Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Rossiyada to‘p surgan o‘zbekistonlik eng sara futbolchilar o‘nligi

Rossiyada to‘p surgan o‘zbekistonlik eng sara futbolchilar o‘nligi

Baho:
+ | -

Rossiya chempionatida ko‘plab o‘zbekistonlik futbolchilar faoliyat yuritishgan va hozirgacha ushbu an’ana davom etib kelmoqda. Kimdir bu ishni a’lo darajada uddalagan bo‘lsa, ayrimlarning omadi yurishmadi. Yarim yillik tanaffusdan so‘ng ijod olamiga qaytgan Sports.ru saytining «Uzbekskaya kuxnya» blogi vakillari Rossiyada o‘ynagan hamyurtlarimiz haqida maqola tayyorlashdi.

10. Valeriy Kechinov («Spartak», «Saturn», «Shinnik») - 190 o‘yin, 55ta gol

Tan olish lozimki, Kechinov Rossiya birinchiligidagi aksariyat o‘yinlarini ushbu yurt fuqaroligini qabul qilganidan so‘ng o‘tkazgan. 90-yillar boshida «Spartak» mamlakat chempionatidagi barcha sovrinlarni o‘ziniki qildi, Valeriy ruslar o‘lkasiga ko‘chib o‘tgunga qadar esa shunday aqlli va golga chanqoq o‘yinchiga ega bo‘lgan o‘zbek futbolining omadi kelgani oydinlashib qolgandi. Mutaxassislar hamda ishqibozlar uni birinchilikning eng texnikasi yuqori futbolchisi sifatida ardoqlashar, 1995 yilda NTV-Plyus kanali Kechinovga mavsumning eng chiroyli goli muallifiga atalgan sovrinni topshirgandi. Valeriy faoliyatini ancha erta, ya’ni 30 yoshida yakunladi. Bunga qadar Ramenskiy hamda Yaroslavl­da to‘p surishga ulgurdi.

 

9. Yevgeniy Safonov («Shinnik») - 73 o‘yin, 79ta o‘tkazib yuborilgan gol

Afsonaviy «Dinamo-Samarqand» safidagi daho o‘yin-chilardan biri «Shinnik» klubidan taklif oldi va keyinchalik mahalliy muxlislarga ko‘plab quvonchli damlarni tuhfa etdi. O‘sha kezlari darhaqiqat, Yaroslavlda ajoyib futbol namoyish etadigan kuchli jamoa shakllangandi. Safonov mazkur klubdagi debyut bahsidayoq darvozasi daxlsizligini saqlab, tez orada yetakchilardan biriga aylandi. Keyingi mavsumda esa «Shinnik» oliy divizion yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yevgeniy O‘zbekiston milliy termasi safida Osiyo kubogida qatnashdi. Ammo o‘sha musobaqa chorak finalidagi Bahraynga qarshi kechgan muvaffaqiyatsiz o‘yin ko‘pchilik qatori uni ham ranjitdi. Afsuski, 2006 yilgi mavsum «Shinnik» uchun omadsiz kechib, jamoa quyi ligaga ravona bo‘ldi. Tez orada Safonov mamlakatimizning ikki vakili - Aleksey Nikolayev hamda Leonid Koshelev bilan birga klubni tark etdi.

 

8. Andrey Rezansev («Okean», «Krilya Sovetov», «Shinnik») - 150 o‘yin, 2ta gol

90-yillarning eng abjir himoyachilaridan biri O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda Farg‘onaning «Neftchi» klubi safida sovringa ega chiqqach, Naxodkaga yo‘l oldi va oliy divizionda to‘p surdi. U yerda bir mavsum o‘ynagach, Samaraga borib, haqiqiy afsonaga aylandi. «Krilya Sovetov» tarkibida olti mavsum faoliyat yuritish asnosida yuzdan ortiq o‘yinda maydonga tushdi. Oxir-oqibat Rossiya chempionatida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan o‘zbekistonlik futbolchilar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Hozirda Rezansev «Krilya Sovetov» faxriylar jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

 

