Germaniya bundesligasining navbatdagi turida «Gerta» va «Verder» jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishdi. Bu uchrashuvning o‘ziga xosligi shundan iboratki, unda bundesliga tarixida ilk bora ayol hakam ishladi.
Gap polisiyaning 38 yoshli xodimi Bibiana Shtaynxaus haqida ketmoqda. 2007 yildan buyon hakamlik qiladigan Bibianada erkaklar futbolida ishlash tajribasi yetarli.
Bungacha u ikkinchi bundesliganing 80ta uchrashuvini boshqargan. Shuningdek, mamlakat kubogi bahslariga ham tayinlangan. FIFA rasmiy sayti Germaniya elitasidagi debyutini o‘tkazgan Shtaynxausdan intervyu oldi.
Bundesligani kuzatib boradigan muxlislar uning Pep Gvardiola bilan bog‘liq lavha tufayli mashhur bo‘lib ketganidan xabardorlar. O‘shanda Shtaynxaus to‘rtinchi hakam sifatida ishtirok etgan, ispaniyalik mutaxassis esa hakamga e’tirozini aytmoqchi bo‘lgandi.
Ammo qarshisida ayol turganini ko‘rgan Gvardiola avvaliga istehzo aralash salomlashib, so‘ngra qo‘lini Bibiananing yelkasiga qo‘yishga uringan. O‘shanda qahramonimiz o‘zini juda jiddiy tutib, mashhur murabbiyning mazax qilishiga yo‘l qo‘ymagandi. Keyin esa, «Bavariya» ishtirokidagi kubok o‘yinlaridan birida ro‘y bergan hodisa orqali dovrug‘i yanada ortdi. Vaziyatlarning birida jarima zarbasini ijro etishga tayyorlanayotgan Frank Riberi hakamning oyoq kiyimidagi iplar yechilib ketganini ko‘rib, uni bog‘lab qo‘yishga intiladi. Hazilga jiddiy e’tibor qaratmagan Shtaynxaus bu safar ham o‘zini munosib tutgan.
Bibiana hozir 38 yoshda. O‘smirligida futbolchi bo‘lishni istagan, ammo to‘p surish orqali muvaffaqiyat qozona olmagach, 16 yoshida hakamlik sohasiga kirib keladi. Bu olamga kirib kelishida professional referi sifatida faoliyat ko‘rsatgan otasining ham hissasi katta ekanini e’tirof etish joiz. Yana bir qiziq voqea 2015 yili «Fortuna» futbolchisi Karim Demirbay bilan sodir bo‘lgan. Bibianadan qizil kartochka olgan yarim himoyachi unga futbolda ayollarga o‘rin yo‘qligini aytadi. Bu haqorat liga tomonidan juda jiddiy e’tiborga olinib, Demirbay 5ta o‘yinga diskvalifikasiya qilindi.
Bibiana Shtaynxaus hali turmush qurmagan, ammo bizga yaxshi tanish angliyalik sobiq hakam Xovard Uebb bilan munosabatlari ancha yaqin.
- Bundesligadagi dastlabki uchrashuvingiz bilan tabriklaymiz. Nima deb o‘ylaysiz, o‘tgan yillardagidan ko‘ra yaxshiroq hakamlik qilyapsizmi?
- Katta rahmat. Hakamlar butun faoliyatlari davomida o‘sib borishadi. Menda ko‘p yillik tajriba bor.
- Nozik jins vakili ekaningiz faoliyatingizga ta’sir o‘tkazmasmikan?
- Ayol ekanligim ishimga umuman xalaqit bermaydi. Hakamlarni ma’lum kriteriyalar asosida tanlab olishadi. Shu o‘rinda aytmoqchimanki, Hindistonda bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida maydondagi to‘rt hakamdan biri ayol bo‘ladi.
- Ayol hakam bo‘lganingiz uchun yillar davomida qandaydir negativlarni his qilganmisiz?
- Negativ - bu noto‘g‘ri so‘z. Har bir tajriba shaxs va hakam sifatida ko‘p narsalarni o‘rganishimga zamin yaratadi.
- O‘z usulingizga qanday baho berasiz?
- Maydondagi harakatlarim va qarorlarim bilan o‘zimni ko‘rsatishga intilaman.
- O‘yinlarga alohida tayyorgarlik ko‘rasizmi?
- Turli hakamlar uchrashuvlarga turlicha taraddud ko‘rishadi. Bu ikki variant ham menga yaxshi tanish. Umuman olganda, har doim shay turishga intilaman. Intensiv tayyorgarliklar bo‘lajak o‘yinga tayyor bo‘lishimni ta’minlaydi.
- Siz 2011 yili ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati finalini boshqargansiz. Shuningdek, 2012 yili Olimpiya o‘yinlarining ayollar o‘rtasidagi futbol musobaqasida ishlagansiz. Shu turnirlardan qanday taassurotlar olgansiz?
- Men nafaqat hal qiluvchi o‘yinlar, balki butun musobaqadan ajoyib taassurotlar bilan qaytganman. Ushbu turnirlarda malakali hakamlar brigadalari ish olib borishgan. Biz o‘zaro tajriba almashganmiz.
- Ayrimlar hakamlarning jamoaviy ruhiyati haqida gapiradi. Lekin ko‘pchilik maydondagi bosh hakamni yolg‘iz bo‘riga qiyoslaydi...
- Umuman olganda, maydonda to‘rt nafar hakam ko‘rinadi. Aslida esa, biz katta jamoamiz. Futbolchilar, murabbiylar, mutasaddilar. Maqsadimiz - o‘yinchilarga qulay sharoitlarni yaratib berish. Odatda tomoshabin yordamchi hakamlar emas, faqat bosh hakamga e’tibor qaratadi.
Hakamlik ham jamoaviy ish. To‘g‘ri qaror qabul qilish uchun birgalikda ish olib borishimiz kerak. Aytaylik, o‘yindan tashqari holatni bosh hakamning o‘zi aniqlay olmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, butun jamoa hamjihatlikda ishlashi talab etiladi.
Ja’farali tayyorladi