Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Jonlanaver, Oliy liga «intriga»si

Jonlanaver, Oliy liga «intriga»si

Baho:
+ | -

Bu yil milliy chempionatimiz oliy ligasida oltin medal yo‘lida «intriga» qolmagani haqidagi gap-so‘zlar baralla yangraganiga ancha bo‘ldi-yov.

Hali birinchi davra tugamay turib, «Lokomotiv» katta ustunlik bilan oldinga chiqib olgach, chempionlik kurashi bo‘yicha tortishuvlar tobora pasayib bordi va sof ikkinchi darajali masalaga aylanib qoldi, harqalay. Yaqin-yaqingacha ham asosiy kurash 2-o‘rin uchun kechishi bot-bot ta’kidlanayotgandi.

Ammo endi umumiy holat nisbatan o‘zgardi. To‘g‘ri, ayni payt ham turnir jadvali «kumush» yo‘lida kurash keskin tus olishiga dalolat bermoqda. Chunki bir yo‘la 4ta jamoa - «Nasaf», «Paxtakor», «Buxoro» va «Bunyodkor» hisobida 38tadan ochko bor.

Eng muhimi, shuning barobarida oliy ligaga «oltin talvasasi» qaytayotgandek. Ha, bundan 2ta tur oldin ham bosh masala hal etilgandek ko‘rinayotgandi. Ammo «Lokomotiv»ning ketma-ket 2ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashi chempionlik kurashi birozgina jonlanishiga sabab bo‘ldi.

Xullas, endi 2-o‘rinni ko‘zlab turgan jamoalarning ishtahasi ochilib, chempionlikka umid bog‘lashi hech gap emas. Buning uchun avvalo,  «Paxtakor» va «Nasaf»ga rahmatnoma yo‘llash lozim.

Axir aynan shu ikki klub «oltin»ni naqd qilgani deyarli oydinlashgan «Loko»ni yengish asnosida uning tinchini biroz buzdi.

FAVORITGA NIMA BO‘LDI?

Ha, «Lokomotiv» o‘tgan hafta «Paxtakor»ni qabul qilib, kichik hisobli mag‘lubiyatni tan oldi. Uchrashuv qaysidir tomonning sezilarli ustunligi ostida kechganini aytishga asos yo‘q. Chunonchi, har ikki klub g‘alabani ko‘zladi va imkon qadar tirishdi. Odatda markaziy o‘yinlar taqdirini kichik jihatlar hal qiladi. «Lokomotiv» - «Paxtakor» to‘qnashuvida bu tushuncha yana bir karra tasdiqlandi - yagona gol standart vaziyatdan so‘ng urildi. Bu vaziyatda Marko Simich qanday harakatlanganini esa futbol darsliklariga qo‘shib qo‘yish kerak. Umumiy xulosani aytganda, «Lokomotiv» garchi mavsumni yaxshi o‘tkazayotgan bo‘lsada, bevosita raqobatchilariga qarshi o‘yinlarda muammolarga duch kelmoqda. «Temiryo‘lchilar» joriy chempionatda «Bunyodkor» va «Nasaf»dan yengilishgandi, endi «Paxtakor»oldida ham mag‘lublik qismatiga duch kelishdi. Agar chempionlik taqdiri aynan shunday uchrashuvlarda hal bo‘lishi va «Loko» so‘nggi turda «Bunyodkor» bilan bahslashishini inobatga olsak, kim biladi, balki oliy liga finishi hali chinakam keskin kurash taqdim etar. Hozircha esa peshqadam va ta’qibchilarni 7 ochkolik farq ajratib turibdi.

KVARTET - AJOYIB MANZARA

Avvalgi hafta kuchli uchlikka kirish uchun kurash olib borayotgan jamoalar uchun ancha omadli keldi. To‘g‘rirog‘i, «Buxoro»ni hisobga olmaganda, boshqa da’vogarlar g‘alaba qozonish evini topishdi. Xususan, Samarqandda «Dinamo»ga qarshi maydonga tushgan «Bunyodkor» 2:0 ko‘rinishida ustun kelib, mag‘lubiyatsiz seriyasini 8ta o‘yinga cho‘zdi. «Nasaf» esa sho‘rlik «Obod»ni Toshkentda tennischa hisob bilan «siyladi». O‘z darvozasidan naq 6 marta to‘p olib chiqqan Andrey Demchenko jamoasining elitada darhaqiqat, sanoqli kunlari qolgan ko‘rinadi. E’tibor bering, «obodchilar» ikkinchi davra doirasidagi 7ta o‘yinning barchasida mag‘lubiyatga uchrashdi. Umuman, «Obod» naq 11ta turdan buyon ochko nimaligini bilmayapti. Tabiiyki, bunday noxush statistika egasi uchun oliy liga juda katta dabdaba hisoblanadi. Ha, aftidan «Obod»ning yana birinchi ligada malaka oshirgani ma’qul, shekilli. Taqvimga qarab, mavsum oxiri «Buxoro» uchun og‘ir kelishini avvalgi sharhlarimizda ham taxmin qilgandik. 22-turda bu fikr bejiz emasligi tasdiqlandi - buxoroliklar yana o‘ta qimmatli 2 ochkoni boy berishdi. Bilasiz, Muborak va Buxoro shaharlari o‘rtasidagi masofa u qadar katta emas, nari borsa,  80 chaqirim. Shu boismi, «Mash’al» va «Buxoro» qarama-qarshiligi norasmiy derbi hisoblanadi va ularda mudom murosasizlik ufurib turadi. Misol uchun, bu galgi uchrashuvda «Mash’al» g‘alabaga juda yaqin keldi. Zero, muborakliklar hisobni ochishdi va o‘yin bobida ham chakki ko‘rinishmadi. Ammo  Ivan Nagayev 78-daqiqada penaltini aniq amalga oshirib, «Buxoro»ning ortga loaqal bir ochko bilan qaytishini ta’minladi. Fakt shuki, Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari ketma-ket ikkinchi marta qimmatli 2 ochkodan mahrum qolishdi va 2-o‘rinni bo‘shatishdi. Darvoqe, Muborakdagi sulh bilan «Mash’al»ning ham, «Buxoro»ning ham mag‘lubiyatsiz seriyasi 8ta o‘yinga yetdi.

