Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

"Qo‘qon-1912" klubining yuksalish sirlari

"Qo‘qon-1912" klubining yuksalish sirlari

Baho:
+ | -

O‘tgan chempionatda oliy ligada qolish uchun kurash olib borgan jamoaning tezda oyoqqa turishini ko‘pchilik kutmaganligi shubhasiz.

Ertakning ana tugashi, mana tugashini kutishib, birinchi davra o‘yinlari ham ortda qolganligini sezishmadi ham. Tabiiyki, endilikda jamoaga nisbatan munosabat o‘zgarib, jiddiy qarshiliklarga duch kelishlarini taxmin qilish mumkin. Mana shu dovondan eson-omon o‘tib olishsa, marra ularniki bo‘ladi. Shu kabi fikrlarga oydinlik kiritib o‘tish maqsadida, klub vise-prezidenti, hamkasblarimizni doim ochiqlik bilan qarshi oladigan Baxtiyor aka Tolipovga yuzlandik. Qolgan gaplarni bevosita mutasaddining o‘zidan eshitsak.

- Ushbu mavsum boshlanishi arafasida rejalarga o‘zgartirish kiritishinglarga to‘g‘ri keldi. Farg‘ona viloyati hokimining qabulida bo‘lganlaringda, chempionat sovrindorlari qatorida jamoani ko‘rayotganligini Shuhrat G‘aniyev alohida ta’kidlab o‘tgandi. Rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, kelasi yilga kelib OCHL yo‘llanmasini beradigan o‘rinlar uchun kurashga kirishishinglar ko‘zda tutilayotgandi.

- Bosqichma-bosqich rivojlanish yo‘lini tanlagan edik. Har bir amalga oshiradigan ishimiz zamirida reallik yotgan bo‘lishi talab etiladi. Hech qachon quruq safsata bo‘lgan emas. Bu yilgi seleksiya ishlari yaxshi saviyada olib borildi. Klubimizning imidji ortganligidan ham darakdir. Tarkibga yaxshi saviyadagi ijrochilar jalb qilindi. Shu o‘rinda bosh murabbiyimiz No‘’mon Hasanovning obro‘si ham muhim rol o‘ynaganligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Murabbiylik tarafidan yaxshi nom qozonib kelayotgan ekan, malakali o‘yinchilarni taklif qilishda katta muammolarga duch kelinmadi. Darhaqiqat, sizga tanishtirib o‘tgan rejamiz asosida 2018 yilgi chempionatda sovrindorlar qatoriga kirish uchun kurash olib borishimiz ko‘zda tutilayotgandi. Chempionat jamoamiz uchun ancha muvaffaqiyatli boshlanib, yaxshi o‘rinlarni band etib keldik. Yigitlar ahil oila vakillariga aylanib borishdi. Ichki muhit havas qiladigan darajaga keldi. Rasmiy bellashuvlar boshlanishi arafasida Farg‘ona viloyati hokimining qabulida bo‘lganimizda, amalga oshirgan ishlarimizga yuqori baho bergan holda oldimizga katta vazifa qo‘ydilar. Har qanday ko‘makni ayamasligini bildirishdi. Harakatlarimiz ancha qovushib, birinchi davrani asosiy tarkib va yoshlar jamoasi 2-o‘rinda yakunlaganliklarini o‘ziga yarasha muvaffaqiyat sifatida baholash mumkin. Besh yildan buyon futbol ichiga chuqur kirib borayotgan bo‘lsam, hozirgisidek ahil, bir-biriga mehribon futbolchi yigitlarga duch kelmaganman. Jamoadagi barcha insonlar yagona maqsad sari yeng shimarib mehnat qilishga kirishishgan. Ikkinchi davrada ham chiroyli o‘yinlar ko‘rsatib, muxlislarimizni xursand etgan holda chempionat sovrindorlari qatorida marraga yetib kelishimizga umid qilib turibmiz.

- Davralar oralig‘ida 4 nafar futbolchi jamoani tark etdi. Ularning o‘rnini to‘ldirish uchun ikkitasini olish bilangina cheklandinglar. Yozgi tanaffus mahalidagi olib borgan seleksiya ishlaridan ko‘nglingiz to‘lganligini ayta olasizmi?

