Jahon chempionati tarixida ilk marta «ko‘hna qit’a»ning shimolida joylashgan orol-mamlakat termasi ham qatnashadigan bo‘ldi.
Gap o‘tgan yilgi Yevro-2016da shov-shuv ko‘targan islandiyaliklar haqida ketayotganini ko‘pchilik allaqachon anglab yetdi.
Mana, endi ushbu davlat vakillari mundialni zabt etishga taraddud ko‘rishmoqda. Shu munosabat bilan Islandiya termasiga taalluqli ayrim ma’lumotlarga nazar tashlashga qaror qildik.
SHIFOKOR-MURABBIY
2010 yili junbushga kelgan vulqon, uning sal qolsa Chempionlar Ligasi o‘yinlari to‘xtatilishiga sabab bo‘lgani ko‘pchilikning yodida.
Islandiya nomi aynan shu kabi tabiat hodisalari tufayli tilga olinardi. Ammo o‘tgan yilgi Yevropa chempionatidan so‘ng ushbu mamlakat futbolchilari haqida ko‘plab ma’lumotlar to‘pladik.
O‘z vaqtida, terma jamoa bosh murabbiyi Xeymir Xadlgrimsson uzoq muddat mobaynida tish shifokori vazifasida ishlab, buning uchun futboldagidan ko‘ra ikki barobar ko‘proq maosh olgan.
Yevrodagi ajoyib ko‘rsatkichdan keyin esa asosiy ishini tashlab, bor e’tiborini milliy jamoaga qaratdi va futbol taktikasi bo‘yicha bilimi tibbiyot sohasidagi ko‘nikmalaridan kam emasligini isbotladi.
JCH-2018 saralashida Xorvatiya, Ukraina hamda Turkiya kabi jamoalar bilan bir guruhdan joy olgan Islandiya birinchi o‘rinni egalladi.
Ha, mashhur murabbiy Lars Lagerbekning yonida ishlagani Xadlgrimssonga foyda keltirgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
ASOSIY KASBNI CHETGA SURIB...
Islandiya termasi haqida bundanda qiziqarliroq faktlar ham bisyor:
* Asosiy darvozabon Xannes Xalldorsson futboldan bo‘shagan paytda videokliplar va reklama roliklarini suratga oladi.
* Uning o‘rinbosari Egmyundyur Kristinsson esa huquqiy soha bo‘yicha bakalavr diplomiga ega va professional faoliyatini yakunlagach, yurisprudensiya bo‘yicha ishlashni rejalashtirmoqda.
* Himoyachi Birkir Sevarsson - uchuvchilikka o‘qigan. U butsalarini mixga ilgach, aviasiya xodimi sifatida mehnat qilmoqchi.
* Rossiya chempionatining eng yaxshi himoyachilaridan biri, «Rostov»ning yangi futbolchisi Sverrir Ingason o‘smirlik chog‘lari qadrdon shahri Koupavogyurda axlat yig‘ishtiruvchi bo‘lib ishlagan.
* Hujumchi Yon Bedvarrson portda yuk tashish bilan shug‘ullangan.
BADJAHL SARDOR
Bu termaning eng ko‘rimli personaji - shubhasiz, sardor Aron Gunnarsson. Uning vikinglarga xos soqolini Fransiyada o‘tgan qit’a birinchiligida ko‘rgandik.
Ammo u o‘tgan yilning kuzida «Instagram»dagi sahifasi orqali jonli efirda soqollarini qirtishlab tashladi. Shu tariqa Yevropa chempionati arafasidan bergan va’dasini bajardi - Islandiya «pley-off»ga chiqsa, soqollaridan voz kechishi kerak edi.
Albatta, imidjning o‘zgarishi unchalik qo‘rqinchli holat emas. Hozirgacha yangisi o‘sib chiqdi va Rossiya maydonlarida avvalgi ko‘rinishda namoyon bo‘lsa, aslo ajablanmaymiz.
Darvoqe, Gunnarsson o‘smirlik payti gandbol bilan shug‘ullanib, sportning ushbu turida Islandiya chempionatida bir nechta o‘yin o‘tkazgan.
ITALIYADA TOPILGAN HURMAT