O‘RTA BO‘G‘INDA NIMA GAP?

Bilasiz, «Qo‘qon-1912» uzoq vaqt davomida peshqadamlar safida bordi. Ammo omad bir ketsa, ketaverar ekan-da. Mana, No‘’mon Hasanov jamoasi oxirgi 3ta turda g‘alaba qozonolmadi va birdaniga o‘rta bo‘g‘in vakiliga aylandi. Boz ustiga, qo‘qonliklar o‘tgan hafta «Metallurg» maydonida raqibga aytarli qarshilik ham ko‘rsatolmadilar - 0:3. Natijada yaqinda ham 2-o‘rinda viqor to‘kib turgan jamoa 7-pog‘onaga siljidi. Ammo hali imkoniyat bor - «Qo‘qon-1912» sovrinli o‘rinlar uchun kurashga qaytishi mumkin. Faqat jamoa buning uchun avvalgi kurashuvchanlik xislatini namoyish etishi lozim. «Sho‘rtan» - «Navbahor» to‘qnashuvida gollar shousi kuzatildi - 3:3. Bu uchrashuvning o‘ziga xos tomoni shuki, bosh hakam - Olim Tolibjonovning ishi nazoratchi tomonidan «2» bahoga loyiq ko‘rildi. Rustam Bobomurodov hakamlikdan umrbod chetlatilgach, bu holat ham muxlislarda alohida e’tibor uyg‘otishi turgan gap. Shu bois ham, «Interfutbol» nashri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida surishtiruv olib bordi va bu haqda alohida maqola tayyorladi. Qiziqsangiz, marhamat, barchasini gazetamiz sahifalarida o‘qishingiz mumkin. O‘rtamiyonalar o‘rtasidagi yana 2ta bahsda murosa ko‘chasi tanlandi. «Qizilqum» o‘z maydonida «Olmaliq» bilan o‘ynab, 2:2 hisobiga ko‘ngan bo‘lsa, «Neftchi» o‘z muxlislari guvohligida «So‘g‘diyona»ni yengolmadi - 1:1. Umuman, mag‘lubiyatdan zo‘rg‘a qutilib qolgan Vadim Abramovjamoasi joriy mavsumni 15-o‘rinda yakunlaydigan ko‘rinadi. Axir farg‘onaliklar 12ta o‘yindan buyon g‘alaba qozonish yo‘lini topolmayaptilar va hozirda 14-pog‘onadagi «Sho‘rtan»dan 6 ochko orqadalar. Agar shu 12ta turda «Neftchi»ning atigi 4 ochko olganini nazarda tutsak, qolgan uchrashuvlarda jamoa vaziyatni o‘nglay olishiga ishonish juda qiyin. Ha, farg‘onaliklar shu ketishda elitada qolish masalasini mavsum yakunida birinchi liga vakili bilan bo‘ladigan «pley-off» o‘yini orqali hal etishga urinib ko‘rishadi, chog‘i.

TUR QAHRAMONI - «PAXTAKOR»

«Paxtakor»da katta o‘zgarishlar kuzatilgan va ikkinchi davra boshlanishi oldidan tarkib bir qator legionerlar hisobiga boyitilgan bo‘lsada, buning samarasi biroz kuttirdi. Muhimi, yangi bosh murabbiy Shota Arveladze o‘z g‘oyasi bo‘yicha ishlashda davom etdi va nihoyat, mehnati natija keltira boshladi. Mana, «paxtakorchilar» o‘tgan hafta «Lokomotiv»ga qarshi bahsda ham chakki harakatlanishmadi va buni natijada ham aks ettirishdi. Har qanday chempionatda favoritni yengish qahramonlik hisoblanadi. «Paxtakor»ning yangitdan shakllanayotgani va bir necha yildan buyon birga to‘p surib kelayotgan futbolchilardan iborat «Lokomotiv»dan o‘yin bobida ham qolishmaganini hisobga olsak, uning bu g‘alabasiga qahramonlik nisbati yarashsa kerak.

Tur iqtiboslari

- Hisob ochilgach, «Obod» himoyalanishni shunchaki, esidan chiqardi va bu hol bizga juda qo‘l keldi. Ro‘ziqul BERDIYEV («Nasaf» bosh murabbiyi).

- Kamchiliklar hali ko‘p, ishlashda davom etamiz. Vadim ABRAMOV («Neftchi» bosh murabbiyi).

- Lobanov bir necha vaziyatda jamoani qutqardi, shuning uchun ham u darvozada turibdi. Shota ARVELADZE («Paxtakor» bosh murabbiyi).

- Raqibning halol o‘yin tamoyiliga umuman amal qilmagani ham yakuniy natijaga ta’sir ko‘rsatdi. Vaholanki, shogirdlarim hisobda oldinda borayotganimizga qaramay, vaqt cho‘zmadilar. Gennadiy KOCHNEV («Sho‘rtan bosh murabbiyi).

«DINAMO» - «BUNYODKOR» - 0:2 (0:1)

21 sentyabr. Samarqand. 4112 tomoshabin.

Hakamlar: T.To‘xtasinov (Andijon) - 8,4;  A.Marajabov (Andijon) - 8,4; Z.Abdurahmonov (Andijon) - 8,5; R.Abduvohidov (Qarshi) - 9,0.

Gollar: R.Ashurmatov (5, 47).

