Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Xavi: «Bosh maqsadim – «Barselona»da ishlash»

Xavi: «Bosh maqsadim – «Barselona»da ishlash»

Baho:
+ | -

Betakror Xavi Ernandes shu hafta Avstriyada «Al-Saad» safidagi sheriklari bilan mavsumoldi tayyorgarlik jarayoniga kirishadi. Bo‘lajak mavsum uning uchun Qatardagi uchinchi va butun futbolchilik faoliyati bo‘yicha oxirgisi bo‘lishi mumkin. Zero, taniqli yarim himoyachi yaqin kelajakda murabbiylik sohasiga qadam qo‘ymoqchi. Xavining Mundo Deportivo muxbiri bilan suhbati shundan dalolat...

- Mana, yoshingiz 37dan o‘tdi va hamon to‘p suryapsiz. Yana qancha muddat o‘ynamoqchisiz?

- Kamida bir yil. Ayni payt o‘zimni yaxshi his qilyapman. O‘ynash barobarida murabbiylik sirlarini o‘zlashtiryapman, turli taktik uslublar bilan tanishyapman. Bu tajriba kelajakda asqotishiga ishonaman. Xullas, bugungi asosiy vazifam - futbolchilarga saboq berishning samarali usullarini o‘rganish.

- Kelasi yili «Barselona»da debyut qilganingizga roppa-rosa 20 yil to‘ladi...

- Vaqtning tez o‘tishini qarang. Ayniqsa, ishlar yurishib turganida, uning qanday o‘tganini sezmay qolasan. Ya’ni muntazam ravishda maydonga tushib, shonli g‘alabalarga erishsang, yillar soniyalardek o‘tib ketadi. Ammo ularning gashti o‘zgacha.

- Hozir futbolchi sifatida mulohaza yurityapsizmi yoki murabbiy maqomida?

- O‘ylashimcha, 50x50 nisbatida. O‘yin strategiyasi o‘laroq, bo‘lajak jamoamni tasavvur qilishga urinaman. Shu bilan birga «Barselona» an’analari xususida mushohada yuritaman. Bunday payt murabbiyga o‘xshab ketaman. Biroq futbolchilarga xos o‘y-fikrlar ham meni tark etgan emas. Axir hamon maydondaman.

- Tasavvuringizdagi jamoa «Barselona», shundaymi?

- Yashirmayman, bu bosh maqsadim! Aynan «Barsa»da ishlashni istayman. Murabbiylikdan boshqa lavozimda bo‘lsa ham, mayli. To‘g‘ri, ofisda diqqinafas bo‘lib o‘tirishdan ko‘ra, murabbiylik bilan shug‘ullanganim maroqliroq. Ammo bu orzuni ro‘yobi yo‘lida ko‘proq ter to‘kish, tinmay izlanish talab etiladi. Tajriba ham katta ahamiyatga ega, albatta.

- Qizig‘i, bir necha yil muqaddam o‘zingizni murabbiy rolida tasavvur qilolmasligingizni aytgan edingiz. Qanday o‘zgarish yuz berdi?

- Esimda, yoshlar jamoasida o‘ynaganimda ham, xuddi shunga o‘xshash holatga tushgandim. Ya’ni o‘shanda o‘zimni «Barsa»ning asosiy tarkibida tasavvur qilolmaganman. O‘zi dunyoqarash o‘zgarib turadigan xilqat. Bir necha yil avval Yoxan Kroyff shunday degandi: «Dunyodagi eng huzurbaxsh yumush - o‘ynash, ikkinchi yaxshi ish  - murabbiylik kursisida o‘tirish!» Xullas, kelajagimni idora xizmatchisi emas, murabbiylik rolida ko‘ryapman.

- Sizdan qanday murabbiy chiqishini kuzatishni hamma birdek sabrsizlik bilan kutayotgani tayin.

- Tabiatan ustozlikka moyilman. Bu borada ayrim takliflar ham yo‘q emas. Biroq hozir chalg‘imasligim kerak. Birinchidan, mashg‘ulotlardan chetda qolishimga to‘g‘ri keladi, ikkinchidan, hali murabbiylik lisenziyasiga ega emasman. Lisenziya olish uchun esa Madrid yoki Barselonaga borishim kerak, biroq hozircha bo‘sh vaqtim yo‘q.

- Qatar terma jamoasi murabbiylar shtabiga kirish siz uchun maqsadga erishishning birinchi bosqichimi?

- Ha, bu muhim qadam bo‘lishiga shubham yo‘q. O‘ylashimcha, qatarliklar tanlovda adashmadilar. Feliks Sanches ko‘ngildagidek ish yuritmoqda, malaka va tajribasi yetarli. Unga Serxio Allegro ko‘maklashmoqda va men ham qo‘limdan kelganicha yordam berishga tayyorman. Bunday jamoaning bir bo‘lagi bo‘lish - faxr.

- 2 yildan buyon Qatarda yashayapsiz. Ispaniyaliklarga bu mamlakat xususida qanday ma’lumotlar bera olasiz?

