Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Shubhalardan xolos bo‘lish vaqti

Shubhalardan xolos bo‘lish vaqti

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan hafta BMT bosh assambleyasi 72-sesciyasida so‘zlagan nutqi bugun xalqaro miqyosda ham, yurtimizda ham qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bu tarixiy nutq - BMT minbarida ichki qat’iyat va Vatan qudrati, faxr va g‘urur timsoli sifatida yangradi. Prezidentimiz Nyu-Yorkda AQSHda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ular bilan samimiy suhbatlashdi. Musohaba chog‘i davlatimiz rahbari Nyu-Yorkdagi taraqqiyot tezligiga ishora qilib, xalqimizni uyg‘onishga, yangi marralarni zabt etishga chorladi. Ayon bo‘lmoqdaki, Prezidentimiz biz yashab turgan jamiyatning har bir jabhasida tezroq yangilanish sodir bo‘lishini juda-juda istamoqda va buning uchun mavjud imkonlardan unumli foydalanishga intilmoqda. Bunday shijoat va izlanuvchanlik, qat’iyat va kurashuvchanlik - bugun har birimizga o‘rnak, ibratdir!

Quvonch bilan ta’kidlash joizki, nihoyat, futbolimiz ham yangilanish va o‘zgarishlar sari dadil qadam bosmoqda. Hakamlik masalasiga O‘FF rahbariyati tomonidan jiddiy e’tibor qaratilayotgani olqishlarga sazovor.

To‘g‘ri, 1-2 nafar hakam faoliyatini cheklab qo‘yilishi depsinayotgan futbolimizning yana harakatga solish uchun kamlik qiladi, albatta. Muammolar bisyorligi barchaga ma’lum, biroq dastlabki qat’iy qarorlarning o‘ziyoq ayrim loqayd va insofsiz hakamlarni, faqat moddiy manfaatni o‘ylaydigan murabbiy hamda futbolchilarni-da hushyor torttirgani aniq. Demakki, kurash ruhi baland bayroq bo‘lib hilpirlaydigan bahslar soni ortishiga ishonchimiz komil. Albatta, hammasi birdan o‘zgarib qolmaydi. Ana, «Olmaliq» bir tur avval «Obod»ni ayagan bo‘lsa, «Nasaf» oliy liga autsayderiga rahm qilib o‘tirmadi. Hattoki, «Olmaliq» o‘sha uchrashuvda kamtarin raqibni mag‘lubiyatga uchratolmasligi ham mumkin edi. Nedir tasodif natijasida tajribali murabbiy Viktor Kumikov shogirdlari so‘nggi daqiqalarda gol urishdi. Taxmin qilish mumkinki, «Olmaliq» muxlislari sevimli futbolchilari sha’niga nordon so‘zlar aytishgan va futbolchilar achchiq dashnomlar alamiga chidolmay, «Obod» darvozasini ishg‘ol etishgan. Aks holda, bahs durang natija bilan yakunlanib, «Obod» muhim bir ochkoni qo‘lga kiritardi. Marhamat, qo‘lga kiritsin! Biz «Obod» o‘z nomiga yarasha futbolimizning fayzi bo‘lishi tarafdorimiz. Hammasi aqlga muvofiq mantiq asosida yuz bersa, muxlislarga tanish «ssenariy»lar takrorlanmasa, oliy ligada qayd etilgan natijalar borasida birov «churq» etmaydi. Hozirgi holatda esa turli taxmin - farazlarni so‘zlashdan o‘zingni tiyolmaysan kishi. Ko‘ngil maydonda qandaydir noxush voqealar rejalashtirilgani va amalga oshirilayotganini sezadi. Sezgingiz aldamayotganini bilib turasiz, lekin qani endi buni isbotlab bo‘lsa?! Shunday bahslar borki, ularda barchasi risoladagidek kechadi. Hujumchilar butun vaqt davomida kurash qizg‘in kechganini va omadsizlik bois, zarbalari noaniq chiqqanini ta’kidlashadi. Darvozabon va himoyachilar esa futbolda har qadamda xatolar kuzatilishi mumkinligini aytishdan tortinishmaydi. Muxlis ham, jurnalist ham, hattoki, goho murabbiy ham bunday izohlar qarshisida til tishlashga majbur. Zero, hamma biladi - futbol uchrashuvi hech qachon xatolardan xoli emas. Xayriyatki, «Nasaf» kabi sport prinsiplariga amal qiladigan jamoalar ham bor va ular «Obod»ning to‘plar nisbatidagi minus oshib ketishini o‘ylamay, ketma-ket gol uraveradi. Aslida har bir o‘yin shunday, ya’ni halollik bayrog‘i ostida o‘tishi darkor.