«Dinamo»:1. M.Naumov, 2. M.Lokayev, 8. J.Azimov, 9. S.Sulaymonov (11. A.Abdullayev, 46), 14. R.Rogak, 15. SH.Xolmatov (23. K.SHarofutdinov, 53), 20. A.Safarov, 21. I.Xolmirzayev, 28. A.Oraxovas, 70. M.Isayev (17. A.Nikolayev, 69), 90. D.Ismoilov.

«Bunyodkor»:25. M.Zuhurov, 2. R.Ashurmatov, 4. A.Komilov, 6. A.G‘ofurov, 8. J.Ibrohimov, 9. SH.Nurmatov (15. F.Ikromov, 86), 17. D.Hamdamov, 21. D.Ahmadaliyev, 22. SH.Gadoyev (77. SH.Norxonov, 74), 29. O.SHukurov, 44. M.Qosimov (28. D.Umirov, 67).

Ogohlantirishlar: J.Azimov (37), M.Lokayev (65) - SH.Gadoyev (37).

Eng yaxshi o‘yinchilar: I.Xolmirzayev - A.G‘ofurov.

Nazoratchi: G.Imomov (Toshkent).

Komissar: G.Rtveladze.

Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi): - Maydonda jangovar o‘yin bordi. Aytishim kerak, «Dinamo» jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Umuman olganda, omad bizga kulib boqdi. Har holda, o‘yin boshida standart vaziyatdan tezkor gol urgan bo‘lsak, ikkinchi bo‘lim avvalida ham shu holat takrorlandi. Muhimi, oxirigacha muxlislarga tomoshabop futbol taqdim etildi.

- Tezkor gol kutilmagan va o‘ziga xos tarzda urildi. Bunday standart vaziyatlar ustida alohida ishlanganmidi yoki barchasi tasodif...?

- Golda avvalo, omadimiz chopdi. Ikkinchidan, bunday vaziyatlar o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi, albatta. Xullas, standart vaziyatlar ustida olib borilgan ishimiz samara berdi. Tabiiyki, «Dinamo»ni yaxshi o‘rgangan edik. Bu raqib avvalgi turlarda «Qo‘qon-1912», «Paxtakor» va «Buxoro» kabi peshqadamlarga qarshi o‘yinlarda 0:0 hisobini qayd etgandi. Aynan shu o‘yinlarni tahlil qilib, zich himoyaga qarshi chora izladik.

- Ishonchli g‘alabaga qaramay, shogirdlaringiz harakatidan qoniqmagandek bo‘ldingiz...?

- O‘zi futbol shunaqa - har doim ham barchasidan qoniqmaysiz. Asosiysi, g‘alabaga erishdik. Lekin o‘yinimizda ayrim jihatlarni yanada kuchaytirishimiz kerak.

- Bu «Bunyodkor»ning eng oson g‘alabasi bo‘lgani xususidagi fikrga qo‘shilasizmi?

- Yo‘q. Bu uchrashuvga haftalab tayyorgarlik ko‘rgan edik. Ha, tezkor gol vazifamizni nisbatan osonlashtirdi, ammo g‘alaba yo‘lida ko‘p kuch sarfladik. Umid qilamanki, yigitlarimiz keyingi o‘yinlarda yanada yaxshiroq to‘p surishadi.

Oleg Tyulkin («Dinamo» bosh murabbiyi): - Tabiiyki, faqat g‘alabani ko‘zlagan edik, ammo raqib ustunroq ekanligini ko‘rsatdi. Bizga kurashuvchanlik yetishmadi, menimcha. Oddiy vaziyatlarda tajribasizlik ham pand berdi. Qolaversa, har ikki bo‘lim boshida urilgan gollar jamoamizni og‘ir ruhiy ahvolda qoldirdi. Eng katta muammomiz - gol urolmayapmiz. Vaziyatlar yaratyapmiz, ammo yakuniy nuqtani qo‘yishda oqsayapmiz. Gol urmasdan esa g‘alaba qozonish, ochko yig‘ish qiyin.

- «Dinamo» so‘nggi golini 13-turda urgandi. Loaqal murabbiylar tonnel yakunidagi yorug‘likni ko‘ra olishyaptimi, ya’ni ushbu vaziyatdan chiqib ketish yo‘li bormi?

- Albatta, harakat qilyapmiz, mashg‘ulotlarda tushuntiryapmiz. Aksariyat futbolchilar o‘yin payti oddiy holatda hovliqib qolishyapti - bu mahorat yetishmayotganidan darak. O‘ylaymanki, yigitlar ham barchasini tushunib turishibdi. Umuman, qo‘l ostimizdagi futbolchilar bilan bu holatni to‘g‘rilay olishimizga ishonaman.

- Nima, davralar oralig‘ida hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun to‘purar hujumchi taklif etish varianti yo‘qmidi?

- Bilasiz, davralar oralig‘ida ijara kelishuvi bo‘yicha o‘ynagan futbolchilarni o‘z klublariga qaytarishga majbur bo‘ldik. Ular o‘yinimizda katta rolga ega edilar. Shundan buyon o‘yinni barqarorlashtirolmayapmiz. 4 nafar yangi futbolchimizga esa to‘liq kirishib ketishi uchun vaqt kerak...

- Bugungi o‘yin tarkibda rotasiya qilish lozimligini ko‘rsatmoqda. Jarohatlangan futbolchilar, zaxiradan foydalanish masalasi, qolaversa, Temur Jo‘rayev va Orif Mamajonov qachon qaytishadi?

- Keyingi o‘yindayoq to‘liq tarkibdan foydalanamiz. Temur Jo‘rayev va Orif Mamajonovga oilalaridagi musibat sabab, qisqa muddatga javob bergan edik. Endi «So‘g‘diyona»ga qarshi kechadigan keyingi o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Mag‘lubiyatga qaramay, bugun ham bizni stadionda qo‘llab turgan, jamoamizga ishongan muxlislarga minnatdorchilik bildiramiz.

-------------------------------------------------------------------------

«LOKOMOTIV» - «PAXTAKOR» - 0:1 (0:0)

21 sentyabr. Toshkent. 5821 tomoshabin.