7. Sanjar Tursunov («Volga», «Alaniya») - 41 o‘yin, 2ta gol

Tursunovning faoliyati ham qiziq kechdi. O‘z vaqtida, «Paxtakor» bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortgach, klub uni ijara asosida boshqa jamoaga berib yubordi. O‘sha kezlari «sherlar» boshqaruvida bugun O‘zbekiston termasiga ustozlik qilayotgan Samvel Babayan ishlardi. Sanjar yana ijarada vaqt o‘tkazishni xohlamay, xorij futbolini zabt etishga astoydil bel bog‘ladi. Natijada Omskning «Irtish» klubi safiga qo‘shildi, O‘zbekistonda esa uning nomi deyarli esdan chiqqandi. Keyinchalik Nijniy-Novgorodning «Volga»siga o‘tganidan keyin kutilmaganda Tursunovning mamlakat termasiga chaqirilishi haqida gap-so‘zlar urchidi. Tezkor yarim himoyachi haqiqiy yetakchilik salohiyatini ko‘rsatib, jamoasi bilan RFPL yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston milliy termasidan chaqiruv oldi. Shundan so‘ng «Volga» qarzga botdi, bankrotlik xavfi tug‘ildi va Sanjar «Alaniya»ga ko‘chib o‘tdi. Taqdir taqozosi bilan bu klub ham inqirozga yuz tutdi. Shunisi aniqki, chaqqon vinger avvalgi jamoasidagi ishtiroki tufayli mahalliy muxlislar yoqimtoyiga aylanib ulgurgandi.

 

6. Vadim Afonin («Orenburg», «Anji») - 33 o‘yin, 1ta gol

Valeriy Karpin yoqtirgan o‘yinchilardan biri 2000 yillar o‘rtalarida O‘zbekiston chempionatida o‘z o‘rnini topolmagach, «Rubin»ga o‘tdi. O‘sha kezlari Qozon klubida osiyolik futbolchilarni taklif qilib, ularni ko‘rikdan o‘tkazish urfga kirgandi. Vadimdan tashqari bu jamoada Sardor Mirzayev, Bahodir Nasimov, Vagiz Galiulin, Ayubxon Gapparovlar ham o‘z imkoniyatlarini kutishayotgandi. Gapparov o‘zini ko‘rsatolmadi, Mirzayevning ishi qovushmadi, Galiulin kamdan-kam o‘yinlarda maydonga tushar, Afonin esa atigi bitta bahsda «Rubin» «zayavka»siga kiritilgandi. Keyinchalik Vadim Belgorodga borib, mahalliy «Salyut» klubida haqiqiy salohiyatini ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay «Gazovik» (hozirgi «Orenburg») bilan yuqori marralarni ko‘zladi. 2016 yili Afonin FNLning eng yaxshi yarim himoyachisi, deb tan olindi. «Orenburg»da o‘z pozisiyasiga mustahkam o‘rnashdi, biroq jamoa baribir, saralash bahslarida omadsizlikka uchradi. Legionerimiz esa tez orada «Anji» safiga qo‘shildi.

5. Vladimir Maminov va Oleg Pashinin («Lokomotiv») - ikkisida umumiy hisobda 496 o‘yin, 33ta gol

2000 yillar boshida Syomin bosh murabbiyligidagi «Loko» safida to‘p surgan mahoratli futbolchilar o‘z vaqtida tajribali mutaxassis Vladimir Salkovning taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilib, termamiz libosini kiyishgandi. Asosiysi, ular o‘z ishtiroklari bilan muxlislarni xursand qilib, chin ma’noda, haqiqiy o‘zbekistonliklarga aylanib ulgurishgandi. Vladimir hamda Olegning mamlakatimiz bosh jamoasi safiga qo‘shilishgani to‘g‘risidagi xabar, hattoki, Ja’far Irismetovning «Spartak» safiga o‘tishi haqidagi yangilikdan ham qiziqroq tuyulgandi. Keyinchalik har ikki futbolchi o‘z klublariga sodiq qolishdi. Ayni payt Pashinin «Loko»da Yuriy Syominga yordamchilik qilmoqda, Maminov esa avgust oyi oxirlarida «Tyumen»ga bosh murabbiy etib tayinlandi.

 

4. Andrey Akopyans («Rostov») - 117 o‘yin, 5ta gol

Toshkentda tug‘ilib o‘sgan yarim himoyachi 90-yillarda o‘z tengdoshlari orasida mamlakatning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan. 1999 yili u O‘zbekistonda tengsiz o‘yinchi nomiga loyiq ko‘rildi va shu tariqa xorij chempionatlarini zabt etish vaqti kelganini anglab yetdi. Ko‘p o‘tmay unga o‘sha pallada «Rostselmash» deb nomlangan klubdan taklif tushdi. Keyinchalik Akopyans «Futbolniy kuryer» gazetasiga bergan intervyusida «Chig‘atoy» futbol maktabiga otasining tanishi direktorlik qilgani, aynan uning tashabbusi bilan o‘qishga qabul qilinganini aytgandi. Yaxshiyamki, shu voqea ro‘y bergan ekan, aks holda, biz mahoratli futbolchining ajoyib o‘yinlaridan bahramand bo‘lolmasmidik...