- Futbolchilarning uchtasiga o‘zimiz ruxsat berdik. Darvozabonlar o‘rtasidagi raqobatning o‘ta yuqori ekanligi sababli, ayrimlari o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi tabiiy edi. Shuning uchun Muzaffar Abdullayev omadini boshqa jamoada sinab ko‘rmoqchi ekanligini aytganida, muammolarsiz qo‘yib yubordik. Ruslan Melziddinovni jarohatlar ancha qiynab qo‘ygandi. O‘ziga kelib, maydonga qaytmoqchi bo‘lganida, o‘yin amaliyotining kamligi hisobiga asosiy tarkibdagi o‘rnini raqobatchisiga berib qo‘ydi. Shuningdek, Sobir Hamidov ham doimiy ravishda maydonga tushishni xohlagan holda ruxsat berishimizni so‘radi. Yangilardan Quvondiq Ro‘ziyevni qo‘shib oldik. Jamoa uchun yangi deyishga til bormaydi. O‘tgan yili muxlislarimizning suyukli futbolchilaridan biriga aylana olgandi. Qanchalik iltimos qilganimizga qaramay, «Lokomotiv» ortga qaytarib olgandi. Mana yana biz bilan birga.

- Yana ijaraga olindimi?

- Ha. «Obod»dan Doniyor Hasanovni chaqirdik. O‘yin tashkil etish borasida mohir ijrochilardan biri sanaladi. Anchadan buyon uning xatti-harakatlarini murabbiylarimiz kuzatib kelishardi. Yil boshida taklif etish maqsadida «Obod» rahbariyati bilan muzokara olib borgandik. Rad javobini qaytarishgandi. Hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida yaxshi ijrochilarni jalb qilishni mo‘ljallayotgandik. Muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topsa, 10 avgustgacha ushbu masalada ham oldinga qadam tashlashga erishishimiz hech gap emas. Bosh murabbiyning fikriga ko‘ra, hozirgi tarkib bilan yuqori o‘rinlar uchun bemalol kurasha oladigan imkoniyatga egamiz.

- Javohir Siddiqovning ikkinchi davradan «Paxtakor»ga qaytishidan mahalliy muxlislar xavotirga tushayotganliklarini izhor etishgandi. Masala shu qadar ijobiy yechim topdiki, xatti-harakatlar foydanglarga xizmat qildi. Iste’dodli yarim himoyachi nafaqatqo‘qonni tark etdi, balki to‘laqonli klubning a’zosiga aylandi. Ijara o‘z kuchini yo‘qotdi.

- Javohirni olib kelganimizdan keyin «Paxtakor» klubi rahbariyatida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Tarkibimizga yaxshi kirishib ketib, muxlislarning suyuklisiga aylanganidan so‘ng, olib qolish uchun «Sherlar»ning yangi rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi. Vaziyatni tushuntirishga urindik. Iltimosimizni inobatga olishdi. Nikita Ribkin ikkalasi endilikda to‘laqonli jamoamiz a’zosiga aylanishdi. Hujumchi Sidorov esa ijara asosida qoladigan bo‘ldi.

- Siddiqov borasida ijobiylikka erishishinglarni kutmagandik. Chunki milliy terma jamoaga nomzod hisoblangan futbolchini «Paxtakor» mutasaddilari osonlikcha qo‘yib yuborishlariga ishonmagandik.

- Endi voqelikka ochiqlik kiritib o‘tmoqchiman. «Paxtakor» klubining xo‘jayini Bobur Shodiyev Qo‘qonga tashrif buyurib, stadionimizda jamoa ishtirokidagi o‘yinni kuzatgandi. Ishqibozlarning ko‘pligi, jamoani qo‘llab-quvvatlashdagi jonbozliklarini kuzatib, hayajonini yashira olmadi. Ayniqsa, Javohirga nisbatan ishqibozlarning hurmati baland ekanligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bu yil Qo‘qon futboli 105 yoshini qarshi oladi. Muhtaram mehmon ushbu sana munosabati bilan bizdan o‘ziga xos sovg‘a bo‘lsin, deya Siddiqovni bepulga berishi haqida va’da qildi. Yordamchisi Umidjon ismli yigitga shuni tayinladi. Aynan mana shu gaplar tufayli muzokara chog‘ida muammolarga duch kelmadik. Qo‘qonlik muxlislar va shaxsan o‘z nomimdan, yordam qo‘lini cho‘zib, vaziyatni to‘g‘ri baholab, saxovatpesha inson ekanligini yana bir karra namoyon etgan «Paxtakor» klubi xo‘jayiniga minnatdorchiligimni izhor etmoqchiman.