Hakamlar: V.Seytlin (Toshkent) - 8,8; M.Saidqosimov (Toshkent) - 9,0; R.SHoyaxmetov (Toshkent) - 9,0; J.Muxtorov (Toshkent) - 9,0.

Gol: M.Simich (82).

«Lokomotiv»: 1. I.Nesterov, 33. O.Zoteev, 5. K.Maxaradze, 20. I.To‘xtaxo‘jayev, 17. S.Mustafoyev, 18. T.Kapadze, 9. I.Aliboyev, 15. S.Mirzayev, 99. J.Masharipov, 19. O.Blessing (77. D.Turopov, 66), 22. M.Bobojonov (78. A.Omonov, 79).

«Paxtakor»: 12. A.Lobanov, 29. V.Kozak, 55. M.Simich, 70. SH.A’zamov, 24. D.Hoshimov, 7. A.Ahmedov, 80. R.Griffits (5. A.Ismatullayev, 69), 17. S.Nurullayev (21. K.Tojiyev, 88), 52. G.Kanyuk, 77. T.Bezerra, 11. I.Sergeev (27. D.Ibrohimov, 78).

Ogohlantirishlar: I.Aliboyev (71), T.Kapadze (90Q3) - D.Hoshimov (74), S.Nurullayev (86).

Eng yaxshi o‘yinchilar: I.Aliboyev - M.Simich.

Nazoratchi: A.Hotamov (Toshkent).

Komissar: N.Lutfulin.

Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi): - Yaxshi o‘yin guvohi bo‘ldik, har ikki jamoa faolroq ko‘ringan holatlar kuzatildi. Bunday o‘yinlarda bitta gol katta ahamiyat kasb etadi, muhimi, uni biz urdik. Lobanov bir qator vaziyatlarda jamoani qutqarib, darvozadan bejiz o‘rin olmaganini isbotladi. O‘zi uchrashuvga yaxshi shaylangan edik. «Lokomotiv» - barqaror va shakllangan jamoa. Raqib oxirgi yillarda buni amalda ko‘rsatib kelmoqda. Biz esa shu jarayon boshidamiz. Bezerra jamoaga katta yordam bermoqda. U to‘pni o‘zida yaxshi saqlaydi va aksariyat yakkakurashlarda g‘olib chiqadi. Sergeevga kelsak, u mashg‘ulotlarda bor kuchi bilan ishlamoqda, qolaversa, deyarli har o‘yinda gol urmoqda. Deylik, ikkinchi davrada 5ta golga mualliflik qilishga ulgurdi. Xullas, Igor - haqiqiy professional.

Marko Simich («Paxtakor» himoyachisi): - Kuchli raqib bilan qiyin o‘yin. Hammasi shunday murakkab kechishini bilardik. G‘alabamizda yaxshi tayyorgarlikning o‘rni katta. Gol urganimga kelsak, bunga alohida e’tibor qaratish shart emas. Axir golga kimning mualliflik qilishi ahamiyatsiz, muhimi - jamoaviy muvaffaqiyat. Xullas, yaxlit jamoa sifatida ustun keldik. Muxlislar yetarlicha ko‘mak berishganini alohida aytishim joiz. Ular butun uchrashuv davomida tinmay olqishlab, jamoamizni olg‘a undashdi. Demak, g‘alabani aynan ularga bag‘ishlasak bo‘laveradi.

Aleksandr Lobanov («Paxtakor» darvozaboni): - Ikki kuchli jamoa o‘rtasidagi keskin to‘qnashuv. Hammasini bilgan holda jiddiy hozirlik ko‘rdik. Kutilganidek, o‘yin juda yuqori sur’at ostida o‘tdi. G‘alaba ayniqsa, biz uchun muhim edi. Zero, 3 ochko chempionlik uchun kurashda kichik bo‘lsada, imkoniyat taqdim etardi. Yakunda maqsadga erishganimizdan xursandman. Jamoani gollardan asrab qolganim? Darvozabon har bir uchrashuvda shunday qilishni istaydi. Bir gal bunga erishasan, boshqa safar yo‘q. O‘zi bunday o‘yinlarda ko‘p narsa dastlabki vaziyatga ham bog‘liq. Ilk xavfli zarbani bartaraf etsang, ishonch paydo bo‘ladi. Bugun muxlislar terma jamoaga nomzod ikki darvozabon o‘yinini ko‘rishdi. Ignatiy ham juda yaxshi harakatlandi va bir qator vaziyatlarda jamoasini qutqardi. Golda esa himoyachilar xatoga yo‘l qo‘yishdi. Umuman, o‘yin birinchi xatogacha ketayotgandi. Stadiondagi muhitga gap yo‘q. Muhimi, 4ta tribunadan 3tasi «Paxtakor»ga muxlislik qildi. Ishqibozlar daldasi jamoaga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi. Yakunda muxlislardan stadionga kelishlarini so‘rayman. Futbol aynan ular bilan yanada go‘zallashadi

Andrey Miklyayev («Lokomotiv» bosh murabbiyi): - Bugun ikka jamoa ham juda chiroyli o‘yin namoyish etdi. Albatta, g‘alaba zarur edi. Futbolchilarga hech qanday e’tiroz yo‘q. Hammasini birgina gol hal etdi. Ha, ketma-ket ikkinchi o‘yinki gol urolmayapmiz. Bugun hisobda mag‘lubiyatga uchradik, ammo o‘yin bobida raqibga yutqazganimiz yo‘q. Jamoamizga nimadir yetishmayapti - vaziyatlarni golga aylantirishda muammolarga duch kelyapmiz. Deylik, Blessing chakki harakat qilmadi. U yosh va hozircha to‘liq tayyor emas. Bugun 3 nafar yetakchi futbolchimizning maydonga tushmagani ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qo‘ymadi, albatta.