3. Vitaliy Denisov («Lokomotiv») - 112 o‘yin, 1ta gol

Moskva «armiyachilari» tarkibida UYEFA kubogi sohibiga aylangan himoyachi asosiy tarkibda deyarli ko‘rinish bermay, faqatgina 7 marta «zayavka»ga kiritilgandi. Keyinchalik «Dnepr»da yuqori saviyali o‘yin namo-yish etgan Denisov ko‘p o‘tmay Rossiya poytaxtiga qaytib, «Lokomotiv» ishqibozlarining sevimli futbolchisiga aylandi. Buni qanday uddalashini bilmadik-ku, lekin Vitaliy qayerda o‘ynamasin, maydonda katta hajmdagi ishni bajarishi orqali dovruq qozongan. Muxlislar esa uning nomini doimo hurmat bilan tilga olishadi. Vaholanki, boshida Denisovning ishlari unchalik yurishmagandi. «Zenit»ga qarshi kechgan bahsda braziliyalik Xalk unga bir zum tinchlik bermagani yodimizda, lekin ko‘p o‘tmay Vitya Rossiyaga katta umidlar va ulkan maqsadlar bilan qaytganini isbotladi. Oxir-oqibat u «Lokomotiv» himoyasining mustahkam qo‘rg‘oniga aylanib, asosiy tarkibga muqim joylashdi. Endi Denisovga to‘laqonli muvaffaqiyat uchun faqatgina terma jamoa tarkibida jahon chempionatidagi ishtirok yetmayapti. Bu albatta, alohida mavzu va u haqda boshqa safar bafurja suhbatlashamiz.

 

2. Odil Ahmedov («Anji», «Krasnodar») - 153 o‘yin, 9ta gol

Odilni bemalol so‘nggi yillardagi O‘zbekistonning eng aqlli futbolchisi, deb atasak aslo mubolag‘aga yo‘ymang. Garchi bugungi kunda xorijdagi faoliyati orqali katta maosh olsada, juda kamtar. Tohir Malik asarlarini sevib o‘qiydi, og‘ir-bosiq, oilaparvar. Ahmedov yulduzli «Anji»da to‘p surgan kezlariyoq o‘zining mehnatsevarligi bilan matbuot va ekspertlar e’tiborini o‘ziga qaratgandi. Aleksandr Viktorovich Bubnov ushbu futbolchimizning top-klublarda ham bemalol o‘ynab ketishi mumkinligini ta’kidlagandi. Ha, rossiyalik mutaxassis bu borada haq gapni gapirgan. Mahachqal’a jamoasi inqirozga yuz tutgach, hamma yulduzlar boshqa klublarga ko‘chib o‘tishdi, faqat Ahmedov klubiga sodiq qoldi va bu hol ko‘pchilikni ajablantirdi. O‘zbekiston milliy jamoasining bugungi kundagi sardori va haqiqiy yetakchisi «Anji» rahbariyatiga faoliyatining bu qismidagi qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchiligini shu tariqa namoyish etdi. Ko‘p o‘tmay, «Krasnodar» uni o‘z safiga qo‘shib olgach, Odil bu yerda ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Qizig‘i, ayni payt Xitoyda o‘ynayotgan yarim himoyachi RFPLga qaytish ehtimoli kam ekanini ta’kidladi.

 

1. Mirjalol Qosimov («Spartak-Alaniya», «Krilya Sovetov») - 169 o‘yin, 39ta gol

Birinchi o‘ringa boshqa futbolchi qo‘yilganda biroz g‘alati tuyulardi. Mirjalol Qosimov bugungi kunda ham maydon markazida o‘yinni tashkillash bo‘yicha haqiqiy namuna, ibrat hisoblanadi, jarima zarbalarini ijro etish borasida esa na Roberto Karlos, na Juninyo Pernambukano unga teng kela oladi. Qosimov - yevrokuboklarda to‘p kiritgan ilk o‘zbek futbolchisi. «Liverpul» darvozasi qanday ishg‘ol qilingani hamon yodimizda. Valeriy Gazzayevning fikricha, u «Alaniya»ning asosiy figuralaridan biriga aylanishi lozim edi, yakunda shunday ham bo‘ldi. Uning ijrosidagi uzatmalar hamisha manzilga to‘g‘ri borgan, Qosimov maydondagi holat noqulaylik tug‘dirgan kezlari ham o‘yinga shiddat qo‘shishni uddalagan. Sehrli chap oyog‘ida yo‘llagan zarbalari g‘ayrioddiy trayektoriya bo‘ylab harakatlanardi. Vladikavkaz klubining hujumkor yarim himoyachisi o‘z vaqtida chempionat to‘purarlari ro‘yxatini boshqargan. Turli holatlarda gol urardi: o‘yindan, penaltidan, jarimadan, hattoki, burchak zarbalaridan ham.

Manba: sports.ru
Kiritildi: 20:41, 06.09.2017.
O'qildi: 12483 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.