«Obod»ning oliy ligadan chiqib ketishi haqidagi yoqimsiz xabarlar ancha oldin yuzaga qalqib chiqqandi. Bunday xavotirli gaplar orada ancha tindi va chempionat finishga to‘liq tarkib bilan yetib borishi kutilgandi.
Biroq «Obod»siz o‘tadigan turlarni ko‘rish qismatda bor ekan-da, baribir.
Farqli tomoni bitta - jamoaning «aut»da qolishiga avval aytilganidek, moliyaviy muammolar yoki uning sohiblari xohishi emas, balki PFL tomonidan chiqarilgan keskin qaror sabab bo‘ldi.
Ayni shu qaror tufayli «Qizilqum» 24-turda maydonga tushmasdan turib, +:- ko‘rinishidagi texnik g‘alabani «tantana» qildi va 3 ochko oldi.
Qolgan ishtirokchilarning esa ochko olish va hattoki, yo‘qotish yo‘lida ham ancha ter to‘kishlariga to‘g‘ri keldi.
KUTILMAGAN NATIJA
«Kutilmagan» yorlig‘i yopishtirilgan bu natija 6 oy oldin qayd kuzatilganida, balki mutlaqo kutilgan holatdek qabul qilinarmidi? Chunki «Bunyodkor» joriy mavsum birinchi marta ochko yo‘qotmayapti. Aniqroq ifoda etsak, «qaldirg‘ochlar» chempionat boshidan buyon 8 marta durang o‘ynab, 4 bora mag‘lublik qismatini tan olishga ulgurishgandi.
Ammo jamoa boshqaruviga Mirjalol Qosimov kelganidan so‘ng hammasi o‘z iziga tushdi. Deylik, jamoa o‘zini ancha tutib olgach, mag‘lubiyatsiz seriyasini naq 10ta o‘yinga yetkazdi. Yo‘q, «Bunyodkor» navbatdagi turda ham yengilmadi, ammo bunga bir bahya qoldi. Boshqacha aytsak, «Metallurg» g‘alabani so‘nggi pallada qo‘ldan chiqardi. Bekoboddagi uchrashuvning 73-daqiqasiga qadar hisob ochilmay turdi. Aynan shu pallada «Metallurg» to‘purari Zohid Abdullayev tablodagi 2ta «0»dan birini «1»ga aylantirdi.
Xullas, 1:0 hisobi hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarga qadar saqlanib turdi. Faqat 90Q3-daqiqada Farrux Ikromov javob golini yo‘llab, «Bunyodkor»ni mag‘lubiyatdan saqlab qoldi, qolaversa, shu bilan jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi barham topishiga yo‘l qo‘ymadi.
IKKISI 2:0, BIRI 3:0...
Qolgan yetakchilar o‘z ishtiroklaridagi bahslarda so‘zsiz, g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Xususan, oliy liga karvonining sarboni - «Lokomotiv» o‘z maydonida «Navbahor»ni 2ta javobsiz gol bilan «siyladi». Albatta, yodingizdadir, namanganliklar 23-tur doirasidagi bahsda «Paxtakor»ni qabul qilib, «sensasion» natija taqdim etishgandi - 2:0. Ammo «Loko»ga qarshi safar o‘yinida yana bir marta shov-shuv ko‘tarish uchun «Navbahor»ning chog‘i yetmadi, shunchaki. Diqqatni tortadigan bitta fakt shuki, «Lokomotiv» 7 yildirki Namangan jamoasiga sira yutqazmayapti.
2-o‘rinda ketayotgan «Nasaf» esa joriy mavsumning eng «bechora» jamoalaridan biri bo‘lib turgan «Neftchi»ga qarshi maydonga tushdi. Vadim Abramov shogirdlari avvalgi turda «Olmaliq»ni safarda 2:1 ko‘rinishida yengib, 12ta o‘yinga cho‘zilgan g‘alabasiz seriyadan nihoyat, qutulgandilar. Ammo navbatdagi uchrashuv «Neftchi» uchun yana omadsiz keldi. Farg‘onaliklar boz ustiga, o‘z maydonlarida mutlaqo ojiz qolishdi - 0:3. «Paxtakor» - «Qo‘qon-1912» uchrashuviga kelsak, bunisi turning mojaro markaziga aylandi.
Poytaxtliklar bu safar aytarli muammosiz g‘alaba qozonishdi - Namangandagi 0:2ga javoban 2:0 hisobida. Shuning barobarida maydonda ancha murosasiz kurash bordi, to‘qnashuvlar kuzatildi. Natijada bosh hakam Vadim Agishev o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib, xatolarga yo‘l qo‘ydi. Bu esa butun boshli hakamlar brigadasining mavsum oxiriga qadar chetlatilishiga olib keldi.
Ya’ni zaxira hakami roliga tayinlangan Asqar Najafaliyevdan tortib, ularning ishini yuqori baholagan nazoratchi Igor Nexochingacha - hamma yil oxiriga qadar dam oladigan bo‘ldi. Ha, endi hakamlarning sifatsiz ish natijasida darhol jazoga tortilishlari oddiy holga aylanadi, shekilli...
«DINAMO» GOL URISHNI BILADI
Yana bir alohida e’tiborga molik o‘yinlardan biri Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Ya’ni «Dinamo» nihoyat, o‘z maydonida g‘alaba qozonish uddasidan chiqdi. O‘xshashlikni qarang, «dinamochilar» ham noxush seriyaga xuddi «Neftchi» kabi aynan «Olmaliq»qa qarshi kechgan o‘yinda barham berishdi. Samarqand jamoasi bunga qadar o‘z maydonida oxirgi marta 15 aprel kuni g‘oliblik nashidasini surgandi.
O‘shanda «Buxoro» 3:1 hisobida taslim etilgandi. Shu-shu samarqandlik muxlislar deyarli 6 oy davomida o‘z suyuklilarining g‘alabalariga mushtoq bo‘lib kelishdi. Mana, jamoa axiyri bu mushtoqlik hovurini bosdi. Qolaversa, Oleg Tyulkin shogirdlari oxirgi 10ta o‘yinda loaqal 1ta gol urmagandi.
«BUXORO» CHEKINMAYDI