--------------------------------------------------------------------

«SHO‘RTAN» - «NAVBAHOR» - 3:3 (2:1)

21 sentyabr.  G‘uzor. 1711 tomoshabin.

Hakamlar: O.Tolibjonov (Toshkent) - 4,0; R.Serazetdinov (Toshkent) - 8,5; A.Burov (Buxoro) - 8,4; A.SHukurullayev (Toshkent) - 9,0.

Gollar: I.Taran (28), L.Ubaydullayev (43), J.Xolto‘rayev (54) - R.Ahmedov (22, 87), G‘.Komilov (64).

«Sho‘rtan»: 25. A.Turobov, 4. J.Otaqulov, 5. H.Ergashev, 7. O.Karimov, 9. I.Taran, 12. L.Ubaydullayev, 15. O.Jo‘raboyev (19. M.Murodov, 88), 18. E.Boymatov, 30. J.Xolto‘rayev (99. M.Safarov, 80), 38. S.Mamadaliyev (17. G‘.Rahmonov, 67), 85. R.Melzitdinov.

«Navbahor»: 30. A.Omonov, 5. G‘.Komilov, 7. O.Qilichev, 9. D.Jabborov (70. A.Maxstaliyev, 55), 19. M.G‘ofurov, 21. A.Aliyev, 22. R.Ahmedov, 24. S.Azimov (18. D.Usmonov, 18), 32. J.Mehmonov (84. N.Yovanovich, 56), 44. D.Stanoyevich, 77. A.Turg‘unboyev.

Ogohlantirishlar: J.Xolto‘rayev (60) - A.Omonov (45).

Eng yaxshi o‘yinchilar: I.Taran - R.Ahmedov.

Nazoratchi: A.Abdullayev (Toshkent).

Komissar: A.Inoyatov.

Ilhom Mo‘minjonov («Navbahor» bosh murabbiyi): - Ko‘rdinglar, o‘yin qiziqarli kechdi. Futbolchilarimizga iroda namoyish etishgani uchun rahmat. Ular 2ta to‘p farqi bilan ortda qolayotgan holatda ham kurashdan to‘xtamadilar. Afsuski, himoyadagi qo‘pol xatolar tufayli 3ta gol qo‘yib yubordik. Demak, bu borada alohida ishlashimiz shart. Aslida g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Ammo safardagi durang ham yomon natija emas. Fursatdan foydalanib, Namangandan kelgan muxlislarimizga minnatdorchilik izhor etaman. Ular hisob 1:3ga yetganidan keyin ham jamoaga dalda berib turishdi. Uchrashuv oxirida yuzaga kelgan vaziyat xususida aniq gap aytolmayman. Hakam hushtagi chalinmadi va futbolchilarimiz o‘yinni davom ettirib, gol urishdi. O‘yin payti har bir murabbiy hissiyotlarga beriladi. Yakunda raqib murabbiyi bilan biroz tortishib ketganimiz shunga bog‘liq. Muhimi, oxir-oqibat, ikkimiz kelishib oldik. O‘sha vaziyat uchun hamkasbimdan uzr so‘rayman. His-hayojonlar kuchaygan payt futbolda shunday holatlar uchrab turadi. «Navbahor» o‘z oldidagi maqsad yo‘lida olg‘a intilmoqda. Joriy chempionatda avvalgisidan yaxshiroq natija qayd etishimiz kerak. 

Yoshlarimiz birinchi davrani munosib o‘tkazolmagandilar. Tarkib yil boshida shakllantirilganligi sabab, jamoa murabbiyi Shuhrat Qoraboyev natijalarni yaxshilash uchun vaqt so‘radi. Mana, davralar oralig‘ida tarkib ancha yoshartirildi va bu samara beryapti. Yoshlarimiz shu ruhda davom etsalar, ular orasidan asosiy tarkibga munosib futbolchilar yetishib chiqishadi. Kelgusida «Navbahor» o‘z tarbiyalanuvchilari bilan ham faxrlanadi. Qolaversa, klub qoshida akademiya ham ish boshlaydi. Bu ham iqtidorli yoshlarni tarbiyalashda asqotadi. Bir so‘z bilan aytganda, orzu va niyatlarimiz ulkan. Viloyat rahbarlariga klubni rivojlantirish bo‘yicha 3 yillik dastur taqdim etganmiz. Hozir rejalarni amalga oshirish ustida ish olib boryapmiz.

Gennadiy Kochnev («Sho‘rtan» bosh murabbiyi): - Shogirdlarim birinchi bo‘limda juda yaxshi harakatlanishdi. Deylik, birinchi bo‘lib gol qo‘yib yuborganimizga qaramay, vaziyatni o‘ngladik. Ochig‘i, yaxshigina ustunlikka ega edik. Tanaffusdan keyin esa hammasi o‘zgarib ketdi. Achinarlisi, 3ta golni ham standart vaziyatdan qo‘yib yubordik. Shogirdlarimga raqib asosan «ikkinchi qavat»da yaxshi o‘ynashi va ayrim futbolchilarni individual ravishda nazorat qilish lozimligini uqtirgandim. Tanaffusda ham aynan shunday holatlarni alohida muhokama qilib, o‘rganib chiqdik. Afsuski, yigitlar ikkinchi bo‘limda ko‘rsatmalarni bajara olishmadi. Bundan tashqari, raqibning halol o‘yin tamoyiliga umuman amal qilmagani ham yakuniy natijaga ta’sir ko‘rsatdi. Vaholanki, futbolchilar hisobda oldinda borayotganimizga qaramay, vaqt cho‘zmadilar. Obid Jo‘raboyevning holati xususida hozircha bir nima deyolmayman. Ymigitlarning simulyasiya ishlatmaganlari aniq. Aks holda, Obidni shifoxonaga olib ketishmas va jarohati darajasi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa qaydnomaga kiritilmasdi.

------------------------------------------------------------------------

«METALLURG» - «QO‘QON-1912» - 3:0 (2:0)

22 sentyabr. Bekobod. 637 tomoshabin.

