"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Joze Mourinyo klub matbuot xizmatiga maxsus intervyu berdi.
Xalqaro chempionlar kubogi turniridan o‘rin olgan «Manchester Siti»ga (2:0) qarshi o‘yindan so‘ng, portugaliyalik mutaxassis o‘z fikrlarini aytdi.
- Avvalo, o‘yin xususida to‘xtalsangiz...
- «Siti»ga qarshi uchrashuv yaxshigina mashg‘ulot vazifasini o‘tadi. Hammasi rejaga muvofiq davom etyapti. Bu yerda MLS vakillari bilan 2 marta kuch sinashib ko‘rish va shundan keyin jahonning eng kuchli jamoalariga qarshi maydonga tushishni rejalashtirgandik. Tushunarliki, «Manchester Siti» shunday klublar sirasiga kiradi. Mana, raqib bugun bizni faolroq o‘ynash, e’tiborni kuchaytirish va ko‘proq individual harakatlarni amalga oshirishga majburladi. Gvardiola jamoasida fantastik futbolchilar yig‘ilgani barchaga ma’lum va ular juda sifatli futbol namoyish etishadi. Shogirdlarim oxirida charchab qolishdi, lekin umumiy holda o‘yindan qoniqdim.
- Romelu Lukakuning harakatlari qanday taassurot uyg‘otdi?
- U munosib o‘ynadi va barchaga nafaqat gol urishni, balki «pas» orqali effektli to‘p sura olishini isbotladi. Ko‘rdikki, Romelu to‘pni o‘zida olib yurib, jamoadoshlarining hujumga qo‘shilishlariga imkoniyat yaratdi. Qarang, u atigi 10 kun ichida yangi sheriklari bilan til topishib oldiki, bu shunchaki, fantastika. Rashford? U aynan Lukaku bilan chakki hamkorlik qilmaydi. Ushbu tandemni bir necha marta amalda sinab ko‘rishga ulgurdik. Rashford va Lukakuning yangi mavsumda asosiy hujumchilar rolini bajarishlari ehtimoli katta. To‘g‘ri, bu borada to‘liq ishonch bilan gapirishimga hali erta, chunki eksperimentlarni davom ettirmoqdamiz.
- Mavsumoldi transferlardan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Albatta, Lukaku va Lindelyofdek ijrochilarning yig‘inlar arafasida safimizga qo‘shilishganidan xursandman. Yana yangi futbolchilar xarid qilamizmi? Bilmayman. Bu savolni Ed Vudvordga berganingiz ma’qul. Hozircha faqat Lukaku va Lindelyof transferi uchun minnatdorchilik bildirishim mumkin, xolos. Ikkinchi tomondan, qo‘l qovushtirib o‘tirishimiz yaramaydi, negaki, «Manchester Siti» yoki «Liverpul» kabi asosiy raqiblarimiz faol transfer siyosati bilan mashg‘ul. Xullas, «Yunayted»ning transferlar bozoridagi harakatlariga yuqori baho berolmayman. Deylik, Roxoning dekabrgacha safga qaytishiga zarracha umid yo‘q. Zaxira o‘rindig‘imiz ham «qisqa» va klub kamida yana 2 nafar futbolchi olishi zarur. Oldinroq transferlar mavsumida 4 nafar yangi o‘yinchi taklif qilishni xohlashimizni aytgandim, biroq bozorda jiddiy kurash borishini unutmaslik kerak. Chunki klubimiz har qanday talabni qondiradigan holatda emas. Bilasizmi, ayrimlar taklifga muloyimlik bilan javob berishadi: «Yo‘q». Chunki pulga ortiqcha ehtiyoj sezishmaydi va shuning uchun ham, aqlga sig‘mas shartlarni o‘rtaga tashlashadi. Futbol hayoti shunaqa va bunga allaqachon ko‘nikib ulgurganman.
- Mana, «Chelsi» sizning e’tiboringizda turgan Alvaro Morata bilan shartnoma tuzdi, bu transferga qanday baho berasiz?
- Aslida «ko‘klar»ning xaridlari meni uncha qiziqtirmaydi. Ha, Moratani «MYU»da ko‘rishni istaganim rost. Zero, yana bir markaziy hujumchiga ehtiyojimiz bor edi. Bilasiz, Ibragimovich jarohatlandi, Rashfordga esa gohida dam berish lozim. Hozir komil ishonch bilan ayta olamanki, endi ixtiyorimizda kuchli hujumchi yo‘q emas - oxirgi yillarda sezilarli darajada o‘sgan chinakam to‘purar. U hozir vaqtida «Chelsi»da men bilan birga ishlagan g‘o‘r yigitcha emas. Takror aytaman, «Yunayted»da Lukaku bor. U ayni payt Angliya chempionatidagi eng yaxshi hujumchidir. «Chelsi»ning nega aynan Moratani taklif qilganiga kelsak, ko‘rinishidan, londonliklar Diyego Kosta bilan xayrlashadilar. Demak, hammasi oddiy va tushunarli.
- Xosep Gvardiolani hamon asosiy raqib sifatida ko‘rasizmi yoki...?
- Hozirgi holatni Ispaniya chempionatidagi vaziyat bilan taqqoslash noo‘rin. Primeroda asosiy kurash 2ta klub o‘rtasida kechishi ma’lum va ularning nomini aytishim shart ham emas. Ha, oxirgi vaqtlarda «Atletiko» munosib o‘ynab, sovringa da’vo qilyapti. Ammo men «Real»da ishlagan, Gvardiola esa «Barselona»ni shug‘ullantirgan payt bunaqa emasdi. Biz 3 yil davomida barcha sovrinlar uchun kurashganmiz va hamma faqat o‘zaro raqobatimiz xususida gapirardi. Ko‘pchilik o‘ylaydiki, ikkimizning munosabatimiz juda yomon, ammo bu xato fikr. Yo‘q, o‘rtamizda hech qanday dushmanlik hissi mavjud emas. Xullas, hozir shunchaki, hamkasbmiz, boshqa hech narsa yo‘q. Oddiy aytganda, Xosep men uchun alohida raqib emas. To‘g‘ri, o‘rtamizda hamon raqobat bor, axir ikkimiz ham sovrinlar yutishni maqsad qilganmiz va Angliya chempionatida ham bir-birimizga yo‘l bo‘shatishni istamasligimiz turgan gap.
- Bo‘lajak mavsumdan aynan nimalarni kutyapsiz?
- O‘ylaymanki, yangi mavsum avvalgisidan mutlaqo farqlanadi. Nega? Hamma gap CHLda. Ya’ni «Chelsi» va «Liverpul» klublari endi haftada bitta o‘yin bilan cheklanmaydi. Tushunarliki, haftada bir marta maydonga tushsang va 3 kun bemalol dam olsang, tiklanishing ancha oson bo‘ladi. Bo‘lajak chempionatda «Chelsi» oldida bunday imkoniyat yo‘q va u boshqacha vaziyatga duch keladi. To‘g‘ri, Konte va Klopp ixtiyoridagi tarkiblarni nazarda tutsak, ularning jamoalari qiyinchilikni yengib o‘tadi, bunga shubhalanmayman.