17 sentyabr kuni Ashxobod shahrida Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Hozirda Turkmaniston poytaxtida mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun so‘nggi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, musobaqada birinchi marta 64 mamlakat vakillari ishtirok etishadi. Ularning 45 tasini Osiyo davlatlari tashkil etsa, Okeaniya mintaqasidan ham 19 ta mamlakat vakillari Ashxoboddagi musobaqada o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi.
Ta’kidlash lozimki, birinchi marta mazkur musobaqa 2005 yilda Bangkok (Tailand) da tashkil etilgan bo‘lib, 2007 yilda yopiq inshootlardagi II Osiyo o‘yinlariga Makao mezbonliq qilgan. Oradan ikki yil o‘tgach, 2009 yilda musobaqani endi Vyetnam o‘zida qabul qilgan. IV Osiyo o‘yinlariga kelib musobaqa xuddi Olimpiya sikli kabi har to‘rt yilda bir marta tashkil etiladigan bo‘ldi va 2013 yilda Janubiy Koreyaning Inchxon shahri mezbonlik qilgan musobaqa dasturiga jangovor san’at turlari ham kiritildi.
Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari dasturidan 21 ta sport turi o‘rin olgan bo‘lib, bular: shaxmat, futzal, tennis, muay-tay, sambo, kurash, djiu-djitsu, bouling, velopoyga (trek), suzish (50 metrlik basseynda), yengil atletika, og‘ir atletika (pauerlifting), basketbol, taekvondo (WTF), sport raqslari, kikboksing, belbog‘li kurash, sport kurashlari (erkin va yunon-rum), bilyard, konkur va Turkman milliy kurashi - goresh sport turlaridir. O‘zbekiston delegasiyasi musobaqada bilyarddan boshqa barcha – 20 ta sport turida ishtirok etadi.
Ashxobodga jo‘nab ketadigan umumiy delegasiyamiz soni 264 kishini tashkil etgan bo‘lib, ulardan 189 nafari sportchilardir. Demak, o‘z o‘zidan ko‘rinib turibdiki Turkmaniston poytaxtidagi nufuzli musobaqada O‘zbekiston eng katta delegasiyalardan biri bo‘ladi.
Delegasiyamiz tarkibidan yurtimiz sport muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan sportchilar, Olimpiya va Osiyo o‘yinlari ishtirokchilari, jahon va qit’a chempionatlari sovrindorlari joy olishgan. Rustam Djangabayev, Ivan Yefremov, Farxodbek Sobirov, Doston Yoqubov, Kumushxon Fayzullayeva, Muattar Nabiyeva (og‘ir atletika), Elmurat Tasmuratov, Ixtiyor Navro‘zov, Bekzod Abdurahmonov, Mo‘minjon Abdullayev (sport kurashlari), Niyaz Po‘latov, Valentin Xegay, Umida Abdullayeva, Svetlana Osipova (taekvondo), Farrux Do‘stov, Sanjar Fayziyev, Arina Fols (tennis), Gulruxbegim Tohirjonova, Nodira Nodirjonova, Sarvinoz Qurbonboyeva (shaxmat), Rustam Umarov, Konstantin Sviridov, Artur Yunusov, Dilshod Rahmatov (futzal), Nadiya Dusanova, Valentina Kibalnikova, Aleksandra Yurkevskaya (engil atletika) ana shular jumlasidandir.
Nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida 2014 yildan e’tiboran Ashxobodda yangi qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasida bir necha yirik Xalqaro musobaqalar sinov tariqasida o‘tkazildi. Jumladan 2014 yilning 19-24 noyabr kunlari belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionati, 2016 yilda 26-30 may kunlari sambo bo‘yicha Osiyo chempionati, 25-29 iyun kunlari Turkman goreshi va belbog‘li kurash bo‘yicha Osiyo chempionati, 16-24 sentyabr kunlari 18 yoshgacha bo‘lgan tennischilar o‘rtasida Xalqaro turnir, 23-26 sentyabr kunlari yengil atletika bo‘yicha Xalqaro turnir, 4-7 noyabr kunlari ayollar va erkaklar o‘rtasida 3x3 formatidagi basketbol bo‘yicha Xalqaro turnir va nihoyat o‘tgan yilning dekabrida djiu-djitsu bo‘yicha Osiyo chempionati aynan Ashxoboddagi Olimpiya shaharchasida yuqori saviyada tashkil etildi.
Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari 17-27 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Musobaqada ishtirok etuvchi O‘zbekistonning asosiy delegasiyasi Turkmaniston poytaxtiga 15 sentyabr kuni jo‘nab ketadi. O‘z navbatida biz hamyurtlarimizga Ashxobod arenalarida omad va muvafffaqiyatlar tilaymiz va yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishlarini yaratgandan so‘rab qolamiz.