Hakamlar: V.Serazetdinov (Toshkent) - 8,8; A.Sidorov (Toshkent) - 8,6; D.Saylalov (Toshkent) - 8,7; N.Qosimov (Qarshi) - 9,0.

Gollar: I.Isoqjonov (15), M.Xolmuhammedov (38-avt.), Z.Abdullayev (75).

«Metallurg»: 1. Z.Safoyev, 2. A.Husinov, 4. H.Hoshimov, 11. M.Toshmatov, 13. S.Qodirqulov (38. M.Sultonov, 82), 14. D.Karimqulov, 15. Z.Abdullayev, 17. M.Sulaymonov, 19. A.Ziyovuddinov (6. D.Karimov, 77), 22. I.Isoqjonov (7. D.Odilov, 56), 70. J.Abdumo‘minov.

«Qo‘qon-1912»: 12. N.Ribkin, 5. J.Kimsanov (10. J.Siddiqov, 68), 7. J.Hasanov, 9. N.Otaqo‘ziyev, 19. S.Berdiyev (96. M.Hasanov, 79), 23. A.Merzlyakov, 26. A.Xolmurodov, 55. D.Gojkovich, 70. Q.Ro‘ziyev, 77. M.Xolmuhammedov, 97. O.Rustamov (99. F.Rayevas, 46).

Ogohlantirishlar: I.Isoqjonov (23), D.Karimqulov (63) - M.Xolmuhammedov (23).

Eng yaxshi o‘yinchilar: S.Qodirqulov - N.Otaqo‘ziyev.

Nazoratchi: B.Tog‘ayev (Toshkent).

Komissar: V.Lyotkin.

No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi): - Bu yil «Metallurg» bilan 4-marta to‘qnash keldik. Bekobodliklarning bugungi uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgani yaqqol sezildi - ular haqqoniy g‘alabaga erishishdi. Birinchi bo‘limda o‘yinimiz umuman qovushmadi, tanaffusdan keyin esa vaziyatni o‘nglashga harakat qildik. Lekin raqibning qarshi hujumida yana gol qo‘yib yubordik. Umuman, bir-biriga o‘xshamagan bo‘limlar guvohiga aylandik.

Javohir Siddiqovni jarohati sabab, zaxiradan maydonga tushirdim. Uning  keyingi uchrashuvgacha to‘liq sog‘ayib, jamoamizga to‘laqonli yordam berishidan umidvorman.

Rustam Mirsodiqov («Metallurg» bosh murabbiyi): - «Qo‘qon-1912» oliy ligamizda tarkibini shakllantirib olgan kuchli klublardan biridir. Shu bois, o‘yinga o‘ta jiddiy yondashdik. Qolaversa, ketma-ket 2ta mag‘lubiyatdan keyin yana yutqazishga haqqimiz yo‘q edi. Futbolchilarni ham jismonan, ham ruhan tayyorlaganimiz zoye ketmadi. Bugungi natija va o‘yin sifatidan birdek qoniqdim. Maydonda harakat qilganlardan tashqari, ularga madad berib turganlar ham o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishdi. Ha, muvaffaqiyatimizda tezkor gol muhim ahamiyat kasb etdi. Ya’ni hisob ochilganidan keyin futbolchilar maydonda o‘z kuchlariga ishonib, erkin to‘p surishdi. Tarkib tuzishda qatorasiga 3-o‘yinki muammoga duch kelyapmiz. Bu safar tayanch yarim himoyachimiz Ayubxon No‘’monov Namanganda olingan 2ta sariq kartochka tufayli maydonga tusholmadi. Afsuski, tajribali himoyachimiz Davron Karimqulov ham bugungi ogohlantirish sabab, endi Buxoro safariga borolmaydi. To‘g‘ri, muammolarni bartaraf etish, tarkibdagi bo‘shliqlar ustida ishlash uchun vaqtimiz bor.

«MASH’AL» - «BUXORO» - 1:1 (0:0)

22 sentyabr. Muborak. 3821 tomoshabin.

Hakamlar: V.Kovalenko (Toshkent) - 8,8; T.Galeev (Toshkent) - 8,6; A.Po‘latov (Toshkent) - 8,6; A.Najafaliyev (Toshkent) - 9,0.

Gollar: SH.SHaymanov (63-pen.) - I.Nagayev (68-pen.).

«Mash’al»: 35. J.Ilyosov, 2. I.SHoyqulov,

3. S.Rahmonov, 6. S.Abduraimov,  10. H.Murtazoyev, 13. SH.SHaymanov (22. B.Qosimov, 90Q3), 18. A.SHodmonov, 31. I.Timanyuk, 55. A.Agaliyev, 77. A.Olimov, 90. Z.To‘rayev (19. Z.Qo‘ziboyev, 86)

«Buxoro»: 12. A.Tursunboyev, 9. N.Umurov (8. I.Veyser, 77), 11. S.SHixov, 16. A.Filiposyan, 23. Z.Pirimov (99. J.Qahramonov, 53), 27. R.Hasanov, 28. E.Ismoilov, 29. V.Bayenko, 72. A.Samatov, 75. S.Qutiboyev, 77. I.Nagayev. 

Ogohlantirishlar: I.Timanyuk (37) - V.Bayenko (35), A.Samatov (52).

Eng yaxshi o‘yinchilar: Z.To‘rayev - I.Nagayev.

Nazoratchi: R.Aytekov (Toshkent).

Komissar: R.CHernikov.

Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi): - Og‘ir o‘yin. Har ikki tomonda gol urish uchun yetarlicha vaziyatlar tug‘ildi, biroq jamoalar faqat 1tadan hujumni samarali yakunlashdi. Gol qo‘yib yuborilgach, yigitlarimiz tezda javob qaytarishga harakat qilishdi va buni uddalashdi. Ulardan minnatdorman, buxorolik muxlislarga ham rahmat. Ular jamoani juda faol qo‘llab- quvvatlashdi. Har qanday holatda ham, vazifamiz o‘zgarmaydi. Ya’ni har bir o‘yinda faqat g‘alabani ko‘zlaymiz.