- Demak, ushbu transfer uchun qo‘qonliklar 75 ming dollar sarflashdi, degan xabarlar haqiqatdan yiroq ekan-da?

- Albatta, bular quruq safsata. Eng avvalo futbolchining xohishi ham inobatga olindi. Poytaxtliklar bilan tuzgan shartnomasi yarim yildan keyin yakuniga yetarkan. Bizga ijaraga berishsa ham yil yakunida baribir erkin agentga aylanardi. Hech qanday pul to‘langani yo‘q. Zaxirada yana yarim yil ushlab o‘tirib, futbolchiga ziyon keltirishning foydasi bo‘lmasligini to‘g‘ri tushunishdi shekilli.

- Yil boshida ko‘tarma pullar haqida gaplashgandik. Yangicha uslubdagi to‘lov joriy qilinishi haqida gapirib o‘tgandingiz. Ammo amalda yana «Buxoro»dan taklif etilgan 4 nafar o‘yinchiga pullarning oldindan berilganligi haqida eshitib qoldik. Imkonini qila olmay qoldingizmi?

- O‘ylab qo‘yganlaringizni bir kun ichida amalga oshirish qiyin masala ekan. Bizda asosiy tarkib o‘yinchilari qatorida 22 nafari ro‘yxatga olingan. Shulardan yettitasiga ko‘tarma puli to‘laligicha berildi. Qolgani bilan o‘zaro kelishuvga asosan har oyda maoshlariga qo‘shib to‘lab bormoqdamiz. Xullas, yo‘lga qo‘ygan yangi tizimimiz asta-sekin o‘z samarasini bermoqda. Ikkinchi tarafdan, futbolchilarni ham to‘g‘ri tushunamiz. To‘p surgan klublarining ba’zilarida aldab qo‘yayotganliklarini izhor etishadi. Mavsum boshida berilgan va’dalariga yil yakuniga borib amal qilmasliklariga ko‘p duch kelayotganliklarini eshitib qolamiz. Keyin ovoragarchiliklar boshlanadi. Shikoyat qilib, pullarini undirishga urinishadi. Natijada asabbuzarlik yuzaga kelib, vaqtdan yutqazishadi. Futbolchilarning o‘zlariga beriladigan imkoniyatdan foydalanib qolishga intilishlarini to‘g‘ri qabul qilamiz. Kelajagi haqida qayg‘urishmoqda. Fikrimizda sobit qolib, hech kimga oldindan pul bermaymiz deyaversak, ayrim yaxshi saviyadagi ijrochilarni jalb etishimiz qiyin kecharkan. Buni hayotning o‘zi isbotlab qo‘ydi.

- «Buxoro»dan taklif etilgan o‘sha to‘rt nafar malakali futbolchilarga boshqa jamoalardan ham xaridorlar chiqayotgandi.

- Aynan shu sababli ham pullarini oldindan berishga majbur edik.

- Har biriga 250 million so‘mdan berilgani haqiqatga yaqinroqmi?

- Yo‘g‘-e, sizga noto‘g‘ri ma’lumot berishibdi. Aytilgan miqdorning yarmi ham emas.

- Bahodir Pardayev ham barcha pullarini olib bo‘lgandi. Keyin Janubiy Koreyadan variant chiqib, jamoani tark etdi. Moliyaviy hisob-kitob ishlari qay tarzda amalga oshirildi?

- Futbolchi olgan barcha pullarini qaytarib berdi. Eng avvalo tarbiyasi zo‘r yigit ekanligini ta’kidlamoqchiman. Janubiy Koreyadan taklif kelib tushganida, jamoa bosh murabbiyi bilan birgalikda oldimga kirishdi. Ancha vaqt muhokama qilib o‘tirdik. Pardayev 30 yoshga borganligiga ishora qilib, bunday imkoniyat keyin bo‘lmasligi haqida to‘xtalib o‘tdi. Mabodo rozilik bermasam, shubhasiz jamoada qolishini izhor etdi. Oq yo‘l tilab, yaxshilikcha xayrlashdik. Olgan pullarining barchasini qaytarishini bildirdi. O‘rtada hech qanday ko‘ngilxonlik bo‘lmadi. Mana shunday tarbiyasi joyida bo‘lgan o‘yinchilarga berayotgan pullarimizdan doim rozimiz. Yil boshida safimizga kelib qo‘shilgan futbolchilarning aksariyati katta hajmdagi mehnatlarni amalga oshirishmoqda. Jamoaning yuqori o‘rinlarda turishida ham munosib hissalarini qo‘shishmoqda.

