Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/05 19:00 Bunyodkor 3-2 Lokomotiv
23/05 23:45 Kalyari - Fiorentina

Oskar Garsiya: «Kroyffdan ko‘p narsa o‘rganganman»

Oskar Garsiya: «Kroyffdan ko‘p narsa o‘rganganman»

Baho:
+ | -
Bo'lim: YEVROPA
Rukn: Intervyular

«Sent-Etyen»ning yangi bosh murabbiyi Oskar Garsiya bir paytlari «Barselona»da faoliyat olib borgan.

Shuningdek, «Xuvenil A» jamoasini bosh­qargan. U hech qachon bir joyda o‘tirib qolmagan. Hamisha L’Etr va otellar orasida yashaydi.

Lekin ayni payt 44 yoshni qarshilagan Oskar Garsiya L’Equipe nashriga intervyu berish uchun 20 daqiqa ajrata oldi.

— 2012-2013 yillar mavsumidan keyin «Sent-Etyen» ilk bora Yevropa Ligasida ishtirok etmayapti. Mavsumdagi asosiy maqsad ushbu turnirga qaytishmi?

— Asosiy maqsadimiz - keyinchalik esda qoladigan o‘yin uslubini tanlash. Buning uchun g‘oyalarimiz yetarli. Bir so‘z bilan aytganda, bir ko‘rganda taniydigan jamoani yaratish. Odamlar bizni ko‘rib, bu «Sent-Etyen» deyishsin. Umuman olganda, uzoqroqqa borishni istaymiz. Liga 1da byudjeti biznikidan yuqori bo‘lgan jamoalar ko‘p. O‘z pozisiyamizni o‘rganamiz. Shundan keyin nimaga qodirligimizni aniqlab olamiz.

— Kunlik vazifalar haqida gapirdingiz. Bu nimani anglatadi?

— Mashg‘ulotlar markazini biroz takomillashtirmoqchimiz. Uchrashuvlarni yozib olish uchun kameralar o‘rnatamiz. Shuningdek, diyetolog yollamoqchimiz. Albatta, bu kichik narsalar. Lekin shu orqali futbolchilarning o‘sishiga zamin yaratish maqsadga muvofiq.

— Oskar Garsiyaning jamoasi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

— Hech nimadan qo‘rqmaydigan, maydonning raqib tomonida to‘pni nazorat qilishni istaydigan va to‘pni oldirib qo‘ygandan keyin uni olib qo‘­yishga harakat qiladigan. Futbolchilar o‘yin yakunlanganidan so‘ng bor kuchini berganini his qilishi kerak. Bu bizning jamoamizda asosiy «kuch» bo‘lishini istayman.

—  Siz aytayotgan narsalar «Barsa» falsafasiga o‘xshab ketadi. O‘zingiz ham shu jamoada o‘ynagansiz.

— Men u yerda o‘sib-ulg‘ayganman. Shu bois ham ularning usullari men uchun yod bo‘lib ketgan. «Barsa»dek ajoyib o‘yin ko‘rsatadigan jamoalar ko‘p emasligini barcha yaxshi biladi. «Barselona»da faoliyat olib borish boshqa masala. Shunchaki, o‘yin falsafasiga ega bo‘lish yana bir dunyo. Biz aynan shuni amalga oshirmoqchimiz.

— So‘nggi mavsumda jamoaning o‘yi­ni ancha zerikarli bo‘ldi.

— Biz uchrashuvlarda nafaqat g‘alaba qozonishni, balki uning esda qolarli bo‘lishini ta’minlamoqchimiz.

— Jamoangiz mashg‘ulotlarda ham xuddi o‘yindagi kabi harakat qilishini istashingiz ko‘rinib turibdi.

— Ularga ko‘proq «nagruzka» berishimiz kerak. Mashg‘ulotlarda ko‘p yuklama olgan jamoaning uchrashuvlarda g‘alaba qozonishi osonroq bo‘ladi. Istagim - futbolchilar xuddi asosiy o‘yindagi kabi mashq qilishsin. Boshqalardan kam shug‘ullanib, yuqori saviyada o‘ynay oladigan futbolchilar juda kamchilikni tashkil qiladi. Ular o‘ta iqtidorli hisoblanishadi. Boshqalar esa ham jismonan, ham ruhan tayyorlanishlari kerak.

— Qaysi murabbiylarning ishi sizni ruhlantiradi?

— Yoxan Kroyff. Bu inson menga boshqalardan ko‘ra ko‘proq narsa bergan. Futbolchilar uchun har kun yangi saboq edi. Uning maktabidan o‘tgan har bir futbolchi iliq xotiralar bilan eslaydi. Umuman olganda, ko‘plab murabbiylar bilan ishlaganman. Mourinyo, van Galdan ko‘p narsalarni o‘rganganman. Albatta, menga yoqmaganlari ham bo‘lgan. Lekin ulardan ham nimalarnidir o‘zlashtirganman.

— Van Gal va Mourinyoni ham yodga oldingiz. Ulardan aynan nimalarni o‘rgangansiz?

— Van Gal juda to‘g‘ri odam. Uning g‘oyalari oddiy va tushunarli. O‘z fikrini futbolchilarga osonlik bilan yetkazadi. Shuningdek, barchasini yuzingizga aytadi. Mou­rinyo «Barsa»ga kelganida Bobbi Robsonning yordamchisi bo‘lgan. Lekin u saboq berishga tayyor bo‘lgan. Lui van Gal kelganidan bir hafta o‘tib, Mourinyo «Ayaks» falsafasidan dars o‘tgan.

— Kelganingizdan so‘ng «Sent-Etyen»ning tarkibi o‘zgarib ketdi. Dyoni va Yankolar ketishdi. Bu sizni xavotirga solmaydimi?

— Albatta, har bir murabbiy o‘z tarkibini tezroq tuzib olishni istaydi. Biz o‘zimizga kerakli futbolchilarni boshqalardek osonlik bilan xarid qila olmaymiz.

Tajribali futbolchi uchun katta pul sarflanadi. Biz esa o‘sha pulga kamida to‘rt nafar o‘yinchi olishimiz kerak. Byudjetimiz katta emas.

Shunday ekan, safimizdagi futbolchilardan unumli foydalanishimiz lozim. Bu ham o‘ziga xos taktika.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 15:01, 04.10.2017.
O'qildi: 2108 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.