Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Tohir Kapadze: "Futbolchilar Abramov falsafasiga mos kelishi kerak"

Tohir Kapadze: "Futbolchilar Abramov falsafasiga mos kelishi kerak"

Baho:
+ | -

Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi ham barcha klublar qatori ikkinchi davra bahslariga qizg‘in hozirlik ko‘rdi. Vadim Abramov shogirdlari ikkinchi davrani Farg‘onada boshlashadi. 5 avgust kuni farg‘onaliklar G‘uzorning “Sho‘rtan” klubini o‘z maydonlarida qabul qilishadi.

Kuni kecha klub raisi Tohir Veysalovich Kapadze “Neftchi” futbol klubining internetdagi rasmiy sayti uchun intevyu berib o‘tdi.

IKKINCHI DAVRAGA TAYYORGARLIK

Ikki bosqichdan iborat tayyorgarlik jarayonini boshdan o‘tkazdik. Birinchi bosqich Farg‘onada bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, navbatdagisi Toshkentda davom ettirildi. Poytaxtdagi yig‘in ko‘ngildagidek kechdi. Futbolchilar barcha sharoitlarga ega mehmonxonada istiqomat qilishdi. “Bunyodkor” stadionining mashg‘ulotlar maydonida shug‘ullandik. Toshkentda yig‘in tashkil etishdan asosiy maqsad shu bo‘ldiki, yozgi tayyorgarlik bosqichini ko‘plab Oliy liga klublari poytaxtda o‘tkazadi.

Bu esa o‘rtoqlik o‘yinlari uchun yaxshi raqiblarni tanlash imkoniyatini beradi. Toshkentda 2 maxaldan mashg‘ulot o‘tkazildi. Jamoamiz uchun foydali bo‘lgan 4 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik. “Qizilqum” bilan o‘yinda garchi mag‘lub bo‘lgan bo‘lsakda, hech bir jabhada raqibga bo‘sh kelmadik. Faqat o‘sha kuni ertalabki og‘ir mashg‘ulotlardan so‘ng o‘sha kunning o‘zida o‘yin o‘tkazish yigitlarga qo‘shimcha bosim yukladi. Aslida bunday uchrashuvlarda natija birinchi o‘rinda turmaydi. Balki yangi futbolchilarning imkoniyatini ko‘rib olish niyatida edik.

Qo‘qonliklarga qarshi bellashuv ham o‘zgacha tusda kechdi. To‘g‘ri, o‘sha raqobatda qo‘qonliklarning 3 nafar asosiy futbolchisi MTJga jalb qilingan edi. Biroq, baribir haqiqiy derbiga xos o‘yin kechdi. Yigitlar “Qo‘qon-1912” bilan o‘yinda o‘zlarini ijobiy tarafdan ko‘rsata olishdi. Oddiy qilib aytganda, futbolchilar Vadim Abramovning barcha ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarishdi.

Keyin uchrashuv Jizzaxning “So‘g‘dyona” klubiga qarshi o‘tkazildi. Bahsda oldingi nazorat uchrashuvlarida kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan futbolchilarga imkoniyat berildi. So‘nggi o‘rtoqlik o‘yinida “Istiqlol” (Dushanbe) 2:1 natijasida taslim qilindi. Yig‘in vaqtida bunday o‘yinlarning ahamiyati katta sanaladi.

Chunki tarkibga kelgan yangi futbolchilarning mahorati katta futbolda bilinadi. Mashg‘ulotda o‘zini ijobiy tarafdan yaxshi ko‘rsatgani bilan bellashuvda biz istagandek o‘yin ko‘rsata olmasligi mumkin. Shu sababli o‘rtoqlik o‘yinlariga ko‘p e’tibor berildi.

