Shu yilning 7-9 sentyabr kunlari mamlakatimiz stadionlarida milliy chempionatimiz o‘yinlari davom ettiriladi.
“Nasaf” bu turda “Olmaliq” jamoasini o‘z maydonida qabul qiladi. Uchrashuv 8 sentyabr juma kuni “Markaziy” stadionda soat 18:45da boshlanadi.
“Nasaf” bu yilgi chempionatda 18ta uchrashuv o‘tkazdi. Shularning yarmida g‘alabaga erishgan. Ikki uchrashuvda durang qayd etib, qolgan yetti uchrashuvda imkoniyatni boy bergan. Ayni paytda 29 ochko bilan turnir jadvalining 5-pog‘onasida bormoqda.
“Olmaliq” jamoasi ham joriy chempionatda 18ta o‘yin o‘tkazgan va yetti uchrashuvda g‘alabaga erishgan. Yana yetti uchrashuvda durang qayd etib, qolgan to‘rtta uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan. Hozircha ular 28 ochko bilan turnir jadvalining 8-pog‘onasida borishmoqda.
“Nasaf” - “Olmaliq” uchrashuvini FIFA referisi Olim Tolibjonov boshqaradi. Olim Tolibjonovga qanotlarda Nabiyjon Ro‘zimov va Aleksandr Burovlar yordam berishadi. Aleksandr Lupashko esa zaxira hakami sifatida ishlaydi. Uchrashuvda hakamlar ishini Alisher Abdullayev nazorat qiladi. Mazkur uchrashuvga PFL vakili sifatida Aleksey Frolov tashrif buyuradi.
Olim Tolibjonov Nasafning bu yilgi chempionatdagi uchrashuvlarini hali boshqargan emas. Navbatdagi uchrashuv dastlabkisi bo‘ladi.
“Nasaf” va “Olmaliq” jamoalari, ilk bor oliy ligada 2008 yilgi mavsumda kuch sinashgan, u paytda jamoaning nomi – OTMK edi. Ular keyingi yilgi mavsumdan boshlab o‘z nomlarini – “Olmaliq”qa almashtirishgan. Mazkur jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro ilk uchrashuv Qarshida bo‘lgan. Bunda kichik 1:0 hisobida Nasaf g‘alaba qozongan. Uchrashuvdagi yagona golni Zafar Xolmurodov kiritgan.
Shu paytgacha mazkur jamoalar o‘zaro 19 marta kuch sinashgan. Shundan o‘nta bahsda “ajdarlar” zafar quchishgan, yana yettita o‘yinda durang natija qayd etilgan. Ikkita o‘yinda olmaliqlik futbolchilar o‘z maydonida g‘alabaga erishishgan.
To‘plar nisbati quyidagicha ko‘rinish olgan – 31:17. Ustunlik “Nasaf” jamoasida.
Qarshida bo‘lib o‘tgan so‘nggi besh uchrashuv:
08.08.2016. “Nasaf” - “Olmaliq” 2:1
08.08.2015. “Nasaf” - “Olmaliq” 2:0
07.11.2014. “Nasaf” - “Olmaliq” 2:2
02.03.2013. “Nasaf” - “Olmaliq” 2:2
01.07.2012. “Nasaf” - “Olmaliq” 4:2
Qarshida bo‘lib o‘tgan to‘qqiz o‘yindan yettitasida “Nasaf” g‘alaba qozongan. Ikki uchrashuvda bir xil 2:2 durang hisobi qayd etilgan. Ko‘rib turganingizdek, “Olmaliq” jamoasi hanuzgacha Qarshida g‘alaba qozona olmagan. Qarshidagi so‘nggi durang natija esa 2013 yili bo‘lgan.
Qarshida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda mazkur jamoalar o‘rtasida eng yirik 4:0 hisobi, 2010 yili qayd etilgan. Bu uchrashuvda Ilhom Shomurodov xet-trik muallifi bo‘lgan. Kenja To‘rayev esa bitta gol kiritgan.
Viktor Kumikov boshchiligidagi “Olmaliq” jamoasi murabbiylari, ikkinchi davra oldidan o‘z jamoasi tarkibiga olti nafar o‘yinchini qo‘shib olishdi. Ularning uch nafari hujumchi, ikki nafari yarim himoyachi va bir nafari himoyachidir. Jumladan, avval “Nasaf” tarkibida faoliyat yuritgan va keyingi yillar xorijda to‘p tepgan, tajribali futbolchi Lutfulla To‘rayev ham endi “Olmaliq” a’zosiga aylangan.
O‘zingizga ma’lum, Viktor Kumikov ham “Nasaf” klubida 2009-2010 yilgi mavsumlarda bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. Viktor Balyutovich boshchiligidagi “ajdarlar” 2009 yili o‘z tarixida beshinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritishgan edi.
Jamoa to‘purarlari
Ayni paytda to‘purarlar bo‘yicha Nasafda Dragan Cheran karvonboshilik qilmoqda. U hozirgacha 10ta gol kiritgan. Shulardan 2tasini penaltidan kiritgan.
“Olmaliq” jamoasining to‘purari belorusiyalik legioner himoyachisi Vladislav Kosminin hisoblanadi. Uning hisobida 3ta gol bor.
Mazkur jamoalarning o‘rinbosarlari o‘rtasidagi uchrashuv 7 sentyabr payshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Sputnik qo‘rg‘onidagi yoshlar qarorgohi maydonida soat 17:15da boshlanadi.
Barcha futbol ishqibozlarini ana shu uchrashuvlarga taklif etib qolamiz.