- Doimo dilimdagini tilimga chiqarishga odatlanganman. Qatarda bo‘lmagan kishilarga maslahatim bitta: albatta, bir sayohatga chiqing. U yerda farovon hayot kechirish mumkin, xorijliklarga munosabat yaxshi. Xullas, faqat ijobiy fikrlar birdirishim mumkin. O‘ziga xos din va madaniyat mavjudligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Buni hurmat qilishimiz shart.

- Bugungi «Barselona» haqida qanday fikrdasiz?

- Olisda bo‘lsamda, jamoani muntazam kuzatib boraman. Hozirda dunyoning eng yaxshi futbolchilari - Messi, Neymar va Suares «Barsa» tarkibida to‘p surishmoqda. Inyesta, Buskets va Pike ham ajoyib, Xordi Alba va ter Shtegen ulardan qolishmaydi. Jamoa yana 3-4 nafar o‘yinchi bilan tarkibni kuchaytirmoqchi. Xullas, kataloniyaliklar yuksak vazifalarni bemalol uddalashga qodirlar.

- Xo‘sh, Valverdega qanday baho berasiz?

- Rahbariyat murabbiy tanlashda oqilona ish tutib, to‘g‘ri qarorga keldi. Valverde ishlashga shay, bilim va tajribasi yetarli. Uning «Barsa»dagi o‘yin amaliyoti ahamiyati ham katta. Qolaversa, u klubni yaxshi biladigan Pozanko bilan hamkorlikda ish olib boradi.

- Messining to‘yi bahona uzoq Argentinada sobiq jamoadoshlaringiz bilan diydorlashdingiz. Ular yangi murabbiy haqida nima deyishdi?

- Darhaqiqat, jamoa hayotining yangi bosqichi xususida ko‘p suhbatlashdik. Barcha futbolchilar bosh murabbiydan xursandlar va uni qo‘llab-quvvatlashlari aniq. Jamoa oxirgi mavsumda yagona sovrin bilan cheklandiki, bu nisbatan omadsizlik sifatida qabul qilinadi. «Madrid» muxlislari bunga alohida e’tibor qaratishlari aniq. Shunday ekan, sara futbolchilarni jamlagan «Barselona»da yangi g‘alabalar sari intilish uchun katta asos bor.

- Xususan, Messi yangi shartnomaga imzo chekdi...

- «Barsa» uchun eng muhim yangilik shu! Axir jamoa Messiga, Messi esa jamoaga muhtoj.

- Ehtimoli bor Verratti transferiga qanday qaraysiz?

- Ajoyib yurish. U o‘z pozisiyasi bo‘yicha 3 nafar yetakchidan biridir. Jismoniy va texnik jihatdan yuksak saviya sohibi.

- Verrattining transferi masalasida jamoaga yordam bera olasizmi? Ya’ni Qatardagi aloqalar vositasida «PSJ» sohiblariga ta’sir o‘tkazishingiz mumkinmi?

- Bunday qilishni xayolimga ham keltirmayman! Zimdan ish tutishga xushim yo‘q.

- Ko‘pchilikning fikricha, Verratti aynan sizning uslubingizda to‘p surar ekan...

- «Xavi uslubi» hamon mavjud. Umuman, Inyesta, Buskets, Rakitich, Denis Suares va Messi kabi yulduzlar ijrosidagi o‘yin uslubini «Barselona»niki sifatida baholash mumkin. To‘g‘ri, oxirgi mavsum natijalari ayrim muammolar borligidan dalolat. Lekin jamoaning umumiy sport formasi talab darajasida.

- Nima deb o‘ylaysiz, Inyestaning ayni holati Xavining Ispaniyadagi so‘nggi mavsumini eslatmayaptimi?

- Yo‘q, Andres hamon barcha muhim bahslarda maydonga tushmoqda. Men esa oxirgi mavsum davomida ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yuborgandim. Inyesta ketishga shoshilmasligi kerak. U «Barsa»da maqtashga arzigulik iz qoldirdi, Ispaniyaning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi. Agar sport formasini talab darajasida saqlay olsa, shartnomani bemalol uzaytirishi mumkin. Bunisi endi o‘ziga havola.

- «Real»ning qatorasiga ikki marta CHL g‘olibi bo‘lgani va to‘xtovsiz kuchayib borayotgani sizni xavotirga solmayaptimi?

- Darhaqiqat, «Real» - kuchli jamoa. Umidvormanki, jamoam yangi mavsumda madridliklar hukmronligiga chek qo‘yadi. «Barsa»ning xuddi Gvardiola davridagidek yaqqol ustunlikka erishishini ta’kidlash fikridan yiroqman. Lekin aminmanki, munosib qarshilik ko‘rsatishga kuchi yetadi. Tushunarliki, «Barselona» ham La-liga, ham CHLda g‘olib chiqishni istaydi. «Real» esa taraqqiyotdan ortda qolmaslikka harakat qiladi. Axir uni Zidandek mashhur yulduz boshqarmoqda. Buyuk Zizuning murabbiylik yo‘nalishidagi yutuqlariga munosib baho bermaslik - adolatsizlik!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:02, 22.07.2017.
O'qildi: 4135 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.