Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Osiyo namoyondasi: Server Jeparov OFK e’tirofida

Osiyo namoyondasi: Server Jeparov OFK e’tirofida

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarimhimoyachisi, Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi Server Jeparov, bugun 3 oktyabr kuni 35 yoshini qarshi oldi. Osiyo Futbol Konfederasiyasi (OFK) matbuot xizmati futbolchini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi va “Osiyo namoyandalari” rukni ostida uning faoliyatiga nazar tashladi.

Osiyo namoyandasi: Server Jeparov

Yoshi: 35

O‘ynagan klublari: “Navbahor”, “Bunyodkor”, “Seul” FK (J.Koreya), “Ash-SHabab” (Saudiya Arabistoni), “Seongnam” (J.Koreya), “Ulsan Xyunday” (J.Koreya), “Lokomotiv” Toshkent, “Sepahon” (Eron, ijara), “Istiqlol” Tehron (Eron).

Terma jamoadagi o‘yinlari va gollari soni: 124 o‘yin, 25 gol

Osiyoning eng yaxshi o‘yinchisi: 2008 va 2011 yillar

2002 yili milliy terma jamoa safida o‘z debyutini o‘tkazgan Server Jeparov ayni vaqtda O‘zbekiston termasi tarkibida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi sifatida qayd etilgan.

 

Jeparovning 2011 yili Osiyo Kubogi yarim finaliga qadar yetib borishi uning faoliyatidagi katta yutuqlardan biri bo‘lsa, terma jamoa safida jahon chempionatiga chiqish uchun 3 marta yaqin kelgani uning kamchiliklaridan biri sanaladi.

Yarim himoyachi vatanida uchta turli klub bilan bir necha bor O‘zbekiston chempioni va Kubogi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, u yorqin o‘yinlari bilan Osiyoda, ayniqsa, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistonida muvaffaqiyatga erishgan. Bugungi kunda Server Jeparov Tehronning “Istiqlol” klubida to‘p surmoqda.

Jeparov 1994 yildan buyon berib kelinayotgan Osiyoning eng yaxshi futbolchisi mukofotini ikki marta olgan ikki futbolchidan biri bo‘ladi. Yaponiyalik Xidetoshi Nakata ham mazkur sovringa ikki bor egalik qilgan.

Erta muvaffaqiyat

Namanganning “Navbahor” klubida faoliyatini boshlagan Jeparov 2001 yili “Paxtakor” a’zosiga aylandi. Serverning Toshkent klubiga o‘tishi klub uchun ham, o‘zi uchun ham katta yutuq bo‘ldi. Shundan keyin “Paxtakor” 2002 yildan 2007 yilgacha mamlakat chempioni va Kubogi sohibi unvonini hech kimga bermay keldi.

2004 yili Server Jeparov O‘zbekiston terma jamoasining ilk bor Osiyo Kubogi pley-off bosqichiga chiqishiga yordam berdi. 2007 yilda esa Jeparov va jamoa chorak finalga chiqib, Saudiya Arabistonidan 1:2 hisobida yengiladi.

“Bunyodkor” va Braziliya ta’siri

2007 yili tajribali yarim himoyachi Toshkentning boshqa bir jamoasi – umidli “Bunyodkor” klubiga o‘tadi. “Bunyodkor”dagi dastlabki mavsumida (2008) Jeparov mamlakat chempioni va Kubogi sohibiga aylanadi, keyingi mavsumda (2009) esa futbolchi mamlakat chempioni nomiga sazovor bo‘ladi.

 

Server Jeparov “Bunyodkor”dagi faoliyati davomida jahon chempioni – braziliyalik afsonaviy Rivaldo bilan birga o‘ynashga, braziliyalik mutaxassislar Ziko va Luis Felippe Skolari qo‘li ostida ishlashga muvaffaq bo‘ldi.

 

Yarim himoyachi 2008 yilgi sardor sifatida “Bunyodkor” bilan Osiyo Chempionlar Ligasi yarim finaligacha yetib keldi. Ammo yarim finalda jamoa “Adelaida Yunayted”ga imkoniyatni boy berib, O‘zbekistonning qit’adagi birinchi chempioni bo‘lish imkoniyatidan mosuvo bo‘ldi.

Shunga qaramay, Jeparovning xatti-harakatlari e’tibordan chetda qolmadi va u 2008 yili Osiyoning eng yaxshi futbolchisi nomiga loyiq deb topildi. 2010 yili Jeparov Janubiy Koreyaning “Seul” klubiga o‘tadi va jamoaning 10 yil ichida ilk bor mamlakat chempioni va Liga Kubogi sohibi bo‘lishiga katta hissa qo‘shadi.

