Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Son Xyon Min: «O‘zbekistonga omad kulib boqmadi»

Son Xyon Min: «O‘zbekistonga omad kulib boqmadi»

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO / Futbolchilar
Rukn: Intervyular

Janubiy Koreya terma jamoasi JCH-2018 3-saralash bosqichining oxirgi ikkita o‘yinida durang o‘ynab, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu chinakamiga omadning kulib boqqani emasmi?

Yaqindagina terma jamoaga tayinlangan yangi bosh murabbiy Shin Te Yong ikkita o‘yinda 0:0 hisobida durang o‘ynab, koreyaliklarni JCH-2018 final bosqichiga olib chiqdi.

Bu murabbiy qo‘l ostida Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasi to‘rt yillikning oxirgi eng nufuzli musobaqasida ham ishtirok etgandi. Endi Shin Te mamlakat milliy terma jamoasini ham mundialga olib chiqishning uddasidan chiqdi.

Janubiy Koreya terma jamoasi o‘z tarixidan ketma-ket to‘qqizinchi marotaba jahon chempionatining final bosqichida qatnashadi. Biz uchrashuvdan so‘ng mehmonlarning yulduz futbolchisi Son Xyon Minni savollarga tutdik.

- Avvalo, sizni va jamoadoshlaringizni mundial chiptasining qo‘lga kiritilgani bilan tabriklaymiz...

- Tabrik uchun rahmat va stadionda ajoyib futbol muhitini yarata olgan muxlislarga jamoadoshlarim nomidan alohida minnatdorchilik bildiraman. Haqiqatan ham, stadionda 90 daqiqa davomida ajoyib atmosfera hukmron bo‘ldi. Shu o‘rinda yarim tun bo‘lishiga qaramay, bugungi o‘yinni tomosha qilgan vatandoshlarimizga ham rahmat aytmoqchiman. Saralashning bir nechta o‘yin-larida ularning ishonchlarini oqlay olmadik. Avvalgi saralashlar bilan taqqoslaganda, ko‘p ochko yo‘qotdik. Buning natijasida JCH-2018 final bosqichiga chiqish imkoniyatlarimiz pasayib ketgandi. Taqdirni qarangki, yakunda omad bizga kulib boqdi va terma jamoamiz ketma-ket to‘qqizinchi marotaba jahon chempionatining final bos­qichida ishtirok etadi.

- Jamoa bir-biriga o‘xshamagan ikkita bo‘lim o‘tkazdi. Buning sababi nimada?

- Birinchi bo‘limda tashabbusni ko‘proq mezbonlarga berdik va o‘z baxtimizni qarshi hujumlardan izladik. Ikkinchi bo‘limda esa birinchi raqamli jamoa bo‘lib harakat qilishga urindik. Qaysidir ma’noda bunga erishdik ham. Aniq ayta olaman, biz maydon egalariga qaraganda ko‘proq xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Lekin ulardan foydalanishga kelganda oqsadik. Hatto deyarli ochiq qolgan darvozaga ham to‘pni kirita olmadik. Bu psixologiya bilan bog‘liq holat. O‘rtaga JCH-2018 final bosqich chiptasi qo‘yilgandi. Shundan ham bo‘lsa kerak, o‘yinimiz o‘zimiz xohlaganchalik chiqmadi. Endi Rossiyadagi jahon chempionatiga qadar oldinda 9 oydan oshiqroq vaqt bor. Reja asosida tayyorgarlik ko‘rishda davom etamiz.

- Jamoaning hujumdagi ishlari yurishmayapti. Bu nima bilan bog‘liq holat?

- Hujum chizig‘imizda tajribali futbolchilar yetarli. Shu ma’noda buni tajribasizlikka yo‘ymagan bo‘lardim. Bunda har xil vaziyatlar bo‘ladi. Qaysidir holatlarda raqib himoyachilari bunga yo‘l qo‘ymaydi.

- O‘zbekiston terma jamoasi ko‘rsatgan o‘yin haqida nima deya olasiz?

- Men bu savolga batafsil javob bera olmayman. Chunki jamoadagi holat ko‘proq murabbiylarga ayon. Tarkibni ular tayinlashadi, o‘yinga taktikani ham murabbiylar belgilashadi. Tajribali hamda yosh futbolchilar uyg‘unligi asosida tarkib topgan jamoa. Terma jamoangiz tarkibida alohida individual tomondan kuchli futbolchilar bor. Baribir ularning maydondagi harakatlari ajralib turibdi. Lekin bu oqshom avvalgi saralash bosqichidagi o‘yinlarda bo‘lgani kabi jamoangizga omad kulib boqmadi.

- Guruhimiz haqida umumiy xulosalaringiz qanday bo‘ldi?

- Men saralashning bu bosqichiga qur’a tashlangan paytdayoq guruhimizning kuchli ekanligi haqida fikr bildirgandim. Amalda ham shunday bo‘lib chiqdi. Bir-biriga munosib, deyarli teng kuchli jamoalar jam bo‘lgandi. Kurash oxirgi turga qadar davom etdi. Guruhdagi yakuniy holat ham fikrimga isbot bo‘la oladi. Nasib qilsa, Rossiyadagi jahon chempionatida nafaqat o‘z mamlakatimiz, balki Osiyo qit’asi sharafini munosib himoya qilishga astoydil intilamiz. O‘zbekiston terma jamoasiga esa keyingi faoliyatida omad tilayman.

- J.Koreya uchun uchinchi saralash bosqichidagi eng qiyin o‘yin qaysi bo‘ldi?

- Jahon chempionatiga muddatidan avval yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Eron terma jamoasiga qarshi kechgan ikkala o‘yin murakkab va qiyin kechdi. Bu galgi saralashda Eron terma jamoasi kuchli o‘yin namoyish etdi. Buni ham tan olish kerak. Albatta, O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘tkazilgan o‘yinlar ham yengil kechmadi. Ayniqsa, bugungi uchrashuvda ancha qiyinchilikka duch keldik. Bu yerda o‘yinning maqomini ham unutmaslik kerak. Axir o‘rtaga mundial chiptasi qo‘yilgan edi. Shuningdek, Suriya ham guruhimizdagi jamoalarga yaxshigina boshog‘rig‘i bo‘ldi. Yakunda yo‘llanmalardan biri bizga nasib etganidan xursand bo‘ldik va Seulga yaxshi kayfiyatda qaytamiz. Sizlarga esa iliq qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:29, 08.09.2017.
O'qildi: 6512 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.