- Pardayevning xorijdagi ishlari yurishmay, ortga qaytayotganligi haqida gap-so‘zlar bo‘layotgandi. Sizlar bilan aloqaga chiqmadimi?

- Jamoamizni tark etayotganda ham aytganman: qachon ortiga qaytsa, klubimiz eshiklari doim ochiq. Janubiy Koreyaga uni taklif etgan murabbiy ishdan olingach, Pardayevning faoliyatida biroz tushunarsiz holat yuzaga kelgan. Shartnoma yil oxirigacha tuzilgan. Muddatidan ilgari ketmasligi aniqqa o‘xshab turibdi.

- Xorijdan futbolchi taklif etishda yanglishmayotgan yagona klub sifatida «Qo‘qon-1912»ni e’tirof etish mumkin. Narxi baland bo‘lmasa-da, saviyalilarini tanlashga erishmoqdasizlar.

- Rossiyadan Igor Golbanni olib kelganligimiz o‘zini oqladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston chempionatining malakali markaziy himoyachilaridan biriga aylandi. O‘tgan yili taklif etgan ikki nafar serbiyalik himoyachilarimiz ham sifat borasida hech qanday e’tiroz uyg‘otishmadi. Hozirda safimizga Rayevas qo‘shilgan. No‘’mon Hasanovning Serbiyada futbol ichida yaxshi obro‘ga ega tanishi bor ekan. Futbolchi taklif etayoganimizda hech kim o‘rtaga tushmayapti. Agentlarning xizmatiga tayanilmaydi. O‘sha inson mamlakatimiz futbolini yaxshi biladi va kimlarning o‘ynab ketishini tushunarkan. Ko‘z tegmasin, hozircha bu tomondan yanglishilmayapti. Darko Gojkovich ushbu mavsumda ham biz bilan birga. Agar unda o‘zbek pasporti bo‘lganida, bemalol milliy terma jamoada to‘p suradigan darajadagi futbolchidir. Filipp Rayevas ham chempionat boshlarida belidan jarohatga yo‘liqdi. Ukollar yordamida maydonga tushishiga to‘g‘ri keldi. Uyiga jo‘natib yubordik, davolanib qaytdi. Ikkinchi davrada avvalgi formasiga qaytishga erishsa, raqiblariga jiddiy muammo tug‘dirishga erishadi. Jarohati bilan ham boshqalardan bir kalla ustun ekanligi sezilib turdi. Raqiblarning 2-3 nafar himoyachisini sergak tortishga undayotgandi.

- Maydondan tashqarida ham boshqalarga o‘rnak bo‘la olayotganliklarini ta’kidlagan edingiz.

- Yevropaliklar ishlashdan to‘xtashmas ekan. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar ko‘p o‘tkazishadi. Jismoniy tomondan juda baquvvat yigitlar. Legioner maqomiga har tomonlama mos tushishadi.

- Ikkinchi davra o‘yinlari boshlanishi arafasida qanday his-tuyg‘ularni boshingizdan o‘tkazmoqdasiz?

- Kelasi mavsumda Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surishni ko‘zlab turibmiz. Bu yilgidagidek imkoniyat yana yuzaga keladimi-yo‘qmi, bilmadim. Birinchi davrani yaxshi saviyada o‘tkazishga erishdik.qanday ishlarni amalga oshirgan bo‘lsak, chempionatning ikkinchi qismida shularga yana ozroq qo‘shib borishimiz talab etiladi. Buning uchun jamoa a’zolariga barcha sharoitlarni ko‘ngildagidek yaratib beraveramiz. Viloyat hokimi ham klubning taqdiriga befarq emas. Eng muhimi, muxlislarimizning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

“Futbol Ekspress” gazetasidan olindi

Manba: kokand1912.uz
Kiritildi: 16:57, 02.08.2017.
O'qildi: 3345 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.