingizdan nimalar o‘tmoqda? Yangi jamoada o‘zingizni qanday his qilayapsiz? Albatta buning uchun avvalambor G‘uzorlik muhlislarimga alohida minnatdorchilik bildiraman. Albatta xar bir futbolchi avvalo muhlis uchun o‘ynaydi. “Sho‘rtan”da yoshligimdan o‘ynaganman va bu jamoaga juda ham bog‘lanib qolganman, ammo xayot shuni taqozo qildi. Shunday bo‘lsada, “Nasaf” yaxshi jamoa tezroq ko‘nikishga harakat qilaman. Yana shuni aytmoqchimanki, “Sho‘rtan”ni va uning muhlislarini hech qachon unutmayman. Qarshiliklar jamoasidagi shart-sharoitlar, ichki muhit, murabbiylar haqida nima deya olasiz? “Nasaf” jamoasining sharoitlari va ichki muhiti juda ham yaxshi. Murabbiylar va futbolchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar ham juda do‘stona va iliq. Bu jamoadagi ko‘pchilik futbolchilarni yoshligimdan taniyman va bilaman. Bundan tashqari, “Nasafda” futbolchi o‘zini iloji boricha erkin his qilishi uchun barcha qulayliklar va ajoyib muhit yaratishga harakat qilishadi. “Nasaf” o‘zbek futbolida o‘z o‘rni, obro‘-e’tibori va mavqeiga ega jamoa hisoblanadi. “Ajdarlar” doimo o‘z oldilariga jiddiy maqsadlarni qo‘yishadi. U xoh chempionat yoki Kubok bahslari va xalqaro musobaqalar bo‘lsin. Bundan keyingi faoliyatingizda Sizni yangi, yuksak marralar kutmoqda. Ushbu ma’suliyatli vazifalar amalga oshishida yangi jamoangizga qanchalik darajada yordam berishni niyat qilgansiz? To‘g‘ri, haqiqatdan ham bu jamoa bilan chempion bo‘lishim, yoki sovrindor bo‘lishimni juda yaxshi tushunaman. Oldimda qo‘yiladigan xar bir vazifani sidqi dildan, vijdonan bajarishga harakat qilaman. O‘z ustimda ishlashga, yangi jamoamga foydam tegishiga va unga qo‘limdan kelguncha ko‘proq yordam berishga harakat qilaman. So‘nggi o‘yiningizni “Nasaf” jamoasiga qarshi o‘tkazgan edingiz, bugun esa “ajdarlar” tarkibida boshqa bir raqibga qarshi maydonga tushdingiz. Ikkala jamoa o‘rtasidagi o‘yinlaringizni farqi haqida nima deya olasiz? Ikkala jamoada ham bir hil o‘yin namoish etdim deb o‘ylayman. O‘yin uslubim o‘zgardi deb hisoblamayman. To‘g‘ri, “Nasaf” va “Sho‘rtan” jamoalarining mashg‘ulot jarayonlarida o‘ziga yarasha farq mavjud. Shunday bo‘lsada, yangi jamoamning mashg‘ulotlariga oson kirishib ketdim. Hurmat qiladigan, yaxshi ko‘radigan insonlaringizga dil izhoringiz.... Avvalambor mani tarbiyalab voyaga yetkazagan, futbolga kirib kelishimga va bugungi mavqeimga erishishimga asosiy sababchi bo‘lgan dadamga, menga maslahatlari va ko‘rsatmalari bilan katta dars bergan, o‘rnak bo‘lgan ustoz murabbiylarim va shunchaki yaxshi insonlar Umar Rahmatullayev, O‘tkir Holiqov, Ikrom Norchayev, Ixtiyor Karimov, Erkin Mirzayev, Viktor Aleshnikov, Seid Seidov, Allayor Rasulov va hozirgi kungacha meni qo‘llab quvvatlashda davom etayotgan oila-a’zolarimga, do‘stlarimga va qadrdon muhlislarimga “Sho‘rtan” jamoasining xar bir ishchi hodimlariga, oshxona, stadion va ma’muriyat hodimlariga kattadan katta rahmat aytmoqchiman.