«Qorabog‘» - Ozarbayjonning eng kuchli jamoasimi? Xuddi shunday. Bu klub mahalliy chempionatning so‘nggi to‘rt mavsumida g‘olib chiqishdan tashqari, uch marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Shunday ekan, uning bugungi kunda o‘z birinchiligida yaqqol gegemonga aylangani shubhadan xoli.
YECHL saralashidagi raqibi
Ozarbayjonning asosiy jamoasi Yevropaning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turniri guruh bosqichiga chiqish uchun uchta saralash raundidan o‘tdi. Musobaqadagi ishtirokini iyulda boshlagan «Qorabog‘» dastlab Gruziyaning «Samtredia»sini mag‘lubiyatga uchratdi (uyda - 5:0, mehmonda - 1:0). So‘ngra Moldaviyaning «Sherif» (uyda - 0:0, mehmonda - 2:1) hamda Daniya chempioni «Kopengagen» (uyda - 1:0, mehmonda 1:2) to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tib, raqib maydonida urilgan gol evaziga asosiy bosqich yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Daniyaliklarga qarshi bahsda erishilgan g‘alaba «Qorabog‘» tarixidagi eng yirik yutuqqa aylandi. Bunga qadar jamoa Yevropa Ligasi guruh bosqichida muntazam ishtirok etgan, ammo YECHLda bu qadar uzoqqa bormagandi.
Qaysi shahar jamoasi?
«Qorabog‘» 90-yillar boshida tan olinmagan Tog‘li-Qorabog‘ Respublikasi nazoratiga o‘tgan Ag‘dam shahri sharafini himoya qiladi. Harbiy to‘qnashuvlar davrida jamoa o‘yinlari qadrdon Ag‘damda o‘tkazilgan, 90-yillar o‘rtalaridan to 2009 yilning apreligacha uchrashuvlar joyi Boku bo‘lgandi. Keyingi olti yilni esa klub Kuzanli shaharchasidagi (Ag‘dam tumani) Olimpiya majmuasi stadionida o‘tkazdi.
2015 yilning sentyabridan Ozarbayjon futbolining yangi bayroqdori Boku shahrining Suraxon tumanida joylashgan «Azersun Arena»ga ko‘chib o‘tdi. Shundan buyon «Qorabog‘» nomi poytaxt jamoalari bilan bir qatorda tilga olinadigan bo‘ldi. Ushbu klub yevrokuboklardagi uy uchrashuvlarini Tofik Bahromov nomidagi respublika stadionida o‘tkazmoqda. Mazkur arena o‘z bag‘riga 30 mingdan ziyod muxlisni sig‘diradi.
Jamoaga kim homiylik qiladi?