O‘zbekistonlik yosh futbolchilar — Sayfiddin Sodiqov hamda Sadriddin Hasanov o‘z faoliyatini Portugaliyaning “Braga” jamoasida davom ettiradi. Ular Yevropa klubi safiga bir yillik ijara asosida borib qo‘shildi.
“Andijon” klubi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mavsum boshida jamoaga kelib qo‘shilgan 18 yoshli yarim himoyachi Sayfiddin Sodiqovning ijara shartnomasi 30 iyun kuni yakuniga yetgan. Aslida “Odil Ahmedov FA” klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan futbolchi ortda qolgan qisqa vaqt davomida andijonliklar safida O‘zbekiston Superligasida debyut qilib, jami 3 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Shu bilan birga, Toshkentning “Bunyodkor” klubi a’zosi hisoblangan Sadriddin Hasanov ham ushbu Portugaliya jamoasiga o‘tdi. U joriy mavsum O‘zbekiston Superligasida 6 ta uchrashuvda ishtirok etgan. Shuningdek, futbolchi Qatarda bo‘lib o‘tgan U-17 o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati hamda Osiyo Kubogida jami 11 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol va 2 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan edi.
Kelishuvga asosan, har ikki futbolchi 2026-yilning yozida, 18 yoshga to‘lganidan so‘ng “Braga” safida yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlashi belgilangan. Ularning ijara shartnomasida to‘liq sotib olish huquqi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu summa Sadriddin Hasanov uchun 250 ming yevro (taxminan 3,41 mlrd so‘m), Sayfiddin Sodiqov uchun esa 300 ming yevroni (taxminan 4,1 mlrd so‘m) tashkil etadi.
Agar Portugaliya klubi ushbu bandni faollashtirib, o‘yinchilarni to‘liq sotib olsa, ular bilan 5 yillik shartnoma imzolanadi. Bunday holatda “Bunyodkor” va “Odil Ahmedov FA” jamoalari o‘z tarbiyalanuvchilarining kelajakdagi har qanday transferlaridan ma’lum miqdordagi foiz ulushiga ega bo‘ladi.













