Avvalroq mast holatda avtomobil boshqarib, «qo‘lga tushgan» Ueyn Runi endi naq 2 yil davomida qimmatbaho «toychoq»lari rulini ushlamasligi kerak.
Har holda, sud «Everton» hujumchisini shuncha muddat haydovchilik guvohnomasidan foydalanish huquqidan mahrum qildi. «Shrek» shuning barobarida 100 soatlik jamoat ishlariga mahkum etildi.
Ueyn bunday ko‘rinishdagi tarbiyaviy jazoga mubtalo bo‘lgan yagona futbolchi emas. Xususan, Zayniddin Zidan, Karlos Teves va Jeymi Vardi kabi nomdorlar ham vaqtida jamoat ishlariga hissa qo‘shishgan - majburiy holatda.
Demak, quyida qaysidir xatti-harakatlari o‘laroq, sud, mas’ul tashkilot yoki o‘z klublari rahbariyatining shunday marhamatidan benasib qolmagan futbolchilarga e’tibor qaratamiz.
Zayniddin Zidan - 3 kunlik jamoat ishlari
Ha-ha, noto‘g‘ri yozilmadi - doimo ijobiy xulqi bilan ajralib turgan va megayulduz maqomida yurgan Zidanga nisbatan ham vaqtida o‘z kirdikori uchun tarbiyaviy chora qo‘llanilgan. Eng qizig‘i, 3 kunlik jamoat ishlari FIFA tomonidan belgilangandi. Taxmin qilingchi, nima uchun? Albatta, o‘sha mashhur «kalla qo‘yish» sahnasi tufayli-da. Xullas, Zizu JCH-2006 final o‘yinida italiyalik Marko Materassining naq ko‘ksini «nishonga olgani» uchun 3 kun davomida yosh futbolchilar bilan ishlagan. O‘sha jazo chorasi ham «Real»ning amaldagi bosh murabbiyiga qo‘l kelgan ko‘rinadi. Harqalay, Zidan yangi sohaga yengilgina qadam tashladi.
Natan Dayer - 60 soatlik jamoat ishlari
Har hafta binoyidek maosh oladigan futbolchining tungi klubda o‘g‘rilik qilishi aqlga sig‘masligi turgan gap. Ammo Natan Dayer «To‘qlikka - sho‘xlik» maqoliga asosan ish tutib, barchani hayratdan yoqa ushlashga majbur etgandi. E’tibor qarating, to‘liq ta’minlangan futbolchi «Sautgempton» safida o‘ynagan vaqti do‘stlari bilan tungi klubga boradi va qanday jin uradiki, muaassa xodimining qo‘l soati va mobil telefonini o‘g‘irlaydi. Buning oqibatida 4000 ming funt jarima to‘lashdan tashqari, 60 soat vaqtini qariyalar uyida o‘tkazadi. To‘g‘ri, Dayerning aynan qanday yumushlarni bajargani ma’lum emas, ammo anig‘i shuki, u aynan qariyalar uyiga majburiy safardan so‘ng liganing eng intizomli futbolchilaridan biriga aylangandi.
Lukas Ernandes - 80 soatlik jamoat ishlari
Bu futbolchi o‘z mahbubasini kaltaklaganida, «Atletiko»da rahmsizlik va tajovuzkorlik faqat maydon ichida olqishlanishini unutib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Xullas, sud qallig‘iga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan Lukas oldiga 6 oy davomida mahbubasi bilan uchrashmaslik va qurol olib yurmaslik taqiqini qo‘ydi. «Real»ning yangi himoyachisi Teo Ernandesning tug‘ishgan akasi shuningdek, 180 ming yevro miqdorida jarima ham to‘ladi. Qolaversa, bechora Lukas asosiy jamoa mashg‘ulotlaridan so‘ng maydonda qolib, «Atletiko» o‘smirlar jamoasi bilan ishladi - jami 80 soat.
Ueyn Runi - 100 soatlik jamoat ishlari