Shu paytgacha bu futbolchi yorqin yulduzlar safidan joy olgan emas, nufuzli sovrinlar va yuksak minbarlar hozircha uning uchun begona.
Joriy mavsum esa uni cho‘qqiga olib chiqishi mumkin - ortda qolgan 11 uchrashuvda mohir hujumchi 14ta gol urdi!
Interfutbol.uz cayti nafaqat Italiya, balki butun qit’ada eng yuksak mahsuldorlikni qayd etayotgan harakatchan, ya’ni mobil Immobile haqida hikoya qiladi.
Sorrento oqshomlari
Chiro Immobile uchun qadrdon bo‘lgan mo‘’jazgina Torre-Annunsiate bo‘ylab sayr qilar ekansiz, odatiy manzarining guvohi bo‘lasiz.
Neapol yaqinidagi shaharcha 2-3 qavatli uylardan iborat, tor ko‘chalarida faqat moped yoki skuter oson harakatlanishi mumkin. Chunki, fuqarolari mashinalarini duch kelgan joyda qoldirishga odatlanishgan, hatto ba’zan yo‘lga ko‘ndalang holda qoldirilgan ulovlarga duch kelish mumkin.
Qisqasi, Italiya janubidagi provinsiyalarga xos manzara: orastalik bobida maqtana olmaydi, lekin har 300 metrda go‘sht do‘koni, har muyulishda pisseriya. Biroq sohilga yaqinlashgan sayin dengiz sehriga mast bo‘lasiz.
Oldinda - mitti yaxta va katerlar zanjiri, ortingizda esa afsonaviy Vezuviy. Chiro ana shu mashhur vulqon yo‘q qilgan Pompeylar yonida ulg‘aygan. Jozibador, lekin parvarishga muhtoj.
Masalan, sohilning fusunkorligini saqlab qolish hech kimni qiziqtirmagan - toshloq plyajning maftunkor ko‘rinishi xususiy plyajlarning nursiz devorlari ortida g‘oyib bo‘lgan.
Bundan 20 yil avval, 7 yoshli Chiro stadiondagi mashg‘ulotlardan so‘ng tengdoshlari bilan sohilga yo‘l olganida manzara tamoman o‘zgacha edi.
U paytda «Yuventus» CHLning finallarida kuch sinashar, «Moviy gvardiya» esa JCH-98 va Yevro-2000 turnirlarida g‘oliblikni ko‘zlardi.
Ayni shu davrda yosh iqtidor sohibi «Mariya Roza» klubiga qabul qilindi, keyin «Salernitana» tarbiyalanuvchisiga aylandi. Bu yerda o‘z o‘rnini topolmaganidan so‘ng, «Sorrento»ga o‘tib ketdi.
Keyinchalik o‘smir shiddatli taraqqiyotni namoyish etdi - 17 yoshlilar musobaqasida 30ta gol urib, «Torino» darvozasiga «dubl» qayd etganidan keyin «Yuventus»dan taklif oldi.
Ha, Immobile 18ga chiqqanida akademiyaga kelgan bo‘lsa-da, Turin grandining tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Qizig‘i, turinliklar yosh futbolchiga uning «Napoli»dagi adashi - Chiro Ferrarining tavsiyasi bilan e’tibor qaratishgandi.
Oxir-oqibat, «keksa sinyora» 80000 yevro evaziga uni o‘z safiga qo‘shib oldi. Oradan 9 yil o‘tgach, xitoyliklar Chiro uchun 70 mln. taklif etishdi!
Muvaffaqiyat yo‘lidagi yirik omadsizlik
Immobile «Yuventus»da ham o‘z o‘rnini topa olmadi. Natijada, faoliyatining asosiy qismini ijarada o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi - endigina 27 yoshga chiqqan Chiroga «Lasio» to‘qqizinchi jamoa bo‘ldi. «Surgun»ning uchinchisi yosh hujumchiga muvaffaqiyat keltirdi.
«V» seriyada «Peskara» sharafini himoya qilgan futbolchi 37ta uchrashuvda 28ta gol urdi. «Jenoa» bilan «A» seriyadagi debyuti unchalik sermahsul bo‘lmasada, «Torino»dan taklif olishi uchun yetarli bo‘ldi.
Bundan uch yil muqaddam italiyalik hujumchi o‘z faoliyatida ilk marta «A» seriyadagi masumni 20tadan ziyod gol bilan yakunladi. Shu tariqa, Yurgen Kloppning ishonchini qozonib, Dortmundga yo‘l oldi.
Biroq «Borussiya» va «Torino»ning o‘yin uslublari o‘rtasidagi farq katta bo‘lgani sababli Immobile bundesligada o‘zini ko‘rsatolmadi.
Hatto omadsiz sifatida tanilgan Roys ham undan ko‘proq maydonga tushdi, yarim himoyachi Kagavaning mahsuldorligi unikidan yuqoriroq bo‘ldi. Chiro esa mavsumni atigi 10ta (3tasi bundesligada) gol bilan yakunladi. Tabiiyki, bu 18.5 mln. yevroga arzimaydigan natija.
Shu bois, nemislar ham Chironi avvaliga ijaraga jo‘natib, keyinchalik orani ochiq qilishdi. Ispaniyaning «Sevilya» jamoasi hujumchini 11 mln.ga sotib oldi. La-liga ham unga omad keltirmadi.
Oqibatda, yana «Torino»ga «surgun» qilindi, keyin «Lasio»ga 9,5 mln. evaziga sotib yuborildi. Taajjubki, xorijdagi ikki mavsumdan so‘ng Immobilening bahosi deyarli ikki baravarga arzonlashdi.
Omadsizlikdan achchiqlangan hujumchi bor alamini rimliklar klubi raqiblaridan olib, o‘tgan mavsumda 23ta gol muallifiga aylandi. To‘g‘ri, Jeko, Mertens, Belotti va Ikardi sermahsullik bobida yuqori natijalarni qayd etishdi.
Biroq «Lasio» Chirosiz sakkizinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, uning ko‘magi bilan Yevrokuboklar yo‘llanmasini beradigan beshinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Simone Inzage vatandoshining ko‘ngliga yo‘l topa oldi.
Natijada, to‘purar yangi mavsumni yanada shiddatliroq boshladi. Uning tezkorligi, pozisiyani to‘g‘ri tanlashi, kerakli paytda kerakli joyda paydo bo‘lishi, to‘pni to‘xtatmasdan darvozaga yo‘llashi mobil Immobileni «dinamit» hujumchi darajasiga olib chiqdi.
Merganning ilhom manbalari
Futbolchini birinchi galda otasi qo‘llab-quvvatlaydi, yutuqlaridan faxralanib, omadsizliklaridan achinadi, kamchiliklardan xalos bo‘lish yo‘llarini qidiradi. Bunga aslo shubha yo‘q. Italiyaliklar azaldan onalarining erkatoylari bo‘lishgan.
Chiro ham bundan mustasno emas - to‘ng‘ich qizini onasi sharafiga Mikaela, deb atagani izohga hojat qoldirmaydi. Italiya mezonlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, Chiro juda barvaqt uylandi - axir bo‘lajak turmush o‘rtog‘i go‘zal DAVOMI