TARKIBDAGI O‘ZGARISHLAR

Yakuniy xulosalardan so‘ng biz uchun kerakli bo‘lgan bir qator futbolchilar bilan shartnoma tuzdik va 26 iyul kuni O‘zPFLga “zayavka” topshirdik. Bu degani jamoaning ikkinchi davradagi tarkibi 99%ga aniqdir. Ha, xali 9 avgustga qadar vaqt bor. Ungacha ham tarkibda o‘zgarish qilish imkoniyatimiz bo‘ladi.

Ayni paytda yana bir yangi futbolchi bilan muzokara olib boryapmiz. Ya’ni, yaqin kunlarda balki yana bitta o‘zgarish kuzatilishi mumkin. Biroq, yana qaytarib aytaman, ikkinchi davra uchun asosiy tarkibni aniqlab bo‘lganmiz. Birinchi davradan so‘ng13 ta futbolchi “Neftchi”dan ketdi. Ularning o‘rniga 11 nafar yangi futbolchilar jalb qilindi. Bu deyarli jamoani yarmi o‘zgarganidan dalolat beradi.

“BUNYODKOR”GA QARSHI O‘YIN HAQIDA

Yangilangan jamoa bilan ilk rasmiy bahsda ishtirok etishga ham ulgurdik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, nafaqat tarkibda, balki o‘yin uslubida ham katta o‘zgarishlar mavjud. Birinchi bo‘limda yigitlar juda yaxshi o‘ynadi. Haqiqiy jangovor o‘yin ko‘rsatishdi. Afsuski, taym so‘nggida gol o‘tkazib yubordik.

Undan tashqari birinchi bo‘lim bizning ustunlgimizda o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda Dilyor Irmatovning xatosi bizga qimmatga tushdi va ikkinchi golni ham o‘tkazib yubordik. Uchinchi golga esa o‘zimiz imkon yaratib berdik.

Biroq, baribir teng o‘yin bo‘ldi degan fikrdaman. Toshkentda ancha sermahsul tayyorgarlik jarayonini o‘tkazdik. Men tarkibga jalb qilingan yangi futbolchilarning barchasidan ko‘nglim to‘ldi. Seleksiyada yana kuchli va nomdor futbolchilarni taklif qilishga urunmadik. Chunki, bunday paytda mana shu saviyadagi o‘yinchilarning barchasida shartnomasi bo‘ladi.  Ha, masalan biz Shukur Po‘latov bilan bog‘landik. Uni “Neftchi”da yana ko‘rishni istagan edik. Biroq imkoniyat bo‘lmadi.  

Shu kabi o‘zimiz istagan yana 4-5 nafar futbolchilar bor edi. Vaziyat shuni taqozo etdiki, ular bilan faol muzokara olib bora olmadik. Chunki ularning barchasi o‘z jamoasi bilan rasmiy shartnomasi mavjud. Lekin bu masala hamon ochiq turibdi. Ba’zi bir jamoamiz uchun kerakli kuchli ijrochilar bilan og‘zaki kelishib qo‘yganmiz.

Yil tugashi bilan ularni Farg‘onaga chorlaymiz. Baribir ortda qolgan seleksiya jarayonida asosiy e’tibor o‘zimizni farg‘onalik yigitlarni ortda qaytarish edi. Mansur Saidov, Otabek Haydarov, Abdujamol Isroilov, Doston Tursunov singari mahalliy yigitlarni Farg‘onaga chaqirdik. Ularning jamoamizga katta foydasi tegadi.

IKKINCHI DAVRA HAQIDA  

Ikkinchi davra oldidan tarkibda bir qator yo‘qotishlar yuzaga kelmoqda. Masalan, Jasur Hasanov barcha nazorat bahslarida yuqori saviyada o‘yin namoyish etib, o‘ng qanotda juda yaxshi harakatlandi. Lekin, “Bunyodkor”ga qarshi bahs avvalida kutilmagan eski jarohati yangilanib qoldi. Bu esa katta yo‘qotishga olib keldi. Undan tashqari “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvda yosh himoyachimiz Husniddin G‘ofurov jarohat oldi. U ham bir oy davomida maydonga qayta olmaydi.