O‘zbekcha muvaffaqiyat, shaxsiy mukofot

Jeparov xalqaro sahnaga omadli tarzda qaytdi va 2011 yili Qatarda o‘tkazilgan Osiyo Kubogi guruh bosqichida ikkita gol kiritib, milliy terma jamoaning Osiyo Kubogi bahslaridagi ketma-ket uchinchi marotaba chorak finalga chiqishiga yodam berdi. Bu bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi chorak finalda Iordaniyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, yarim finalda Avstraliyaga yirik 0:6 hisobida, uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan uchrashuvda esa Janubiy Koreyaga 2:3 hisobida yutqazdi. Yil yakunida esa, Jeparov o‘zining yetakchilik qobiliyatini ko‘rsatgani va ajoyib o‘yin namoyish etgani uchun ikkinchi marotaba Osiyoda yilning eng yaxshi o‘yinchisi sovrinini qo‘lga kiritdi.

 

Jahon chempionati dardi

Server Jeparovning faoliyatidagi eng katta alamli holat JCH–2014 saralashi vaqtida yuzaga kelgan. O‘shanda O‘zbekiston termasi bitta gol farqi Janubiy Koreyadan ortda qolib, JCHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan edi. “A” guruhida uchinchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston termasi pley-off bosqichida Iordaniya bilan to‘qnash keladi.

 

Ammanda o‘tgan bahsda Jeparovning goli 1:1 hisobini ta’minlaydi va Toshkentdagi o‘yin oldidan yaxshi imkoniyat yaratib beradi.

 

Pley-offda g‘olib bo‘lgan jamoa Janubiy Amerika futbol konfederasiyasi (KONMEBOL)da beshinchi o‘rinni egallagan Urugvay bilan to‘qnash kelardi va ushbu bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan jamoa Braziliyadagi JCHga borardi. Ammo O‘zbekiston Toshkentda Iordaniya bilan 1:1 o‘ynab, penaltilar seriyasida 8:9 hisobida imkoniyatni boy beradi. Keyinroq Jeparov ushbu voqeani faoliyatidagi eng yomon holat deb ataydi.

Klubdagi muvaffaqiyatlar davomi

2011 yili “Seul” klubidan ketgan yarim himoyachi Ar-Riyodning “Ash-SHabab” jamoasiga o‘tadi va 2012 yili Saudiya Arabistoni chempioniga aylanadi. Keyinroq u yana Janubiy Koreyaga yo‘l oladi va ikki yil davomida “Seongnam” va “Ulsan Xyunday” klublarida to‘p suradi.

 

Jeparov 2016 yili O‘zbekistonga qaytadi hamda Toshkentning “Lokomotiv” klubi bilan shartnoma imzolaydi. O‘sha yiliyoq “Lokomotiv” birinchi bor O‘zbekiston chempioni bo‘ladi va mamlakat Kubogi sohibiga aylanadi.

 

Shu yili “Lokomotiv” o‘z tarixida birinchi marta Osiyo Chempionlar Ligasi chorak finaliga qadar yetib boradi. Keyinroq “temiryo‘lchilar” 2016 yilgi OCHL kumush medali sovrindori “Al-Ayn”ga imkoniyatni boy beradi. “Lokomotiv”ning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatida Jeparovning hissasi ulkan bo‘ladi.

O‘zbekiston: So‘nggi yillar

2015 yilgi Osiyo Kubogi chorak finalida Janubiy Koreyadan yengilgach, Server Jeparov va O‘zbekiston termasining navbatdagi maqsadi Rossiyadagi JCHga chiqish bo‘ladi. 30 yoshdan oshgan Jeparov uchun JCH–2018 saralashi faoliyatidagi eng katta turnirga chiqish uchun so‘nggi imkoniyat edi.

 

O‘zbekiston terma jamoasi JCH–2018 saralash bosqichini yaxshi boshladi. Dastlabki 4 o‘yinda uchta g‘alabaga erishgan O‘zbekiston keyingi 5 o‘yinda atigi uch ochko jamg‘ardi. So‘nggi turda Toshkentda Janubiy Koreya bilan nursiz durang o‘ynagan O‘zbekiston termasi avval JCHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatidan, keyin esa Suriya Tehronda Eron bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagach, pley-off yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi.

So‘nggi imkoniyat?

2017 yil boshida Jeparov Eron chempionatiga yo‘l olib, Tehronning “Istiqlol” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Klubdagi taqiqlar tufayli yarim himoyachi yarim yil “Sepahon” klubida ijara asosida o‘ynadi, keyin esa yana Tehronga qaytdi. Server Jeparov “Istiqlol” bilan OCHL–2018 turnirida ishtirok etib, birinchi bor qit’a chempioni nomiga ega bo‘lish uchun harakat qiladi.

Yarim himoyachi 2019 yili BAAda bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogida O‘zbekiston termasi sharafini himoya qilish kerak. Bu uning faoliyatidagi katta yutuqqa erishish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘ladi.

Manba: the-uff.com
Kiritildi: 13:49, 03.10.2017.
O'qildi: 7102 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.