Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Xitoy - O‘zbekiston o‘yini hakami haqida

Xitoy - O‘zbekiston o‘yini hakami haqida

Baho:
+ | -

FIFA JCH-2018 saralash bosqichi «A» guruhi 9-turidan o‘rin olgan Xitoy - O‘zbekiston o‘yiniga referilar brigadasini tayinladi va uchrashuv boshlanish vaqtini belgilab berdi. Mazkur bahsni Shri-Lanka mamlakati vakillari boshqarib borishadi.

Bosh hakam vazifasini Krishanta Dilan Perera Xettikankanamge bajaradi. Unga qanotlarda Priyanga Namal Palliya Guruge Priyanga hamda Xematunga Palitxa yordam berishadi. Zaxira hakami vazifasi Prashant Rajakrishna Kuttiappa Rajarantnamga yuklatildi.

Xitoy - O‘zbekiston uchrashuvi Uxan shahridagi Wuhan Sports Center stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin mahalliy vaqt bilan 20:00 (Toshkent - 17:00)da start oladi.

Yodingizda bo‘lsa, Shri-lankalik hakam Dilan Perera 3-raundning 4-turi doirasida, 2016 yil 11 oktyabr sanasida Toshkentda «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston - Xitoy uchrashuvini boshqargandi.

O‘shanda termamiz 21503 muxlis ko‘z o‘ngida g‘alaba qozongan, har ikki jamoadan 2 nafardan futbolchi ogohlantirilgandi.

Ma’lumot uchun

Xettikamkanamge (Krishanta) Dilan Perera 1978 yil 19 sentyabrda Shri-Lankaning Kalutara shahrida tavallud topgan. 2004 yildan FIFA ro‘yxatiga kiritilgan. 2008 yilda Osiyoning elit hakamlari ro‘yxatidan joy olgan referi katta o‘yinlarga ilk marta 2008 yilda tayinlangan. 2014 yildan boshlab Osiyo Chempionlar Ligasida ishlamoqda. Shu paytgacha mazkur turnirda 20ta, JCH-2018 saralashida esa 5ta o‘yinni boshqargan.

Dilan Perera so‘nggi payt Janubiy Osiyoning eng ko‘p tilga olinadigan hakamlaridan biri bo‘lib qoldi. OFK Xitoy-O‘zbekiston bahsini turning eng muhim o‘yini deb hisoblamadi, shekilli, hakam borasida tanlovni uzoq kuttirib o‘tirmadi. Ushbu referi so‘nggi 3 yil ichida G‘arbiy va Markaziy Osiyo mintaqasida ko‘p o‘yinlarda ishladi, tajribasini oshirdi. Futbolchilar u bilan muloqotga kirishishda o‘zlarini u qadar yo‘qotishmaydi. Liberal hakam sifatida ayrim yangi qoidalarni bahs davomida tushuntirib borganiga ham guvoh bo‘lganmiz.

Janubi-SHarqiy Osiyo mintaqasi o‘yinlarini kuzatgan bo‘lsangiz, bu yerda uchrashuvlarga ko‘p tomoshabin tashrif buyuradi, translyasiyalar qilinadi, lekin futbolchilarning mahorati haminqadar. Xususan, Shri-Lanka, Nepal, Filippin kabi davlatlar futboli 50 yildan so‘ng ham hozirgi maqomidan ko‘tarilmasa kerak. Shunday sharoitda ham Osiyo mintaqasida o‘ziga xos o‘rni bor hakam bo‘lishga intilish ham katta jasorat. Biz bu fikrlar bilan Krishanta Dilan Pererani ideal hakam demoqchi emasmiz. Shunchaki, OFK terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yinga ongli ravishda saviyali referi tayinlagan, deb ishonamiz.

1 sentyabr kuni Eron - Qatar bahsida Dilan Perera faoliyatidagi eng qiyin o‘yinni o‘tkazgan bo‘lsa, ajabmas. O‘shanda u mezbonlarning uch vakilini (Ashkan Dejaga, Ramin Rizoiyon, Pejman Montazari) ogohlantirdi, o‘yin shiddatiga moslashishga intildi. Faqat uchrashuvga vaqt qo‘shib berishda biroz «hotamtoylik» qilib yubordi. Bahsdan so‘ng Qatar tomoni «Hakam eronlik futbolchilar bosimiga dosh berolmadi, shu bois o‘yinga juda ko‘p vaqt qo‘shib yubordi», deya baralla gapirishdi. Lekin qatarliklarning ayblovi bo‘yicha OFK hech qanday chora ko‘rmadi.

Worldreferee.com veb-saytida ma’lumot keltirilishicha, Dilan Perera xalqaro miqyosda klublar va terma jamoalar ishtirokida 80ta o‘yinni boshqargan. Jami 14ta penalti belgilagan, 6ta qizil, 254ta sariq kartochka ko‘rsatgan. So‘nggi marta xalqaro arenada 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Xitoy - Suriya bahsida o‘yinchini maydondan chetlatib, penalti belgilagan edi. Katta miqyosdagi musobaqalarda hozircha ishlamagan.

2016 yil 11 oktyabr kungi O‘zbekiston ishtirokidagi bahsda bevosita hakam ishtirok etgan holatlarning statistikasi bilan tanishtirib o‘tsak. Jarima to‘plari: 16-16; burchak zarbalari: 3-4; o‘yindan tashqari holat: 1-2; qo‘polliklar: 14-14; sariq kartochkalar: 2 (Islom To‘xtaxo‘jayev, 39; Server Jeparov, 69) - 2 (Jang Yuning, 79; Du Vey, 87).

Bilasizmi?

Shri-Lankadan quyidagi bosh hakamlar FIFA reestriga kiritilgan: Xettikamkanamge Dilan Perera (2004), Gamini Nivon (2010), Ponxen Xadige (2015), Ponxen Xadige Rajakrishna Prasantx (2015), Virakkodikarage Kasun Lakmal (2016).

JCH-2018 saralashi doirasida

Hakamlar. 2017 yil 1 avgust holatiga ko‘ra oladigan bo‘lsak, ayni payt qit’amizda JCH-2018 saralashi doirasida 212ta o‘yin o‘tkazildi. Mazkur bahslarni jami 65 nafar hakam boshqardi. Singapurlik Muhammad Taqi al Ja’fari eng ko‘p o‘yinda ishlagan - 8ta. Undan keyingi o‘rinda 7ta uchrashuv bilan ummonlik Ahmad Abu Bakar Said al-Kaaf bormoqda. Singapurlik Muhammad Taqi eng ko‘p sariq kartochka (27ta) ko‘rsatgan bo‘lsa, chetlatish borasida Li Min Xu (Xitoy), Benjamin Uilyams (Avstraliya), Xo Vay Sin (Gonkong), Jumpey Iida (YAponiya) boshqalardan biroz oldindalar - 2tadan. Fahad Jobir al-Marri (Qatar) va Muhammad Taqi al Ja’fari penalti belgilash borasida nisbatan ilg‘or - 5tadan.

Hamyurtlarimizdan Aziz Asimov (4ta), Ravshan Ermatov (4ta), Valentin Kovalenko (3ta), Ilgiz Tantashev (3ta) ushbu mundial saralashida ishlashgan. 9-turning muhim o‘yinlaridan biri 10-turdagi Saudiya Arabistoni - Yaponiya bahsi Valentin Kovalenkoga ishonib topshirildi. Mazkur uchrashuv bilan hakamlarimiz boshqargan o‘yinlar soni 15taga yetadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:07, 30.08.2017.
O'qildi: 10706 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.