So‘nggi tur uchrashuvlari chog‘i toshkentlik muxlislardan biri «Obod»ga achinib, «Qarshiliklar «Sho‘rtan» va «Mash’al» bilan ham shunday ruhda o‘ynashadimi? Ularning o‘zaro uchrashuvlarida ma’lum vaziyatlar hisobga olinmaydimi?» deya o‘smoqchilab so‘radi. O‘sha muxlis shubhalanishga haqli. Biz uning tagdor so‘roqlaridan ranjimadik. Nega ranjiylik axir?! Futbolimizda insof va diyonatni o‘rtaga qo‘yib, «Biz biror marta noxolis o‘yin o‘tkazmaganmiz!» deyishga qodir jamoa bormi o‘zi? Balki qaysidir jamoa baralla hayqirar - «BOR!» Ammo o‘sha jamoaning so‘zi haq ekanligini isbotlash imkoni yo‘q bizda. Insofni o‘ziga bersin. Boshqa biror so‘z aytish ortiqcha bunday holatlar yuzasidan. Ochig‘i, mavsum yakunlanib borgan sari oliy ligadagi har qaysi uchrashuv natijasi muxlislarda shubha uyg‘otaveradi. Shu ma’noda «Sho‘rtan» -«Navbahor», «Mash’al» - «Buxoro», «Neftchi» - «So‘g‘diyona», «Qizilqum» - «Olmaliq» o‘yinlarida qayd etilgan durang natijalarni istehzo bilan tilga olayotgan muxlislarni tushunish mumkin. Ularning ongu-shuuriga bosilgan «Kelishilgan o‘yinlar» tamg‘asi qachon olib tashlanadi? Bunisi bizga qorong‘u. Ehtimol, o‘sha uchrashuvlarda jamoalar bir ochko ilinjida oxirigacha kurashgandir. Agar shunday bo‘lsa, bir kun kelib, ularning ko‘chasida yuksak natijalar bayrog‘i hilpiraydi! Ungacha esa turli gap-so‘zlarga chidam bilan quloq tutib, sabr qilishga to‘g‘ri keladi. Klublar ma’lum muddat aybsiz aybdor bo‘lib yurishga ham majbur. Negaki, futbolimizda yig‘ilib qolgan mavjud muammolar uchun bugun qaysidir insonni ayblash noo‘rin. Muammolar shu qadar urchib ketganki, ularning ildizi va yechimini topish uchun O‘FF hali juda katta kuch sarflaydi. Futbolimizdagi mavjud noxush vaziyat uchun bugun barchamiz birdek aybdormiz! Har bir kishi shunday shior ostida futbolimiz taqdirini o‘ylasa, o‘zini o‘zi taftish qilsa va nomaqbul qarashlar, odatlarni o‘tmishga uloqtirsa, bizda ham birinchi raqamli sport yorug‘ yuz bilan saodat yo‘llarida qadam tashlashi muqarrar.

Alohida ta’kidlash joiz, muammolar faqat bizning futbolimizga yopishib olganligi bilan bog‘liq munosabatlar haqiqatdan ancha yiroq. Legionerlar ta’sirida yetakchilar ishtirokidagi uchrashuvlar anchayin murosasiz o‘tmoqda. «Nasaf» vakili Dragan Cheran «Lokomotiv» darvozasini ikki marta o‘qqa tutgandi. Endi «Paxtakor»da Gidi Kanyuk uzatmasidan so‘ng Marko Simich gol urdi. Natija uchun mas’uliyat ko‘proq legionerlar zimmasiga tushishi hech kimga sir emas. Lekin har ikki muhim uchrashuvda gollar legionerlar hisobiga yozildiki, bu hol kishini o‘yga toldiradi. Xo‘sh, nima uchun o‘zimizning futbolchilar darvozani ishg‘ol qilisholmayapti? Ular barcha vakolatni legionerlarga berib qo‘yishganmi yoki bu o‘rinda boshqa gap bor? Muhtaram muxlis, ayni shu nuqtada mulohazamizni yakunlaymiz. Gapni chuvalashtirsak, bizga futbol jamoaviy o‘yin ekanligini eslatishdan uyalishmaydi. Muammolarga kelsak, «Alaves» yoki «Kristal Pelas» bu borada «Neftchi» yoki «Obod»dan aslo kam emas. «Alaves»ning «Kristal Pelas»dan farqi shundaki, bu jamoa mavsum boshlanganidan buyon raqiblar darvozasiga bitta gol urishni epladi. Golmisan gol, golmisan gol! Jamoa sardori Manu Garsiya ham o‘sha gol shukuhi bilan yurgan bo‘lsa, ajabmas...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 23:12, 26.09.2017.
O'qildi: 3896 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.