Shanba kuni qayta ta’mirlangan «Lujniki» stadionining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda FIFA rahbari Janni Infantino ham qatnashdilar.
Ma’lumki, JCH-2018 paytida «Lujniki» musobaqaning asosiy arenasi bo‘ladi. Mahalliy jurnalistlar fursatdan foydalanib, marosim ishtirokchilari Dmitriy Sichyov, Dmitriy Sennikov va Roman Zobnin kabi futbolchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi.
Roman Zobnin («Spartak» Moskva klubi futbolchisi):
- Bu yerda birinchi marta bo‘lishim. Shunday zo‘r arenani Yevropada ham, boshqa joyda ham ko‘rmaganman.
- Rostdanmi? Hattoki, «Spartak»niki ham yoqmaydimi?
- «Spartak» stadionining hajmi kichikroq. 80 minglik arenalar orasida «Lujniki» eng zo‘ri.
- Birinchi o‘rinda qanday o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi?
- O‘rindiqlar. Tribunalar maydonga yaqinlashgan.
- Sog‘lig‘ingiz qanday?
- Yaxshi.
- «Spartak» shifokorlarining aytishicha, «jang»ga tayyor ekansiz. Lekin tibbiyot xodimlari sizni ushlab turishgan ekan. Shundaymi?
- Hozir umumiy guruhda shug‘ullanishga tayyor emasman. O‘ylashimcha, yana bir oy shunday holatda tayyorlansam kerak.
---------------------------------------------------
Dmitriy Sennikov (sobiq futbolchi):
- «Lujniki»ni jahon chempionatiga tayyor holatda ko‘rish yoqimli. Yugurish yo‘lakchalari yo‘qolgan. Oldinlari stadionda boshqa musobaqalar ham ko‘p o‘tkazilardi. Endilikda faqat futbol arenasiga aylangan.
- Hozirgi Rossiya terma jamoasi haqida qanday fikrdasiz?
- Umid qilamiz va ishonamiz. O‘zgarishlar bor. Har holda jamoani o‘tgan yili tashkil qilishdi. Shunga bo‘lsa kerak, bir-birini tushunmaslik ko‘zga tashlanib qolgandi. Konfederasiyalar kubogidan keyin esa jamoaning o‘zagi vujudga keldi. Umid qilamanki, termamiz JCH-2018gacha jangovar kayfiyatda bo‘ladi.
- Xorij terma jamoalaridan qay birini Rossiya maydonlarida ko‘rishni istardingiz?
- Albatta, favoritlarni: Germaniya, Italiya, Braziliya, Argentina. Shuningdek, MDH jamoalaridan birortasini.
---------------------------------------------------
Dmitriy Sichyov («Kazanka» klubi futbolchisi):
- Ajoyib stadion. Boshqa olamga kelib qolgandek bo‘ldim.
- Eski «Lujniki»da ko‘p o‘ynagansiz. O‘zgarishlar kattami?
- Juda katta. Aytyapman-ku, boshqa olamga kelib qolgandekman. Birinchi o‘rinda yugurish yo‘lakchalarining yo‘qligi ko‘zga tashlanadi.
- O‘zingiz bu stadionda professional futbolchi sifatida o‘ynashni istarmidingiz?
- Hammasini hayot ko‘rsatadi.
- Xorij terma jamoalaridan qaysilarini jahon chempionatida ko‘rishni istaysiz?
- Birinchi o‘rinda - Fransiya. Shuningdek, Argentina va Braziliyani.
- Gollandiyanichi?
- Agar gollandlar musobaqaga kelishmasa, bu voqea mundial uchun yo‘qotishga aylanishi muqarrar.