Aleksandr Xomyakov («Mash’al» bosh murabbiyi): - O‘yin nihoyatda og‘ir kechishini bilar edik. Shogirdlarimga e’tiroz yo‘q. O‘ylaymanki, muxlislarimiz ham bugungi o‘yindan qoniqishdi. Ha, gol urdik, ammo reja bo‘yicha bu ishni birinchi bo‘limdayoq uddalashimiz kerak edi. O‘yinning yakuniy qismida vaziyat taqozosiga ko‘ra, himoyani yanada mustahkamlab, qarshi hujum taktikasini qo‘lladik. Biroq hujum payti aniqlik yetishmadi. «Buxoro» ham himoyada tartibli o‘ynadi, shuning uchun asosan uzoqdan zarba yo‘llashga harakat qildik. Darvoza to‘sini mehmonlarni 2 marta goldan quqarib qolganini ham aytish o‘rinli. Umuman, bugun omad biz tomonda emasdi. Yakunda shogirdlarimga yana bir bora rahmat aytmoqchiman, muxlislardan ham bag‘oyat minnatdorman. O‘ylaymanki, ular kelgusi bahslarda ham bizni bugungidan-da ko‘proq va faolroq qo‘llab-quvvatlashadi.

------------------------------------------------------------------

«NEFTCHI» - «SO‘G‘DIYONA» - 1:1 (0:1)

22 sentyabr. Farg‘ona. 864 tomoshabin.

Hakamlar: Z.Qodirov (Navoiy) - 8,4; O.Jumayev (Navoiy) - 8,3; R.Samandarov (Navoiy) - 8,5; B.YUlcharayev (Guliston) - 9,0.

Gollar: SH.Hakimov (85-pen.) - A.Isroilov (10).

«Neftchi»: 1. O‘.YUsupov (16. A.Abdujalilov, 36), 4. K.Kapadze (20. D.Ermatov, 34), 9. SH.Hakimov, 10. M.Mamazulunov, 17. M.Muzaffarov, 19. J.Hasanov, 24. A.Isroilov, 33. T.Hakimov, 70. M.Saidov (71. A.SHog‘ulomov, 67), 94. B.Yo‘ldoshev, 95. A.O‘lmasaliyev.

«So‘g‘diyona»:16. M.Abdullayev, 2. S.Qulmatov, 3. A.Isroilov, 7. S.Rashidov, 14. G‘.Umirov (4. E.Oripov, 82), 15. I.Abdullayev (11. SH.Dostonov, 69), 17. I.Toshpo‘latov (59. S.Jo‘rayev, 89), 77. S.Eminov, 55. S.Qahhorov, 91. J.Guseynov, 92. U.Qodirov.

Ogohlantirishlar: SH.Hakimov (34), A.Isroilov (59), M.Mamazulunov (90Q2) - G‘.Umirov (33). I.Toshpo‘latov (87).

Eng yaxshi o‘yinchilar: SH.Hakimov - I.Toshpo‘latov.

Nazoratchi: S.Najafaliyev (Toshkent).

Komissar: B.Haydarov.

Igor Shkvirin («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi): - Jangovar durang. Aslida Farg‘onaga g‘alaba qozonish ilinjida kelgandik va bu maqsadga erishish uchun imkoniyatimiz yo‘q emasdi. Yaxshigina vaziyatlardan samara chiqarolmadik. Xujumlar tashkil qildik, yigitlar maydonda borlarini berishdi. Umuman olganda, o‘yindan qoniqdim.

Vadim Abramov («Neftchi» bosh murabbiyi): - Afsuski, g‘alabaga loyiq o‘yin ko‘rsatolmadik. Yo‘l qo‘ygan xatolarimizdan Jizzax jamoasi unumli foydalandi va gol urdi. Tanaffusda yigitlarga kerakli ko‘rsatmalar berdim, kamchiliklarni tushuntirdim. Natijada o‘yinimiz biroz o‘zgardi va jamoa ancha jonlandi. Lekin kamchiliklar hali ko‘p. Ular ustida ishlashda davom etamiz.

------------------------------------------------------------------------

«QIZILQUM» - «OLMALIQ» - 2:2 (0:1)

22 sentyabr. Navoiy. 3254 tomoshabin.

Hakamlar: R.Ermatov (Toshkent) - 9,0; A.Rasulov (Toshkent) - 9,0; J.Saidov (Toshkent) - 9,0; F.Norsafarov (Qarshi) - 9,0.

Gollar: S.SHodmonov (60), A.Bahriddinov (80) - V.Kosminin (13), I.Yelich (70).

«Qizilqum»: 22. A.Makosin, 2. V.Grigoryev, 3. SH.Po‘latov, 4. E.Boydullayev, 9. O.Zokirov, 17. A.Gevorkyan, 18. S.SHodmonov (6. N.Kamolov 90+1), 20. G‘.Jumayev, 23. SH.Jo‘rayev, 27. I.YUnusov (38. M.Rahmatov, 46), 92. A.Baxriddinov.

«Olmaliq»: 99. N.Ziyovuddinov, 2. A.Hojiakbarov, 13. L.To‘rayev, 18. SH.Mullajonov, 19. I.Inomov, 23. Z.Polvonov, 55. R.Berdimurodov, 70. S.Rixsiboyev (11. V.Klishin, 35), 88. I.Yelich (15. F.Musabekov, 73), 90. V.Kosminin, 94. X.Muxtorov (5. D.Jo‘rayev, 68).

Ogohlantirish: V.Grigoryev (26, B.).

Eng yaxshi o‘yinchilar: A.Bahriddinov - V.Kosminin.

Nazoratchi: SH.Jumayev (Qarshi).