Undan tashqari Sherzod Hakimov va Javohir Rasulov kabi tajribali yigitlarimiz ham kutilmaganda jarohat muammosiga duch kelishdi.  Ular qatoriga yosh yarim himoyachi Abror Ismoilovni ham qo‘shaman. Yuqorida sanab o‘tgan futbolchilarning barchasi asosiy tarkib vakillari sanaladi. Agar ular ham sog‘ayib maydonga tezroq qaytishsa, jamoamiz yanada kuchayadi. Ikkinchi davradan nimani kutyapman ? Meni va Abramovni jamoaga kelishimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad bitta – “Neftchi”ni bu vaziyatdan olib chiqib ketishdir.

Bizdagi hozirgi vazifamiz jamoani saqlab qolish sanaladi. Men jamoaga, barcha futbolchilarga, shuningdek, yangi qo‘shilgan ijrochilarga ham ishonaman. Barchasining o‘ziga yarasha potensiali bor. Jasur Hasanov va Temur Hakimov o‘z vaqtida bir qator terma jamoalar tarkibida o‘ynashgan.

Doston Tursunov va Abdujamol Isroilov yoshlar termasining yetakchilari sanaladi. Faqat ularga imkoniyat berish lozim. O‘zlarini ko‘rsatishlari uchun vaqt kerak bo‘ladi. Vadim Karlenovich bu futbolchilarning barchasini juda yaxshi biladi.

VADIM ABRAMOVNING O‘YIN USLUBI HAQIDA

Har bir futbolchini tanlayotganimizda uning o‘yini Abramovning falsafasiga to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qmi degan masalani oldimizga tashladik. O‘zimga qolsa, 4 ta himoyachi bilan harakat qilib , darvoza daxlsizligini ta’minlashni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Lekin, Abramov umuman boshqacha fikrlaydi. U ko‘proq gol urishni istaydi. Himoya va boshqa jihatlar keyingi o‘rinda turadi. Karlenovich hujumkor futbolni yaxshi ko‘radi. Masalan, “Bunyodkor”dek raqibga qarshi ham 3 ta himoyachi bilan o‘ynadik.

Albatta, buni o‘ziga yarasha minus va plyus taraflari mavjud. Andrey  Fyodorov va Murod Ismoilov davrida himoyaviy futbol ko‘rsatilar edi. O‘yindan o‘yinga jamoamiz kuchayib boradi. Hozir bitta o‘yin orqali bir-birlarini tushinishi oson emas. Meni xursand qilgan tarafi, hozir jamoada muhit a’lo darajada. Yana bir narsani aytib o‘tmoqchiman, futbolchilarni klub rahbariyati tarafidan moliyaviy ta’minlash va rag‘batlantirish tenglik asnosida yo‘lga qo‘yilgan.

Birinchi davrada shu holat bo‘yicha bir qator kamchiliklar kuzatilgan. Ya’ni, legionerlarga katta maosh to‘lanib, o‘zini ko‘rsatayotgan mahalliy futbolchilar yetarli  mablag‘ bilan ta’minlanmagan.

Bu esa, natijalarga va o‘yinga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Biz esa, boshqa yo‘ldan boramiz. Klub futbolchining o‘yiniga, qilayotgan mehnatiga qarab keraklicha rag‘batlantiradi. Klub rahbariyatiga katta rahmat aytmoqchiman. Ayni paytda jamoamizda hech qanday moliyaviy muammo yo‘q.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev jamoamizni chempionatda yaxshi ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berganlar. Ulardan minnatdormiz.

Hozir chempion bo‘lamiz yoki yuqori o‘rinlarga chiqamiz deb, quruq va’dalar berishni keragi yo‘q. Ayni paytdagi asosiy maqsad, jamoani bu “botqoqlik”dan olib chiqib ketish. Men bu vaziyatdan chiqib ketishimizga to‘liq ishonaman. 

Manba: fcneftchi.uz
Kiritildi: 20:50, 30.07.2017.
O'qildi: 5328 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.