Komissar: A.Frolov.

Viktor Kumikov («Olmaliq» bosh murabbiyi): - Ushbu o‘yin uchun oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarolmadik. Qarang, 2ta gol urib ham, g‘alabani saqlab qololmadik. O‘ylashimcha, o‘yinimiz talab darajasida chiqmadi. Yana gol urish uchun imkoniyatlar tug‘ilgan bo‘lsada, ulardan foydalanolmadik.

- Kamoliddin Murzoyevni 3-o‘yinki maydonda ko‘rmayapmiz...

- Unda jarohat bor. Umuman, o‘yin oldidan tarkibimizda jiddiy yo‘qotishlar bor edi. Norbekov, Grigalashvili va 2 nafar darvozabonimiz jarohat bois, chetda. Ularning safda emasliklari ham qimmatga tushmoqda.

- Bugun uchinchi, yosh darvozabonni maydonga tushirdingiz. Uning harakatlari xususida nima deysiz?

- Ziyovuddinov jiddiy xato qilmadi, ammo gol urilgan vaziyatlarda jamoani shunchaki, qutqarolmadi. To‘g‘ri, eng muhimi - dahshatli xatosi yo‘q.

------------------------------------------------------------------------

«OBOD» - «NASAF» - 0:6 (0:2)

22 sentyabr. Toshkent. 211 tomoshabin.

Hakamlar: V.Agishev (Toshkent) - 8,4; N.Ro‘zimov (Toshkent) - 8,4; S.Ulfatov (Toshkent vil.) - 8,2; R.Lutfulin (Toshkent) - 9,0.

Gollar: F.Sayfiyev (26), D.Narzullayev (32), B.Abdurahimov (66), D.CHeran (72), B.Abduxoliqov (74, 80).

«Obod»: 45. T.G‘aniyev, 9. P.Solomin (73. B.Usmonov, 84), 18. S.To‘raqulov, 44. T.Vasilyev, 53. A.Komilov, 55. A.Mirzayev (83. D.Abdurahmonov, 71), 57. B.Rahimov, 58. R.A’zamov, 74. G‘.O‘runov, 88. E.Ravshanov (4. F.Mirahmatov, 46), 99. O.Hakimov.

«Nasaf»: 35. S.Quvvatov, 6. A.G‘aniyev, 7. O.Hamrobekov (5. G‘.G‘aybullayev, 80), 18. B.Abdurahimov, 22. I.Golban, 34. F.Sayfiyev (31. S.Rahmatov, 70), 38. D.Narzullayev, 45. B.Abduxoliqov, 65. D.CHeran, 77. J.Hasanov, 92. U.Eshmurodov.

Ogohlantirishlar: E.Ravshanov (31), A.Komilov (35), F.Mirahmatov (87) - A.G‘aniyev (56), D.Narzullayev (78).

Eng yaxshi o‘yinchilar: T.Vasilyev - D.CHeran.

Nazoratchi: F.Abdullayev (Toshkent).

Komissar: B.Mametov.

Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi): - Ishonchli g‘alaba yoqimli. Albatta, futbolchilarimiz raqibga nisbatan mahoratliroq va bu hisobda ham o‘z aksini topdi. «Obod» o‘yinlarini o‘rganish jarayonida jamoa futbolchilari to‘p bilan ko‘p muomala qilishlariga e’tibor qaratgandik. Ular qisqa uzatmalar asosida o‘ynaydilar. Bu holatda bizdan to‘psiz yaxshi harakatlanish talab etilardi. Shundan kelib chiqib, yigitlarga raqib jarima maydonchasi yaqinida ko‘proq bosim uyushtirishni tayinladik va bu ko‘rsatma yaxshi bajarildi. Xususan, hisob ochilgach, «Obod» himoyalanishni esdan chiqarib qo‘ydi. Albatta, shu holat bizga juda qo‘l kelib, futbolchilar maydonda erkinroq harakatlanishdi. Natijada yirik hisobli g‘alabani rasmiylashtirdik. «Nasaf» yuqori o‘rinlar uchun kurashishda davom etadi. Chempionat qiziqarli tus olmoqda. O‘ylaymanki, so‘nggi turlar yanada qiziqarli kechadi. Chunki ko‘plab jamoalarda yuqori o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati saqlanib turibdi.

Andrey Demchenko («Obod» bosh murabbiyi): - «Nasaf» ishtirokidagi uchrashuvlarni obdon ko‘rib chiqqandik, ammo jamoam o‘yinini sira tushunmadim. Himoyachilarimiz tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar... Bilmadim, hozir qon bosimim oshib turibdi. Bir narsani aniq bilaman, o‘yinchiga tajriba yetishmasligi mumkin, futbolda bunaqa hisoblar ham uchrab turadi. Biroq har qanday raqibga qarshi bahsda loaqal yugurishdan to‘xtamay, uning o‘z o‘yinini namoyish etishiga xalaqit berish mumkin. Avvalgi uchrashuvlarda mazmunliroq o‘ynagandik, shundan kelib chiqib, hammasi izga tushib ketishi va yigitlarda ishonch hissi ortishiga ishongandim. Ammo bugun... Ochig‘i, hayronman. Maqsadimiz - oliy ligada qolish yoki hech bo‘lmaganda, «o‘tish o‘yini»da qatnashish imkoniyatini beruvni o‘rinni egallash. Keyingi rejalar shunga qarab tuziladi. O‘ylaymanki, bu vazifani uddalay olamiz. Harqalay, oldinda bizni o‘z saviyamizdagi raqiblar bilan o‘yinlar kutib turibdi...

Tur Statistikasi

O‘yin: 8, Gol: 26  (o‘rtacha: 3,25)

Tomoshabin: 20431 (o‘rtacha: 2553...)

Mezbonlar g‘alabasi: 1, Mehmonlar g‘alabasi: 3, Durang: 4

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:45, 25.09.2017.
O'qildi: 8034 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.